Odam alayhi salom qissasi
16.7.2015 15147

 

       Odam alayhi salom qissasi Qur’oni Karimning ko‘pgina o‘rinlarida, jumladan Hijr, Sod, A’rof, Kahf, Baqara suralarida keltirilgan. Ushbu suralarda Odam alayhi salomning xalq qilinishi, farishtalarning unga sajda qilishga buyurilishi va bunga Iblis qanday munosabatda bo‘lgani, Odamalayhi salomning Yer yuziga xalifa qilib tushirilishi, ularning ma’lum muddat jannatda yashaganliklari, iblisning ularni ig‘vo qilishi va uning oqibatlari hamda Odamalayhi salom bolalarini shaytondan ehtiyot bo‘lib yurishlari lozimligi haqida hikoya qilinadi. Ba’zi suralar yuqorida aytib o‘tilganlarning barchasini bir o‘rinda qamrab oladi, ba’zisi yarmini yoki undan ko‘prog‘ini.

 

Allohning izni bilan ushbu aytib o‘tilganlarni Qur’ondan dalil keltirgan holda ko‘rib chiqamiz, so‘ngra qissa oxirida undan kelib chiqadigan foydalar, xulosa va ibratlarni bayon qilamiz.

 

Odam alayhi salom ning yaratilish qissasi

 

Qur’oni Karimning eng asosiy xususiyatlaridan biri shuki, U insonlarga Dini, dunyosi va Oxirati uchun foydali bo‘lgan ishlardan xabar beradi. Va ularni o‘zlariga daxldor bo‘lmagan va uni bilishning orqasida biron manfaat yo‘q bo‘lgan g‘aybiy ishlar to‘g‘risida bahslashishdan qaytaradi. (Masalan, Odam alayhi salom ga jannatda yeyish man qilingan daraxt qaysi ekanligi. Bu haqida quyida aytib o‘tiladi.- tarj.) Odam alayhi salomning yaratilishi to‘g‘risidagi ilm faqatgina Allohga xosdir, Biz uni Qur’oni Karimdek eng ishonchli manbadan olishimiz mumkin. Hijr surasida Alloh Taolo shunday deydi:

 

“Biz insonni qora balchiqdan (olib, so‘ng) quritilgan loydan yaratganmiz. jinni (ya’ni, iblisni)esa (Odamdan) ilgari qizigan olovdan yaratgan edik”. (Hijr surasi, 26-27 oyatlar)

 

Bu yerdagi insondan murod, Odam alayhi salomdir, chunki u inson naslining eng birinchi vakili hisoblanadi.

 

Alloh Subhanaxu va Taolo bu haqda shunday deydi:

 

“Ey insonlar, sizlarni bir jondan yaratgan va undan juftini vujudga keltirgan hamda u ikkovidan ko‘p erkak va ayollarni tarqatgan Parvardigoringizdan qo‘rqingiz!” (Niso surasi, 1 - oyat)

 

Oyati karimadagi “bir jon”dan murod: Odam alayhi salomdir. Yuqorida keltirib o‘tilgan Hijr surasining 26 - 27 oyatlarining ma’nosi shuki: Alloh Taolo Odam alayhi salomni qop - qora quruq loydan yaratib, unga ma’lum shakl bergan. Uning tafsilotlari va daqiq joylarini Allohdan o‘zga hech kim bilmaydi. Va jinni Odam alayhi salomdan avvalroq “Qizigan olov”dan yaratdi. Bu olov Samum deb ataladi, issiqligi shunday kuchliki, hatto badanlarni ilma - teshik qilib yuboradi.

 

Imom Muslim “Sahih”da Oisha roziyallohu anhudan rivoyat qiladilar: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytadilar: “Farishtalar nurdan, jin alanga - olovdan, Odam esa sizlarga (Qur’onda) vasf qilinayotgan narsadan yaratildi”.

 

Ushbu ikki oyatning ma’nosi Rahmon surasida ham ta’kidlanadi.

 

“U inson (Odam)ni sopol yanglig‘ quruq loydan yaratdi. Jin (va shaytonlar)ni esa olovdan yaratdi”. (Rahmon surasi, 14 - 15 oyatlar)

 

Bu yerdagi “olov”dan murod, haqiqiy olov yoki jahannam olovidan bo‘lgan aralashmadir.

 

E’tibor berilsa, Alloh Taolo Odam   alayhi salom ni bir necha bosqichlarda yaratganligini ko‘rish mumkin. Ba’zi oyatlarda u tuproqdan yaratilganligi aytiladi, jumladan:

 

“Albatta Iysoning (otasiz tug‘ilishining) misoli Alloh nazdida huddi Odamning misoli kabidirki, uni tuproqdan yaratib, so‘ngra “Bo‘l”, dedi. Bas, u (jonli odam) bo‘ldi”. (Oli - Imron surasi, 59-oyat)

 

Boshqa surada uning loydan yaratilganligi aytiladi:

 

“U barcha narsani chiroyli qilib yaratgan Zotdir. U inson (Odam)ni dastavval loydan yaratdi”.(Sajda surasi, 7 - oyat)

 

Hijr surasida inson qora balchiqdan olinib, so‘ng quritilgan loydan yaratilganligi, Rahmon surasida esa sopolga o‘xshash quruq loydan yaratilganligi aytib o‘tiladi. Sirtdan qaraganda bu oyatlar bir-biriga ziddek, mos emasga o‘xshab ko‘rinadi. Lekin, yaxshilab tadabbur qilinsa, ushbu zikr qilinganlar Odam alayhi salomning yaratilish bosqichi ekanligini bilish qiyin emas. Ya’ni, avval tuproq loyga aylantirilib, so‘ngra u qizitilgan va qora balchiq holiga kelgan, keyin qurigach, sopolga o‘xshash quruq loyga aylangan. yana ta’kidlab aytamizki, Ushbu oyatlar bir - biriga zid emas, balki birini ikkinchisi quvvatlab, to‘ldirib keladi.

