Ассалому алейкум
Mavzu:

Shayton jinlardan hisoblanadimi? 01.08.2016

Savol:

Assalomu alaykum, hurmatli Ustoz Odilxon qori aka! Savolim shundan iborat: ma’lumki, shaytoni lain farishtalar safida bo‘la turib Allohning amridan bo‘yin tovlagani sabab U Zotning dargohidan quvilgan. Ba’zi odamlar shayton jinlar toifasidan chiqqan, deyishadi. Aytishlaricha, u jinlar ichida o‘ta taqvodori, zehni o‘tkiri bo‘lgani bois Alloh uni farishta darajasiga ko‘targan ekan. Shu xususda batafsilroq ma’lumot bersangiz. Javobingiz uchun oldindan rahmat!

Bo`lim Aqida
17323
Javob:

Va alaykum assalom. Shayton asl xilqatda jinlardan bo‘lganmi yoki aslida farishtalardan bo‘lib, Allohga isyon qilgandan so‘ng Alloh uni lain shaytonga aylantirganmi, degan masala xususida ulamolar o‘rtasida turlicha qarashlar mavjud. Ba’zilar uni farishtalardan bo‘lgan desalar, boshqalar jinlardan bo‘lganini ta’kidlaydilar. Har ikkala toifaning ham o‘z dalil-hujjatlari bor. Lekin, shaytonning jinlardan bo‘lganligi ochiq-oydin oyati karimada zikr qilingan. Kahf surasining 50-oyatida Alloh taolo Odamni yaratib, barcha farishtalarni unga sajda qilishga buyurganida bitta iblis sajda qilmaganini xabar bergach, u haqda: “كان من الجن ففسق عن أمر ربه” ya’ni, “u jinlardan edi, bas, shu bois Rabbisining amri(ga itoat qilish)dan chiqdi (bo‘yin tovladi)” (Kahf surasi, 50-oyat), degan. Ushbu oyati karima iblisning Rabbisining amriga isyon etib, buyruqqa bo‘yin sunmasligining sababi jinlardan ekanligiga ochiq dalolat qiladi. Zero, usul ilmidan ma’lumki, “fa” harfi ta’lil ya’ni biror ishning sababiyati va illatini izohlash va bayon qilish uchun ishlatiladi. Yuqoridagi oyati karimada “fasaqo” (amridan chetga chiqdi) fe’lidan oldin ham mazkur harf ishlatilmoqda. Bu esa iblisning Odamga sajda qilmay, Allohga osiy bo‘lishining sababi uning jinlar toifasidan ekanligidaligini taqozo qiladi. Chunki, oyati karima siyog‘i ham aynan shu vasf tufayli shayton farishtalardan ajraganiga dalolat qiladi. Zero, farishtalar Allohning amriga bo‘ysunib, sajda qildilar, iblis esa sajda qilmadi. Shu bois ham bir jamoa ulamolar iblisning aslida farishtalardan bo‘lmaganligiga, balki, farishtalar bilan birgalikda Allohga uzoq vaqt ibodatda bo‘lganligi uchun umumlashtirib unga ham farishta nomi berilganligi haqidagi fikrni ilgari suradilar. Boshqa oyati karimalarda Odamga barcha maloikalar sajda qilib, ulardan birgina iblis istisno qilinishining sababi ham shu. Ya’ni, o‘sha vaqtga qadar iblis farishtalar bilan birga Allohga ubudiyatda bo‘lganligi va ular bilan bir safda bo‘lganligi tufayli u ham tag‘lib va umumlashtirish yo‘liga ko‘ra maloikalar ichida zikr qilingan. Holbuki, boshqa oyati karimada uning jinlardan ekanligi ochiq aytilgan. Shu bois, iblisning jinlardan ekanligi zikr qilinmagan oyatlarning zohirini ushlab, u farishtalardan bo‘lgan degan xulosaga kelish fikri ojizimizcha to‘g‘ri emas. shaytonning asl xilqatda farishtalardan emasligiga yana bir qo‘shimcha dalil shuki, A’rof surasining 12-oyatida Alloh taolo bilan iblis o‘rtasida kechgan savol-javob zikr qilinadi. Parvardigor unga xitob qilib, nima uchun Odamga sajda qilishni buyurgan vaqtida unga sajda qilmaganligi sababini so‘raganda u o‘zini Odamdan afzalligi, chunki, u olovdan, Odam esa loydan yaratilganligini hujjat qiladi: “(Alloh) dedi: "senga buyurgan paytimda nima seni sajda qilishdan to‘sdi?". "men undan (Odamdan) yaxshiroqman. Meni olovdan yaratgansan. Uni esa loydan yaratding", dedi” (A’rof surasi, 12-oyati karima). Mazkur oyati karima mazmuniga ko‘ra iblis olovdan yaratilgan. Maloikalar esa olovdan emas, balki, nurdan yaratilganlar. Jinlar esa olovdan yaratilgan. Bu haqda hadisi shariflar vorid bo‘lgan. Jumladan, sahihi muslimda Oisha onamizdan (raziyallohu