Nikohga raxna soluvchi 5 asosiy sabab
4.12.2017 4766

Nikoh har mo‘minning baxtidir. Zero, u mo‘’jaz oila va mo‘min va mo‘minalarning yanada  ko‘payishiga sabab bo‘ladigan holat sanaladi. Muqaddas, dinimizda nikoh va oila qurish masalasiga katta e’tibor qaratiladi.

 

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: “Kim mening fitratim (xulqim, tabiatim)ni yaxshi ko‘rsa, mening sunnatlarimga odatlansin. Va nikoh albatta mening sunnatimdandir”. Bayhaqiy rivoyat qilgan.

 

Va yana “Agar banda oila qursa, bas, dinining yarmini to‘ldiribdi. Qolgan yarmini to‘ldirish uchun Allohga taqvo qilsin”, dedilar(Bayhaqiy rivoyat qilgan). Shu va boshqa yana bir necha hadislarda oila saodat manzili sifatida ta’kidlanadi.

 

Biroq, “Turmush – musht”, deganlaridek, oilada turli kelishmovchilik va janjallar sodir bo‘lib turadi. Bular o‘z vaqtida oqillik bilan bartaraf qilinmasa, oila parokandaligi, ya’ni ajrimgacha borib yetishi mumkin. Mutaxassislar ajralishning 5 ta asosiy sababini keltirishadi.

1. Qaynona (xotinning onasi)

 

Ajrimning asosiy sababchilaridan biri sifatida xotinning  onasi (qaynona) muhimdir. Ko‘p hollarda aynan shu shaxsning qizining hayotiga aralashuvi va har qanday holatda qizining himoyasiga shay turishi jarayonni tezlashtirib yuboradi. Mustaqil fikri yo‘q, erning hayotidagi o‘rni haqida xabari bo‘lmagan qizlar, birinchi galda, onasining gapiga ishonadi va uning yo‘rig‘iga yuradi.

 

Aslida oqil ona qizining oilaviy muammolarini bosiqlik bilan tinglab, har qanday holatda oilaning butligini asrashga harakat qilishi kerakligini tushuntirishi kerak. Chunki oila va nikoh muqaddas. Unga rahna solishga sababchi bo‘lgan, er-xotin orasiga nifoq solgan insonning gunohi katta. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam aytganlarki: «Xotinni eriga va qulni xo‘jayiniga qarshi aldab yo‘ldan urgan kimsa bizdan emas» (Abu Dovud, Nasoiy, Ibn Hibbon rivoyati).

 

2. Qaynona (erning onasi)

 

Ajralishlarning aksar qismida birovlarning aralashuvi asosiy sabablar sirasida qayd etiladi. Jumladan, erning onasi. Ba’zi ayollar bir necha yillar mehr berib katta qilgan o‘g‘lining begona ayolga yaqin bo‘lib qolishini qabul qila olmaydi. Farzandini hadeganda goh oshkor, goh pinxon qizg‘anaveradi. Farzandi endi katta odam, bir oilaning boshlig‘i bo‘lganini tan olmaydi. Shunday holatda o‘g‘lining hayotida o‘zining o‘rni qanchalar katta ekanini keliniga bildirib qo‘ygisi keladi. O‘g‘liga kelinning qusurlari haqida aytib, ko‘p o‘rinda uquvsiz ekanini ta’kidlayveradi. Erkak, tabiiyki, onasining gaplariga ishonadi va xotiniga bo‘lgan munosabati o‘zgaradi. Bunday holatda oqil yigitgina tarozining ikki pallasini teng ushlab, ham onasi, ham ayolining ko‘ngliga yo‘l topadi va oilasini har qanday parokandalikdan saqlab qoladi. Aks holda onaning kelini haqida kunda aytadigan negativ fikrlari sabab guldek oila buzilib ketishi mumkin. Qaynonalar muqaddas nikoh va oila parokandaligiga sababchi bo‘lishning og‘ir gunoh ekani haqida bilib olsalar, maqsadga muvofiq bo‘lardi.  

 

3. Mushtumzo‘r er

 

Ayrim erkaklar negadir o‘zini oilada qattiqqo‘l, badjahl qilib ko‘rsatishga urinadi va shu orqali ayolini itoatga o‘rgatmoqchi bo‘ladi. Aslida bu butunlay noto‘g‘ri tushuncha va dinimizda ham qoralanadi. Muslim erkaklar uchun bu borada payg‘ambarimiz Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning hayot yo‘llari va tutumlari ibrat va namuna. Zero, rasulimiz biror marta ham ayollariga qo‘l ko‘tarmaganlar.