 

Ba’zi mufassirlar Hijr surasi Ushbu oyatining tafsirida shunday fikrlarni bildirib o‘tadilar: “Odam alayhi salomning qora balchiqdan olib quritilgan loydan yaratilishi so‘nggi bosqich hisoblanadi. Yaratilishining ilk bosqichi tuproq edi, so‘ngra u loyga aylantirilgan, bu loy qorayib balchiq holatiga kelgan va qurigach, sopol kabi loyga aylangan”.

 

Ushbu oyati karimadan maqsad, Alloh Taoloning yaratgan ajoyibotlari va buyuk Qudratiga diqqatni jalb qilish va shu orqali Unga haqiqiy bandalik qilishga chorlashdir. Alloh ana o‘sha moddalardan insonni nafaqat yaratdi, balki uni chiroyli ko‘rinishga ega qildi. Odam bolasini boshqa maxluqotlardan ustun qilib qo‘ydi. Buni farishtalarning Unga sajda qilishga amr qilinishlarida ham ko‘rish mumkin. Alloh Taolo aytadi:

 

“Darhaqiqat, Biz odam bolalarini aziz va mukarram qildik va ularni quruqlik va dengizda(ot - ulov va kemalarga) chiqarib quydik hamda ularga halol - pok narsalardan rizqu ro‘z berdik va O‘zimiz yaratgan juda ko‘p jonzotlardan afzal qilib qo‘ydik”. (Isro surasi, 70 - oyat)

 

Alloh Taoloning Odam alayhi salomni Yer yuziga xalifa qilishi:

 

Alloh Odam alayhi salomni loydan yaratib, U va zurriyoti Yer yuzini obod qilishlari uchun Uni xalifa qilishni iroda etdi. Va bu xohishini o‘zining muqarrab (yaqin) farishtalariga bildirish uchun shunday dedi:

 

(Ey Muhammad sollallohu alayhi va sallam), eslang Parvardigoringiz farishtalarga: “Men yerda xalifa qilmoqchiman» deganida, ular aytdilar: “Yerda buzg‘unchilik qiladigan, qonlar to‘kadigan kimsani (xalifa) qilasanmi? Holbuki, biz hamdu sano aytish bilan Seni ulug‘laymiz va Seni(ng nomingni mudom) pok tutamiz”. (Alloh) aytdi: “Men Sizlar bilmagan narsani bilaman”. Va U zot Odamga barcha narsalarning ismlarini o‘rgatdi. So‘ngra ularnni farishtalarga ro‘baro‘ qilib dedi: “Agar so‘zlaringiz rost bo‘lsa, mana bu narsalarning ismlarini menga bildiringlar!”.Ular aytdilar: “Ey Pok Parvardigoro, biz faqat Sen bildirgan narsalarnigina bilamiz. Albatta Sen O‘zing ilmu hikmat Sohibidirsan. (Alloh): «Ey Odam, bularga u narsalarning ismlarini bildir”-dedi. (Odam) ularga barcha narsalarning ismlarini bildirganidan keyin (Alloh) aytdi: “Sizlarga, Men Yeru osmonlarning sirlarini va sizlar oshkor qilgan hamda yashirgan nasalarni bilaman, demaganmidim?” (Baqara surasi, 30 - 33 oyatlar)

 

Ma’nosi: Ey, Karim zot bo‘lmish Muhammad, Robingiz farishta1lariga “Men Yerda xalifa qilmoqchiman”, deganini eslang. Alloh Taoloning farishtalarga bu xitobi maslahat yoki kengashish ma’nosida emas, chunki U barcha maxluqot va amr-buyruqlarning Yolg‘iz Hojasidir va O‘z maxluqotlariga maslahat solishdan Behojatdir. Ushbu xitobdan maqsad, Alloh Taoloning qilayotgan hikmatli ishini ularga e’lon qilish edi. Yoki ushbu oyatda Alloh o‘z bandalarini biron ishni qilishdan avval aqlli va dono kishilarning maslahatini olishga o‘rgatish va ularga ta’lim berishdir.

 

So‘ng Alloh farishtalarning bunga bildirgan munosabatlarini bayon qiladi: “Yerda buzg‘unchilik qiladigan, qonlar to‘kadigan, kimsani (xalifa) qilasanmi? Holbuki biz hamdu sano aytish bilan Seni ulug‘laymiz va Seni(ng nomingni) pok tutamiz”.

 

(Biz “Seni ulug‘laymiz” deb tarjima qilgan ibora Qur’on matnida “nahnu nusabbihu” tarzida keltirilgan, ya’ni «Tasbeh aytamiz» deyilmoqda). “Tasbeh” aslida “sabh” so‘zidan olingan bo‘lib, lug‘atda “suv yoki havoda tez suzib ketish” ma’nosini anglatadi, shar’iy istilohlara esa “Alloh Taoloni barcha ayb - nuqsonlardan pok deb tan olish uchun shoshilish”ni bildiradi.

 

(“Pok tutamiz” deb tarjima qilingan ibora esa “nuqoddisu laka” tarzida ifoda etilgan). Uning masdari (harakat nomi) “taqdis” so‘zi – “Alloh Taoloni ulug‘lash va Uni yuksak sifatlar bilan vasf qilish” ma’nosini bildiradi. Demak, “tasbeh” – Allohni barcha nuqsonlardan xoli ekanligini tan olish, “taqdis” esa Uning mukammal sifatlarga egaligini tasdiqlash va e’tirof etishdir. 

 

Oyati karimaning ma’nosi: Ey Ulug‘ Rabbimiz, Yerda buzg‘unchilik qilib, qon to‘kuvchi kimsani xalifa qilasanmi? Holbuki, Biz Seni ulug‘lab, Senga hamdu sanolar aytamiz va Sening ismingni pok tutamiz - ku?

