Sabrning lug‘aviy va istilohiy ma’nosi
17.8.2016 10608

   Sabr lug‘atda “qamamoq, man qilmoq, to‘smoq” ma’nolarini anglatadi. “Men sabrliman” degani “Men o‘z nafsimni qamab qo‘yganman, men nafsimni to‘sib qo‘yganman” ma’nolarini bildiradi. Nafsimni toatlar bilan qamab qo‘yganman, ya’ni ibodatlarni doim bajarib boraman, degani. Nafsimni ma’siyatlardan to‘sib qo‘yganman, ya’ni ma’siyat eshiklarini yopib qo‘yganman, demakdir. Bu so‘zlar sizga yoqyaptimi?! Unda siz sabrning ma’nosini tushunibsiz. “Allohim, nafsimni ..., ..., narsalardan to‘sib qo‘y!” “Allohim, nafsimni ..., ..., kabi ma’siyatlardan qaytarishda menga ko‘mak ber”. Shu so‘zlarni 90 marta takrorlang. Chunki sabr Qur’onda 90 ta o‘rinda zikr qilingan. Boshqa hech qaysi xulq bunchalik takrolanmagan. Alloh sabrni to‘g‘riso‘zlik va omonatdorlikdan ham ko‘p zikr qildi. Sabrning qadri qanchalar baland! Ey to‘g‘riso‘zlik bilan xulqlanganlar, Alloh sizlarni yaxshilik bilan mukofotlasin! Ey omonatdorlik bilan xulqlanganlar, Alloh sizni yaxshilik bilan mukofotlasin! Ey tavozelik va ehson qilish bilan xulqlanganlar, Alloh sizni yaxshilik bilan mukofotlasin! Sizlar uchun sabr bilan xulqlanish vaqti kelmadimi?! Sizlar boshqalarga qaraganda sabr bilan xulqlanishga haqliroq emasmisiz?! Qur’onda sabrchalik zikr qilingan boshqa xulq yo‘q. Shuning o‘zi sabr qilishimiz uchun yetarli emasmi?! 
    Alloh siz bilan birga bo‘lishini xohlaysizmi? Unda sizni Allohning Kalomini tadabbur qilishga va huddi sizga to‘g‘ridan-to‘g‘ri nozil bo‘layotgandek qiroat qilishga chorlayman. O‘zingiz uchun imon fayzi barqib turgan va sizni baxtiyor qiladigan o‘zgacha imoniy muhit hozirlang. Tavsiyam, oyatni tilingiz bilan pichirlab, qalbingiz bilan esa baland ovozda qiroat qiling. Tayyormisiz? Unda quyidagi oyatni o‘qing: “Ey, imon keltirganlar! Sabr va namoz bilan (Mendan) yordam so‘rangiz! Albatta, Alloh sabr qiluvchilar bilan birgadir” (Baqara, 153). 
     Hayotingizdagi hamma ishda sabr va namoz bilan Allohdan yordam so‘rang. Gunoh qilib qo‘yishdan qo‘rqayapsizmi? Unda sabr va namozni kanda qilmang! Ibodatlarga sabr qiling! Alloh siz bilan birga bo‘ladi! Xo‘sh, o‘zingizni qanday his qilayapsiz? Halovatni sezyapsizmi? Men qo‘rqaman, agar bu halovat sizni tark etsa ham, istifoda tark etmasin. Istifoda nima, deysizmi? U sabr. Sabr qiling, halovatni topasiz. Alloh siz bilan bo‘lishni xohlaysizmi? “Allohga va Rasuliga itoat qilingiz va nizolashmangiz, aks holda sustlashib ketursiz va “shamolingiz” (obro‘yingiz) ketib qolur. Sabr qilingiz! Albatta, Alloh sabr qiluvchilar bilan birgadir” (Anfol, 46). 
    Ey sabrli inson, xursand bo‘ling. Alloh bunday demoqda: “Sizlarni biroz xavf-xatar, ochlik (azobi) bilan, molu jon va mevalar (hosili)ni kamaytirish yo‘li bilan sinagaymiz. (Shunday holatlarda) sabr qiluvchilarga xushxabar bering (ey, Muhammad)!” (Baqara, 155). Sabrlilarga bashorat berayotgan kim? Albatta, Alloh! Siz buni tasavvur qilayapsizmi?! Alloh sizga qanday muomala qilishini xayolingizga keltiryapsizmi? Sizga aytgan gapimni unitmang: “Qur’onni huddi sizga to‘g‘ridan-to‘g‘ri nozil bo‘layotgandek qiroat qiling”. Yuqoridagi oyatni yana bir marta o‘qib ko‘ring. Xo‘sh, endi fikringiz o‘zgardimi?! Unday bo‘lsa, sabrdan ajralmang va xursand bo‘ling! 
