Alloh la’natlagan pardoz
Alloh taolo O‘zi yaratgan barcha jonzotlar ichida insonni eng go‘zal suratda yaratganini ta’kidlab, Qur’oni karimda shunday xabar beradi:
“Haqiqatan, Biz insonni xushbichim va xushsurat (shaklda) yaratdik” (Tin surasi, 4-oyat).
Inson shunga muvofiq o‘z darajasiga qarab ish tutmog‘i lozim bo‘ladi. Islom ta’limotida inson jismini pok tutishi, toza va xushbo‘y bo‘lishiga targ‘ib va tashviq qilinib, go‘zallik belgilangan chegaradan chiqmasligi ham alohida zikr etilgan.
Azaldan ayollar pardoz qilishga moyil bo‘lganlar. Momolarimizning qilgan pardozlari ham tabiiy vositalardan bo‘lgan. Ayniqsa tabiiy moylar, gul va ifor yog‘lari, surma, xina, o‘smadan pardoz uchun foydalanib kelishgan. Shuning uchun ham ular hatto 70-80 yoshlarida ham o‘z go‘zalliklarini yo‘qotishmagan.
Ammo keyingi vaqtlarda nafaqat yoshlar, balki katta yoshdagi ayollarda ham ko‘z, qosh va lablarni sun’iy bo‘yash (tatuaj, rastushovka) qildirish, tanaga rasm soldirish (tatuirovka) rusmga kirib bormoqda. Bu jarayonlar og‘riqli bo‘lsada, ayollarimiz go‘zallik oldida har narsaga tayyor ekanliklarini namoyish qilmoqdalar. Aslidachi, Alloh taolo man’ qilgan bu pardozlarni sog‘ligimizga jiddiy zarar keltirishini o‘ylab ko‘risharmikan?
Alloh taolo Qur’oni karimda marhamat qiladi:
“Alloh uni (shaytonni) la’natladi. (U) dedi: «Albatta, bandalaringdan belgilangan (ma’lum) ulushimni olurman, ularni adashtiraman, ularni hoyu havasga cho‘ktiraman. Ularga buyuraman – hayvonlarning quloqlarini kesadilar. Ularga buyuraman – Allohning yaratganlarini o‘zgartiradilar». Kimki Allohni qo‘yib, shaytonni do‘st tutsa (uning aytganlarini bajarsa), demak, u aniq ziyon qilibdi” (Niso surasi, 118-119 oyatlar).
“Tatuaj”, “Rastushovka” - jarayoni haqida soha mutaxassislari o‘z fikrlarini bildirganlar. Tatuaj — permament pardoz, ya’ni yuzdagi a’zolar — qosh, ko‘z va labni uzoq vaqtgacha ketmaydigan qilib bo‘yab, pardoz berish. Permament pardozda sanab o‘tilgan a’zolarning terisiga tatuaj uchun mo‘ljallangan igna yordamida maxsus bo‘yoq yuboriladi. Bu pigmentlarning uzoq vaqt ushlanib turishini ta’minlaydi. Permament pardoz muolajasi og‘riqli bo‘lib, bir-ikki soatga cho‘ziladi.
Ammo soxta zebning inson organizmi uchun zararlari tuzatib bo‘lmas asoratlarga olib kelishi ham mumkin..
Qosh tatuaj qilinganda qoshlar ildizining yo‘q bo‘lishiga olib kelib, ularning to‘kilishiga sabab bo‘ladi. Ko‘zlarga tatuaj qilinganda esa ko‘zning ko‘rish qobiliyatiga, qovoq terilarining sezuvchanligiga salbiy ta’sir etadi. Lablar tatuaj qilinganda esa og‘iz atrofida shishlar paydo bo‘ladi.
Bu muolajalarda igna bilan teri teshilgani bois organizm turli infeksiyalarga beriluvchan bo‘lib qoladi. Teri teshiklariga esa turli kimyoviy bo‘yoqlar kiritilishi natijasida allergiya kasalliklarini keltirib chiqaradi.
“Tatuirovka” - igna bilan asab tomirlariga zarar yetkazib, tanaga surat soldirishdir. Bu og‘riqli jarayon bo‘lib, inson o‘z-o‘ziga shikast yetkazadi. Soha mutaxassislarining ta’kidlashicha “tatuirovka” qildirgan insonlarda 20 dan ortiq kasallikka chalinish ko‘rsatkichi yuqori bo‘lar ekan. Tatuirovka bo‘yog‘i tarkibida saratonni yuzaga keltiradigan omillar mavjud. Bo‘yoqlar o‘zida inson organizmi uchun zararli bo‘lgan metallarni, ya’ni simob sulfidi, xrom, kadmiy, qo‘rg‘oshin, titan, alyuminiy, kobalt saqlaydi.
Tatuirovka asboblari bilan gepatit B, S hamda OIV infeksiyasini yuqtirib olish juda oson. Tatuirovkasi bor insonlarning gepatit S kasalligiga chalinish xavfi, oddiy odamlarga qaraganda, 9 baravar yuqori bo‘ladi. «Mycobacterium haemophilum» bakteriyasi sil va moxov kasalligini chaqiradi, odamlarda immun tizimini sustlashtiradi. Bu bakteriya esa faqat tatuirovka chizdirgach yuzaga keladi.
Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Husn uchun, igna bilan alomatlar chizuvchi va chizdiruvchi, qosh teruvchi, tish orasini kengaytiruvchi ayollarga (ya’ni, Alloh taolo yaratgan a’zolarni o‘zgartiruvchi ayollarga) Alloh taoloning la’nati bo‘lsin!”, - dedilar (Imom Buxoriy rivoyati, 5948-hadis).
Alloh taolo ato etgan har bir ne’matning qadriga yetishimiz, O‘zi qaytargan har bir ishdan qaytishimiz darkor.
Munira ABUBAKIROVA
O‘zbekiston musulmonlari idorasi mutaxassisi