 

Farishtalarning ushbu gaplari Alloh Taoloning amriga qarshi chiqish yoki Uning tadbiridan shikoyat qilish emasdi. Chunki, Ular Allohning eng muqarrab farishtalari, mukarram bandalaridir. Ularning ushbu so‘zlarni aytishlaridan maqsad – Yer yuzida buzg‘unchilik qilib, qon to‘kuvchi bunday maxluqot (insonlar)ni yaratishdan Alloh Taolo qanday hikmatni ko‘zlaganini bilish edi, xolos. Farishtalar g‘ayb ilmidan xabardor emasdilar, ular oldindan Yer yuzida fasod ishlar bo‘lishini bilishlari ham mumkin emas, illo Haq Taolo O‘zi xohlagan bandalarini bundan xabardor qilishi mumkin.

 

Ibn Kasir o‘zining tafsir kitobida ushbu ma’noni izohlab shunday deydi: “Farishtalar insonning Yerda buzg‘unchilik qilishini xos ilm bilan anglaganlar yoki insonning tabiatidan fahmlaganlar, zero Alloh Taolo ularga ushbu toifa maxluqotini qora balchiqlan olib so‘ngra quritilgan loydan yaratilish xabarini bergan”.

 

Yuqorida aytib o‘tganimizdek, farishtalarning bu so‘zlari Alloh Taologa e’tiroz bildirish yoki Odam bolasiga hasad qilish ma’nosida emas, balki bu ishning hikmatidan xabardor bo‘lish maqsadida aytilgan edi. Ya’ni ular dedilarki: Ey Rabbimiz, ushbu toifa maxluqotlarni yaratishdan ko‘zlagan hikmating nima? Zero, ular Yerda fasod, ishlarni qilib, ko‘plab qon to‘kadilar. Agar ularni yaratishdan maqsad O‘zingga ibodat qilish bo‘lsa, Biz Senga erta-yu kech hamdu sano aytib nomingni ulug‘laymiz. Bizdan Sening amringga xilof bo‘lgan biron ish sodir bo‘lgan emas. Yerni obod qilishga bizlar ojiz emasmizku? Alloh Taolo ularga qarata “Men sizlar bilmagan narsani bilaman” – deb aytdi.

 

Ya’ni: Men bu toifa maxluqotlarimni yaratishdagi va ularni Yerda xalifa qilishdagi aniq manfaatlarni bilaman. Sizlar esa bilmaysizlar. Men ular orasidan payg‘ambarlar chiqarib, o‘z elchilarimni yuboraman va ular ichidan siddiqlar, shahidlar va solih kishilar chiqadi.

 

Ba’zi ulamolar: “Ushbu oyati karimada Nabiy sollallohu alayhi va sallam ga tasalli berish ma’nosi bor”, deb aytganlar, ya’ni qavmlari U Zotni yolg‘onga chiqardilar. Va U zot sollallohu alayhi va sallam haqida bahslashib, o‘zlari bilmaydigan narsalar haqida hujjat - dalil talab qildilar. Zero, Payg‘ambarlar kelganida odamlar ularni tasdiqlab, ularga itoat etishi, o‘z navbatida payg‘ambarlar ham huddi Alloh Taolo muqarrab farishtalarga qilgan muomalasi kabi munosabatda bo‘lishlari lozim edi. Ya’ni, Ey Muhammad, Siz ushbu kofir qavmning aziyatlariga sabr qiling va hidoyat topgan zotlar yo‘liga erishing”

 

So‘ngra Alloh Taolo Odamalayhi salomni yaratish va Uni Yerda xalifa qilishning hikmatlaridan birini bayon qiladi: Va U zot Odamga barcha narsalarning ismlarini o‘rgatdi. So‘ngra ularni farishtalarga ro‘baro‘ qilib dedi: “Agar so‘zlaringiz rost bo‘lsa, mana bu narsalarning ismlarini Menga bildiringlar!”

 

Ya’ni: Alloh Taolo Odam alayhi salomga jannatda o‘zi yaratgan narsalarning nomini bildirishni ilhom qildi. So‘ngra bu ismlarni farishtalarga yuzlashtirdi va ularni ojiz qoldirish ma’nosida: Agar Men yaratmoqchi bo‘lgan insondan bilimliroq yoki afzalroqmiz degan gaplaringiz rost bo‘lsa, Menga ushbu ismlarning nomini ayting - dedi. Lekin farishtalar javob berishga ojiz qoldilar va “Ey Pok Parvardigor, biz faqat Sen bildirgan narsalarnigina bilamiz. Albatta Sen o‘zing ilu hikmat Sohibisan” dedilar.

 

Ya’ni: Farishtalar o‘zlariga ro‘baro‘ qilingan narsalarning ismlarini bilmasliklarini e’tirof etib shunday dedilar: Sening sha’ning ulug‘dir, Ey, Rabbimiz, bizlar Sen o‘rgatgan narsalardan boshqasini bilmaymiz, O‘zing barcha narsalarni daqiq joylarigacha Bilguvchi mutloq Alim, barcha maxluqotlaringni yaratishda va ularga amringni yetkazishda Hakim bo‘lgan Zotsan. Sen xohlagan bandangga ilm berasan, xohlagan bandangni undan man qilasan.

 

Shu yerda Alloh Taolo tomonidan Odam alayhi salomga farishtalardan so‘ralganda, ular javob berishdan ojiz qolgan ismlarning nomini xabar berishi buyurildi: “(Alloh): “Ey Odam, bularga u narsalarning ismlarini bildir” – dedi. (Odam) ularga barcha narsalarning ismlarini bildirganidan keyin (Alloh) aytdi: “Sizlarga Men Yeru osmonlarning sirlarini va sizlar inkor qilgan hamda yashirgan narsalarni bilaman, demaganmidim?”