anho) rivoyat qilingan hadis sharifda shunday marhamat qilinadi (ma’nosi): “farishtalar nurdan yaratilgan, jinlar esa olovning tutun aralashmagan alangali tilidan yaralgan. Odam esa o‘zingizga vasflangan narsadan (ya’ni Qur’oni karimda ko‘p bora aytilgan loydan) yaratilgan” (Imom Muslim, Imom Ahmad va Ibn Hibbon rivoyatlari). Ushbu hadisi sharifning aslida o‘zidan jinlar yaartilgan modda “maarijun min naar” degan so‘z bilan ifoda qilingan. Mazkur so‘zni ulamolar: “olovning aralashmasi”, “tutuni yo‘q olov”, “olovning eng yuqori qismidagi eng issiq joyi ya’ni alangali tili”, “olovning qora ranglar aralashgan joyi” degan so‘zlar bilan sharhlaganlar. Hadis sharifda farishtalar bilan jinlarning yaratilish moddalari boshqa-boshqa ekanligi ochiq-oydin aytilmoqda. Bu ham yuqoridagi fikrni ya’ni, iblis asl xilqatda farishtalardan emasligi haqidagi fikrni qo‘llab-quvvatlaydi. Shuningdek, Rahmon surasida ham Alloh taolo “jon”ni ya’ni jinlarni yoxud iblisni hadisda zikr qilingan “maarijun min naar”dan yaratgani aytiladi: “وخلق الجان من مارج من نار” ya’ni, “jin-iblisni esa “maarijun min naar”dan (olovning aralashmasidan, tutunsiz alangasidan, qora aralashgan joyidan) yaratdi” (Rahmon surasi, 15-oyat).
     Shunday qilib, iblis aslida maloikalardan emas deydigan ulamolarning o‘z so‘zlariga dalil sifatida keltiradigan asosiy hujjatlari quyidagilardan iborat: 1. Maloikalar iblis sodir etgan kufr amalini sodir etib qo‘yishdan ma’sumdirlar. Alloh taolo farishtalar haqida shunday deydi: “لا يعصون الله ما أمرهم ويفعلون ما يأمرون ” ma’nosi: “Ular Alloh tomonidan o‘zlariga buyurilgan narsalarga osiylik qilmaydilar va o‘zlariga buyurilgan ishlarni qilurlar” (Tahrim surasi, 6-oyat). Boshыa bir yaoti karimada esa farishtalar shunday vasflanadi: “لا يسبقونه بالقول وهم بأمره يعملون ” ya’ni, “ular (farishtalar) U zotdan ilgari biron so‘z aytmaydilar. Ular (Allohning) amru farmoni bilangina amal qilurlar” (Anbiyo surasi, 27-oyat).
      2. Alloh taolo yuqorida keltirilgan oyati karimada iblisning jinlardan ekanligini ochiq aytgan: “u jinlardan edi, bas, shu bois Rabbisining amridan chiqdi” (Kahf surasi, 50-oyat). Ushbu oyati karimaning zohiriga muvofiq Hasan Basriy (r.h.) ham shaytonning jinlardan ekanligini aytgan. Avf – Hasan Basriydan – rivoyat qiladi: “Iblis bir lahza ham farishtalardan bo‘lgan emas. Xuddi insning asli odam bo‘lganidek iblisning asli jindir” (Ibn Jarir rivoyati). Mashhur vatandoshimiz, buyuk alloma Zamaxshariy ham o‘z tafsirida ushbu fikrni qo‘llab-quvvatlagan.
      Imom Qurtubiyning tafsirida kelishicha, shaytonning aslida farishtalardan bo‘lganligi salafi solihlar davrining jumhur mufassirlariga oid qavl hisoblanadi. Bu o‘rinda jumhur deyilar ekan, Abdulloh ibn Abbos, Abdulloh ibn Mas’ud, Ibn Jurayj, Ibn Musayyab, Qatoda kabi tafsirga oid so‘zlari naql qilingan zotlar nazarda tutilmoqda.
     Ammo, tafsir kitoblarida ko‘p uchraydigan va Abdulloh ibn Abbos kabi salafi solihlarga nisbat beriluvchi mashhur qavl ya’ni, shaytonning farishtalarning ulug‘laridan ekanligi, jannat qo‘riqchisi bo‘lgani va osmon va yer ishlarini boshqarib turgani va ismi “azozil” ekanligi haqidagi rivoyatlar isroiliyot rivoyatlaridan hisoblanadi. Binobarin, ularga qat’iy suyanib bo‘lmaydi. Ma’lumot sifatida bilib qo‘yish mumkin, ammo, uzil-kesil tasdiqlab, asos qilib olinmaydi. Chunki, bu ma’lumotlar musulmonlarga ahli kitoblar orqali va ulardan musulmonlikni qabul qilgan insonlar orqali kirib kelgan bo‘lib, ularning haqiqatini yolg‘iz Alloh biladi. Bunday rivoyatlar tafsir ilmida isroiliyotlar deb ataladi. Islom ta’limotiga ochiq zid kelmasa, ulardan qo‘shimcha ma’lumot sifatida foydalanish mumkin.
     Ulamolar farishta bilan iblis o‘rtasida quyidagi farqlar borligini aytishgan:

