Sarhisob g‘oliblarining izhorlari
29.12.2016 4822

Sharifa G‘aniyeva («Ziyo» studiyasi muharriri). Televideniye yo‘nalishi bo‘yicha 2-o‘rin sohibi:


– “Rag‘bat har bir soha egasiga kuch-g‘ayrat va shijoat bahsh etadi. Kelgusi ish jarayonida yanada matonat va shijoatli bo‘lishni maqsad qiladi. 2016 yilning Sarhisob tanlovi ham juda ko‘p yurtdoshlarimiz uchun yuksak maqsadlarni olib keldi, desak yanglishmagan bo‘lamiz. Men ham ana shunday saodatli va iqtidorli yurtdoshlarimiz orasidan o‘rin olganim uchun behad mamnunman. Bu e’tirof faqatgina meniki emas, balki butun "Ziyo" studiyasi jamoasiga ham tegishlidir. Bu yutuq bizga yangidan yangi loyihalar ustida izlanishimiz va ilmiy faoliyatimizni yanada boyitishimiz uchun muhim turtkidir.
    Yil davomida amalga oshirgan ishlarimizni ko‘zdan kechirayotgan bir paytda kichik xizmatlarimiz yuksak baholandi. Buning quvonchini birgina so‘zlar bilan ifoda etish mushkuldir. Biroq yurtimizdagi tinchlik osoyishtalik uchun Yaratganga shukronalar aytishdan charchamaymiz. Ijodkorlar uchun bunday mukofotlarni ta’sis etgan tashkilotchilarga o‘z minnatdorchiligimizni bildiramiz”.

Abror Akbarov («O‘zbekiston» teleradiokanali muharriri). Radio yo‘nalishi bo‘yicha 2-o‘rin sohibi:


– “Muqaddas qadriyatlarimiz, ajdodlarimizning bebaho meroslarini imkon qadar xalqimiz, yosh avlodga yetkazishdek mas’uliyatli vazafadan bugun baxtiyormiz. Bu sovrin bizni kelgusidagi faoliyatimizda yanada g‘ayrat, yangicha uslublar bilan mehnat qilishga undaydi”.

Olimxon Yusupov (Imom Buxoriy xalqaro markazi xodimi). Matbuot yo‘nalishi bo‘yicha 2-o‘rin sohibi:


– “Dinimizning sofligini asrashda, uning asl mohiyatini keng ommaga yetkazishda, botil e’tiqod va aqidalar xurujidan xalqimizni ogohlantirishda xizmat qilgan barcha soha vakillarini muborakbod etaman. Bugun bizning zimmamizda ulkan vazifalar bor. Alloh xayrli ishlarda bachamizga O‘zi madad bersin!”.

Shohrux Hojiboyev («Ziyo» studiyasi videomuhandisi). Radio yo‘nalishi bo‘yicha 3-o‘rin sohibi:


– “Bu yilgi “Sarxisob” tanlovi juda chiroyli va o‘zgacha ruhda o‘tdi. Tashkilotchilar ham tanlovni o‘tkazishga katta tayyorgarlik ko‘rgani, tadbirni esda qoladigan, inson qalbining tubiga kirib boradigan, shukronalik tuyg‘ularini his etishga undaydigan maxsus lavhalar bilan marosimni boyitilganini alohida ta’kidlash lozim”.

Jasur Raupov (Toshkent shahar «Nosirxon» masjidi imom-xatibi) Televideniye yo‘nalishi bo‘yicha Rag‘batlantiruvchi mukofot sohibi:


– “Albatta bu yutuq kutilmagan yutuq bo‘ldi. Bu e’tirof bizga yanada mas’uliyat yuklaydi. Bundan keyin ham o‘z ustimizda yanada ko‘proq ishlab OAV lari orqali ulug‘ ne’mat – tinchlikni asrab-avaylashga bo‘lgan targ‘ibot ishlarida faollikni oshirishga dalda bo‘ladi, deb umid qilamiz. Tanlovni tashkil etishda jonbozlik ko‘rsatgan O‘zbekiston musulmonlari idorasi va Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston Matbuot va Axborot Agentligiga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman”

Odilxon Ismoilov (Toshkent shahar «Shayx Zayniddin» masjidi imom-xatibi, muxlis.uz Internet manzili muharriri). Internet yo‘nalishi bo‘yicha 1-o‘rin sohibi:


