Shaytonning Odam alayhissalomga hasad qilishi
5.9.2016 7126

    Hasad illati ilk bor iblisda namoyon bo‘ladi. U Odam alayhissalomga hasad qildi. Sababi Alloh taolo Odamni xalifalik uchun tanlab oldi, farishtalarni unga sajda qilishga buyurdi. Shunda iblisda hasad olovi alanga oldi, Odamga sajda qilishdan bosh tortdi. Oqibatda la’natga uchradi. Alloh taolo uning isyoniga jazo sifatida iblisni har qanday yaxishilikdan umidini uzgan, la’natlangan shaytonga aylantirdi. Iblis hasad va kibr tufayli jannatdan quvildi. Bu haqida Qur’oni karimda ma’lumotlar kelgan. Alloh taolo aytadi: “(Ey Muhammad), eslang, Biz farishtalarga Odamga sajda qiling deyishimiz bilan ular sajda qildilar, faqat Iblis kibr va or qilib kofirlardan bo‘ldi” (Baqara surasi, 34-oyat). 
     “Sajda” so‘zi lug‘atda “bo‘yin egish, o‘zini past olish”, shar’iy istilohda esa “ibodat qilishni niyatida peshonani yerga qo‘yish” ma’nolarini anglatadi . Ulamolar Alloh taoloning farishtalarga buyurgan sajdasi qanday bo‘lganligi to‘g‘risida bir necha qavllarni keltirib o‘tadilar, ularning ko‘pchiligi: “Oyati karimada ko‘zga tutilgan sajda lug‘atdagi ma’noga mos keladi” degan fikrni bildiradilar. Ya’ni: Farishtalarning Odam alayhissalomga sajda qilishlaridan murod, uning fazlini iqror etish, unga ta’zim bildirishdir. Bu sajdadan maqsad, ibodat niyatidagi peshonani yerga qo‘yish emas, chunki Alloh taolodan o‘zgaga ibodat qilish shirk amaldir, farishtalar shirkdan yiroqdirlar. Allohning farishtalarni Odam alayhissalomga sajda qilishga amr qilishidan yana bir maqsad, ularni sinash va yaxshidan yomonni ajratish edi. Bu narsani Allohning hikmati taqazo qildi. Buni ushbu oyatda ko‘rishimiz mumkin: “Ular sajdaga egildilar. Faqat Iblis kibr va or qilib kofirlardan bo‘ldi”. Ya’ni: Ey, oqil inson! O‘zingga va’z-nasihat va ibrat olish uchun Rabbing farishtalarga: “Odamga, Unga ta’zim va ikrom keltirish uchun sajda qiling” deganini esla. Barcha farishtalar Allohning amriga bo‘ysundilar, illo iblis takabburlik va g‘urur bilan bu amrdan bosh tortdi. Buning sababi Allox taoloning ne’matlariga shukr qilmaslik edi. Natijada osiylardan bo‘lib, Allohning rahmatidan uzoqlashtirildi. 
      A’rof surasilda iblisni Odam alayhissalomga sajda qilishdan to‘sgan narsa bayon etiladi: “Aniqki, Biz sizlarni yaratdik, so‘ng sizlarga surat berdik, so‘ngra farishtalarga: “Odamga sajda qilinglar”, dedik. Bas, ular sajda qildilar. Magar iblis sajda qilguvchilardan bo‘lmadi. (Alloh) dedi: “Men senga buyurgan paytimda seni sajda qilishdan nima to‘sdi?”. “Men undan yaxshiroqman. Meni olovdan yaratgansan. Uni esa loydan yaratding”, dedi u. (Alloh) dedi: “U holda undan tushgin! Sen uchun unda kibru havo qilib yurish joiz emas. Bas, chiq! Albatta sen xor bo‘lguvchilardandirsan!”. “Menga ular tiriladigan kungacha muhlat ber”, dedi u. (Alloh) dedi: “Sen muhlat berilganlardansan”. U aytdi: “Qasamki, endi meni yo‘ldan ozdirganing sababli mudom Sening to‘g‘ri yo‘ling ustida ularni kutib o‘tirurman. So‘ngra ularga oldilaridan va ortlaridan, o‘nggu so‘llaridan kelib (to‘g‘ri yo‘ldan ozdiraman) va ularning ko‘plarini shukr qilgan hollarida topolmaysan”. (Alloh) aytdi: “Undan jirkanch va mag‘lub holda chiq! Qasamki, ulardan kimda-kim senga ergashsa, albatta jahannamni sizlarning barchalaringiz bilan to‘ldirurman” (A’rof surasi, 11-18-oyatlar). Ya’ni: Biz otalaringiz Odamni biron suratga ega bo‘lmagan holida loydan yaratdik, so‘ngra unga surat berdik. 
      Yoki: Biz sizlarni otalaringiz Odamning belida yaratdik va sizlardan Alloh taologa ibodat qilishlaringiz va Unga biron narsani shirk keltirmasligingiz to‘g‘risida miysoqni olayotgan paytimizda sizlarga surat berdik. “So‘ngra farishtalarga: “Odamga sajda qilinglar”, dedik. Bas, ular sajda qildilar. Magar iblis sajda qilguvchilardan bo‘lmadi”. So‘ngra Alloh iblisni sajda qilishdan to‘sgan sabablarni bayon qiladi: (Alloh) dedi: “Men senga buyurganimda seni sajda qilishdan nima to‘sdi?” Ya’ni: Alloh taolo iblisga tanbeh va malomat ma’nosida: Men seni farishtalar bilan birga sajda qilishga buyurgan bo‘lsam-da, seni undan nima to‘sdi yoki seni sajda qilmaslikka nima undadi. So‘ngra iblisning javobi keltiriladi: “Men undan yaxshiroqman. Meni olovdan yaratgansan. Uni esa loydan yaratding”. Ya’ni: iblis tavba qilib, o‘z ishiga afsuslanish o‘rniga, Alloh taologa ma’siyat qilishda davom etib, g‘urur va manmanlik bilan: Men undan yaxshiroqman, chunki men olovdan yaratilganman, u esa oddiygina loy unsuridan yaratilgan, dedi. So‘ngra Alloh taolo dedi: “U holda undan tushgin!” Ya’ni Menga, Mening amrimga isyon qilganing, toatimdan bo‘yin tovlaganing sababli jannatdan chiq… “Sen uchun unda kibru havo qilib yurish joiz emas”, ya’ni: jannatda manmanlik qilish durust emas, chunki u yer mutakabbirlar uchun tayyorlanmagan. Zero u Mening toatimga itoat etuvchilar, kamtarin zotlarning makonidir. “Bas, chiq! Albatta sen xor bo‘lguvchilardandirsan!” Ya’ni: ey iblis, jannatdan chiq, sen Alloh va Uning suyukli bandalari nazdida xor bo‘lguvchilardansan, bunga sabab sening mutakabbirliging va g‘ururingdir.  So‘ng iblisning Alloh taolodan nima talab qilgani va unga qanday javob qaytargani bayon etiladi: U (iblis): “Menga ular tiriladigan kungacha muhlat ber”, dedi. Ya’ni: iblis aytdi: Ey Rabbim, mening ajalimni kechiktir, meni Odam va uning zurriyoti qabrlaridan tiriladigan kun (qiyomat kuni)gacha o‘ldirmay tur. 

