Talvasa
16.9.2016 7680

    Dunyoda har xil toifali insonlar bor. Ko‘pchiligi betaraf, shamol qaysi tomonga essa o‘sha tarafga qarab egilaveradi. Bir qismi yaxshilar, qalbida faqat ezgu niyat, tilida faqat yaxshi so‘z, amali faqat bunyodkorlikdan dalolat beradi. Yana bir qism toifa esa faqat yomonlikni ko‘zlaydi. Ularning harakatlari o‘z vaqtida to‘xtatilmasa, bir qismgina yaxshi odamlar tugul anavi beparvolarning ham oyog‘ini osmonda qilib yuboradi. O‘zbekiston deb atalmish jannatmakon o‘lka ham ayni lahzalarda bir uyum razillarning diqqat markazida bo‘lib qolgan. Hammasining maqsadi hokimiyatni egallash, xalqqa hokim bo‘lish, boyliklarga ega chiqish, boshqa narsa emas. 
   Ularning bir qismi xorijdagi muxolifatchilar. O‘zlarini vatan uchun jon koyituvchi, xalqni “og‘ir va mashaqqatli” hayotidan ozod qilish uchun bel bog‘lagan fidoyilar qilib ko‘rsatadi. Yana bir qismi esa Xudo urgan terrorist, islom dinimiz orqasiga bekinib olgan kazzob vatanfurushlardir. To‘g‘ri, birinchi toifa orasida ziyolilar, o‘z vaqtida O‘zbekistonda obro‘-e’tibor qozongan, dunyoqarashi keng insonlar bor. Ular ham o‘zlaricha haq, o‘zlari to‘g‘ri deb bilgan ishni qilayapti, harakatlarini oqlash, to‘g‘ri yo‘lda ekanini isbotlash uchun dalil va haqiqatlarini ko‘rsatmoqchi bo‘lishayapti. Ammo O‘zbekiston o‘z yo‘lini topib olgan, o‘zbek xalqi ularga o‘z javobini aytib bo‘lgan. Ularning yordamiga ham, g‘amxo‘rligiga ham muhtojligimiz yo‘q. 
   Eng xavfli va eng zararli bo‘lgan vatangado, kafangado terroristlar esa faqat o‘lim, qo‘rquv, nafrat, ayriliq va vayronagarchilik olib keladi. Ular sababli O‘zbekistonda xavfsizlik choralari kuchaytirilib, oddiy fuqarolarning yashashi ham noqulaylashgan. Ammo bu qiyinchiliklar nima sababdan ekanini yaxshi bilganimiz uchun ham sabr qilamiz, vaziyat yaxshilanishidan umidvormiz. Men aytmoqchi bo‘lgan fikrlar esa har ikki toifaning yurtimizga, xalqimiz orasiga va yoshlar ongiga kirib kelish uchun amalga oshirayotgan ayrim harakatlari to‘g‘risida. 
   Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov vafotidan keyin go‘yoki O‘zbekistonda nazorat izdan chiqadiyu, ular osongina oramizga kirib olamiz, deb o‘ylashdi va o‘z frontida xurujlarni yanada kuchaytirishdi. Xuddi virus, parazitga o‘xshab har xil qiyofaga kirib, aldab-avrab, yaxshi-yomon ko‘rinib ichimizga kirib olishmoqchi. Bunda internet, ijtimoiy tarmoqlar, ayniqsa feysbuk, tvitter, odnoklassniki, telegram ularga qo‘l kelayapti. Hamma yoshlar o‘sha yerda, xuda-behuda vaqtini smartfonga tikilib o‘tkazayapti. 
   Agar muxolifatchilar yoki terroristlar o‘z qiyofasida yoshlar oldiga chiqsa qanday gaplarni eshitishini yaxshi biladi. Bizda, Xudoga shukurki, ularga nisbatan immunitet shakllangan, o‘z javobimizni bera olamiz. Shu sababli “virus”lar endi boshqa qiyofalarga kirayapti. Bugungi yoshlar, internet foydalanuvchilari nimalarga qiziqadi, internetda kimlar bilan do‘st tutinayapti, qanday ma’lumotlarni o‘qiyapti, qanday videolarni tomosha qilib, qanday musiqalarni eshitayapti. Shularni yaxshilab o‘rganib olganidan keyin ayni shu tomondan hujumga o‘tishayapti. Oddiy misol. Yaqinda feysbukda bir qiz do‘stlik taklifini yubordi. Profiliga birrov mo‘raladim: hammasi joyida. Ortiqcha gap-so‘z yo‘q. Biroz vaqt o‘tib uning profilida O‘zbekistonda taqiqlangan partiyalarning nizomlari, maqsad va g‘oyalari e’lon qilina boshlandi. Hamma siyosatchilar ko‘proq ovoz to‘plash, xalqqa yaxshi ko‘rinish uchun ommani o‘ylantirayotgan muammolarni hal qilishga va’da beradi. Partiyalar nizomida ham odamlarga yoqib tushadigan chiroyli, erkin va farovon turmush va’dalari berilgan. Xullas, do‘zax reklamasi haqidagi latifaga o‘xshash holat: tuzoq. 
