Odob-axloq, nasl-nasab va haqgo‘ylik haqida hikmatlar
23.7.2017 44696

 

 

أَدَبُ الْمَرْءِ خَيْرٌ مِنْ ذَهَبِهِ

Kishi odobi – uning oltinidan yaxshiroqdir.

O‘zbek tilidagi muqobil shakllari:

Odob – oltindan qimmat

* * *

Odob bozorda sotilmas

Inson uchun chiroyli odob, xulq va yaxshi tarbiya oltindan, har qancha boylikdan ham qadrli, ustun va afzaldir. Chunki, boylik bilan ham topilmaydigan narsalar xushxulqlik, chiroyli muomala bilan topilishi mumkin. Boylik asosan insonning o‘ziga foyda bersa, chiroyli odob bilan kishi barchaga manfaat yetkazadi. Boylik bilan berkitib bo‘lmaydigan ba’zi ayb-kamchiliklar chiroyli odob, xulq-atvor bilan yopilishi mumkin. Shu jihatdan odob-axloq boylikdan bir necha marta ustun turadi.  Bu haqda Alisher Navoiy “Nazmul Javohir”da shunday yozadi:

Oltin-kumush etma davlat kunidin,

Kim, tortar adab ulusni mehnat kunidin.

Gar yo‘qtur adab, ne sud oltun unidin,

Elning adabi xushroq erur oltunidin.

 

أَلأَدَبُ مَالٌ وَ اسْتِعْمَالُهُ كَمَالٌ

Odob – boylik , uni hayotda qo‘llashga – komillikdir.

Chiroyli odob, husni xulq insonga berilgan eng katta ne’matlardan biridir. Chiroyli odobga ega bo‘lgan odam o‘sha xulqidan ishlata bilishi, ya’ni odamlar bilan yaxshi muomala qilishi, ochiq ko‘ngil, mehribon, o‘z navbatida, aqlli, uddaburon bo‘lishi va boshqa sifatlarni ko‘rsata bilishi komillik, yetuklik belgisi hisoblanadi. “Sizlar odamlarni mol-dunyolaringiz bilan mamnun qila olmaysizlar, balki ochiq yuz va yaxshi xulqlaringiz bilan minnatdor qilishlaringiz mumkin”, - deyiladi hadisda ham.

 

حُسْنُ الأَدَبِ يَسْتُرُ قُبْحَ النَّسَبِ

Chiroyli odob nasabdagi kamchiliklarni berkitadi

Chiroyli odob kishining ko‘rki, jamolidir. Xulqi chiroyli inson odamlar orasida hurmat-e’tibor qozonadi, shuningdek, uning ba’zi bir kamchiliklari bo‘lishi tabiiy hol. Shunda uning chiroyli xulqi o‘sha ayb-nuqsonlarni yopib yuboradi. Masalan, bir odam qiyofa jihatidan xunukroq yoki biron yerida nuqsoni bo‘lib, ammo o‘zi ochiq ko‘ngil, xushmuomala, mehribon bo‘lsa, odamlar uning o‘sha kamchiliklariga e’tibor ham bermaydilar. Ular uchun o‘sha nuqson yo‘qdek bo‘lib ko‘rinadi.

 

مَنْ سَاءَ أَدَبُهُ ضَاعَ نَسَبُهُ

Kimning odobi yomonlashsa, nasabi buziladi

Odob – kishining kim ekanligini yaqqol namoyon qiladigan belgidir. Odobsiz kishi insoniylik qiyofasini yo‘qotishi muqarrar. Ming nasl-nasabi ulug‘ bo‘lsa ham, agar uning odob-axloqi yomon bo‘lsa, foyda bermaydi. Chunki, oliy nasabning tagida ham odob-axloq yotadi. Hech qachon nasab boylik bilan o‘lchanmaydi.

 

أَلْكَلاَمُ الطَّيِّبُ يُنْخِى

Shirin so‘z (qalbni) yumshatadi.