    Sizni quyidagi oyatga butun qalbingiz bilan ahamiyat berishiga chaqiraman. Bu oyatning ma’nolarini yaxshilab tadabbur qiling: "(Ey, Muhammad!) Mening imon keltirgan bandalarimga ayting: "Parvardigoringizdan qo‘rqingiz! Bu dunyoda ezgu ish qilgan zotlar uchun (oxiratda) chiroyli (oqibat – jannat) bordir. Allohning Yeri kengdir. Albatta, sabr qiluvchilarga (oxiratda) mukofotlari behisob berilur" (Zumar, 10). Suvsizlikdan qaqshab yotgan yerga Alloh muborak yomg‘ir suvlarini yog‘dirsa, natijasi nima bo‘ladi?! Qalbingiz yer, oyat esa yomg‘irdir. Mazkur oyatning tafsirida aytilishicha, sabrlilarga savoblar behisob bo‘lib yog‘iladi. Nega aynan sabrlilar, boshqalar emas? Chunki ular dunyoda Alloh yuborgan balolarga sabr qilishgan. Ular og‘izlariga g‘azab, qahr, norozilik kabi so‘zlarni olishmagan, Allohning dunyodagi bu qazo va qadariga rozi bo‘lishgan. Alloh ularni Oxiratda mukofotlaydi. Shuning uchun ham sabr savobi behisob bo‘lgan yagona amal hisoblanadi. Masalan, yaxshi amallarning savobi o‘n hissa oshiriladi, infoqning savobi 700 barbargacha yetadi, lekin sabrning savobi cheksizdir, uning hisobi yo‘q. 
    Ey azizlarim, bu oyat kimning qalbini larzaga soldi?! Ey azizlarim, bu oyat qalbga joylashgach, sabrning halovati yuzaga chiqadi! 
    Alloh sizni sevishini xohlaysizmi? Unda sabr qiling. “Qaysi bir payg‘ambar (o‘tgan bo‘lsa), u bilan birga ko‘p jamoalar jang qilganlar. (Lekin) Alloh yo‘lida ularga yetgan narsalar sababli sustlik, zaiflik qilmaganlar, (yovga) taslim ham bo‘lmaganlar. Alloh (esa) sabrlilarni sevar” (Oli Imron, 146). Bu oyatlarni o‘qigandan so‘ng, sabr qilasizmi yoki yo‘q?! Sabr qilib, gunohlardan tiyilishni va Allohning sevgisiga erishishni xohlaysizmi yoki yo‘q?! Sabr qilib, ko‘zingizni tiyishni va Allohning muhabbatiga sazovor bo‘lishni istaysizmi yoki yo‘q?! Sabr qilib, haromdan saqlanishga harakat qilishni va Allohning sevgisini topishni xohlaysizmi yoki yo‘q?! Sabr qilib, ota-oanangizga yaxshilik qilishni va Allohning muhabbatiga erishishni istaysizmi yoki yo‘q?! Sabr qilib, Allohni zikr qilishni va Uning sevgisiga loyiq bo‘lishni xohlaysizmi yoki yo‘q?! Bu so‘zlarning mohiyatini faqat ulardan zavqlana oladiganlargina chuqur anglab yetadi. 
    Dunyo va oxiratdagi rahnamolik kimlarga nasib qiladi, bilasizlarmi? Bilmasangiz, quyidagi oyatni o‘qing: “Ular sabr qilishgach, Biz ulardan hidoyat qiladigan peshvolarni chiqardik. Ular oyatlarimizga puxta ishonar edilar”. (Sajda, 24). Bu oyat Bani Isroil xususida nozil bo‘lgan. Alloh bu oyatda dunyo va dindagi rahnamolikka ikki narsa bilan erishish mumkinligiga ishora qilmoqda. Birinchisi sabr, ikkinchisi yaqin-ishonch. Ishlab chiqarishda sabrli bo‘lish, shaharsozlikda sabrli bo‘lish, shaxs tarbiyasida va mustahkam oila qurishda sabrli bo‘lish bu ummatning muammosiga birinchi yechim bo‘lsa, ikkinchisi Allohga bo‘lgan ishonchdir. 
