Bandasiga shukr qilmagan Allohga ham shukr qilmas
1.9.2016 6531

   Abu Hurayra raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam marhamat qilib, dedilar: “لا يشكر الله من لا يشكر الناس”. Bu hadis sahih hadis bo‘lib, imom Ahmad, imom Buxoriy (“al-dab al-mufrad”), imom Abu Dovud, imom Termiziy, Ibn Hibbon va Tayolisiylar tomonidan rivoyat qilib keltirilgan. Ushbu hadisi sharifdagi “الله” lafzini ikki xil: raf’ (bosh kelishik) va nasb (tushum kelishigi) holida o‘qish mumkin. Shunda ma’no ikki xil yo‘nalish kasb etadi. Imom Xattobiy hadisni sharhlar ekanlar shunday deydilar: “Bu hadis ikki xil vajhga ko‘ra ta’vil qilinadi”. Birinchi ta’vil ya’ni, lafzi jalolatni bosh kelishikda o‘qiydigan bo‘lsak, hadis ma’nosi bunday bo‘ladi: “Alloh taolo insonlar (ning yaxshiliklari)ga shukr qilmaydigan kimsaning shukrini qabul qilmaydi”. Demak, kishi o‘zgalarning yaxshiliklariga shukr qilmay, minnatdorchilik izhor qilmay, nonko‘rlik qiladigan bo‘lsa yoxud birovning yaxshiligi uchun duo ham qilib qo‘ymaydigan noshukr bo‘lsa, Alloh taolo unday kishining O‘ziga qilayotgan shukrini qabul qilmas ekan. Chunki, insonlarning bir-birlariga ko‘rsatadigan muruvvatlari va yaxshiliklari ham aslida Allohdan bo‘ladi. Shu bois Alloh taoloning ehsoniga shukr qilish uchun va bu shukri qabul bo‘lishi uchun inson o‘ziga o‘xshagan inson tomonidan ko‘rsatilayotgan ehsonga shukr qilishni o‘rganmog‘i lozim bo‘ladi. Ma’lumki, Allohga shukr qilish ibodat orqali bo‘ladi. Binobarin, ibodatlari qabul bo‘lishini istagan odam insonlarning yaxshiliklariga shukr qilishni o‘rganishi lozim ekan.
    Ikkinchi ma’noga ko‘ra ya’ni, lafzi jalolatni nasb (tushum kelishigida) qilib o‘qiladigan bo‘lsa, hadisi sharif ma’nosi bunday tus oladi: “odamlar (ning yaxshiligi)ga shukr qilmaydigan kimsa Allohga ham shukr qilmaydi”. Ya’ni, kimning odati va tabiati kufroni ne’matdan iborat bo‘lsa, o‘zgalarning ma’ruf ishlariga, muruvvatlariga, izzatu ikromlariga befarq va loqayd bo‘lsa, o‘ziga yaxshilik qilinganda loaqal og‘zaki ravishda minnatdorchilik bildirish bilan yoxud ehson sohibining haqqiga duoi xayr qilib qo‘yish orqali o‘z mamnuniyatini izhor qilmaydigan noshukr inson bo‘lsa, u inson Allohga ham shukr qilishi qiyin. Zero, odamlarga shukr qilishni tashlab qo‘ygan kimsa Allohning ne’matlariga ham shukr qilmaydi, kufroni ne’mat qiladi.
    Ushbu hadisi sharif nihoyatda qisqa va lo‘nda bo‘lishiga qaramasdan chuqur ma’nolar va ibratli o‘gitlarni o‘z ichiga oladi. Hadis zamirida insonlarga shukr qilish, qilgan yaxshiliklarini qadrlab, yaxshi so‘z, duo va zikr qilish orqali yaxshilik qiluvchini mukofotlashga targ‘ib etilmoqda. Shuningdek, hadisda odamlarning yaxshiliklarini bilmaslik va kufroni ne’matga tushib qolishdan qaytariladi va nonko‘rlik mazammat qilinadi.
    Inson o‘zining Allohga shukrona tarzida amalga oshirayotgan nafl ibodatlari va boshqa xildagi shukri qabul bo‘lishini istasa, odamlarning yaxshiliklariga ham shukr qilishi lozim ekan. Aks holda uning Allohga qilayotgan shukri qabul qilinmas ekan.
    Odamlarga shukr qilish turli ko‘rinishlarda amalga oshirilishi mumkin. Masalan, yaxshilik qilgan odamni maqtash, tashakkur aytish, minnatdorchilik bildirish, uning yaxshiligini uni taniydigan boshqa shaxslar ichida tilga olish, haqqiga duo qilish va hokazo ko‘rinishlarda ado etiladi. Oisha onamizdan (raziyallohu anho) rivoyat qilingan hadisda shunday marhamat qilinadi: “kimga biron yaxshilik qilinsa, o‘sha yaxshilikni mukofotlasin (ya’ni o‘sha insonning yaxshiligini qaytarsin), agar bunga qodir bo‘lmasa, uni zikr qilsin. Zero, kimki, (birovning yaxshiligini) zikr qilsa, demakki, shukr qilibdi” (Imom Ahmad rivoyati). Ushbu hadis mazmuniga ko‘ra birovning yaxshiligini qaytarishga qodir bo‘lmagan odam loaqal o‘sha kishining qilgan yaxshiligini o‘zgalar ichida tilga olib, uning haqqida yaxshi so‘zlarni gapirib, maqtab qo‘yishi lozim ekan. Ana shunda boyagi insonning yaxshiligini qaytargan bo‘lar ekan. Zero, shukr so‘zining lug‘aviy ma’nosi “o‘zganing yaxshiligini bilish, maqtash va uni tilga olib, yoyish” demakdir. Hadisdan kelib chiqadigan ma’nolarga ko‘ra, birovning yaxshiligini tilga olmay, berkitish bu ayni noshukrlik bo‘lar ekan. Insonlarga noshukrlik esa eng avvalo Allohga noshukrlik bo‘lishini yuqorida bilib oldik. Shu bois birov bizga yaxshilik qildimi, avvalo unga minnatdorchilik bildirishimiz, haqqiga duo qilishimiz, yaxshi so‘z aytishimiz, so‘ngra uning yaxshiligini tanish-bilish, qarindosh-urug‘ ichida gapirib, oshkor qilishimiz maqsadga muvofiq ish bo‘ladi.