Xalqda “Inson – shirin so‘zning gadosi” degan naql bor. Haqiqatan shirin so‘z inson qalbini yumshatadi, uni g‘azabdan muloyimlikka, qahrdan mehr sari torta boshlaydi.          Shirin so‘z bilan qanchadan-qancha urishib qolganlar bir-birlarini kechiradilar. Shu birgina shirin so‘z tufayli yillab amalga oshmay yurgan ishlar bitadi. Shu birgina shirin so‘z tufayli ikki millat bir-biri bilan oshno tutiladi, dushmanlar o‘zaro og‘a-iniga aylanadilar. Demak, shirin so‘zning quvvati kuchli, shirin muomalasi bilan kishi ko‘pgina narsalarga erishar ekan.

 

وَ قَالَ بَعْضُ الحُكَمَاءِ لابْنِهِ: يَا بُنَىَّ تَعَلَّمْ حُسْنَ الإِسْتِمَاعِ كَمَا تَتَعَلَّمُ حُسْنَ الْحَدِيثَ

Donishmandlardan biri o‘z o‘g‘liga shunday nasihat qildi: “Ey o‘g‘lim, chiroyli so‘zlashni o‘rganganing kabi chiroyli tinglashni ham o‘rgan!”.

Bu yerda donishmand o‘g‘liga odamlar bilan suhbatlashish odobini ta’lim bermoqda. Ana o‘sha odoblarning eng ahamiyatlisi, bu – chiroyli tinglash, boshqalarga quloq solishni o‘rganishdir. Inson suhbat chog‘ida nafaqat gapirish, balki tinglashni ham bilishi kerak. Faqat gapirish, odamlarni o‘z og‘ziga qaratishni xohlash va o‘zgalarni pisand qilmay ularga quloq solmaslik – mutakabbirlik belgisidir. Suhbat chog‘ida kishilar navbat bilan gapirib, boshqalar jim quloq solsalar, bunday majlis manfaatli bo‘ladi. Ushbu nasihat, ayniqsa, ilm tolibilar uchun ahamiyatlidir. Ular o‘z ustozlarini chiroyli tinglashni o‘rgansalar, ilm manfaatli bo‘ladi va darsni yaxshi o‘zlashtiradilar. Albatta, chiroyli tinglay bilish uchun kishidan mutavozelik va sabr-toqat talab etiladi.

 

ضِحْكٌ مِنْ غَيْرِ سَبَبٍ قِلَّةُ أَدَبٍ

Sababsiz kulgi – odobsizlik.

Agar kulgiga biron sabab bo‘lsa, bunday kulgi o‘rinli hisoblanadi. Besabab, har narsaga kulaverish odobsizlikdan boshqa narsa emas. Hayotda har narsa o‘z o‘rnida bo‘lgani ma’qul, shuningdek, kulgi ham. Agar kishi sababsiz kulaveradigan bo‘lsa, avvalo, kishilar o‘rtasida odobsiz, deb sanaladi, shuningdek, uning subuti bo‘lmaydi, obro‘-e’tibori pasayadi. Xullas, o‘rinsiz ko‘p kulish yaxshi emas.

 

لاَ تَكُنْ ضَاحِكًا مِنْ غَيْرِ عَجَبٍ وَ لاَ تَكُنْ مَاشِيًا مِنْ غَيْرِ أَدَبٍ

Sababsiz kulguvchi, odobsiz yuruvchi bo‘lma!

Bu yerda ham kishini  odobsizlikdan qaytarib, yaxshi xulq bilan sifatlanishga chaqirilmoqda. O‘sha odobsizliklar ichida: sababsiz kulish va odobsiz yurish ta’kidlanmoqda. Bu degani, ko‘cha-ko‘yda, odamlar orasida o‘zingni tutib yur, besabab kulma, ko‘chada ketayotganingda har kimga ozor berib, yomon ishlarni qilmagin, deganidir. Bu ikkisi ko‘cha haqlaridan sanaladi.

 

وَعْدُ الْكَرِيمِ دَيْنٌ

Ulug‘ kishining va’dasi  qarz kabidir.