    Puxta ish. Alloh shunday marhamat qiladi: “Albatta, kimki (aziyatlarga) sabr qilsa va (Alloh uchun) kechirib yuborsa, albatta, bu puxta ishlardandir” (Sho‘ro, 43). Subhanalloh! Puxta ish! Sabr qilasiz va Allohning mag‘firatiga erishasiz! Xo‘sh, endi sabr qilasizmi? “Nimani nazarda tutayapsiz?”, demoqchimisiz? Shuni nazarda tutib aytayapmanki, Alloh sabrlilar bilan birga, Uning sevgisi, bashorati, dunyo va dindagi rahnamolik sabrlilar uchundir. Qo‘lingizda fursat bor ekan, sabr qilib qoling! 
     “Sabr qil” ... buyruq! Alloh shunday marhamat qiladi: “Bas, (ey, Muhammad!) Siz ham matonatli payg‘ambarlar sabr qilganlaridek sabr qiling va ularga (tushadigan azobni) qistamang! Ular o‘zlariga va’da qilinayotgan azobni ko‘radigan kunda go‘yo (bu dunyoda) faqat kunduzdan bir soatgina turgandek bo‘lib qolurlar. (Bu Alloh tomonidan) bir bayonotdir. Bas, faqat fosiq (kofir) kishilargina halok qilinur” (Ahqof, 35). “Ey, imon keltirganlar! Sabr qilingiz, bag‘rikeng bo‘lingiz va (Alloh yo‘liga) taxt bo‘lib turingiz va Allohdan qo‘rqingiz, zora (oxiratda) najot topsangiz!” (Oli Imron, 200). Tadabbur qiling, Qur’onda Rasululloh (s.a.v.) va mo‘minlarga sabr qilish qat’iy buyruqlar bilan ta’kidlanmoqda. “Sabr qil!”, “Sabr qil!”, “Sabr qil...” Bu so‘zlar shunchaki nazariy ko‘rsatmalarmi? Yo‘q aslo, bu so‘zlar mutlaqo amaliy so‘zlardir. Agar biror ma’siyatni amalga oshirishga rag‘batingiz bo‘lsa, nafsingizga “Sabr qil”, deb ayting. Yuqorida sabr qilish va sabrlilarning mukofotiga ishora qilib o‘tdik. Agar ular ham sizga foyda keltirmagan bo‘lsa, amaliyotga o‘tamiz: “Sabr qiling!” 
    Endi e’tiboringizni boshqa bir jihatga jalb qilaman. Allohning go‘zal ismlari orasida “Sobur” sifati ham bor. Bu sifat haqida tafakkur qilib ko‘rganmisiz? Sabrda buyuk ne’mat va sharaf bo‘lmagan taqdirda ham, Allohning “Sobur” ismi sabrning qadrini ulug‘lashga kifoya qiladi. Biz bu xulq bilan xulqlanamiz. Chunki u Allohning go‘zal ismlaridan biri. Bu so‘zlarning ma’nosini chuqur anglash uchun Allohni sevuvchi qalb lozim. “Sobur” sifatining darajasi “sobir” va “sobbar” sifatlarinikidan ko‘ra balandroqdir. “Sobur” doim sabrli holatda bo‘ladigan Zotga isbatan ishlatiladi. Lekin Uning sabri bizlarnikidek emas. Uning sabri O‘zining buyuukligiga xos va loyiq bo‘lgan sabrdir. “(U) osmonlar va Yerning ilk yaratuvchisidir. U sizlar uchun o‘zlaringizdan bo‘lmish juftlarni yaratdi va chorva hayvonlaridan ham juft-juft (yaratdi). U sizlarni o‘shanda (juftlikda) ko‘paytirur. Uning mislidek biror narsa yo‘qdir. U Eshituvchi va ko‘ruvchidir” (Sho‘ro, 11). 
    Allohdan hayo qilasizmi?! Mana bu hadisni o‘qing. Agar zarracha ta’sirlanmasangiz, bilingki, qalbingizda nimadir bor. Rasululloh (s.a.v.) shunday deganlar: “Alloh O‘ziga yetgan ozorga sabr qilganchalik hech kim sabr qila olmaydi. Kofirlar Allohga shirk keltiradi, Uning bolasi bor, deb aytishadi. Alloh esa (azoblash o‘rniga) ularni ofiyatda saqlaydi va rizq beradi” Bu hadisni yaxshlab tadabbur qiling. Allohning sabriga nazar soling. Allohning insoniyatning ozorlariga toqat qilishiga e’tibor bering. 