     Iblis bu bilan o‘limdan qutulishni va qiyomatgacha Odam bolalarini yo‘ldan ozdirishni xohlagan edi. (Alloh) aytdi: “Sen muhlat berilganlardansan”. Ya’ni: Alloh taolo iblisga ma’lum vaqt (qiyomat kuni)gacha uning ajali kechiktirilganligini aytmoqda. 
      Keyin, iblisning Odam va uning zurriyotini yo‘ldan ozdirib, makr-hiyla ishlatishga va ularga ozor berish uchun va’da berganligi hikoya qilinadi: U aytdi: “Qasamki, endi meni yo‘ldan ozdirganing sababli mudom Sening to‘g‘ri yo‘ling ustida ularni kutib o‘tirurman”. Ya’ni: meni yo‘ldan ozdirganing va O‘z rahmatingdan uzoqlashtirganing sababli Odam va uning zurriyotini haq yo‘lda kuzatib turaman va ularni undan to‘saman. Ularni to‘g‘ri yo‘ldan adashtirish uchun har bir vositani ishga solaman. “So‘ngra ularga oldilaridan va ortlaridan, o‘nggu so‘llaridan kelib (to‘g‘ri yo‘ldan ozdiraman)”. Ya’ni, ularga dushman o‘z raqibiga hujum qilishi mumkin bo‘lgan to‘rt tomondan: old, orqa, chap va o‘ng tomondan yaqinlashaman, ularni Sening to‘g‘ri yo‘lingdan adashtirmay qo‘ymayman. Oqibatda “ularning ko‘plarini shukr qilgan hollarida topolmaysan”. Ya’ni, ularning aksariyat qismini amringga bo‘ysunmagan va bergan ne’matlaringga shukr qilmagan hollarida ko‘rasan. (Alloh) aytdi: “Undan jirkanch va mag‘lub holda chiq!” Ya’ni: Alloh taolo iblisga: “Jannatdan malomat qilingan, tahqirlangan va rahmatimdan quvilgan holingda chiq!” – dedi. “Qasamki, ulardan kimda-kim senga ergashsa, albatta jahannamni sizlarning barchalaringiz bilan to‘ldirurman”. Ya’ni: jannatdan haydalgan holingda chiq va shuni bilki, jin va ins toifasidagi kimki senga ergashsa, ularning ham sening ham borar joying jahannam bo‘ladi. U naqadar yomon joy! 
      Hijr surasining 28-43-oyatlarida bu qissani to‘ldirib keluvchi oyatlar mavjud. Unda iblis sodiq, ixlosli mo‘minlarni to‘g‘ri yo‘ldan chalg‘ita olmasligini e’tirof etgan. Alloh taolo aytadi: “(Ey Muhammad sollallohu alayhi va sallam), eslang, Rabbingiz farishtalarga: “Men (asli) qora balchiqdan (olib), quritilgan loydan inson Yaratuvchiman. Bas, uni tiklab, ichiga, O‘z (dargohimdagi) ruhimdan kiritganimda, sizlar unga sajda qilgan holingizda yiqilingiz!” dedi. Barcha farishtalar unga sajda qildilar. Faqat iblis sajda qiluvchilar bilan bo‘lishdan bosh tortdi. (Alloh) dedi: “Ey iblis, senga ne bo‘ldiki sajda qilguvchilar bilan birga bo‘lmading?”. (U) aytdi: “Men qora balchiqdan olinib, (odam surati berilgach), quritilgan loydan Sen yaratgan basharga sajda qiluvchi emasman”. (Alloh) dedi: “Bas, undan (jannatdan) chiq! Endi sen quvilgan mal’unsan”, ya’ni, Mening rahmatimdan uzoqlashtirilgansan va “To jazo kunigacha senga la’nat bo‘lur”. Ya’ni, jazo va hisob kuni bo‘lmish qiyomatgacha senga la’natim davomiy bo‘ladi. Shunda iblis: ey Rabbim, menga ular tiriladigan kungacha muhlat ber, mening jonimni olmay tur, dedi. Alloh: “Senga muhlat berildi”, deb aytdi. Bunga “shukr” sifatida iblis shunday dedi: Endi meni yo‘ldan ozdirganing sabab, men ularning barchasini yo‘ldan adashtiraman, ularga yer yuzida gunoh-ma’siyatlarni ziynatlab ko‘rsataman, illo bular ichida sodiq, muxlis bandalaringgagina bas kela olmasman, chunki ularning iymonlari, Senga bo‘lgan ishonchlari kuchli. Shunda Alloh dedi: “Mening zimmamdagi to‘g‘ri yo‘l shudir”. Ya’ni: ey iblis, muxlis bandalarimni yo‘ldan ozdira olmasliging Mening hikmatim, adolatim va rahmatimdir. “Mening bandalarim ustidan sen uchun hech qanday hukmronlik yo‘qdir”, ya’ni: Mening ixlosli bandalarimni to‘g‘ri yo‘lda chalg‘itishga qudrating yetmaydi. “Illo senga ergashgan gumrohlarnigina (yo‘ldan ozdira olursan)”. Ya’ni: lekin, faqatgina adashib, senga ergashgan odamlar orasidagi imoni zaif bo‘lgan kimsalarnigina to‘g‘ri yo‘ldan ozdira olursan. “Ularning barchalari uchun va’da qilingan joy jahannamdir”. Ya’ni, iblis va unga ergashgan, to‘g‘ri yo‘ldan chalg‘iganlarning borar joyi jahannamdir. 

