Kelin-kuyovlik baxti
19.5.2017 9985

  • Mahr
  • Xotinning erdagi haqlari
  • Erning xotindagi haqlari
  • Er oila  rahbari
  • Taloq nima?
  • Nikoh odoblari
  • Oilaviy munosabatlarda masofani saqlash
  • Oila haqida hadislar
  • Oila haqida hikmatlar 

Hurmatli  kuyov va kelin!  Alloh taolo bir-biringizni ilohiy nikoh rishtasi bilan bog‘lab, oila qurish arafasida turar ekansiz, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Alloh taolodan nikohingizni muborak va abadiy bo‘lishini, baxtli hayot kechirishingizni tilab, hayotingiz davomida  amal qilishingiz lozim bo‘ladigan  tavsiyalarni taqdim etadi.

Islom dini bo‘yicha erkak va ayol o‘rtasidagi shar’iy nikoh bilan turmush qurib,  naslini davom ettirish mo‘min-musulmonlar uchun eng muhim ishlardan sanaladi. Shuning uchun ham islom ta’limotida oila qurish, farzandli bo‘lishga tavsiya va targ‘ibotlar ko‘p.

Islom dinida nikoh – bu Allohning amri, Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallamning sunnatlari bilan, mo‘min-musulmonlarning guvohligida bog‘lanadigan muqaddas aloqa vositasidir. “Nikoh” – jamlanish, yaqinlashish, qo‘shilish ma’nolarini bildirib, insonni  haromdan saqlanishini ta’minlaydi.

Alloh taolo Qur’oni karimning Rum surasi 21-oyatida marhamat qiladi:  “Uning alomatlaridan (yana biri) – sizlar (nafsni qondirish jihatidan) taskin topishingiz uchun o‘zlaringizdan juftlar yaratgani va o‘rtangizda inoqlik va mehribonlik paydo qilganidir. Albatta, bunda tafakkur qiladigan kishilar uchun alomatlar bordir”.

Nikoh inson hayotidagi eng muhim burilish nuqtasi sanaladi. Chunki, alohida yashagan ikki inson hayoti nikohdan keyin birlashadi. Nikoh bilan ikki vujud, ikki qalb bir tan, bir jonga aylanadi. Buni “oila” deyiladi. Muhabbat bilan qurilgan oila a’zolari huzur-halovatda yashaydi. Oilasi tinch inson qalbi xotirjam bo‘ladi. Muvaffaqiyat sari ilk qadam oiladan boshlanadi. Zero, o‘z uyini farog‘at qasriga aylantirolmaganlar oiladan tashqarida ham baxtga, yutuqqa erisholmaydi. Oilali bo‘lish insoniyat naslining ko‘payishi va qiyomat kunigacha boqiy bo‘lishi uchun lozim bo‘lgan haqiqiy yo‘ldir.

Jamiyatning bir bo‘lagi bo‘lgan oilani yaratib, zurriyot qoldirishdek ulug‘ ne’matga sazovor bo‘linadi. Oilaning tinchligi va xotirjamligiga esa er-xotin orasidagi o‘zaro hurmat, ishonch, mehr-muhabbat orqali erishiladi. 

MAHR

Islom dinida nikohning o‘ziga xos jihatlaridan biri erning ayolga mahr berishidir. Shariatda mahr – oila qurish oldidan kelinni xursand qilish, uning ko‘nglini kuyovga moyil qilish maqsadida, shaxsan kelinning o‘ziga berilishi lozim bo‘lgan muayyan mablag‘, taqinchoq yoki shunga o‘xshash mulk bo‘ladigan, halol narsalardir. Berilgan mahr kelinning shaxsiy mulki hisoblanadi.

Er tomonidan xotinga beriladigan “mahr”  pul-mablag‘ yoki qimmatbaho taqinchoqlardan yohud kiyim-kechak kabi ashyolardan iborat bo‘lishi mumkin. Mahr nikoh oldidan kuyovning kelinga beradigan sovg‘asi bo‘lib,  undan er-xotin o‘rtasida bir-biriga mehr-muhabbat paydo bo‘lish umid qilinadi.

Alloh taolo Qur’oni karimning Niso surasining 4 oyatida:

”Xotinlarga mahrlarini mamnunlik bilan beringiz!...”, - deb amr qilgan.

