Ochko‘z qaynonalar zulmi
13.4.2016 10990

     Nasib etsa muborak Ramazon Hayiti ayyomi quvonch va shodlik bilan qarshi olinadi. Arafa va Hayit kunlari hamma xonadonlarda turli pishiriq va shirinliklar tayyorlanadi, dasturxonga palov tortilib, qo‘ni-qo‘shnilar bir-birlarini muborak ayyom bilan qutlab, o‘zlariga yondosh xonadonlarga pishiriqlar, taomlar chiqaradilar. Istiqlol sharofati bilan yurtimizda Hayit ayyomlari o‘zgacha shukuhda o‘tkaziladigan bo‘ldi. Yurtdoshlarimiz hayit namozini ado etgach, ehtiyojmandlarga sadaqa ulashadilar. Qabristonlarga borib marhumlar yod etiladi, ularning ruhi poklariga tilovatlar qilinadi. Keksalar, betobu bemorlar holidan xabar olinadi. Ayrim hududlarda esa qiz-ayollar yangi tushgan kelinchaklarni borib ko‘radilar. Umuman olganda hayit ayyomlari insonlar o‘rtasidagi mehr-oqibat mustahkamligining amaliy namunasi sanaladi.
     Ammo... bu qutlug‘ ayyom yurtimizning har bir viloyatida o‘ziga xos urf-odatlar bilan nishonlanadiki, ayrim hududlarda yashovchi shu yili qiz chiqargan ota-onalar hayit desa yuragi uvishib, bayramni odamga o‘xshab nishonlayolmaydi. Ular hayit arafasida kuyov tomonga yegulik va pishiriqlar, ho‘l va quruq mevalar, shirmoy nonu patirlarga to‘la tog‘orayu savatlar, kelin-kuyov, quda- andalarga qo‘sha-qo‘sha sarpo-suruqlar jo‘natishlari lozim. Qiz tug‘ib- o‘stirib, boqib- tarbiyalab, kerak bo‘lsa o‘qitib biror kasb yo hunar o‘rgatib uzatgan ota- ona

 

Hayitdagi zulm

 

     Sababidan ancha vaqt o‘ziga kelolmay yuradi. Islom ta’limotining, musulmonchilikning asosiy qoidalaridan biri — haqiqiy mo‘minning birovga ozori yetmasligi, birodariga zulm qilmasligi va quyushqondan chiqmasligi. Birodarlar, toat-ibodat qilib Allohga yaqin bo‘lmoqlikni, taqvodorlar safidan joy olmoqlikni istaymiz. Xo‘sh, amaldagi ishlarimiz ham haqiqiy mo‘min-musulmon bajaradigan solih amallar sirasiga kiradimi? Alloh va uning bandalari oldida musulmonman deyotganimizda ichimizdagi rahmondan uyalmaymizmi? Yo‘q , ming afsuski, har safar emas. Aksar hollarda, biz musulmonchilik amallaridan va’z o‘qiymizu aslida qilg‘iliklarimiz uyalgulik!
   Basharti siz e’tiqodingiz bilan, musulmonlik amallarini to‘la-to‘kis ado etayapman deb o‘zingizni xotirjam tutayotgan bo‘lsangizu bizning achchiq mulohazalarimiz dilingizni xira qilib, og‘ir botayotgan bo‘lsa, ajab emas. Ammo birodar, atrofingizda yuz berayotgan nohaqliklar, musulmonlikka to‘g‘ri kelmaydigan ishlar sizni befarq qoldirayotgan bo‘lsa, bir gala bekorchi, ko‘ziyu nafsi och xotinlar kashf etgan udumlarning tomoshabini bo‘lib, kerak bo‘lsa o‘zingiz ham qatnashchisi bo‘lib o‘tirgan bo‘lsangiz, qanday qilib e’tiqodingiz va iymoningiz oldida kerilishingiz mumkin? Bu ahvolda jimgina o‘tirib qornimiz tashvishini qilsak sizu bizning komil inson, haqiqiy mo‘’min bandaligimizdan ne ma’ni?!..
Shunday qilib, hayitning hayitligi kelin tomondan keladigan tog‘orayu savatlar bilan o‘lchanadigan xonadonlarda bu muborak ayyom kunlari tavbalarga bel bog‘lab, savob olish bilan emas, gunohlarga gunoh qo‘shish bilan o‘tkaziladi.
— Qaynonam hayit kuni ota-onam yuborishi kerak bo‘lgan sarpolar ro‘yxatini qilib, tog‘orayu savatlarga qilinishi kerak bo‘lgan yegulik va pishiriqlarni raqamlab qo‘limga tutqazdi.- Yaqindagina uzatilgan jamoadoshimiz tushkun kayfiyatda.- To‘yimiz o‘tganiga endi uch oy bo‘ldi, ular aytgan kiyim-boshlarga ehtiyojimiz yo‘q. Buning ustiga ota-onam mebelu sarpolar uchun qarz ko‘tarib to‘y qilishgandi, ularga qaynonamning buyrug‘ini qanday yetkazaman? Kuyovimga maslahat solsam, “Xotinlarning ishiga aralashtirma meni” deb gapni kalta qildi...
— Ota-onam o‘tgan hayitda kelinlik uyimga hayitlik yuborish uchun uncha-muncha chiqim qilishmadi, -deydi qo‘shni kelinchak kuyunib. – Ularning o‘zi yemay, kiymay yiqqanlari hisobiga yuborilgan tansiq taomlari yeguliklar, meva va shirinliklar mahalla-kuyga tarqatilib yuborildi. Bir tishlam-yarim tishlam bo‘lib, dasturxonda qolib ketgan yemaklarning o‘zi ikki tog‘ora bo‘ldi... Ota-onamning mehnatlariga yuragim achishdi. Shunga qaramay, qaynonamning hayitlikdan ko‘ngillari to‘lmadi...