– “Tanlovda qatnashish borasida biz farzandlarimizning ruhiy tarbiya borasidagi bilimlarini oshirishga qaratdik. Qolaversa, bugungi kunda IShID fitnasi borasidagi asl voqelikni ochib berdik. Shu bilan birga mutaassiblik borasidagi holatlarni ifodalovchi mavzularda ijod qildik. Allohga shukrki, veb saytimiz faoliyatini boshlaganiga shu kunlarda 4 yil bo‘libdi va bu sovrin ana shu sanaga o‘ziga xos sovg‘a bo‘ldi”.

Zoirjon Sodiqov (O‘MI Toshkent shahar vakilligining vakillik.uz, minor.uz Internet manzillari yurituvchisi). Internet yo‘nalishi bo‘yicha 2-o‘rin sohibi:


– “Buyuk allomalarimiz, ustozlarimizdan bir go‘zal ibrat bor. Bitgan kitoblari muqaddimasida: “Ushbu kitobdan manfaatlar topsangiz Alloh taolodan, biror xato topsangiz kamina xodimingizdan deb bilgaysiz”, deya aytib o‘tadilar.
   Osuda va obod yurtda fikrlarimizga quvvat, intilishlarimizga madad bergan Alloh taologa behisob shukronalar aytamiz. Zero, shu onda qaysidir yerlarda qanchadan-qancha orzular, maqsadlar chil-parchin bo‘lmoqda, vayron etilmoqda...
   Fursatdan foydalanib, istiqlolimizning 25 yilligiga bag‘ishlangan “So‘nmas tuyg‘u”, “Istiqlol saodati: Kecha va bugun” loyihalarida bizga ko‘mak bergan ustoz, imom-xatiblarimizga minnatdorchiligimizni izhor etamiz. Shuningdek, ko‘rik tanlov tashkilotchilarini bunday yuqori saviyadagi marosim bilan qutlab, o‘z tashakkurlarimizni bildiramiz”.

 

Ilhom Marupov («Movarounnahr» nashriyoti muharriri. Radio yo‘nalishi bo‘yicha 1-o‘rin sohibi:


– “Kichik bir ishlarimiz bu qadar katta yutuqlarga sabab bo‘lishini kutmagan edik. Ijodkor insonga ozgina e’tiboning o‘zi yetarli bo‘ladi. Boshqacha aytganda, ijodkorni qushga qiyoslasak bo‘ladi. Ijodkorning rag‘batlantirilishi qushning ikki qanoti bilan parvoz qilgandek. Bir tomondan faxr, g‘urur bag‘ishlasa, bir tomondan mas’uliyat bag‘ishlaydi. Albatta bu kelgusida yanada samarali ijod qilishga undaydi”.

 

Nasim Muinov («Oilaviy» telekanali rejissyori). Televideniye yo‘nalishi bo‘yicha 3-o‘rin sohibi:


– “Dunyodagi eng bag‘rikeng din – Islom dini. Dinimiz ezgulik, osonlik dini ekanligini keng ommaga yetkazishimiz, OAVlari oraqli sodda ravishda tushuntirishimiz kerak. Biz jurnalistlarning maqsadi dinni, undagi arkonlarni shaffofligicha yetkazishdir. Diniy-ma’rifiy yo‘nalishdagi bu tanlovda qatnashish katta baxtdir. Qanchadan-qancha ziyolilar, ahli ilmlar ichida e’tirof etilishimiz esa katta bir hodisadir. Men g‘oliblar ichida bo‘lishimni hatto o‘ylamagan edim. Shu fursatdan foydalanib tanlov tashkilotchilariga bunday yuqori darajadagi tadbirni uyushtirganliklari uchun samimiy minnatdorchiligimizni izhor etamiz. Marosimdagi videolavhalar, ijodiy ishlar bizni hayratga soldi. Barchasi uchun tashakkur!”.