Demak, baxtli hayot qurishni maqsad qilgan kelin kuyovlar birgalikdagi turmushning dastlabki kunlaridanoq bir-birlariga mehr muxabbatli bo‘lishlari, moddiy va ma’naviy boylikni bir-birlaridan ayamasliklari va shunday samimiy munosabat  abadiy davom etishi istagida bo‘lishlari zarurligi bilinadi. Shuning uchun ham Rasululloh sollallohu alayhi va sallam mahr miqdori kamtarona, kuyovga malol kelmaydigan darajada bo‘lib, kelin ham bu borada eriga og‘ir tushmaslikka harakat qilishiga targ‘ibot qilganlar.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam qizlari Fotima roziyallohu anhoni hazrat Aliga uzatayotganlarida bo‘lajak kuyovda mahr uchun hech narsa yo‘qligi ma’lum bo‘ladi. Shunda vaziyatdan chiqish uchun Rasululloh sollallohu alayhi va sallam hazrat Aliga: “Sovutingni bera qol”, degan ekanlar. Nikohdan keyingi hayotlarida sovut kerak bo‘lib qolsa, Fotimadan omonatga so‘rab olib turar ekanlar. Bir hadisi sharifda: “Kimki mahr uchun ikki kafti to‘la talqon yoki xurmo bergan bo‘lsa, jufti xalolga loyiq bo‘libdi” – deyilgan (Imom Abu Dovud). Mahr uchun qimmatbaho buyumlar yoki tilla-kumush taqinchoqlarni  berish odatlari qabul qilingan. Zero, baxtli turmush qurish uchun faqat moddiy narsalarning o‘zi kifoya emas, balki ma’naviy boylik ham asosiy maqsad bo‘lishi lozim.

Qur’oni karim oyatlarida va  Hadisi shariflarda mahrning ma’lum bir miqdori me’yor sifatida belgilanmagan, balki keyingi asrlarda mujtahid ulamolar tomonidan sharoit va urf-odatlardan kelib chiqib “mahri misl” degan qoidani ishlab chiqilgan.

Agar nikoh paytida mahr miqdori belgilangan bo‘lsa, shuncha miqdor beriladi,  belgilanmagan holda mahr misl berish vojibdir. Ayolning opalari, ammalari va amakilarining qizlariga berilgan mahr miqdori mahri misl bo‘lib, ularning bokiralikda, axloq, aql, ilm, odob, yosh, diyonat va go‘zallikda tengligi e’tiborga olinadi. Ayolning aytilgan qarindoshlari bo‘lmasa, mahalladosh tenglariga berilgan mahr miqdori uning mahri misli bo‘ladi.

 Bizning mazhabboshimiz Abu Hanifa rahmatullohi alayh mahrning eng oz miqdori tilladan bo‘lsa – bir dinor (bugungi kunda 4,25 gr tilla – 650-700 ming so‘m), kumushdan bo‘lsa, o‘n dirham deganlar.

Mahr har kimning imkon darajasida bo‘lishi ham mumkin ekan. Hadisi Sharifda “Xarajati yengil nikoh serbarakalidir”, deyiladi (Imom Ahmad).

Mazkur dalillardan kelib chiqib,  islom shariati nikoh to‘ylari xarajatini ham  imkon darajasida kamtarona bo‘lishini tavsiya etadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning sahobalaridan biri uylangan vaqtda “Bir qo‘y so‘yib to‘y qilib ber”, - deganlar.

Ammo ayrim viloyat va tumanlarda kuyov tomondan kelinga mahr berish o‘rniga “qalin”  puli berish odati hozirga qadar davom etmoqda. Shariatimizda “qalin” puli berish to‘g‘risida biror bir ko‘rsatma yoki tavsiya yo‘q. Shuning uchun shar’iy nikohda aytilgan mahrdan tashqari “qalin” puli berish o‘rniga kelinga beriladigan mahrga ko‘proq diqqat va e’tiborli bo‘lsak, albatta yosh oilalarning iqtisodiy va moliyaviy holatlarini yaxshilanishiga va mustahkamlanishiga ko‘mak bergan bo‘lamiz. 

