Ассалому алейкум
Mavzu:

Haqiqiy do‘stlik mezoni nima? 19.09.2017

Savol:

Assalomu alaykum! Qori aka, dinimizda “do‘st” deb kimlarga aytiladi? Eshitishimcha, ikki inson bir-biri bilan faqat Alloh uchun do‘st bo‘lishi kerak. Aks holda bu odamlar qiyomat kuni bir-birlarini malomat qilar ekanlar. Shu to‘g‘rimi? Men uchun do‘st bo‘lgan insonim faqat o‘z oilam va aka-ukalarimmi yoki boshqalar ham do‘st hisoblanadimi? Chunki, meni masrur va mashaqqatli kunlarda yonimda faqat ular bo‘ladi. “Do‘st” deb biladigan ulfat-sinfdoshlarimning ko‘pi bir qarashda choyxona yoki to‘y-hashamlarda birga, lekin boshga og‘irroq ish tushsa, yonimizda faqat yaqinlarimiz – oila a’zolarim bo‘ladi... Men o‘z ulfatlarimdan uzoqlashib to‘g‘ri qilyapmanmi? Chunki o‘sha davrada qiladigan ishimiz faqat biron tansiq taom yeyish, orada qaysidir sinfdoshning o‘tmishda qilgan kulgili ishini eslab mazah qilish, bilib-bilmay yana kimningdir g‘iybatini qilib vaqt o‘tkazish, xolos. Na majlis haqqi va na bir Qur’on tilovati bo‘ladi. Faqat kulgu, qahqaha, hazil-mutoyiba bo‘ladi. U yog‘i o‘zingizga ma’lum...

Men ularning nazarida xuddi odamovi kishidekman. Lekin nima qilay, do‘stlikning mezoni nima? Sizdan uzr so‘rayman, bir savol ortidan shuncha gaplarni yozib yubordim. So‘zlarim xuddi ig‘vodek bo‘lib qolmadimikan, degan xayolga ham bordim. Iltimos, shu savolimga javob bersangiz! Vaqtingizni ajratganingiz uchun rahmat!

Bo`lim Ijtimoiy masalalar
14171
Javob:

Va alaykum assalom. Inson qanday kishilarni do‘st tutishi lozimligi, haqiqiy do‘stlik qanday bo‘lishi kerakligi borasida Qur’on va hadislarda yetarlicha ma’lumotlar kelgan. Jumladan, haqiqiy do‘stlik taqvodorlar o‘rtasidagi do‘stlik ekani quyidagicha ifodalangan. Alloh taolo shunday degan: “U kunda do‘stlar bir-birlariga dushmandirlar. Magar (Alloh yo‘lida do‘stlashgan) taqvodorlargina (mangu do‘stdirlar) (Zuxruf, 67).

Bu oyatda dunyodagi biron manfaat ustiga qurilgan do‘stlik qiyomat kuni dushmanlikka aylanishi, Alloh yo‘lidagi do‘stlik esa abadiy ekani ma’lum qilinmoqda. Sababi Alloh doimiy, o‘lmaydigan Zot. Manfaatlar esa bir kun tugaydi yoki do‘stlar manfaati to‘qnash kelib qolishi mumkin. Bunday holatda ushbu o‘tkinchi dunyoning o‘zida ular dushmanga aylanadilar.

Bu dunyodagi soxta do‘stlar oxiratda bir-birlariga dushman bo‘lishlariga sabab, ular doim yomonlik, fisqu fujur va gunohu ma’siyat ishlarda jamlanadilar. Ularning “do‘stik”larini faqat ma’siyat bog‘lab turadi. Qiyomatda esa parda ko‘tarilgach, haqiqat oshkor bo‘ladi va ular bir-birlarini ayblab, bir-birlaridan tonib, biri ikkinchisini haqoratlab la’nat ayta boshlaydi. Bunda hamma o‘zini oqlab, “meni yo‘ldan urgan u”, “agar u bo‘lmaganida gunoh ishlarni qilmasdim”, deb nadomat chekadi. Ammo vaqt o‘tgach, bu pushaymonlar foyda bermaydi.

