MAKKAI MUKARRAMA OLDIN VA HOZIR
20.7.2015 7354

   Musulmon borki, umrida bir marta bo‘lsa ham muqaddas Ka’bani tavof etishni niyat qiladi. Har yili millionlab musulmonlar dunyoning turli chekkalaridan Makkai mukarama ziyoratiga keladi. Saudiya Arabistoni hukumati bu dargohga qadam ranjida etayotgan hojilarni ko‘nglini olish va ularning emin-erkin ibodat qilishlari uchun qulay sharoitlar yaratish maqsadida bir qator ishlarni amalga oshiryapti.

    Haj va umra amallarini bajarish tartibi shariatimiz ko‘rsatganidek, hech bir o‘zgarishsiz. Makkai mukarrama ko‘rinishi esa yillar o‘tkani sari o‘zgarmoqda. Mutaxassislar aytishicha, Masjidul Harom tarixda besh martadan o‘n ikki martagacha qayta ta’mirlangan. Kengaytirilishlarga yil sayin hojilar sonining ortishi ehtiyoj tug‘diryapti.

    1925 yili qirol Abdulaziz ibn Abdurrahmon Masjidul Harom ko‘rinishini o‘zgartirishni boshladi. 1953 yilda Arabiston yarimoroli bo‘yicha ilk elektr tarmog‘i uzatildi. Unda elektr yoritgichlar va shamol haydash vositalari paydo bo‘ldi. Qirollar Saud IV, Faysal va Xolid davrlaridagi qurilishlar natijasida Masjidul Harom maydoni bir yuz to‘qson uch ming kvadrat metrga kengaydi. Qirol Fahd tashabbusi bilan Masjidul Haromga o‘t o‘chirish, havoni muzlatish va kanalizatsiya tizimlari o‘rnatildi. O‘shanda maydon uch yuz ellik ming kvadrat metrdan iborat bo‘lib, olti yuz ming nafar odamni sig‘dira olar edi.

    Bir necha asrlardan beri Ka’badan yigirma bir metr masofadagi joydan Zamzam bulog‘i qaynab chiqadi. Buloqning chuqurligi o‘ttiz metr. Ismoil (alayhissalom)dan meros bo‘lib qolgan muqaddas va shifobaxsh quduqdan har bir ziyoratchi niyat qilib ichadi va uning suvi bilan tahorat oladi. 2003 yilga qadar bu amalni bajarishlari uchun hojilarga zinapoya orqali yo‘l qilib qo‘yilgan edi. Keksalarning ko‘pi tushib-chiqishga qiynalishar va sirpanib shikastlanishar edi. Shu sababli yerto‘la yopib yuborildi va Masjidul Haromning ichki va tashqi tomoniga gir aylana Zamzam jo‘mraklari o‘rnatildi. Hozir Zamzam hojilar mehmonxonalariga ham yetkazib berilyapti.

     2007 yildan boshlab qirol Abdulloh ibn Abdulaziz Oli Saud loyihasi asosida masjid, uning atrofi keng ko‘lamda ta’mirlandi. Birinchi bosqichda uning sig‘imi bir million olti yuz ming nafarga yetdi. Ka’baning atrofiga qo‘shimcha qavatlar qurilib, tavof qilish doirasi yigirmadan ellik metrgacha kengaydi. Bir soatda oldingidek ellik ikki ming emas, balki bir yuz o‘ttiz ming nafar ziyoratchi tavof qiladigan bo‘ldi.

     Hozir Makkai mukarramaning Shomiya, Jabal Xandom, Jabal Umar va Xijra hududlaridagi Masjidul Harom bilan tutash eski imoratlar o‘rnida yangi, osmono‘par mehmonxonalar, turarjoylar, savdo markazlari, shifoxonalar, yo‘llar va avtoulov to‘xtash joylari qad ko‘tarmoqda. Ayni paytda Masjidul Haromning janubi-sharqidagi Jabal Umar hududida ikki yuz o‘ttiz ming kvadrat metr do‘nglikni tekislashga kirishilgan. U joyda yuz ming aholiga mo‘ljallangan yangi mavze bunyod etiladi. Ikkinchi bosqichda Masjidul Haromning hovlisi yana kengaytirilib, qo‘shimcha ikki yuz yigirma ming nafar namozxonga joy ochiladi.