ER-XOTINNING O‘ZARO  HAQLARI

Xotinning erdagi haqlari 

  • Nikohdan keyin ayolning haqqi eriga o‘tgani bois, oilada er xotiniga nisbatan xushmuomala bo‘lishi,  farovon hayot kechirishda eng yaqin maslakdoshi bo‘lishi  va ayoliga ozor yetkazmasligi lozim.   Bu bilan Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning hadislariga amal qilgan bo‘ladi. Imom Termiziy rivoyat qilgan hadisning ma’nosi shunday: "Sizlarning eng yaxshilaringiz xotinlariga yaxshilaringizdir".
  • Er xotinga berishi lozim bo‘lgan mahrni qancha bo‘lsa-da, to‘la berishi kerak. Mahr tanho xotinning haqqidir.
  • Er xotini uchun uy-joy qilib berib, uni zarur uy jihozlari bilan ta’minlashi lozim. O‘zi yeganda yedirib, o‘zi kiyganda kiyimlar olib berishi kerak. Ayoli uchun nafaqa berishi yaxshi amallardandir. Imom Buxoriy va Muslim "Sahih"larida shunday kelgan: "Sa’d ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhu rivoyat qilishlaricha, Payg‘ambarimiz alayhissalom dedilar: "Sen Alloh taolo roziligini istab qilgan har qanday xarjing uchun ajr olasan. Hatto xotining og‘ziga solgan bir luqma taoming uchun ham senga ajr bor".
  • Erkak xotinining ko‘nglini ko‘tarish uchun u bilan hazillashishi, ko‘ngil ko‘taradigan so‘zlar aytishi muhim, chunki bunday ishlar ayol dilini quvonchga to‘ldiradi.
  • Er xotinining iffatini saqlashi lozim. Xotinini haromdan himoya qilish erga vojibdir. Bu o‘z xohishini xotini e’tiborga olishini istaganidek, xotinning xohishini, xususan, qo‘shilish chog‘ida e’tiborga olish bilan bo‘ladi. Er xotini undan qongunicha shoshmasligi kerak.
  • Erkak ayolining or-nomusini himoya qilish maqsadida ayolini qizg‘anishi, gunohga yetaklovchi har qanday holatga beparvo bo‘lmasligi kerak. Rashkni zulm darajasigacha ko‘tarish kerak emas. O‘zaro ishonch va mehr bilan oila tinchligini saqlash lozim.
  • Er xotiniga shar’iy hukmlarni, jumladan tahorat, g‘usl, hayz, namoz, ro‘za va boshqa amallarni o‘rgatib borishi zarur. Chunki Alloh taolo Qur’oni karimda marhamat qiladi: “Erkaklar xotinlar ustidan (oila boshlig‘i sifatida doimiy) qoim turuvchilardir. Sabab – Alloh ularning ayrimlari (erkaklar)ni ayrimlari (ayollar)dan (ba’zi xususiyatlarda) ortiq qilgani va (erkaklar o‘z oilasiga) o‘z mol-mulklaridan sarf qilib turishlaridir”.
  • Hayotda bo‘ladigan tushunmovchiliklarda er xotiniga nasihat qilib, odob o‘rgatishi kerak. Bu harakati bilan er xotinini o‘ziga bo‘ysindirishi uchun emas, balki Alloh rizoligi uchun bo‘lsa, o‘z samarasini beradi.
  • Er xotinni na so‘z bilan va na fe’li bilan so‘kib, ayblab, haqoratlab, yomonlab pastga urmasligi, uning jismiyu xulqini, oilasiyu yaqinlarini kamsitmasligi kerak. Zero, bu musulmon axloqiga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi. 

Erning xotindagi haqlari

  • Xotin shariat buyurgan har bir ishda eriga itoat etishi va barcha ishlarda  yaxshi muomalada bo‘lishi lozim.
  • Xotin har bir ishni eridan so‘rab qilishi kerak. “Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu va sallamdan: “Odamlarning ayol kishida haqqi eng ulug‘i qaysi?, deb so‘radim. “Erining”, dedilar”. (Imom Nasaiy).
  • Xotin erining huzurida uning ruxsatisiz nafl ro‘za tutmasligi darkor. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi va sallam: “Ayol kishi uchun erining huzurida uning iznisiz ro‘za tutishi va uning iznisiz uyiga birovni kiritishi halol emas”, dedilar”. (Imom Buxoriy, Imom Muslim,  Imom Dovud,  Imom Termiziy).
  • Xotin eri hoxlagan vaqtda, o‘zining shar’iy uzri bo‘lmasa, uning jinsiy ehtiyojini qondirishi kerak. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi va sallam: Qachon er xotinini o‘z hojati uchun chaqirsa, u darhol gar tannur oldida turgan bo‘lsa ham kelsin”, dedilar”. (Imom Termiziy, Imom Nasaiy).
  • Xotin Alloh taolo bergan nasibaga rozi bo‘ladi, eriga injiqlik qilavermaydi, hojatidan ortiq narsalarni eridan talab qilmaydi, balki sabr-qanoat qilib, erining rizq topishdagi mashaqqatlarini qadrlaydi.
  • Ayol eri huzurida hushmuomala bo‘lish bilan birga, chiroyli kiyingan, ziynatlangan holda bo‘lishi kerak. Bu narsa er qalbiga xursandchilik, ruhiga sokinlik bag‘ishlaydi.