 

1. Farishtalar nurdan, iblis olovdan yaratilgan;
2. Farishtalarda nasl qoldirish yo‘q, iblisning zurriyoti borligi Qur’oni karim va hadisi shariflarda aytilgan;
3. Alloh taolo iblis jinlardan ekani haqida xabar qilgan.

 

     Xullas, bu borada turli fikrlar bildirilgan. Ammo jin va shayton olovdan yaratilgani, ularning zurriyoti borligi, insonlarga zarar yetkazish payida bo‘lishlaridan bu ikki xilqat bir-biriga yaqinligi, shayton bilan farishta esa boshqa-boshqa xilqat ekani ma’lum bo‘ladi. Yana Alloh bilguvchiroqdir!

Kun oyati

(Ey Muhammad,) oz jonlariga zulm qilgan bandalarimga ayting: Allohning rahmatidan noumid bolmangiz! Albatta, Alloh barcha gunohlarni magfirat qilur.…

Kitoblar
Eng ko`p o`qilgan maqolalar
Istixora duosi

Istixora sozi lugatda yaxshilik sorash manosini bildiradi. Shariy istilohda, bandaning namoz oqish yoki duo qilish bil…

8.112015 217619
Энг кўп ўқилган савол-жавоблар
Shayton jinlardan hisoblanadimi? 01.08.2016

Assalomu alaykum, hurmatli Ustoz Odilxon qori aka! Savolim shundan iborat: malumki, shaytoni lain farishtalar safida bola turib Allohning amridan boyin tovlagani sabab U Zotning dargohidan quvilgan. Bazi odamlar shayton jinlar toifasidan chiqqan, deyishadi. Aytishlaricha, u jinlar ichida ota taqvodori, zehni otkiri bolgani bois Alloh uni farishta darajasiga kotargan ekan. Shu xususda batafsilroq malumot bersangiz. Javobingiz uchun oldindan rahmat!

17323