     Ba’zi-bir o‘zicha tavhidga mukammal amal qilish da’vosidagi insonlar uchrab qoladi, “falonchi senga yaxshilik qilgan, nega unga muomalangni tuzatmaysan, nega unga minnatdorchilik bildirmaysan, nima uchun uning yaxshiligini bir og‘iz gapirib, yuzaga chiqarmaysan?”, deyilsa, “men Allohdan boshqaga shukr qilmayman, nimaiki, yaxshilik yetgan bo‘lsa, bu Allohdan(!), shunday ekan, nima uchun men o‘zimga o‘xshagan bir odamdan minnatdor bo‘lishim kerak?!”, degan balandparvoz so‘zlar bilan o‘zlarining nonko‘rliklarini xaspo‘shlamoqchi bo‘ladilar. Bu ayni zalolatdir. Bu so‘z hazrat Ali raziyallohu anhu aytganlaridek, “u orqali botil qasd qilingan haq so‘zdir”. Vaholanki, Rasululloh sollallohu alayhi sallam insonlarga shukr qilishni bilmagan Allohga ham shukr qilolmasligini aytib turibdilar, insonlarga shukr qilmaydigan nonko‘rning Allohga qiladigan shukri ham qabul bo‘lmasligini ta’qidlamoqdalar. Ha, azizlar, Allohga shukr qiluvchi shokir bandalardan bo‘lishni istasak hamda Alloh taoloning so‘ngsiz ne’matlariga shukrona tarzida amalga oshirayotgan nafl ibodatlarimiz va boshqa xayrli amallarimiz O‘zining dargohida husni qabul bo‘lishini xohlasak, avvalo bandalarning kichik yaxshiliklariga shukr qilishni odat qilishimiz darkor ekan. Ana shunda jamiyatimiz gullab-yashnaydi, insonlar o‘rtasida ahillik, inoqlik va tinchlik hukm suradi. Zero, bir-biriga shirin so‘z bo‘lgan, kattayu kichik yaxshiliklarni qadrlovchi, sal narsa uchun ham bir-biriga rahmat aytib, tashakkur bildiradigan, ortidan duo qiladigan xalq hechqachon tanazzulga yuz tutmaydi. Bunday jamiyat uzra Allohning rahmatlari mudom yog‘ilib turadi. Chunki, bir-biriga nisbatan shukr qiluvchi qavmning ibodatlari ham qabul bo‘ladi. Ular Allohga yanada ko‘proq shukr qiluvchi insonlar bo‘ladilar. Natijada Alloh ularning yaxshiliklarini ziyoda qilaveradi, ularga ne’matlarini bardavom qiladi. Unday xalqqa osmonu yerdan hechqanday azob ham nozil bo‘lmaydi, samoviy va aroziy barcha balo-ofatlardan omonda bo‘ladilar. Zero, Alloh taolo shunday marhamat qiladi: “Yana Parvardigoringiz bildirgan (bu so‘zlarni) eslangiz: "Qasamki, agar bergan ne’matlarimga shukr qilsangizlar, albatta (ularni yanada) ziyoda qilurman. Bordiyu kufroni ne’mat qilsangizlar, albatta azobim ham qattiqdir!" (Ibrohim surasi, 7-oyat).
     Shu o‘rinda har qancha gapirilsa shuncha oz bo‘lgan bir narsa haqida gapirishni lozim topdik. Alloh taologa beadad hamdu sanolar bo‘lsinki, yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo, dasturxonimiz to‘kin. Bugungi notinch zamonda bunday dorilomon yurtda yashayotganimizning o‘zi katta baxt. So‘ngi paytlarda dunyo urush va g‘alayonlar, xunrezliklar girdobiga g‘arq bo‘layotganini ko‘rib, bilib, eshitib turibmiz. Atrofimizda sodir bo‘layotgan bunday musibatlarni, ayanchli holatlarni kuzatar ekanmiz, Alloh taoloning boshimiz uzra soyabon qilib bergan emin-erkinlik, farovonlik va tinchlik-xotirjamlik kabi buyuk ne’matlariga beixtiyor shukronalar qilamiz, Rabbimizga hamdlar aytamiz. Bu ne’matlarni davomiy qilishini so‘rab O‘ziga yolboramiz. Turli gunoh va harom ishlardan tiyilishga harakat qilamiz, ma’siyatlardan panoh tilaymiz. Tinchligimizni ko‘z qorachig‘idek saqlashga harakat qilamiz. Zero, mustaqillik, tinchlik va to‘kin-sochinlik ne’matlari shu qadar buyuk ne’matlarki, ularga nafaqat tilda shukr qilish, balki, amaliy ravishdagi shukr lozim. Bu esa, ne’matning qadriga yetish, uni asrab-avaylash, keyingi avlodlarga bus-butun holda yetkazishga intilish va Alloh buyurgan ishlarni bajarib, qaytargan yomon ishlardan tiyilish bilan hosil bo‘ladi. Alloh taolo jonajon yurtimizni harqanday noxushlik va yomonliklardan O‘z panohida asrasin, ichki va tashqi dushmanlarga, g‘arazgo‘y kimsalarga O‘zi kifoya qilsin! Omin

