Rum surasidagi ilmiy haqiqatlar
13.10.2016 7258

     Alif, Lom, Mim. Juda yaqin joyda Rum mag‘lub bo‘ldi. (Lekin) ular (ya’ni, rumliklar) bu mag‘lubiyatlaridan so‘ng bir necha yil ichida albatta g‘alaba qilajaklar. Avvalu oxir barcha ish yolg‘iz Allohning (izmida)dir. O‘sha kunda mo‘minlar Alloh (rumliklarni) g‘olib qilgani sababli shodlanurlar. Rum surasi, 1-4-oyatlar Bu oyati karimalar nasroniy vizantiyaliklarning Eronda hukm surgan sosoniylar bilan bo‘lgan jangdagi qaqshatqich mag‘lubiyatidan yetti yuz yil keyin, ya’ni miloddan keyingi taxminan 620 yillarda nozil bo‘ldi. Vizantiyaliklar shu qadar og‘ir talafot ko‘rdilarki, butun Vizantiya imperiyasining kelajagi xavf ostida qoldi. Ammo ushbu oyatlarda vizantiyaliklarning bir necha yillar ichida g‘alaba qozonishlari bashorat qilingan edi.
     Bir paytlar Vizantiyaga tegishli bo‘lgan Mesopotamiya, Kilikiya, Suriya, Falastin, Misr va Armaniston yerlari butparast forslar tomonidan egallab olingan edi. Vizantiya imperiyasiga tobe’ bir qator o‘lkalarning hokimlari imperator Irakliyga qarshi oshkora isyon ko‘tardilar. Dushmanlar imperiyaning tez kunlarda sharmandalarcha yakson bo‘lishini orziqib kuta boshladilar. Biroq, ayni shu davrda Parvardigori Olam payg‘ambarimiz Muhammad Mustafoga (sollallohu alayhi va sallam) "Rum" surasini nozil qilib, bu oyatlarda oradan to‘qqiz yil o‘tmay, Vizantiyaning g‘alaba qozonishini va o‘zining avvalgi kuch-qudratini tiklab olishini bildirdi. Butparast va dahriylar Vizantiyaning g‘alaba qozonishi mutlaqo mumkin emasligini aytib, hatto Qur’oni Karim oyatlari ustidan kula boshladilar.
     Ammo bu oyatlar, Qur’oni Karimdagi barcha oyatlar kabi, Parvardigorimizning hikmati, ayni haqiqat edi. Rum surasi, birinchi oyatlari nozil bo‘lgan paytdan yetti yil o‘tgach, milodning 627 yili dekabr oyida, imperator Irakliy o‘zining kam sonli qo‘shinlari bilan Ninova darvozalariga keskin hujum qilib, o‘n ikki ming kishilik sosoniylar qo‘shinini tor-mor qildi. Vizantiya qo‘shini fors armiyasiga qaqshatqich zarba berdi, bir necha oydan keyin sosoniylar o‘zlari bosib olgan yerlarni Vizantiyaga qaytarib berish to‘g‘risida bitimga imzo chekishga majbur bo‘ldilar.
    Mazkur oyatlardagi inson aqli bovar qilmaydigan yana bir mo‘’jizalardan biri shuki, vizantiyaliklarning forslar bilan jangi bo‘lib o‘tadigan joyning aniq geografik o‘rni ham aytib o‘tilganligidir.
     Rum surasi, uchinchi oyatida rumliklar yerning eng chuqur, eng past joyida mag‘lub bo‘ladilar, deb aytilgan. Arab tilidagi "adnal-ard" iborasi ko‘p joylarda "juda yaqin yerda" deb tarjima qilingan. Ammo bu ibora arab tilidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri emas, balki ko‘chma ma’noda tarjima qilingan bo‘lib, uning asl ma’nosini anglatmaydi. "Adna" so‘zi arab tilidagi past, quyi ma’nosini anglatuvchi "daniy" so‘zining kuchaytirilgan shakli bo‘lib, "eng past, eng quyi" degan ma’noni bildiradi. "Ard" so‘zi esa yer, yer sathi degan ma’noni anglatadi. Boshqacha qilib aytganda, “Adnal-ard” iborasi “Yerning eng chuqur, past joyi” deganidir. Asosan “juda yaqin joyda” deb tarjima qilinganda mazkur o‘lkaning Arabiston yerlariga juda yaqinligi nazarda tutiladi.
      Ammo ushbu so‘z birikmasi Qur’oni Karim nozil bo‘lgan davrda hech kim bilishi mumkin bo‘lmagan muhim bir geografik dalilga ishora qiladi. Gap shundaki, geologlar Yer sharidagi eng chuqur pastlik nuqtasi Lut ko‘li atrofida joylashganligini aniqladilar. Bu joy Suriya, Falastin hamda Iordaniya yerlari kesishgan joydagi O‘lik dengizdir. Darhaqiqat, vizantiyaliklar forslar bilan xuddi mana shu ko‘l atrofida jang qilganlar. Hozirgi zamon faniga ma’lum bo‘lishicha, Lut ko‘li atrofidagi yer sathi dengiz sathidan 395 metr pastlikda joylashgan bo‘lib, Yer yuzidagi eng past joy hisoblanar ekan. Bu joylarning dunyodagi eng past nuqta ekanligi, ya’ni oyati karimada aytilganidek, “adnal-ard” ekanligi yigirmanchi asrda, mana shunday o‘lchashlarni amalga oshirishga imkon beradigan zamonaviy apparatlar yordamida aniqlandi.
     Lut ko‘lining Yer sharidagi eng past, eng quyi nuqta ekanligi yettinchi asrda biror insonga ma’lum bo‘lishi mumkinmidi? Biroq, shunga qaramay, Qur’oni Karimda rumliklar bilan forslar jang qilgan joy aynan shunday, ya’ni eng quyi va past joy deb aytilgan. Bu esa Qur’oni Karim Alloh Taoloning yagona, o‘zgarmas va haq kalomi ekanligiga yana bir dalildir.

 

 

Manba: www.quran.uz 

Kun hikmati

Keliniga zulm qilayotgan qaynonalar "Hargiz Alloh zolimlar qilayotgan amallardan gofil, deb hisoblama!" (Ibrohim surasi: 42) oyatini yodiga keltirsin…

Kitoblar
Eng ko`p o`qilgan maqolalar
Istixora duosi

Istixora sozi lugatda yaxshilik sorash manosini bildiradi. Shariy istilohda, bandaning namoz oqish yoki duo qilish bil…

8.112015 217548
Энг кўп ўқилган савол-жавоблар

24638
  • 19099
  • 12859
  • 15840