Sa’d ibn Muoz roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan rivoyat qiladi: “Agar qiyomat qoim bo‘lsa, qarindoshlik rishtalari uziladi, nasablar zaiflashadi, do‘stlik rishtalari uziladi. Magar Alloh yo‘lidagi do‘stlik (qoladi)” (Ibn Mardavayh rivoyati).

Taqvodor zotlar o‘rtasidagi do‘stlik haqiqiydir. Sababi ular yaxshi ishlar uchun to‘planadilar va Alloh yo‘lida bir-birlarini yaxshi ko‘radilar, ortlaridan yomon gap aytmaydilar, hatto birodarlari haqida yomon gumonga bormaydilar. Sababi ular Alloh qalblaridagi narsani bilib turishini anglab yetganlar. Taqvodorlar do‘stligi dunyo va oxiratda abadiy davom etadi. Ular dunyoda yaxshi ishlarda hamkorlik qilib, qiyomat kuni birga jannatga kiradilar.

Qur’oni karimning Ankabut surasida Ibrohim alayhis salom tilidan shunday deyilgan: “Sizlar faqat dunyo hayotidagi oshna-og‘aynichiligingizni ko‘zlaganingiz uchun Allohni qo‘yib butlarni ushladinglar. Hali qiyomat kunida ayrimlaringiz ayrimlaringizdan tonur, ayrimlaringiz ayrimlaringizni la’natlar. Sizlarning borar joyingiz do‘zaxdir. (U joyda) sizlar uchun yordamchi yo‘qdir!” (Ankabut, 25).

Kufr, shirk amallar va gunohu ma’siyatda jamlangan “do‘stu birodarlar” qiyomat kuni bir-birlarini la’natlaydilar. Sababi ular dunyoda bir-birlarini yomon ishlardan qaytarmagan va bir-birlariga choh qazigan edilar. Demak, gunoh ishlarda hamkorlik qilish bandaga nadomatu pushaymondan o‘zga narsa keltirmaydi.

 

عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ عَنْ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: سَبْعَةٌ يُظِلُّهُمْ اللهُ فِي ظِلِّهِ يَوْمَ لاَ ظِلَّ إِلاَّ ظِلُّهُ: الإِمَامُ الْعَادِلُ وَشَابٌّ نَشَأَ فِي عِبَادَةِ رَبِّهِ وَرَجُلٌ قَلْبُهُ مُعَلَّقٌ فِي الْمَسَاجِدِ وَرَجُلاَنِ تَحَابَّا فِي اللهِ اجْتَمَعَا عَلَيْهِ وَتَفَرَّقَا عَلَيْهِ وَرَجُلٌ طَلَبَتْهُ امْرَأَةٌ ذَاتُ مَنْصِبٍ وَجَمَالٍ فَقَالَ: إِنِّي أَخَافُ اللهَ وَرَجُلٌ تَصَدَّقَ أَخْفَى حَتَّى لاَ تَعْلَمَ شِمَالُهُ مَا تُنْفِقُ يَمِينُهُ وَرَجُلٌ ذَكَرَ اللهَ خَالِيًا فَفَاضَتْ عَيْنَاهُ. رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ وَمُسْلِمٌ وَالتِّرْمِذِيُّ وَالنَّسَائِيُّ وَمَالِكٌ وَأَحْمَدُ وَابْنُ خُزَيْمَةَ وَابْنُ حِبَّانَ وَالْبَيْهَقِيُّ وَالطَّبَرَانِيُّ.