 

Molparast kuyovlar shart qo‘ysa...

 


     Mana bu kelinchakning iztiroblari esa yuqoridagilardan ham o‘tib tushdi:
— Qaynonam hayit kuni ota-onam yuborgan hayitliklarni ko‘rib tozza janjal ko‘tardilar. “O‘g‘limga urfdan qolgan jemperdan qilishibdi, ko‘ylagi ham turetskiy emas. Hamma kuyovlar hozir turetskiy ko‘ylak kiyapti. Paltosi ham asl emas ekan. Hayitda meni qo‘ni-qo‘shnilar oldida uyaltirishdimi, qizlarini olib ketishsin” deb dunyoni boshlariga ko‘tardilar. Najot istab erimga qaradim. Hartugul, “qo‘ying onajon, menga kiyim kerak bo‘lsa o‘zim sotib olib kiyaman, qaynona-qaynotamga kiyintiring deb shart qo‘ymayman” deydimi, deb umidlangandim. Qayda?! Hozirgi erkaklar ham molparast bo‘lib ketganmi, deyman. Kuyovim ham qovog‘ini o‘yib: “Hayitda kuyoviga mashina, uy sovg‘a qilayotganlar bor, ota-onang arzimagan latta-puttayu, osh-ovqat bilan qutilishyaptiku” deb to‘ng‘illasa bormi? Alamdan yig‘lavoray dedim. Men badavlat oilaning boyvachcha malika qizi emasman. Ko‘rib-bilib kelin qilishgandi. Bu gaplarni onamga qanday aytaman? Ularning qon bosimlari bor. Hali uzatilmagan singlim bilan, uylanishi kerak bo‘lgan ikkita ukam bor. Qaynonam esa bu narsalarni xayoliga ham keltirmaydilar...
     Kuyov tomonga hayitlik yuborish uchun bir marosimning xarajati ketadi. Yurtimiz aholisining ko‘p qismi o‘rta hol va maosh bilan kun kechirishini hisobga olsak, bu holat yurtdoshlarimizga qanchalik mushkulliklar tug‘dirayotgani ayon bo‘ladi.
   Tegishli tashkilotlar tomonidan xotinlar kashf qilgan bema’ni, befoyda udumlarni cheklash borasida keng ommaga tushuntirish, targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borilyapti. Ammo natija ko‘ngildagidek emas. Aksincha, har hayitda, har bayram yoki to‘y-marosimda har bir xonadon tomonidan yangicha odat rasmga kiryapti. Bu yerda yana gap kishilarning ma’naviy darajasi, aql-zakovati va nechog‘li iymon-e’tiqodli ekaniga borib taqalyapti. Shunday emasmi?

 

Qizlarni beqadr qilmang!

 