    La’nati terroristlar qo‘llayotgan usullar esa undan ham oshib tushadi. Sahih hadislar, Qur’oni karim, diniy savol-javoblar, turli ma’rifiy maqolalar e’lon qilinayotgan sahifa, guruh, telegram kanallari, soxta profillar ko‘paygandan ko‘paygan. Ular odamlarni jalb qilish, ko‘proq a’zolarni to‘plash maqsadida avval ishonchli, qiziqarli ma’lumotlardan “xo‘rak” tayyorlaydi, maqsadga erishib, odamlar ishonchi va mehrini qozonib bo‘lgandan keyin esa asl maqsadga ko‘chib, ig‘vo, fisqu fasod tarqatish, O‘zbekistonda siyosiy, ijtimoiy beqarorlikni keltirib chiqaradigan ma’lumotlarni e’lon qilishni boshlaydi. Yaqindagina telegramdagi “Eng kizikarli TV” kanali “Million konserti 2016” degan videoda O‘zbekistonda taqiqlangan diniy ma’ruzani e’lon qildi. Uni qancha odam ko‘rgani, kimga qanday ta’sir qilgani Xudoga ayon. Soxta salafiylar, diniy ulamolar nomidan buzg‘unchi axborotlar tarqatilayotgan bu kabi holatlar, bunday misollarni ko‘p keltirish, uzoq sanash mumkin. 
    Shunday ekan, internetda kimlar bilan do‘st tutinayotganimiz, qanday manbalarga murojaat etayotganimiz, qaysi sahifalarga “layk”, “klass” bosib, telegramdagi qaysi kanallarga qo‘shilayotganimizga e’tibor qilaylik. Internet orqali biror diniy yoki siyosiy ma’lumot qidirsak, “.uz” domeniga murojaat qilsak yetarli. Diniy savollar bo‘yicha masjid imomlari, O‘zbekistondagi diniy tashkilotlarga murojaat etaylik, hozir deyarli hamma ko‘zga ko‘ringan masjidning o‘z sayti, feysbuk, telegram yoki boshqa ijtimoiy tarmoqlarda sahifalari, juda ko‘p diniy ulamolarning profillari bor. To‘g‘ri, internetda kimningdir profilini tekshirib, kimlar bilan nimalar yozishayotganini nazorat qilishga texnik yoki jismoniy jihatdan imkon bo‘lmasligi mumkin, ammo biror joyda telefoningizdan taqiqlangan ma’ruza yoki siyosiy material, yozishmalar topilib qolsa bormi, oqibati juda yoqimsiz tugashi mumkin. Chunki ulardan foydalanish, olib yurish va tarqatish O‘zbekistonda jinoyat hisoblanadi. Bilib-bilmasdan yo‘l qo‘ygan xatomiz esa faqatgina o‘zimiz emas, oilamiz, yaqinlarimiz, real va virtual hayotdagi do‘stu yaqinlarimizga ham ta’sir qilishi mumkin. 
     Chetdan turib talvasaga tushayotganlarga esa e’tibor bermang. Ular bilan shug‘ullanadiganlar bor, biz esa shunchaki diqqat qaratmasdan, “ignor” qilsak kifoya, shuning o‘zi ular uchun katta jazo.

 

Sanjar Said

Kun oyati

(Ey Muhammad,) oz jonlariga zulm qilgan bandalarimga ayting: Allohning rahmatidan noumid bolmangiz! Albatta, Alloh barcha gunohlarni magfirat qilur.…

Kitoblar
Eng ko`p o`qilgan maqolalar
Istixora duosi

Istixora sozi lugatda yaxshilik sorash manosini bildiradi. Shariy istilohda, bandaning namoz oqish yoki duo qilish bil…

8.112015 217358
Энг кўп ўқилган савол-жавоблар

24629
  • 19086
  • 12852
  • 15830