 

Odilxon qori Yunusxon o‘g‘li 

Kun oyati

(Ey Muhammad,) oz jonlariga zulm qilgan bandalarimga ayting: Allohning rahmatidan noumid bolmangiz! Albatta, Alloh barcha gunohlarni magfirat qilur.…

Kitoblar
Eng ko`p o`qilgan maqolalar
Istixora duosi

Istixora sozi lugatda yaxshilik sorash manosini bildiradi. Shariy istilohda, bandaning namoz oqish yoki duo qilish bil…

8.112015 217808
  • Sayyidul-istig‘for duosini o‘rganamiz

    Allohumma anta Robbiy la ilaha illa anta xolaqtaniy va ana abduka va ana ala ahdika va vadika mastatotu. Auzu bika min …

    17.12017 97979
  • Alloh la’natlagan pardoz

    Alloh taolo Ozi yaratgan barcha jonzotlar ichida insonni eng gozal suratda yaratganini takidlab, Quroni karimda shunday…

    19.32017 47005
  • QUR’ON tilovati

    Quron oqishdan avval poklanib oling. "Uni (Quronni) tahoratli kishilardan ozgalar ushlamaslar" (Voqea, 79). Quron oqi…

    18.82016 44863
Энг кўп ўқилган савол-жавоблар

24670
  • 19132
  • 12879
  • 15861