      Olimlar: “Sabr imonning yarmidir”, deydilar. Ajabo! Qanday qilib? Chunki imon toatlarni bajarish va ma’siyatlardan tiyilishdan ibratdir. Siz yashayotgan bu hayot yoki ne’mat, yoki musibatdan iborat. Ne’mat kelsa, Allohga shukr qilasiz, musibat kelsa, sabr. Darhaqiqat, sabr – imonning yarmi. Ya’ni, imonning bir bo‘lagi shukr, ikkinchi yarmi esa sabr demakdir. Shuning uchun ham mo‘min xursandchilikda ibodat qiladi. Bu – shukrdir. Qiyinchilikda ham ibodat qiladi. Bu esa sabrdir. Alloh shunday marhamat qiladi: “Sizlarga Allohning mo‘’jizalaridan ko‘rsatish uchun kemalar Uning marhamati bilan dengizda (suzib) yurganini ko‘rmadingizmi?! Albatta, bunda barcha (qiyinchiliklarga) sabr qiluvchi va (ne’matlarga) shukr qiluvchilar uchun alomatlar bordir” (Luqmon, 31). Alloh taolo bu oyatda sabr va shukrni birga keltirgan. Chunki imonning mukammalligi shu ikkisi bilan bog‘liq. Gapimga qo‘shilasizmi? Qandaydir boshqacha bir hissiyot og‘ushidasiz, to‘g‘rimi? Bosh kesilsa, nima qilish mumkin?! Subhanalloh! Imon bir jasad bo‘lsa, sabr uning boshidir. Tasavvur qiling, boshni kesib yubordingiz. Agar biror gunohni amalga oshirsangiz, nafsingizning shahvoniy hirslarini harom yo‘llar bilan qondirsangiz, “bosh” kesiladi. Sabr qolmaydi. Sabrning qadr-qimmati qanchalik balandligini ko‘rdingizmi?! Shuning uchun ham “Sabri yo‘qning imoni yo‘q”, deb, bejizga aytishmaydi. Shubhasiz, agar bosh kesilsa, inson haloq bo‘ladi. Sabr – bu bosh. Sabrsiz imon— boshsiz jasad, demakdir. 
      “Chiroyli sabr qiling!” Sabrning ahamiyati haqida gaplashdik. Endi, qanday shaklda sabr qilish kerakligi xususida bahs yuritamiz. Alloh shunday marhamat qilgan: “Bas, (Ey, Muhammad! Kofirlarning aziyatlariga) chiroyli sabr bilan sabr qiling!” (Maorij, 5). Ya’qub (a.s.) bu buyruqning asl mohiyati chuqur anglaganliklari bois Yusuf (a.s.)dan ayrilganlarida “...«Yo‘q! Sizlarni (o‘z) nafsingiz (bunday mudhish) ishga undagan. Bas, (mening burchim) chiroyli sabrdir. Sizlar tavsiflayotgan narsaga (sabr qilishga) Alloh (menga) madadkordir” (Yusuf, 18), degan. Chiroyli sabr nima? Nega aynan “chiroyli” so‘zi ishlatilgan? Chiroyli sabr – og‘rinmasdan, ikkilanmasdan, tortinmasdan va e’tiroz bildirmasdan sabr qilish, ham til bilan, ham qalb bilan sabr qilishdir! Biz har kuni guvoh bo‘ladigan sabr chiroyli sabr emas. Ko‘pchilik tili bilan roziligini izhor qilsa-da, qalbida “Ey Rabbim, nega bunday bo‘ldi? Men Senga nima yomonlik qildim?” kabi savollar aylanaveradi. Kimning tili va qalbi birgalikda Allohning qadariga rozi bo‘lsa, shu kimsa chiroyli sabr qilguvchi sanaladi. Bunday kimsaning yuzida rozilik alomatlari ko‘rinib turadi, chehrasida xafagarchalik belgilaridan asar ham bo‘lmaydi. Uni ko‘rganlar: “Bu odamning hech qanday muammosi yo‘q ekan”, deb o‘ylaydi. Lekin bu qalbning iztirob chekishi va ko‘zning yoshga to‘lishi sabrsizlik degani emas. Chunki hammamiz ham insonmiz. Qalbimizga buyruq berishga ojizmiz. Yuqoridagi so‘zlarimning boshqa ma’nosi bor. “Chiroyli sabr” – ijobiy sabrdir. Chiroyli sabr esa nafaqat sabr qilish, balki butun jiddi-jahdini to‘plab, sabr qilishdir. Shunda sabr ijobiy bo‘ladi. Uyda o‘tirib: “Men sabrliman”, deb aytish bilan cheklanib qolmang. Balki harakat qilib, ishlab, sabr qiling. O‘ylaymanki, sizlarning aksariyatingiz “chiroyli sabr” sohibisiz. Shunday emasmi?! 