 

Odilxon qori Yunusxon o‘g‘li

Kun oyati

(Ey Muhammad,) oz jonlariga zulm qilgan bandalarimga ayting: Allohning rahmatidan noumid bolmangiz! Albatta, Alloh barcha gunohlarni magfirat qilur.…

Kitoblar
Eng ko`p o`qilgan maqolalar
Istixora duosi

Istixora sozi lugatda yaxshilik sorash manosini bildiradi. Shariy istilohda, bandaning namoz oqish yoki duo qilish bil…

8.112015 217808
  • Sayyidul-istig‘for duosini o‘rganamiz

    Allohumma anta Robbiy la ilaha illa anta xolaqtaniy va ana abduka va ana ala ahdika va vadika mastatotu. Auzu bika min …

    17.12017 97979
  • Alloh la’natlagan pardoz

    Alloh taolo Ozi yaratgan barcha jonzotlar ichida insonni eng gozal suratda yaratganini takidlab, Quroni karimda shunday…

    19.32017 47005
  • QUR’ON tilovati

    Quron oqishdan avval poklanib oling. "Uni (Quronni) tahoratli kishilardan ozgalar ushlamaslar" (Voqea, 79). Quron oqi…

    18.82016 44865
Энг кўп ўқилган савол-жавоблар

24670
  • 19132
  • 12879
  • 15861