Zulhijja oyidagi mustahab amallar
8.9.2016 7240

     Zamon va makonlar egasi bo‘lgan Alloh taolo Tavba surasi 36-oyatida ”Albatta, Allohning huzurida oylarning soni, Allohning huzurida osmonlaru yerni yaratgan kuni o‘n ikki oy qilib belgilangan. Ulardan to‘rttasi (urush qilish) harom (oylar)dir”, deb marhamat qilgan. Ushbu o‘n ikki oyning eng so‘nggisi va to‘rt urush qilish harom bo‘lgan oylardan biri zulhijja oyidir. Alloh taoloning mo‘min bandalari har vaqt va makonda o‘z robbilariga ibodat qiladilar. Shu bilan birga Alloh ham o‘z bandalarini unda ado etilajak ibodatlar uchun cheksiz savoblar yoziladigan o‘z nazdida darajasi ulug‘ bo‘lgan oylar va kunlar bilan siylagan.      

     Zulhijja oyi ham shunday oylardan bo‘lib, uning avvalgi o‘n kunining fazli nihoyatda ulug‘dir. Bunga Qur’oni karim va hadisi shariflarda bir qator dalillar keltirilgan. Fajr surasining ilk oyatlari “Tongga qasam va o‘n kecha bilan qasam” deb boshlanib, tafsir ulamolari xususan Ibn Kasir, Ibn Abbos va boshqalar bu o‘n kechadan murod zulhijja oyining avvalgi o‘n kunidir deb aytganlar. Abu Hurayra raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Nabiy sallallohu alayhi vasallam: “Ibodat qilinadigan biror kun zulhijjaning o‘n kunidan Alloh taologa mahbub emas. Undagi har bir kunning ro‘zasi bir yilga barobardir. Undagi har bir kechada turish qadr kechasida turishga barobardir” deganlar. (Termiziy va Ibn Moja rivoyatlari). Shuningdek, Ibn Abbos raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda ham ushbu oy va undagi o‘n kunning fazli bayon etilgan. “Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: "Alloh taolo nazdida biror kun va u(kun)lardagi amal ushbu o‘n kun (va ularda qilingan amal)dan afzal (va) Alloh azza va jallaga suyukli emas. Bas, u(kun)larda tahlil va takbirni ko‘paytiringlar. Chunki, u(kun)lar tahlil, takbir va Alloh taologa zikr (aytiladigan) kunlardir va u(kunlar)dan bir kunining ro‘zasi bir yilgi ro‘zaga barobardir. U(kun)larda qilingan amal yetti yuz barobarga teng bo‘ladi”, deganlar. (Durri mansur, Xitobotul ahkom). Bu kabi ma’nodagi hadislarni yana ko‘plab keltirish mumkin. Ulamolar bu kunlarning fazli unda namoz, ro‘za, zikr, sadaqa, haj kabi ulug‘ ibodatlar jamlanishidandir, zero bundan boshqa oylarda bu holat kuzatilmaydi deb baholaganlar. Yuqoridagi hadislardan zulhijjaning dastlabki kunidan to‘qqizinchi kuniga qadar turli ibodatlar bilan mashg‘ul bo‘lib, kunduzlarini ro‘za bilan, kechalarini esa, bedor o‘tkazishga harakat qilish lozim ekanligi kelib chiqadi. Quyida ushbu kunlarda ado etilishi mustahab bo‘lgan amallar haqida ma’lumot berib o‘tamiz: 

 

1. Namoz. Ushbu kunlarda farz namozlarni jamoat bilan ado etishga e’tiborli bo‘lish, nafllarni ko‘paytirish muhim sanaladi. Chunki sajdani ko‘paytirishlik bilan bndaning Alloh nazdidagi darajasi yuksalib, gunohlari to‘kilishi haqida hadislar vorid bo‘lgan. 

 

2. Ro‘za. Zulhijjaning to‘qqiz kunida ro‘za tutish sunnatdir. Chunki, Nabiy sollallohu alayhi va sallam ushbu o‘n kunlikda solih amallarga undaganlar, ro‘za eng afzal amallardan sanaladi. Alloh taolo bu amalni O‘zi uchun xoslagan. Hadisi qudsiyda kelganidek: "Alloh taolo: "Odamzotning har bir amali o‘zi uchun, faqat ro‘za bundan mustasno. U men uchundir va uning mukofotini O‘zim beraman", dedi" (Buxoriy (1805) rivoyat qilgan). Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam o‘zlari zulhijjaning to‘qqiz kunida ro‘za tutardilar. Hunayda ibn Xolid ayolidan, u esa Nabiy sollallohu alayhi va sallamning ayollarining biridan rivoyat qilishicha: «Nabiy sollallohu alayhi va sallam zulhijjaning to‘qqiz kunida, Ashuro kunida va har oydan uch kun – oyning birinchi dushanbasi va ikki payshanbasida ro‘za tutardilar» (Nasoiy (4/205) va Abu Dovud rivoyat qilganlar). Arafa kuning ro‘zasi ham shu o‘n kunlik ichiga kiradi va uning fazli avvalgi kunlardan ham ortiq. Oisha raziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: "Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Arafa kunining ro‘zasi ming kunning ro‘zasi kabidir”, dedilar. Va yana Qatoda raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Arafa kunining ro‘zasi sababli Alloh taolo undan oldingi bir yil va undan keyingi bir yilni kafforat qilishini umid qilaman” dedilar. (Termiziy rivoyati). 