Odilxon qori Yunusxon o‘g‘lining “Jannat kaliti” kitobidan 

Kun hadisi

Oziga aloqasi bolmagan narsalar bilan shugullanmaslik kishining Islomi gozalligidan darakdir (Imom Termiziy rivoyati, hasan hadis). Izoh: Ushbu hadis…

Kitoblar
Eng ko`p o`qilgan maqolalar
Istixora duosi

Istixora sozi lugatda yaxshilik sorash manosini bildiradi. Shariy istilohda, bandaning namoz oqish yoki duo qilish bil…

8.112015 217800
  • Sayyidul-istig‘for duosini o‘rganamiz

    Allohumma anta Robbiy la ilaha illa anta xolaqtaniy va ana abduka va ana ala ahdika va vadika mastatotu. Auzu bika min …

    17.12017 97975
  • Alloh la’natlagan pardoz

    Alloh taolo Ozi yaratgan barcha jonzotlar ichida insonni eng gozal suratda yaratganini takidlab, Quroni karimda shunday…

    19.32017 47005
  • QUR’ON tilovati

    Quron oqishdan avval poklanib oling. "Uni (Quronni) tahoratli kishilardan ozgalar ushlamaslar" (Voqea, 79). Quron oqi…

    18.82016 44860
Энг кўп ўқилган савол-жавоблар

24668
  • 19131
  • 12879
  • 15860