 

Ibrohim Usmonov (Toshkent islom universiteti prorektori). Matbuot yo‘nalishi bo‘yicha 1-o‘rin sohibi:


– “Yakuniga yetib borayotgan bu yilda mahalliy va xorijiy matbuotda hamda xalqaro konferensiyalarda diniy-ma’rifiy yo‘nalishdagi ijodiy ishlar bilan ishtirok etdim. “Sarhisob” tanlovi – a’lo darajadagi tashabbusdir. Juda ham xassos bir yo‘nalishda ijod qilayotgan, katta mas’uliyatni bo‘yniga olgan mualliflarni taqdirlashning o‘ziga xos yo‘lidir. O‘ylardimki, keyingi yillarda xorij OAVlarida O‘zbekistondagi din soxasida amalga oshirilayotgan islohotlarni targ‘ib etuvchi maqolalar, chiqishlar bo‘yicha ham yo‘nalish tashkil etilsa maqsadga muvofiq bo‘lar edi”.

 

Davron Nurmuhammad («Movarounnahr» nashriyoti xodimi). Matbuot yo‘nalishi bo‘yicha 3-o‘rin sohibi:


– “Har yili an’anaviy tarzda ilm ziyosi tarqatuvchilarni munosib taqdirlayotgan “Sarhisob” tanlovi ijod ahliga qaratilayotgan e’tiborning yuksak namunasi bo‘lib, bu tanlov ijodkorlarga yuksak iftixor bag‘ishlashi bilan birga, ulkan mas’uliyatni ham yuklaydi. Aslida, siz yozgan maqolani yurtdoshingiz o‘qib, undan manfaat topib, “maqolangizni o‘qidim, yaxshi chiqibdi”, desa bundanda ortiq mukofot, baxt yo‘qdir. Binobarin, baxt bu – dinimiz, xalqimiz, yaqinlarimizga oz bo‘lsada foyda yetkazish yo‘lida xizmat qilishdir.
    Biz ushbu tanlovni tashkil etishda jonbozlik ko‘rsatgan barcha aziz ustozu, mehnatkash ishchi, xodimlarga chuqur tashakkur izhor etamiz. Zero, sevikli Payg‘ambarimiz Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Insonlarga tashakkur etmagan Allohga shukr qilolmaydi”, deganlar.”

 


Isomiddin Ahrorov (Toshkent shahar «Oqilon» masjidi imom-xatibi). Radio yo‘nalishi bo‘yicha Rag‘batlantiruvchi mukofot sohibi:


– “Yurtimizda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlarni ommaga keng targ‘ib etish, dinlararo bag‘rikenglik, do‘stona munosabatlar ila shakllantirilgan ezgu g‘oyalarini ommalashtirishda faollik ko‘rsatgan ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash va munosiblarini rag‘batlantirish maqsadida «Sarhisob» tanlovini o‘tkazish an’anga aylandi.
   Ushbu ezgu va hayrli ish yurtimizdagi diniy sohada faoliyat olib borayotganlarning o‘z kasbiga sadoqat va mas’uliyat bilan yondashishga undaydi. Shuningdek, yurtimiz tinchligi va xalqimiz xotirjamligiga, yosh avlodni turli yovuz g‘oyalardan asrashga hizmat qiladigan yangi-yangi ijodkorlar va tashabbuskorlarni vujudga kelishiga hizmat qiladi, desam mubolag‘a bo‘lmaydi.
   «Sarhisob» tanlovi diniy soha vakillarning dunyoviy va diniy dunyoqarashlarini yanada shakllantirishga, ilmiy izlanishlarni jadallashtirishga, o‘z ustida tinmay ishlashga, doimo ushbu sohada peshqadam bo‘lishga chorlaydigan va qilgan mehnati sababli rag‘batlantirishga olib boruvchidir, desam ayni so‘zni aytgan bo‘laman”.

 

O‘MI Toshkent shahar vakilligi Matbuot xizmati

Kun hikmati

Keliniga zulm qilayotgan qaynonalar "Hargiz Alloh zolimlar qilayotgan amallardan gofil, deb hisoblama!" (Ibrohim surasi: 42) oyatini yodiga keltirsin…

Kitoblar
Eng ko`p o`qilgan maqolalar
Istixora duosi

Istixora sozi lugatda yaxshilik sorash manosini bildiradi. Shariy istilohda, bandaning namoz oqish yoki duo qilish bil…

8.112015 217262
Энг кўп ўқилган савол-жавоблар

24619
  • 19078
  • 12846
  • 15823