 

Ushbu oyati karimada Alloh Taolo Odam alayhi salomni farishtalarga o‘sha ismlardan xabar berishni buyurmoqda. Bunday maqsad Odam alayhi salomning fazlini zohir qilish va insonni ne sabab bilan xalq qilinganligini bayon qilish edi. Bu ish Alloh Taoloning eng hikmatli tadbirlaridan biri bo‘lgan.

 

Ushbu oyatlardan oladigan ibrat va foydalarimiz shunday iboratki, Alloh Taolo Odam alayhi salom va Uning zurriyotini Yer yuzida Allohning xalifasi bo‘lib, u yerni obod qilishlari va ko‘plab amali solihlarni bajarishlari uchun tanladi;

 

- Odam alayhi salom ta’limni Alloh Taoloning O‘zidan olgan va bu ilm nazar va fikr yo‘li bilan amalga oshirilgan, u yerda biron xatolik yoki yanglishish sodir bo‘lmagan, chunki bu ilmni inson Allohdan bevosita olmoqda. Ushbu ilm sohibi (Odam   alayhi salom) Yer yuzida xalifa bo‘lishi uchun tayyorlandi. Shu bilan Yer yuziga eng odil qonunlar to‘plami bo‘lmish shar’iy hukmlar nozil bo‘la boshladi.

 

Farishtalarning Odam alayhi salomga sajda qilishi va bunda Iblisning tutgan o‘rni

 

Qur’oni Karimdagi ko‘pgina suralarda Alloh Taoloning farishtalarni Odam alayhi salomga sajda qilishga buyurishi va Iblisning bu amrdan bosh tortishi haqidagi oyatlar takrorlanib keladi. Masalan, Baqara, A’rof, Hijr, Isro, Qahf, To ha, Sod va boshqa suralarda, jumladan  Baqara surasida Alloh Taolo aytadi:

 

“(Ey Muhammad), eslang, Biz farishtalarga Odamga sajda qiling deyishimiz bilan ular sajda qildilar, faqat Iblis kibr va or qilib kofirlardan bo‘ldi”. (Baqara surasi, 34 - oyat)

 

“Sajda” lug‘atda “bo‘yin egish, o‘zini past olish”, shar’iy istilohda esa “ibodat qilishni niyat qilib peshonani yerga qo‘yish” ma’nolarini anglatadi.

 

Ulamolar Alloh Taoloning farishtalarga buyurgan sajdasi qanday bo‘lganligi to‘g‘risida bir necha qavllarni keltirib o‘tadilar, ularning ko‘pchiligi: “Oyati karimada ko‘zga tutilgan sajda lug‘atdagi ma’noga mos keladi” degan fikrni bildiradilar.

 

Ya’ni: Farishtalarning Odam alayhi salomga sajda qilishlaridan murod, Uning fazlini iqror etish, Unga ta’zim bildirish va hakozo. Bu sajdadan maqsad, ibodat niyatidagi peshonani yerga qo‘yish emas, chunki Alloh Taolodan o‘zgaga ibodat qilish shirk amaldir, farishtalar shirkdan yiroqdirlar. Allohning farishtalarni Odam alayhi salomga sajda qilishga amr qilishidan yana bir maqsad, ularni sinash va yaxshidan yomonni ajratish edi. Bu narsani Allohning hikmati taqazo qildi. Buni ushbu oyatda ko‘rishimiz mumkin:“Ular sajdaga egildilar. Faqat Iblis kibr va or qilib kofirlardan bo‘ldi”. 

 

Ya’ni: Ey oqil inson, o‘zingga va’z - nasihat va ibrat olish uchun Rabbing farishtalarga: “Odamga, Unga ta’zim va ikrom keltirish uchun sajda qiling” deganini esla. Barcha farishtalar Allohning amriga bo‘ysundilar, illo Iblis takabburlik va g‘urur bilan bu amrdan bosh tortdi. Buning sababi Allox Taoloning ne’matlariga shukr qilmaslik edi. Va natijada osiylardan bo‘lib, Allohning rahmatidan uzoqlashtirildi.

 

Ulamolar Iblisni, farishtalardan bo‘lganmi yoki yo‘q?, degan masalada ikki xil fikrni bildirishadi:

 

Huddi Odamning asli ins bo‘lgani kabi Iblisning ham asli jindir. Shuningdek, u olovdan yaratilgan, farishtalar esa nurdan, Iblisning zurriyoti bor, farishtalarda esa yo‘q. Bu haqida batafsil ma’lumot Kahf surasida keltiriladi:

 

Eslang, (Ey Muhammad sollallohu alayhi va sallam), farishtalarga: “Odamga sajda qiling”, deyishimiz bilan sajdaga egildilar. Faqat Iblis (sajda qilmadi). U jinlardan edi. Bas, Parvardigorining amriga bo‘ysunishdan bosh tortdi. Endi sizlar Meni qo‘yib, uni va zurriyotini do‘st tuturmisiz?! Ular sizlarga dushmanku! U zolim kimsalar uchun naqadar yomon “o‘rinbosardir”. (Kahf surasi, 50 - oyat)

 

Oyati karimaning ma’nosi: Ey oqil inson, Biz farishtalarni Odamga sajda qilishga buyurganimizni esla. Ularning barchasi sajdaga egildilar, faqat Iblis takabburlik qilib sajda qilmadi, chunki u Alloh Taolo olovdan yaratgan jin toifasidan edi, u Bizning toatimizdan chiqdi, shunday ekan, u Mening la’natim va g‘azabimga munosibdir. Ey Odam bolalari, undan uzoqlashing, vasvasasidan ehtiyot bo‘ling hamda u va zurriyotidan chetroq yuring, chunki ular sizga ochiq dushmandir. Ularni o‘zlariga do‘st qilib oluvchilar yaxshini yomonga almashtiribdilar, ular Alloh Taoloning toatidan chiqib, Iblis va uning zurriyotiga itoat etibdilar.

