“Odamlar buzilib ketdi”
28.12.2016 4572

    Abu Hurayra roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan rivoyat qiladi: “Agar bir kishi: “Odamlar halok bo‘ldi”, desa, uning o‘zi eng birinchi halok bo‘libdi!” (Muslim, Buxoriy , Abu Dovud, Molik, Ahmad va Ibn Hibbon rivoyat qilgan).  Bu hadisda odamlarga qanday xitob qilish, ularni dinga qay tarzda chaqirish haqida juda zarur yo‘l-yo‘riq ko‘rsatilmoqda.
    Ba’zi kishilar omma musulmonlarning holati xususida gap ketganda, “Zamon o‘zgarib ketdi”, “Hozirgi odamlar buzilib ketgan”, “Yaxshi odamning o‘zi qolmagan”, deb noliydilar. Bu gapning kimga qanchalik foydasi bor? Bu gapni gapirayotgan odam nima demoqchi o‘zi? Bunday kimsaning gapidan shunday ma’no chiqadi: hamma musulmonlar buzilib ketgan-u, faqat uning o‘zi yaxshiligicha qolgan. Undan o‘zgalar yomon odam-u, faqat u solih banda.
    “Odamlar falon bo‘lib ketdi”, “Endi umid yo‘q”, “Nasihatning nafi yo‘q” kabi gaplar mutlaqo noto‘g‘ri. Bu Islomga zid gap. Bunday so‘z takabbur, burni osmonda, oyog‘i yerdan uzilgan, o‘zini o‘ylovchi xudbin kishilardan chiqadi. Bu qabildagi so‘zlarni yaxshilikdan umidi yo‘q, shaytonga hamroh bo‘lgan kimsalar aytadi.
    Aslida musulmon banda barchaga birdek muloyimlik bilan muomala qiladi. Allohga imon keltirgan banda bag‘rikeng, oqko‘ngil va samohatli bo‘ladi. Shundagina u odamlarning ko‘ngliga yo‘l topa oladi va ulardagi kamchiliklarni tuzatishga harakat qiladi. Alloh va Rasuli odamlarni chiroyli yo‘llar bilan Islomga chaqirishni, buning uchun ruxsat etilgan har xil usul va vositalarni ishga solib, bu yo‘lda sabrli bo‘lishni, ayni paytda o‘zini kamtar tutishni amr qilgan.
   Minbarda ma’ruza qilayotgan voiz tilidan chiqadigan “Odamlar buzilib ketdi” degan gap, odamlar endi o‘nglanmaydi, ularni to‘g‘ri yo‘lga solish mumkin emas, ularga haqiqatni tushuntirib bo‘lmaydi, deyish bilan barobar. O‘zini aqlli deb bilgan, aslida bunday sifatlardan ancha uzoq bo‘lgan kaltabin kimsalargina aytadi bunday gaplarni. Shuni unutmaylik, odamlarni tushkunlikka tushirishga, ularni Allohning rahmatidan noumid qilishga hech kimning haqi yo‘q.
    Imom Navaviy aytadi: “Ulamolar bu hadis odamlarni kamsitish, yerga urish, o‘zini ulardan ustun qo‘yish maqsadida gapirgan kishi xususida aytilganiga ittifoq qilishgan. Ammo o‘zida ham, odamlarda ham mavjud nuqson va kamchiliklarni ko‘rib, joni achiganidan kuyinib gapirsa, zarari yo‘q”.
   Haqiqatan, atrofdagilarning Islomga beparvoligidan, ayrim musulmonlarning o‘zaro munosabatlari yaxshi emasligidan kuyunib gapiradigan insonlarni hadisda aytilgan kishilar qatoriga qo‘shish to‘g‘ri emas. Lekin shunda ham kishi o‘ziga ehtiyot bo‘lishi, odamlarni ayblab, o‘zini farishtadek oppoq sanamasligi, tilidan chiqayotgan har bir so‘zga e’tiborli bo‘lishi lozim.
    Rasululloh alayhissalom qavm ichida biron yomon ish yoki kamchilikni ko‘rsalar, buni dab-durustdan o‘sha odamning yuziga solmasdan umumiy tarzda, falonchiga nima bo‘ldi, emas, balki odamlarga nima bo‘ldiki, shunday-shunday ishlarni qilmoqdalar, deb hammaga taalluqli qilib gapirardilar.
    Xattobiy aytadi: “Bir inson odamlarni doim ayblab, ularning yomonliklarini gapiraveradigan bo‘lsa, “Odamlar buzilib ketdi”, “Halok bo‘ldi”, qabiladagi gaplarni hadeb takrorlayversa, uning o‘zi odamlarning eng birinchi halok bo‘lganidir. Bunday kimsa odamlarning eng yomonidir. Sababi u odamlarni g‘iybat qilib, ularning sha’nini bulg‘agani uchun o‘ziga gunoh orttirdi. Ehtimol, bu gaplari bilan u o‘ziga bino qo‘yib, o‘zini boshqalardan yaxshi, deb hisoblayotgan bo‘lishi mumkin”.
   Xulosa o‘rnida shuni aytish joiz, Dinga da’vat qilayotganda yoki biron noto‘g‘ri ishni ko‘rganda, odamlarni jerkish, siltalash va qo‘pol muomalada bo‘lish, ularni Allohning rahmatidan noumid qilish shariat ko‘rsatmalariga ziddir. Odamlarni hikmatli yo‘llar bilan Islomga chaqirish va yomonliklardan qaytarish Dinimiz talabidir.

 

Odilxon qori Yunusxon o‘g‘li

Kun hikmati

Keliniga zulm qilayotgan qaynonalar "Hargiz Alloh zolimlar qilayotgan amallardan gofil, deb hisoblama!" (Ibrohim surasi: 42) oyatini yodiga keltirsin…

Kitoblar
Eng ko`p o`qilgan maqolalar
Istixora duosi

Istixora sozi lugatda yaxshilik sorash manosini bildiradi. Shariy istilohda, bandaning namoz oqish yoki duo qilish bil…

8.112015 70926
Энг кўп ўқилган савол-жавоблар

10616
  • 6074
  • 3915
  • 5950