    Masjidul Haromning shimolidagi Shomiya mavzesida minglab turar-joy va boshqa binolar buzib tashlandi. Bu esa haj mavsumida transport vositalari oqimini ancha kamaytiradi. Uchinchi bosqich Masjidul Harom maydonining uch yuz ming kvadrat metrga kattalashishi va qo‘shimcha besh yuz ming nafar ziyoratchi uchun joy ajratish imkonini berdi. Loyiha bo‘yicha Makkai mukarramani umumiy ta’mirlashga yigirma yetti milliard dollar ajratilgan. Bunga shaharning xalqa yo‘llari, davlat va jamoatchilik binolari hamda yo‘lovchilar uchun ko‘priklar qurish xarajatlari ham kiradi.

    Masjidul Haromning yangi shimoliy tarafiga qirol Abdulloh nomli yangi darvoza o‘rnatildi. Shuningdek, uning teppasiga mavjud to‘qqizta minoraga qo‘shimcha yana ikkita to‘qson besh metrlik minora qad ko‘tardi. Qayta qurishning to‘rtinchi bosqichi yakuniga yetganda Masjidul Haromda, hovlilarini ham hisobga olsak, bir vaqtning o‘zida ikki yarim million musulmon ibodat qila oladi.

    Makkai mukarramadagi tirbandlikni bartaraf qilish maqsadida 2009 yili metro barpo qilish rejalashtirildi. Mazkur loyihani amalga oshirish uchun Xitoyning “Chanchun” shirkati bilan shartnoma imzolandi. Bundan tashqari loyihaga Germaniya, Fransiya va Kanadaning “Simens”, “Atkins”, “Sistra” va “Breknell” kabi shirkatlari ham jalb qilindi. Asosan hojilarni tashishga mo‘ljallangan yer usti metrosini qurish uchun olti milliard yetti yuz ming Saudiya riali ajratildi. 2010 yilda o‘n sakkiz kilometr uzunlikdagi to‘qqizta bekatli tarmoq ishga tushirildi. 2012 yilda esa u yana oltita bekatga cho‘zildi. Mino, Muzdalifa, Arafot va Jamarot vodiylarini bog‘lab turuvchi poyezdlar bir soatda yetmish ikki ming nafar hojini tashishga qodir. Bu ekologiyaga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi avtobuslarning kundalik ellik uch mingta qatnovi o‘rnini bosadi. Yer sathidan o‘n metr tepalikka o‘rnatilgan temir yo‘lning har bir tarmog‘i alohida rangga bo‘yalgan. Tezyurar poyezdlar soatiga yuz kilometr masofani bosib o‘tadi. Hozir Masjidul Harom Jidda xalqaro aeroporti tarmog‘i qurilyapti.

    Makkai mukarramaning eng hashamatli yangi majmuasi bu “Abrajul Bayt” majmuasidir. Bu yerdagi osmono‘par imoratlarni barpo qilish uchun hukumat “Saudi Binladin Group” shirkatiga o‘n ikki milliard dollar ajratdi. Bino tepasida bir necha kilometrdan ko‘zga tashlanadigan Londondagi “Big Ben”dan ham katta soat bor.

   So‘nggi 20 yil mobaynida Makkai mukarramadagi eski uylarning to‘qson besh foizi buzib tashlandi. Hozir Payg‘ambarimiz Muhammad (sollallohu alayhi va sallam) tug‘ilgan xonadonlari o‘rnida kutubxona, Xadicha (roziyallohu anho) uylari o‘rnida maishiy xizmat majmuasi qurildi. Ba’zi mutaxassislar bunday tarixiy joylarning buzilishi jahonning qadimiy obidalarini yakson qilish bilan barobar, deb hisoblashyapti.


Azizxon HAKIMOV tayyorladi.

 

Manba: Muslim.uz

Kun hadisi

Oziga aloqasi bolmagan narsalar bilan shugullanmaslik kishining Islomi gozalligidan darakdir (Imom Termiziy rivoyati, hasan hadis). Izoh: Ushbu hadis…

Kitoblar
Eng ko`p o`qilgan maqolalar
Istixora duosi

Istixora sozi lugatda yaxshilik sorash manosini bildiradi. Shariy istilohda, bandaning namoz oqish yoki duo qilish bil…

8.112015 217311
Энг кўп ўқилган савол-жавоблар

24624
  • 19084
  • 12848
  • 15826