 

Ushbu oyati karimadan ma’lum bo‘ladiki, Odam bolalari hamda Iblis va uning zurriyotlari o‘rtasidagi adovat-dushmanlik azal - azaldan davom etib kelmoqda.

 

Ushbu eslatmadan murod, insonni shayton vasvasasidan ehtiyot bo‘lib yurishga chaqirish va unga qarshi chiqishga ruhlantirish. «A’rof» surasilda Iblisni Odam alayhi salomga sajda qilishdan to‘sgan narsa bayon qilinadi:

 

“Aniqki, Biz sizlarni yaratdik, so‘ng sizlarga surat berdik, so‘ngra farishtalarga: “Odamga sajda qilinglar”, dedik, bas, ular sajda qildilar. Magar iblis sajda qilguvchilardan bo‘lmadi. (Alloh) dedi: “Men senga buyurgan paytimda seni sajda qilishdan nima to‘sdi?”. “Men undan yaxshiroqman. Meni olovdan yaratgansan. Uni esa loydan yaratding”, dedi u. (Alloh) dedi: “U holda undan tushgin! Sen uchun unda kibru havo qilib yurish joiz emas. Bas, chiq! Albatta sen xor bo‘lguvchilardandirsan!”. “Menga ular tiriladigan Kungacha muhlat ber”, dedi u. (Alloh)dedi: “Sen muhlat berilganlardansan”. U aytdi: “Qasamki, endi meni yo‘ldan ozdirganing sababli mudom Sening To‘g‘ri Yo‘ling ustida ularni kutib o‘tirurman. So‘ngra ularga oldilaridan va ortlaridan, o‘nggu so‘llaridan kelib (To‘g‘ri Yo‘ldan ozdirurman) va ularning ko‘plarini shukr qilgan hollarida topolmaysan”. (Alloh) aytdi: “Undan jirkanch va mag‘lub holda chiq! Qasamki, ulardan kimda - kim senga ergashsa, albatta jahannamni sizlarning barchalaringiz bilan to‘ldirurman”. (A’rof surasi, 11 - 18 oyatlar)

 

Ya’ni: Biz otalaringiz Odamni biron suratga ega bo‘lmagan holida loydan yaratdik, so‘ngra surat berdik.

 

Yoki: Biz sizlarni otalaringiz Odamning beli(sulb)da yaratdik va sizlardan Alloh Taologa ibodat qilishlaringiz va Unga biron narsani shirk keltirmasligingiz to‘g‘risida miysoqni olayotgan paytimizda sizlarga surat berdik.

 

“So‘ngra farishtalarga: “Odamga sajda qilinglar”, dedik, bas, ular sajda qildilar. Magar iblis sajda qilguvchilardan bo‘lmadi”.

 

So‘ngra Alloh Iblisni sajda qilishdan to‘sgan sabablarni bayon qiladi:

 

(Alloh) dedi: “Men senga buyurganimda seni sajda qilishdan nima to‘sdi?”

 

Ya’ni: Alloh Taolo Iblisga tanbeh va malomat ma’nosida: Men seni farishtalar bilan birga sajda qilishga buyurgan bo‘lsamda, seni undan nima to‘sdi yoki seni sajda qilmaslikka nima undadi.

 

So‘ngra Iblisning javobi keltiriladi: “Men undan yaxshiroqman. Meni olovdan yaratgansan. Uni esa loydan yaratding”.

 

Ya’ni: Iblis tavba qilib, o‘z ishiga afsuslanish o‘rniga, Alloh Taologa ma’siyat qilishda davom etib, g‘urur va manmanlik bilan: Men undan yaxshiroqman, chunki men olovdan yaratilganman, u esa oddiygina loy unsuridan yaratilgan,- dedi. So‘ngra Alloh Taolo dedi: “U holda undan tushgin!”, ya’ni Menga, Mening amrimga isyon qilganing va toatimdan bo‘yin tovlaganing sababli jannatdan chiq…

 

“Sen uchun unda kibru havo qilib yurish joiz emas”, ya’ni jannatda manmanlik qilish durust emas, chunki u yer mutakabbirlar uchun tayyorlanmagan, zero u Mening toatimga itoat etuvchilar, kamtarin zotlarning makonidir.

 

“Bas, chiq! Albatta sen xor bo‘lguvchilardandirsan!”, ya’ni ey Iblis jannatdan chiq, sen Alloh va Uning suyukli bandalari nazdida xor bo‘lguvchilardansan, bunga sabab sening mutakabbirliging va g‘ururligingdir.

 

So‘ng Iblisning Alloh Taolodan nima talab qilgani va unga qanday javob qilingani bayon etiladi: U(Iblis): “Menga ular tiriladigan Kungacha muhlat ber”,- dedi

 

Ya’ni: Iblis aytdi: Ey Rabbim, mening ajalimni kechiktir, meni Odam va uning zurriyoti qabrlaridan tiriladigan Kun (Qiyomat kuni)gacha o‘ldirmay tur.

 

Iblis bu bilan o‘limdan qutulishni va Qiyomatgacha Odam bolalarini yo‘ldan ozdirishni xohlagan edi.

 

(Alloh) aytdi: “Sen muhlat berilganlardansan”.

 

Ya’ni: Alloh Taolo Iblisga Ma’lum Vaqt (Qiyomat Kuni)gacha uning ajali kechiktirilganligini aytmoqda.

 

Keyin, Iblisning Odam va uning zurriyotini yo‘ldan ozdirib, makr-hiyla ishlatishga va ularga ozor berish uchun va’da berganligi hikoya qilinadi: U aytdi: “Qasamki, endi meni yo‘ldan ozdirganing sababli mudom Sening To‘g‘ri Yo‘ling ustida ularni kutib o‘tirurman”.