    Ko‘pchilik “hozir qizlarning qadri tushib ketdi” deb noliydi. Qizlarni kim beqadr qilyapti? Kuyov tomonning faqat boyligu mol –dunyodan iborat “dovrug‘”iga maftun bo‘lib, kuyov bo‘lmishning, quda-andalarining ma’naviy olami, fahm-farosatiga e’tibor bermay, “qizing bo‘lsa erga beru qutul balosidan” degan sharmisorona aqidaga amal qilayotgan, kuyov tarafning barcha shartlarini, buyrug‘u istaklarini so‘zsiz bajarayotgan ota-onalar emasmi?! Yoinki bo‘yi o‘smay ko‘ngli “o‘sib” “inomarka”larda yuradigan yigitlarga suzilib, yigit “o‘rash”ni qoyillatadigan, hattoki yigit atalmish nusxaning telefoniga pul tushirib qo‘yib kechalari tinmay pichirlashib chiqadigan, o‘sha yigitga tegib kelin bo‘lgach, oyoq ostidagi xoru xasdek izzat ko‘rmaydigan qizlarning o‘zi o‘zini beqadr qilmayaptimi, azizim?!
   “Uylanuvchi kishi kelinning ashyolarini so‘rab-surishtirdimi, bilingki u o‘g‘ridir”, deydilar Sufyoni Savriy. Bu gap ayni bugungi kun kuyovlari haqida aytilgan ekan, dedim jumlaga ko‘zim tushiboq. Chindan ham oramizda bu taxlit o‘g‘rilar kam emas-da. Qachondir bir yigit yonidagi sherigiga og‘zining tanobi qochib kelinchagining mebeli, sarpo-suruqlari haqida gapira turib, “Men aytgan mebeldan olib kelishibdi” deb faxrlanganini ko‘rib asablarim qaqshab ketgandi.
    Afsuski bunday kuyovlarga “Sen molparastsan, senda erkaklik g‘ururi yo‘q” deb birov malomat qilmayapti. Hatto qizining ko‘zi yorisa ham ota-ona balogardon, kuyov tomon “aybdor” kelin tomonga qosh chimirib, tug‘ruqxona xarajatlarini eslatib turaverishadi. Sharmandalik! Uyat!
     Payg‘ambar (s.a.v) shunday marhamat qiladilar: “Nikoh nozik masaladir. Sizlardan biringiz qizini qayga berayotganini qarasin”. Afsuski bugunga kelib aksariyat qiz uzatayotganlar uchun qizini kimga berayotgani emas, ERGA berayotgani muhim bo‘lib qoldi!
    Shukrki, oramizda ozgina, barmoq bilan sanarli bo‘lsa-da oqila, iymonli,

 

Ko‘zi to‘q qaynonalar bor ekan!

 


— Qaynonam, “qudamlarga ayting, o‘zi yaqinda to‘ydan chiqdilar, hayitlik deb ovora bo‘lmasinlar” deganlarida hayratdan qotib qoldim,-- deydi ko‘rinishidan talabaga o‘xshaydigan kelinchak yonidagi dugonasiga qarab.- Meni sinayaptilarmikan, deb “yo‘q oyijon, Xudo xoxlasa, hayitlikni yaxshilab o‘tkazadilar” desam, qaynonam qoshlarini chimirib, “kerak emas deyapman. O‘zaro o‘tkazib qo‘ya qolamiz, ovoragarchilikning keragi yo‘q, do‘ppidekkina osh damlab dasturxon yozib qo‘ya qolamiz. O‘zi bir qorin bo‘lsa”dedilar. Onamga aytgandim, xursandliklaridan suyunib ketdilar. Xudoga shukr, qaynonam tushungan, ko‘zi to‘q ayol ekanlar. Bu borada omadim chopgan ekan...
     Indalloga kelsak, do‘stim, hayit — mehr-shafqat, oqibat va muruvvat ayyomi. Biz bu qutlug‘ ayyomda mantiqsiz udumlar, ko‘zi och, molparast qaynonayu kuyovlar, kelinining ota-onasi ming bir mashaqqat bilan, ayrim hollarda qarz –qavolaga botib qizining kelinlik uyiga yuboragan hayitligidan qorin to‘ydirayotgan beburd qaynotalarga “Ko‘zingizni oching, musulmon kishi mo‘min birodariga zulm qilmasligi, unga ozor yetkazmasligi darkor. Shu osh-ovqatu sarpo-suruqlarsiz ham kuningiz o‘tadi, ammo yuzqarolik, sharmandalik hadeganda o‘tib ketmaydi. Hayitni alam va xavotir bilan kutayotgan qudalaringizga qilgan jabringizning jafosi kun kelib o‘zingizga ming chandon ortig‘i bilan qaytishi muqarrar” demoqchimiz.
   Nafsning xohish-istaklariga qo‘yib bersangiz nimalarni istamaydi?! Toat-ibodatning, Allohga yaqin bo‘lishlikning asosiy qoidasi – nafsni jilovlash emasmi? Mulohaza qiling birodar, biz nafsimizni tiyish va xayrli amallarimizni ko‘paytirish uchun o‘ttiz kun ro‘za tutmadikmi?..

 

Umida AZIZ

 

www.oilam.uz 

Kun oyati

(Ey Muhammad,) oz jonlariga zulm qilgan bandalarimga ayting: Allohning rahmatidan noumid bolmangiz! Albatta, Alloh barcha gunohlarni magfirat qilur.…

Kitoblar
Eng ko`p o`qilgan maqolalar
Istixora duosi

Istixora sozi lugatda yaxshilik sorash manosini bildiradi. Shariy istilohda, bandaning namoz oqish yoki duo qilish bil…

8.112015 217004
Энг кўп ўқилган савол-жавоблар

24594
  • 19057
  • 12829
  • 15799