 

3. Takbir. Ushbu o‘n kunlikda takbir, tahlil, hamd va tasbehni ko‘p aytish sunnatdir. Allohga bandalikni izhor qilib va Uning buyukligini e’lon qilib, ushbu zikrlarni masjidlarda, uylarda, yo‘llarda va Allohni zikr qilish joiz bo‘lgan har qanday o‘rinlarda aytib yuriladi. Alloh taolo aytadi: "Ular o‘zlari uchun bo‘lgan (diniy va dunyoviy) manfaatlarga shohid bo‘lish uchun va ma’lum kunlarda (ya’ni Qurbon hayiti kunlarida Alloh) ularga rizq qilib bergan chorva hayvonlarini (qurbonlik uchun so‘yish) ustida Alloh nomini zikr qilish uchun (kelurlar)" (Haj: 28). Jumhur ulamo ma’lum kunlardan murod – zulhijjaning o‘n kuni ekanini ta’kidlaganlar. Ibn Abbos raziyallohu anhumo: «Ma’lum kunlar – o‘n kunlikdir», deganlar. 

 

4. Haj va umrani ado etish. Bu kunlarda qilinadigan eng ulug‘ ibodatlardan biri – haj va umra ibodatidir. Alloh taolo kimni haj va O‘z uyining ziyoratiga muvaffaq qilgan bo‘lsa va u haj marosimlarini bekamu-ko‘st ado etsa, inshoolloh, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning ushbu so‘zlaridan nasibador bo‘ladi: "Mabrur hajning jannatdan boshqa mukofoti yo‘qdir" (Muttafaqun alayh). 

 

5.Qurbonlik so‘yish. Ushbu o‘n kunlikda qilinadigan solih amallardan yana biri – Alloh taologa qurbat hosil qilish maqsadida qurbonlik so‘yish bo‘lib, qurbonlik qilinadigan jonliqni imkon qadar semizroq va yaxshirog‘ini tanlab olish, Alloh yo‘lida pul-mol sarf qilishga qisinmaslik kerak. Qurbonlik qiluvchi kishi zulhijja oyini ko‘ringandan boshlab, to qurbonligini so‘yib bo‘lgunicha tirnoq va boshqa shunga o‘xshash narsalarini olmay turishi mustahabdir. 

 

    Bulardan tashqari banda ushbu oyda xolis tavba qilmog‘i va har qanday solih amallar - qarindoshlarni ziyorat qilish, yetim-yesir, bechora miskinlarga yordam berish, sadaqani ko‘paytirish, xush muomala bo‘lish, ahli oilasiga yanada iltifot ko‘rsatish kabilarga ham e’tiborli bo‘lmog‘i har bir musulmon uchun ko‘rk va ziynatdir. 
    Zulhijja oyi kabi toat mavsumlarining foydasi shuki, ular paytida inson ibodatlaridagi kemtiklarni to‘ldirib oladi va qo‘ldan boy bergan ajru savoblari o‘rnini qoplab oladi. Ushbu oylar, kunlar va soatlar mavsumini g‘animat bilib, ularda toat-ibodatlarni imkon qadar ko‘p va go‘zal ado etishga harakat qilib, o‘zining Alloh huzuridagi darajasi yuksalishiga intiladi. 



Xadichai Kubro ayol-qizlar o‘rta maxsus islom bilim yurti o‘qituvchisi Abduvaliyeva K 

Kun hikmati

Keliniga zulm qilayotgan qaynonalar "Hargiz Alloh zolimlar qilayotgan amallardan gofil, deb hisoblama!" (Ibrohim surasi: 42) oyatini yodiga keltirsin…

Kitoblar
Eng ko`p o`qilgan maqolalar
Istixora duosi

Istixora sozi lugatda yaxshilik sorash manosini bildiradi. Shariy istilohda, bandaning namoz oqish yoki duo qilish bil…

8.112015 217785
  • Sayyidul-istig‘for duosini o‘rganamiz

    Allohumma anta Robbiy la ilaha illa anta xolaqtaniy va ana abduka va ana ala ahdika va vadika mastatotu. Auzu bika min …

    17.12017 97971
  • Alloh la’natlagan pardoz

    Alloh taolo Ozi yaratgan barcha jonzotlar ichida insonni eng gozal suratda yaratganini takidlab, Quroni karimda shunday…

    19.32017 47003
  • QUR’ON tilovati

    Quron oqishdan avval poklanib oling. "Uni (Quronni) tahoratli kishilardan ozgalar ushlamaslar" (Voqea, 79). Quron oqi…

    18.82016 44853
Энг кўп ўқилган савол-жавоблар

24668
  • 19129
  • 12876
  • 15860