Abu Hurayra roziyallohu anhu Nabiy sollallohu alayhi va sallamdan rivoyat qiladi: “Yetti toifa kishilarni Alloh taolo U Zot soyasidan boshqa soya bo‘lmaydigan kunda O‘z soyasiga oladi. (Bular:) odil imom, Parvardigoriga ibodat qilib ulg‘aygan yigit, qalbi masjid bilan bog‘liq bo‘lgan kishi, Alloh uchun bir-birini yaxshi ko‘rib, U Zot uchun yig‘ilgan va ajrashgan kishilar, mansab va chiroy sohibi bo‘lgan ayol undan (lazzat olishni) talab qilganida, “men Allohdan qo‘rqaman”, deya rad qilgan kishi, o‘ng qo‘li berganni chap qo‘li bilmaydigan tarzda maxfiy sadaqa qiladigan kishi, yolg‘iz qolganida Allohni zikr qilib ko‘z yosh to‘kkan kishi” (Buxoriy, Muslim, Termiziy, Nasoiy, Molik, Ahmad, Ibn Xuzayma, Ibn Hibbon, Bayhaqiy va Tabaroniy rivoyati).

Ushbu rivoyatda qiyomat kuni Allohning inoyatiga sazovor bo‘luvchi kishilar zikr qilinmoqda. Ular orasida Alloh taolo yo‘lida bir-birini yaxshi ko‘rib, U Zot uchun yig‘ilgan va ajrashgan kishilar ham bor.

Bu yerda Alloh taolo yo‘lida xolis do‘st bo‘lishga da’vat qilinmoqda. Ular dunyoviy yoki boshqa bir manfaat uchun emas, balki faqat Alloh uchun bir-birlarini yaxshi ko‘radilar. Ularni dunyoviy manfaat bog‘lab turmaydi, ular o‘rtasidagi do‘stlik rishtasini faqat Allohga bo‘lgan muhabbatgina bog‘lab turadi. Shu sabab bunday kishilar umrlari oxirigacha qalin do‘st bo‘lib qoladilar. Mana shu haqiqiy, davomiy va oqibati xayrli bo‘ladigan do‘stlikdir. Ular Alloh uchun bir-birlari bilan ko‘rishib, Alloh uchun biron narsa yoki joyni tark qiladilar. Hakimlar aytadiki, Alloh yo‘lidagi sevgini yaxshilik ziyoda qilmaydi, (bexosdan qilingan ) jafo kamaytirmaydi.

Alloh uchun yaxshi ko‘rish va Alloh uchun yomon ko‘rish Islomda muhim sanaladi. Zero, bu imon salohiyatini ko‘rsatuvchi belgilardandir.

Alloh uchun do‘stlashganlar nafaqat dunyoda manfaatga erishadilar, balki bunday sodiq hamrohlar oxiratda Alloh panohida bo‘ladilar. Bandalar bir-birlarini Alloh yo‘lida yaxshi ko‘rganlar uchun Alloh qiyomat kuni ularni O‘z panohiga oladi.

 

عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: لَوْ أَنَّ عَبْدَيْنِ تَحَابَّا فِي اللهِ عَزَّ وَجَلَّ وَأَحَدٌ فِي الْمَشْرِقِ وَآخَرُ فِي الْمَغْرِبِ لَجَمَعَ اللهُ بَيْنَهُمَا يَوْمَ الْقِيَامَةِ يَقُولُ: هَذَا الَّذِي كُنْتَ تُحِبُّهُ فِيَّ. رَوَاهُ الْبَيْهَقِيُّ فِي شُعَبِ الإِيْمَانِ.

Abu Hurayra roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan rivoyat qiladi: “Agar ikki banda Alloh azza va jalla yo‘lida bir-birlarini yaxshi ko‘rishsa va ulardan biri mashriqda, boshqasi mag‘ribda bo‘lsa ham qiyomat kuni Alloh ular orasini jamlaydi va: “Mening yo‘limda yaxshi ko‘rgan (birodar)ing mana shu”, deydi” (Bayhaqiy “Shuabul-iymon”da rivoyat qilgan).

Alloh yo‘lida do‘stlashganlar yer yuzining qayerida bo‘lmasin qiyomat kuni diydor ko‘rishadilar, birlari mashriqda, ikkinchilari mag‘ribda vafot etgan bo‘lsalar ham Alloh ularni jamlaydi va: “Mening yo‘limda sen yaxshi ko‘rgan birodar mana shu”, deb xitob qiladi.