         Ey Allohning Rasuli, ayollarning qandog‘i eng yaxshisidir?-deyildi. “Qachon nazar solsa, surur bag‘ishlaydigani. Qachon amr qilsa, itoat qiladigani va eriga o‘z jonida va molida u yoqtirmaydigan narsa ila xilof qilmaydigani”- dedilar.

 Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi va sallam: “Qachon er o‘z xotinini to‘shagiga chaqirsa-yu, u kelishdan bosh tortsa, uni farishtalar tong otguncha la’natlab chiqurlar”, dedilar” (Imom Buxoriy,  Imom Muslim,  Imom Dovud).

  ER  OILA  RAHBARI

Shariatda oila rahbarligi aynan erkaklarga yuklatilgan. Alloh taolo Qur’oni karimda marhamat qiladi:

“Erkaklar xotinlar ustidan (oila boshlig‘i sifatida doimiy) qoim turuvchilardir. Sabab – Alloh ularning ayrimlari (erkaklar)ni ayrimlari (ayollar)dan (ba’zi xususiyatlarda) ortiq qilgani va (erkaklar o‘z oilasiga) o‘z mol-mulklaridan sarf qilib turishlaridir” (Niso, 34).

Erkak kishi gavda tuzilishi, ruhiy va jismoniy jihatlari bilan ayolga nisbatan afzal qilib yaratilgan. Oilada bo‘ladigan har qanday muammolarga erkaklar bosiqlik, vazminlik  bilan yechim  topadilar. Oilaning moddiy tomondan ta’minlash ham erkaklar zimmasidagi burchdir.

Ayolini, farzandlarini moddiy tomondan ta’minlashni o‘z burchi deb biladigan erkaklarning shu yo‘ldagi halol hatti-harakatlari ham ibodat darajasida bo‘lib,  buning uchun ajr-u savobga erishadi.

Oiladagi rahbarlik – bu ayoliga yoki farzandlariga zulm qilish emas, balki shariat ko‘rsatmasiga binoan ularni  moddiy ta’minlash va  himoya qilish burchidir.

Ayol ham o‘zining ayollik vazifalarini shariat ko‘rsatmasiga binoan olib borsa, ikki dunyoda ajr mukofotlarga ega bo‘ladi.

TALOQ NIMA?

Turmush qurgan va turmush qurish arafasida bo‘lgan har bir musulmon farzandlari nikoh-taloq masalalaridan xabardor bo‘lishi shart. Yoshlarimiz er-xotinlik munosabatlariga putur yetkazadigan ushbu nozik masalaga yengil qaramoqdalar, bilib-bilmay, tushunib-tushunmay, arzimagan oilaviy mojaro sababli o‘z jufti haloliga nisbatan “taloq” lafzini ishlatib qo‘ymoqdalar. “Taloq” so‘zi aytilganda Allohning Arshi larzaga keladi. Taloq Allohning yomon ko‘rgan halollaridan bo‘lib, u oxirgi chora sifatida joriy qilingandir.

TALOQ - lug‘atda bo‘shatish, qo‘yish ma’nolarini, shar’iy istilohda esa, “er-xotin o‘rtasidagi nikoh aqdini buzish” ma’nosini anglatadi. Islom shariati ta’limotida garchi, ba’zi holatlarda taloq qilishga ijozat berilgan bo‘lsada, lekin har qanday holatda ham taloq berishni Alloh yoqtirmasligi aytilgan. Ibn Umar rjziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Halol narsalar ichida Allohga yoqimsizi taloqdir”, - deb marhamat qilganlar (Imom Abu Dovud va Imom Ibn Moja rivoyatlari).

Demak, Alloh taolo taloq lafzining ishlatilishini, oilalarning buzilib parokanda bo‘lishini xohlamaydi. Qur’oni karimda har qanday holatda ham nikohni saqlab qolishga, oilani buzmaslikka buyurib: “Agar ularni yomon ko‘rsalaringiz, (bilib qo‘yingki), balkim sizlar yomon ko‘rgan narsada Alloh (sizlar uchun) ko‘pgina yaxshilik paydo qilishi mumkin”, - degan (Niso surasi, 19-oyat).