 

Ya’ni: Meni yo‘ldan ozdirganing va O‘z rahmatingdan uzoqlashtirganing sababli Odam va Uning zurriyotini Haq Yo‘lda kuzatib turaman va ularni undan to‘saman. Ularni To‘g‘ri Yo‘ldan adashtirish uchun har bir vositani ishga solaman.

 

“So‘ngra ularga oldilaridan va ortlaridan, o‘nggu so‘llaridan kelib (To‘g‘ri Yo‘ldan ozdiraman)”, ya’ni, ularga dushman o‘z raqibiga hujum qilishi mumkin bo‘lgan to‘rt tomondan: old, orqa, chap va o‘ng tomondan yaqinlashaman va men ularni Sening To‘g‘ri Yo‘lingdan adashtirmay qo‘ymayman.

 

Oqibatda “Ularning ko‘plarini shukr qilgan hollarida topolmaysan”. Ya’ni, Ularning aksariyat qismini amringga bo‘ysunmagan va bergan ne’matlaringga shukr qilmagan hollarida ko‘rasan.

 

(Alloh) aytdi: “Undan jirkanch va mag‘lub holda chiq!”

 

Ya’ni: Alloh Taolo Iblisga: “Jannatdan malomat qilingan, tahqirlangan va rahmatimdan quvilgan holingda chiq” – dedi.

 

“Qasamki, ulardan kimda-kim senga ergashsa, albatta jahannamni sizlarning barchalaringiz bilan to‘ldirurman”.

 

Ya’ni: Jannatdan haydalgan holingda chiq, va shuni bilki, jin va ins toifasidagi kimki senga ergashsa, ularning ham sening ham borar joying jahannam bo‘ladi. U naqadar yomon joy!

 

Hijr surasida Ushbu qissani to‘ldirib keluvchi oyatlar mavjud. Unda Iblis sodiq, ixlosli mo‘minlarni To‘g‘ri Yo‘ldan chalg‘ita olmasligini e’tirof etgan. Alloh Taolo aytadi:

 

  “(Ey Muhammad sollallohu alayhi va sallam), eslang, Rabbingiz farishtalarga: “Men (asli) qora balchiqdan (olib), quritilgan loydan inson Yaratuvchiman. Bas, uni tiklab, ichiga, O‘z(dargohimdagi) ruhimdan kiritganimda, sizlar unga sajda qilgan holingizda yiqilingiz!”, dedi. Barcha farishtalar unga sajda qildilar. Faqat Iblis sajda qiluvchilar bilan bo‘lishdan bosh tortdi. (Alloh) dedi: “Ey Iblis, senga ne bo‘ldiki sajda qilguvchilar bilan birga bo‘lmading?”. (U) aytdi: “Men qora balchiqdan olinib, (odam surati berilgach), quritilgan loydan Sen yaratgan basharga sajda qiluvchi emasman”. (Alloh) dedi: “Bas, undan (jannatdan)chiq! Endi sen, quvilgan mal’unsan”, ya’ni, Mening rahmatimdan uzoqlashtirilgansan va “To jazo Kunigacha senga la’nat bo‘lur”, ya’ni jazo va hisob Kuni bo‘lmish Qiyomatgacha senga la’natim davomiy bo‘ladi.

 

Shunda Iblis: Ey Rabbim, menga ular tiriladigan Kungacha muhlat ber, mening jonimni olmay tur, - dedi. Alloh: “Senga muhlat berildi”,- deb aytdi. Bunga “shukr” sifatida Iblis shunday dedi: Endi meni yo‘ldan ozdirganing sabab, men ularning barchasini yo‘ldan adashtiraman, ularga Yer yuzida gunoh va ma’siyatlarni ziynatlab ko‘rsataman, illo bular ichida sodiq, muxlis bandalaringgagina bas kela olmasman, chunki ularning iymonlari, Senga bo‘lgan ishonchlari kuchli. Shunda Alloh dedi: “Mening zimmamdagi To‘g‘ri Yo‘l shudir”. Ya’ni: Ey Iblis, mening muxlis bandalarimni yo‘ldan ozdira olmasliging Mening hikmatim, adolatim va rahmatimdir.

 

“Mening bandalarim ustidan sen uchun hech qanday hukmronlik yo‘qdir”, ya’ni: Mening ixlosli bandalarimni To‘g‘ri Yo‘lda chalg‘itishga qudrating yetmaydi.

 

“Illo senga ergashgan gumrohlarnigina(yo‘ldan ozdira olursan)”. Ya’ni: Lekin, faqatgina adashib, senga ergashgan odamlar orasidagi iymoni zaif bo‘lgan kimsalarnigina To‘g‘ri Yo‘ldan ozdira olursan.

 

“Ularning barchalari uchun va’da qilingan joy jahannamdir”. Ya’ni, Iblis va unga ergashgan, To‘g‘ri Yo‘ldan chalg‘iganlarning borar joyi jahannamdir. Yuqorida keltirilgan ma’lumotlar Hijr surasining 28 - 43 oyatlarida zikr qilib o‘tilgan.

 

Isro’ surasining 61 - 65 oyatlarida ushbu qissa boshqa uslubda hikoya qilinadi. Alloh Taolo aytadi:

 

Eslang, Biz farishtalarga: “Odamga sajda qiling” deyishimiz bilan ular sajdaga egildilar. Faqat Iblis: “Sen loydan yaratgan kimsaga sajda qilurmanmi?”- dedi.

 

Iblis o‘z Xoliqi bo‘lmish Alloh Taologa takabburlik va manmanlik bilan shunday dedi: Men olovdan yaratilgan bo‘lsamda, loydan yaratilgan shu Odamga sajda qilamanmi? Holbuki, men undan afzalman.