 

Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning ayollari Oisha (roziyollohu anhu) aytadilar:

‏ عن عائشة قالت‏:‏ ما ضرب رسول الله صلى الله عليه وسلم بيده شيئا قط‏,‏ ولا امرأة ولا خادما إلا أن يجاهد في سبيل الله

 

«Payg‘ambar sallolohu alayhi vasallam hech kimni(na ayoli, na xizmatchisini) hech qachon qo‘llari bilan urmaganlar. Alloh yo‘lida qilgan janglardan boshqa” (imom Muslim).

 

Aslida aqlli va kuchli erkak ayoli ko‘nglini mehr-muhabbat bilan zabt etadi, hurmat qozonadi. Jahl, qo‘rslik, qattiqqo‘llik ojizlik alomati. Oila parokandaligi ko‘pincha johil erlarning ayoliga ko‘rsatgan zulmidan yuzaga keladi.

 

4. Moliyaviy muammolar

 

Oilaning moddiy ta’minoti – bu erkakning zimmasidagi vazifa. Lekin hammada ham maosh, topish-tutish yaxshi bo‘lmasligi mumkin yoki ba’zan moliyaviy qiyinchiliklar uchrab turadi. Ana shunday vaziyatda ayrim harajatlarni qisqartirib, ba’zi istaklarni keyinga qoldirish haqida er-xotin gaplashib olishlari maqsadga muvofiq. Oqila ayol bu vaziyatni to‘g‘ri tushunib, eriga ortiqcha muammolar chiqarishga intilmaydi. 

 

Ammo ayrim ayollarda sabr-toqatning yetishmasligi va doimiy ravishda eriga shikoyat qilishi kuzatiladi. Yana shunday toifa xotinlar borki, eri qancha ko‘p pul topmasin, baribir unga kamlik qiladi.

 

Bu borada ayollar uchun eng munosib namuna sifatida payg‘ambarimizning zavjalarini misol qilib keltirish mumkin. Ro‘zg‘orda doim ham iste’mol qilishga yemak bo‘lmagan. Bir necha kunlab sabr qilganlar va zarracha payg‘ambarimizga nisbatan hurmatni kamaytirmaganlar.

 

Aziz, opa-singillar! Doim turmush o‘rtog‘ingizga tirgak bo‘ling, qo‘llab-quvvatlang! Uyda xotirjamlik, tinchlik muhiti hukmron bo‘lsa, erkak kishi har qanday muammoga munosib yechim topadi.

 

5. Xiyonat

 

Turmushga putur yetkazadigan yana bir muhim sabab – bu er yoki xotinning xiyonati, ya’ni zino. Bu eng og‘ir jinoyat bo‘lib, oilani so‘zsiz parchalovchi holatdir. Islom dinida zino gunohi kabiralar qatorida ta’kidlanadi.

 

Alloh o‘z kalomida marhamat qilib “Va zinoga yaqinlashmanglar. Albatta, u fohisha ish va yomon yo‘ldir” (Isro surasi, 32-oyat), deydi. Bu oyati kalimada mo‘min kishi zino qilish tugul, uning yaqiniga ham yo‘lamasligi, zinoga olib boruvchi narsalardan ham uzoqda bo‘lishi lozimligi aytilgan. Shu so‘zlarning o‘zi bu gunohning naqadar katta ekanini ta’kidlab, mo‘minning hatto unga yaqinlashmaslikka buyurgan.

 

Oilada ko‘pincha erlarning xiyonati sabab, parokandalik yuzaga keladi. Bu ayol uchun kutilmagan zarba o‘laroq, uning qalbida katta jarohat qoldiradi. Oqibatda, o‘zaro ishonch va muhabbat yo‘qolib, nikohning buzilishigacha olib borishi mumkin.

 

Har bir oila boshlig‘i, zalolatga eltuvchi, oilani va to‘kis baxtni parchalovchi xiyonat, faxsh va ma’siyatdan uzoq bo‘lsa, xonadonida tinchlik-totuvlik hamda baxt hukmron bo‘ladi.

 

 

Alisher Mirzayev,

Shayx Zayniddin jome masjidi imom noibi 

Kun hadisi

Oziga aloqasi bolmagan narsalar bilan shugullanmaslik kishining Islomi gozalligidan darakdir (Imom Termiziy rivoyati, hasan hadis). Izoh: Ushbu hadis…

Kitoblar
Eng ko`p o`qilgan maqolalar
Istixora duosi

Istixora sozi lugatda yaxshilik sorash manosini bildiradi. Shariy istilohda, bandaning namoz oqish yoki duo qilish bil…

8.112015 217292
Энг кўп ўқилган савол-жавоблар

24623
  • 19082
  • 12847
  • 15826