Shunday ekan, inson hayotda o‘ziga do‘st tanlashda e’tiborli bo‘lishi, faqat biron manfaat yuzasidangina do‘stlashishdan saqlanishi kerak. Yana hayotda tanish-bilishlar va do‘stlar o‘rtasidagi farqni ham bilib olishi kerak. Odamning tanish-bilishlari ko‘p bo‘lishi mumkin. Ularning sonini ko‘paytirish qiyin emas. Biron martabaga erishsangiz yo qo‘lingizda kattaroq miqdorda boylik bo‘lsa, ular o‘z-o‘zidan ko‘payib ketadi. Ammo haqiqiy do‘st bir yoki ikki-uch nafar bo‘ladi. Odatda, do‘stlarim soni ko‘p, deydigan odamni deyarli uchratmaymiz.

Ammo bu o‘zgalarga ishonmaslik kerak, ularni do‘st o‘rnida qabul qilmaslik lozim, degan ma’noni bildirmaydi. Faqat o‘zimiz uchun do‘stlarni saralab, bizga sodiqligi ma’lum bo‘lgan kishilarnigina do‘st tutsak, hech ham xato qilmagan bo‘lamiz. Unutmaylik, gunoh-ma’siyat, ichkilik, zino, qimor yo‘lida do‘st tutinishdan mutloq saqlanish kerak. Zero, aqli joyida bo‘lgan odam qiyomat kuni nadomatga sabab bo‘ladigan har qanday ishdan o‘zini tiyib yuradi.

 

Kun hadisi

Oziga aloqasi bolmagan narsalar bilan shugullanmaslik kishining Islomi gozalligidan darakdir (Imom Termiziy rivoyati, hasan hadis). Izoh: Ushbu hadis…

Kitoblar
Eng ko`p o`qilgan maqolalar
Istixora duosi

Istixora sozi lugatda yaxshilik sorash manosini bildiradi. Shariy istilohda, bandaning namoz oqish yoki duo qilish bil…

8.112015 217389
Энг кўп ўқилган савол-жавоблар
Haqiqiy do‘stlik mezoni nima? 19.09.2017

Assalomu alaykum! Qori aka, dinimizda dost deb kimlarga aytiladi? Eshitishimcha, ikki inson bir-biri bilan faqat Alloh uchun dost bolishi kerak. Aks holda bu odamlar qiyomat kuni bir-birlarini malomat qilar ekanlar. Shu togrimi? Men uchun dost bolgan insonim faqat oz oilam va aka-ukalarimmi yoki boshqalar ham dost hisoblanadimi? Chunki, meni masrur va mashaqqatli kunlarda yonimda faqat ular boladi. Dost deb biladigan ulfat-sinfdoshlarimning kopi bir qarashda choyxona yoki toy-hashamlarda birga, lekin boshga ogirroq ish tushsa, yonimizda faqat yaqinlarimiz oila azolarim boladi... Men oz ulfatlarimdan uzoqlashib togri qilyapmanmi? Chunki osha davrada qiladigan ishimiz faqat biron tansiq taom yeyish, orada qaysidir sinfdoshning otmishda qilgan kulgili ishini eslab mazah qilish, bilib-bilmay yana kimningdir giybatini qilib vaqt otkazish, xolos. Na majlis haqqi va na bir Quron tilovati boladi. Faqat kulgu, qahqaha, hazil-mutoyiba boladi. U yogi ozingizga malum... Men ularning nazarida xuddi odamovi kishidekman. Lekin nima qilay, dostlikning mezoni nima? Sizdan uzr sorayman, bir savol ortidan shuncha gaplarni yozib yubordim. Sozlarim xuddi igvodek bolib qolmadimikan, degan xayolga ham bordim. Iltimos, shu savolimga javob bersangiz! Vaqtingizni ajratganingiz uchun rahmat!

14171