 

Iblis Ushbu g‘urur va isyon bilan cheklanmadi, va Rabbisiga shunday xitob qildi: “Menga xabar berginki, mana shu kimsani mendan ustun qildingmi? Qasamki, agar sen meni Qiyomat Kunigacha qoldirsang, albatta men Uning zurriyotinii qirib yuborurman, magar ozginalarigina (Haq Yo‘lda qolur)”.  Ya’ni: Iblis odobsizsik bilan o‘z Xoliqiga shunday dedi: Menga ushbu, loydan yaratilgan inson haqida xabar ber. Nima uchun uni mendan afzal qilib qo‘yding va unga sajda qilishimni buyurding? …

 

Qasam ichamanki, agar mening ajalimni Qiyomatgacha kechiktirsang, ularning ozchiligidan boshqa hammasini halok qilurman. Odam zurriyotining barchasini o‘z izmimga bo‘ysundiraman, va o‘zimga mute’ qilib olaman, faqat oz kishilar bundan mustasnodirlar.

 

Shunda Alloh Taolo aytdi: “Bor, (senga muhlat berdim). Bas, ulardan Kim senga ergashsa, u holda, shubhasiz jahannam sizlarga yetarli jazo bo‘lur!”.

 

Ya’ni: Alloh Taolo tahqirlash ma’nosida Iblisga shunday dedi: Bor, dargohimdan quvilgan va la’natlangan holda chiq, sening ajaling Qiyomat Kunigacha kechiktirildi. Bas, ulardan kimki senga ergashsa, hammangizning jazoingiz jahannam bo‘ladi. Bu mukammal jazo bo‘lib, undan biron narsa noqis qilinmas. So‘ngra Alloh(subhanahu va Taolo) boshqa yo‘l bilan Iblisga xitob qiladi: “Ulardan kuching yetgan kimsani ovozing bilan qo‘zg‘at, ularning ustida otliq va piyoda (lakarlaringni)tort, topgan mol-davlat va bola - chaqalarida ularga sherik bo‘l, ularga (yolg‘on) va’dalar qil. Darhaqiqat, shayton ularga faqat aldov-yolg‘on narsalarnigina va’da qilur”.

 

Alloh Taoloning ushbu amridan murod Iblisni qo‘rqitish, uni va vasvasasini tahqirlashdir.

 

Ya’ni: Alloh Taolo unga dedi: Bor, ey mal’un, quvilgan Iblis qo‘lingdan kelganicha odam bolalarini vasvasa qil, ularga yolg‘on va’dalar ber va tinchsizlantir, makr - hiyla bilan o‘zingga jalb et, vasvasang bilan ularni ma’siyat ishlarga chorla, ularni To‘g‘ri Yo‘ldan adashtirish uchun barcha makrlaringni to‘pla. Ularning mol - mulklariga sherik bo‘l, uni jamlashga va harom yo‘lga sarflashga unda. Ularning bola-chaqalarida ham sherik bo‘l, odobsiz farzand qilib tarbiyalashlariga qiziqtir. Ularga botil va yolg‘on va’dalar ber. Va shayton ularga aldovdan boshqa narsani va’da qilmaydi.

 

So‘ngra Alloh Taolo ushbu oyati karimani sodiq mo‘minlarning qalblariga xotirjamlik solish bilan yakunlaydi. U aytadi: “Mening (iymon - e’tiqodli) bandalarim ustida sen uchun hech qanday saltanat-hukmronlik bo‘lmas. Parvardigoringning O‘zi yetarli Vakildir”.

 

Ya’ni: Sen Mening sodiq va ixlosli bandalarimni yo‘ldan ozdirishga qodir emassan. Rabbingning O‘zi yetarli Vakildir, ular Unga tavakkul qiladilar, o‘z ishlarini topshiradilar va shaytonning makr - hiyla va fitna - vasvasalaridan saqlashni so‘raydilar. Alloh Taolo eng yaxshi saqlaguvchi va yordam berguvchi Zotdir.

 

Sod surasining 71 - 83 oyatlarida ham ushbu qissa o‘ziga xos uslubda hikoya qilinadi, ya’ni bu oyatlarning so‘nggida Alloh Taolo keskin tarzda shayton va unga ergashganlarni jahannamga kiritishini ta’kidlaydi. Qissa ushbu oyat bilan boshlanadi:

 

Eslang, Parvardigoringiz farishtalarga degan edi: “Albatta Men loydan bir odam yaratguvchiman. Bas, qachon uni tiklab, unga o‘z ruhimdan puflab kirgizganimdan so‘ng unga sajda qilgan holingizda yiqilinglar!” Farishtalarning barchasi sajda qildilar, magar Iblisgina kibru havo qilib, kofirlardan bo‘ldi. (Shunda Alloh) dedi: “Ey Iblis, Men O‘z “qo‘llar”im bilan yaratgan narsaga sajda qilishdan nima seni man qildi? Kibru havo qildingmi yoki sen yuksak martabali zotlardan edingmi?”

 

Ya’ni: Alloh Taolo Iblisga haqorat va tergash ohangida O‘z “qo‘llar”im bilan yaratgan va qudratim bilan unga surat bergan Odamga sajda qilishdan seni nima to‘sdi? Sen unga sajda qilishdan manmanliging to‘sdimi yoki sen nohaq o‘zini boshqalardan katta olguvchilarlan bo‘ldingmi?

 

Iblisning javobi shunday bo‘ldi: “Men undan yaxshiroqdirman, sen meni olovdan yaratgansan, uni esa loydan yaratding”. So‘ngra Alloh Taolo unga shunday javob qildi: “Bas, undan (jannatdan) chiq! Endi, sen shubhasiz quvilgan – mal’unsan. Va albatta to Jazo Kuni (Qiyomat)gacha senga Mening la’natim bo‘lur”.