O‘zbek tilidagi muqobil shakli:

Ulug‘ kishi va’dasida yolg‘on yo‘q

Ma’lumki, qarz vaqti-muddati yetganda uzilishi shart bo‘lgan omonatdir. Va’daning bajarilish majburiyati ham bundan kam emas. Va’daga har kim turlicha, e’tiqod darajasi, shaxsiyati va subutidan kelib chiqqan holda yondashadi. Ammo, chin inson, haqiqiy mo‘min odam birovga bergan va’dasini bajarishlikni o‘zi uchun lozimlik darajasida, hattoki qarz sifatida qabul qiladi. Bunday kishilar bergan va’dasini o‘z vaqtida bajarishga harakat qiladi. Agar biron sabab bo‘lib va’dasini ado etolmay qolsa, keyinroq bo‘lsa ham, o‘shani o‘z yelkasidan soqit qiladi. Albatta, bu xislat ham yuksak odob-axloq belgisidir.

 

يَفْتَخِرُ النَّاسُ بِالْمَالِ وَ الْنَسَبِ وَ إِنَّمَا فَخْرُنَا بِالْعِلْمِ وَ الأَدَبِ

Odamlar boylik va nasl-nasablari bilan faxrlanadilar,

aslida faxrimiz ilm va odob bilandir.

Biron narsa bilan maqtanish, faxr-iftixor inson tabiatiga xos narsa, lekin hamma narsa ham faxrlanishga loyiqmikan?

Ko‘pchilik insonlar mol-dunyolari, boyliklari ko‘pligi yoki nasablarining ulug‘ligi bilan faxrlanadilar. Bu narsalar aslida inson uchun faxr bo‘la olmaydi. Chunki bularning bari o‘tkinchi, bu narsa inson qadrini belgilab beradigan mezon bo‘la olmaydi. Inson, eng avvalo, ilm olib, odobli bo‘lib, odamlarga yaxshilik qilishga harakat qilishi kerak, shunda uni boshqalar xush ko‘radi va maqtaydi, garchi o‘zi faxrlanmasa-da. Kishi uchun eng katta faxr, bu – ilm va odobdir. Bu ikkisidan-da yuksak fazilat bo‘lishi mumkin emas.

 

نُصْرَةُ الحَقِّ شَرَفُ وَ نُصْرَةُ الْبَاطِلِ سَرَفُ

Haqiqat tarafdori bo‘lish – sharaf, nohaqlik tarafdori

bo‘lish esa – haddan oshishlik.

Doimo adolatli bo‘lish va adolat tarafida turish kishiga manfaat olib keladi, chunki haqiqat yo‘li kishini muvaffaqiyat sari olib borishi aniq. Haqiqat tarafdori bo‘lish orqali uobro‘-e’tibor, hurmat-ehtirom orttiradi va dunyoda hech kimdan tili qisiq bo‘lmaydi. Adolatsizlik esa, buning aksi. Kishi haddidan oshgani, o‘zini yoqotib qo‘ygani tufayligina adolat mezonidan o‘tishi mumkin. Adolat chizig‘i kishi uchun zarar va foydani ajratib turuvchi bir chegara hisoblanib,bu chegaradan o‘tish kishi boshiga ko‘plab musibatlarni olib keladi. Buni his qilish uchun inson har ishni qilayotganida uning natijasini o‘ylab qadam tashlasa, kifoya.

 

Odilxon Yunusxon o‘g‘li

Kun hadisi

Oziga aloqasi bolmagan narsalar bilan shugullanmaslik kishining Islomi gozalligidan darakdir (Imom Termiziy rivoyati, hasan hadis). Izoh: Ushbu hadis…

Kitoblar
Eng ko`p o`qilgan maqolalar
Istixora duosi

Istixora sozi lugatda yaxshilik sorash manosini bildiradi. Shariy istilohda, bandaning namoz oqish yoki duo qilish bil…

8.112015 216898
Энг кўп ўқилган савол-жавоблар

24588
  • 19054
  • 12827
  • 15794