 

Keyin Iblis Allohdan o‘tinib so‘radi: “Parvardigorim, u holda menga ular tiriladigan Kungacha muhlat bergin”.

 

Shunda Alloh Taolo shunday javob qildi: “Bas, sen ma’lum vaqtda yetib keladigan Kungacha muhlat berilganlardansan”.

 

Iblis Inson va Uning zurriyotiga o‘z adovatini davom ettirib shunday dedi: “Endi Sening qudratingga qasamki, albatta ularning hammasini yo‘ldan ozdirurman. Magar ularning orasidagi (ayrim) pokiza bandalaringgina (Haq Yo‘ldan ozmay qolurlar)”. Shu yerda Iblisga Alloh Taoloning eng odil iqobi – jazosi aytiladi: “Haqqa (qasam), faqat haqni ayturmanki, albatta Men jahannamni sen va (odamlar) orasidagi barcha senga ergashgan kimsalar bilan to‘ldirurman!”.

 

Ya’ni: Haq bilan qasam ichib aytamanki, Men jahannamni sen, sening jinsingdan bo‘lganlar va senga ergashganlar bilan to‘ldiraman, chunki, Mening amrimga bo‘ysunmay, Menga osiy bo‘lganlarning jazosi shu!

 

Iblisning Odam alayhi salomni ig‘vo qilishi haqida

 

Alloh Taolo Odam alayhi salom va uning juftiga jannatni maskan tutishni amr qildi, va u yerdagi barcha mevalardan yeyishga ruxsat berdi, illo birgina daraxtni ularga man qildi. Lekin, Shayton ularni o‘z vasvasasi bilan aldab, o‘sha man qilingan daraxtni yeyishga undadi. Ular undan yedilar, va bu narsa ularning jannatdan chiqarilishlariga sabab bo‘ldi.

 

Bu haqda Baqara surasida shunday deyiladi:  

 

Va, aytdik: “Ey Odam, siz juftingiz bilan jannatni maskan tuting va undan xohlagan joylaringizda bemalol taomlaninglar. Faqat mana bu daraxtga yaqinlashmanglarki, u holda zolimlardan bo‘lib qolasizlar”.

 

Ya’ni: Biz farishtalarni Odamga sajda qilishga buyurganimizdan so‘ng ularning barchasi amrimizga bo‘ysundilar, illo Iblisdan tashqari, so‘ngra Biz Odamga hurmat - ehtirom bilan: “Ey Odam, siz o‘z juftingiz bilan jannatni maskan tuting”, dedik.

 

Jumhur ulamolarning fikricha, bu yerdagi jannatdan murod “Dorus - savob” (“Mukofotlar diyori”)dir, uni Alloh Taolo Qiyomat Kunida mo‘minlar kirishlari uchun tayyorlab qo‘ygan. Boshqa bir ulamolar u yerdagi jannatdan murod, Yerdan baland joydagi bog‘ - rog‘lar bo‘lib, Alloh uni Odam va uning jufti uchun yaratgan, deb aytadilar.

 

Alloh Taoloning “Undan xohlagan joylaringizda bemalol taomlaninglar” degan so‘zi uning fazlu karamidan bir nishonadir. So‘ngra Alloh ularni muayyan bir daraxtni yeyishdan qaytarganligini bayon qiladi: “Faqatgina mana bu daraxtga yaqinlamanglar, u holda zolimlardan bo‘lib qolasizlar”.

 

Ya’ni: Sizlar jannatdagi mevalardan xohlagancha yenglar, lekin mana bu Biz sizlarga cheklagan daraxtdan ehtiyot bo‘linglar. Agar Bizning amrimizga xilof ish qilib undan yesanglar, o‘z nafsiga zulm qiluvchi bandalardan bo‘lib qolasizlar. Mufassirlar ushbu yeyishdan man qilingan darxtning ismi va navi to‘g‘risida bir necha fikrlarni aytib o‘tganlar. Aytiladiki: u anjir edi, yoki uzum. Lekin Qur’oni Karimdan uning qaysi daraxt ekanligi zikr qilinmagan.

 

Imom ibn Jarir ushbu ma’no haqida juda yaxshi fikrlardan birini aytib o‘tgan: “Bu borada eng yaxshi yo‘l: Alloh Taolo Odam va uning juftini jannat daraxlaridan birini yeyishni man qilgan, deyishlikdir, chunki u daraxt qaysi ekanligi to‘g‘risida bizda biron aniq ilm yo‘qdir. U Qur’oni Karim va sahih hadislarda ham zikr qilinmagan. Aytiladiki, u bug‘doy edi, u uzum edi… Bu shunday ilmki, uni bilguvchi biron manfaat ko‘rmaydi, uni bilmay qolgan odamga esa hech qanday zarar bo‘lmaydi”.

 

Shunday so‘ng Alloh Taolo Odamning xato qilganini bayon qiladi:

 

“Bas, ularni shayton yo‘ldan ozdirdi”.

 

Ya’ni: Shayton ularni adashtirdi, ular ham uning vasvasasiga quloq osdilar va Rabbilarining amrini unutdilar, natijada Alloh ularni meva va turli nozu - ne’matlarga to‘la bo‘lgan jannatdan chiqardi...

Kun oyati

(Ey Muhammad,) oz jonlariga zulm qilgan bandalarimga ayting: Allohning rahmatidan noumid bolmangiz! Albatta, Alloh barcha gunohlarni magfirat qilur.…

Kitoblar
Eng ko`p o`qilgan maqolalar
Istixora duosi

Istixora sozi lugatda yaxshilik sorash manosini bildiradi. Shariy istilohda, bandaning namoz oqish yoki duo qilish bil…

8.112015 217311
Энг кўп ўқилган савол-жавоблар

24624
  • 19084
  • 12848
  • 15826