Taloq so‘zining ma’nosini tushunmay, huda-behudaga aytaverish gunoh sanalishi bilan birga, unday taloq shariatda e’tiborga olinadi. Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi va sallam: “Uch narsaning jiddiysi ham jiddiy, hazili ham jiddiy: taloq, nikoh va itoq (qul ozod qilish) – deganlar. Mazkur hadisning mazmuniga qaraganda, taloq masalasida hazil qilish yaramaydi. Ayniqsa yoshlarimiz shuni yaxshi bilsinlarki, zero hazillashib, telefonda aytilgan yoki telefon  orqali taloq xabar qilib yuborilganida ham bunday taloq shariatda e’tiborga olinadi.

Ma’lumki, erkak kishi ayol kishiga qaraganda tabiatan bosiq, mulohazali, jahli chiqqanda o‘zini tuta oladigan bo‘lgani bois, taloq berish huquqi erga berilgan. Qur’oni karimda bunga: “...Nikoh o‘z ixtiyorida bo‘lgan kishi...”, deb ishora qilingan (Baqara surasi, 237-oyat). Albatta, oila boshlig‘i bo‘lish, o‘z qaramog‘idagilarni nafaqa bilan ta’minlash, oilaning sha’nini saqlash erkaklar uchun ham sharafli va ham mas’uliyatli burchdir. Shunday ekan, erkaklar o‘z huquqlarini suiste’mol qilmasliklari, ajralish niyatlari bo‘lmagan taqdirda ham taloq so‘zini aytmasliklari lozim.

Tilga erk berib taloq so‘zini aytish noma’qul ishlardan bo‘lib, uni aytgan kishi Allohning g‘azabini keltirgan, shaytonni xursand qilgan bo‘ladi. Rivoyatlarda aytilishicha, har tongda shayton o‘z malaylarini odamlar orasiga yuborib, kunning oxirida ularning kun bo‘yi nima ish qilganlari bo‘yicha hisobot olar ekan. Shunday kunlarning birida malaylardan biri: Men bugun ikki do‘stni bir-biriga nisbatan nizo chiqarib, qayrab, dushmanga aylantirdim, debdi. Boshqasi: Men aka-ukani yuzko‘rmas qilib yubordim, debdi. Uchinchisi: Men esa ikki kishini urushtirdim, oqibatda biri ikkinchisini o‘ldirdi, debdi. Shu tariqa hammalari o‘z qilmishlarini aytib berishibdi. Shunda shayton ularga: Senlar maqtanishga arzigulik hech qanaqa ish qilmabsanlar, debdi. Shu vaqt malaylardan biri: Men bugun tinch-totuv yashayotgan bir oiladagi er-xotinning orasiga tushib, erni xotinga qayrab, unga taloq so‘zini ayttirdim, debdi. Shunda shayton unga: Hammasidan ham sening ishing maqtovga loyiq bo‘libdi, deb yoniga o‘tkazib, unga izzat-ikrom ko‘rsatgan ekan. 

NIKOH ODOBLARI

Oila qurishdan ko‘zlangan asosiy maqsad – pokiza nasl qoldirishdir. Erkak-ayol juftligini shar’iy asosda birlashtirib, ularga bir-birlaridan olinadigan lazzat va manfaatlarni esa nikoh halol qiladi.

Shariatimizda hayotimizning har bir jabhasiga oid yo‘l yo‘riqlar ipidan-ignasigacha batafsil bayon etib berilgan.

Kuyov va kelin mustaqil hayotga qadam qo‘yishar ekan, oila deb atalmish go‘shaning o‘ziga yarasha sirlari bo‘ladi. Oilaviy sirlar faqat oilaga tegishli bo‘lgani bois atrofdagilarga oshkor qilinmaydi. Shuningdek, er-xotinlik odoblari borasida Qur’oni karim oyatlari va hadisi shariflarda bu masalaning nozik jihatlarigacha keltirib o‘tiladi.

Jumladan, Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Nabiy sollallohu alayhi va sallam bunlay marhamat qilganlar: “Agar birortangiz o‘z ahliga yaqinlik qilishni iroda etgan paytida: “Bismillahi. Allohumma! Jannibnash-shaytona va jannibish-shaytona maa rozaqtana”desa, albatta, agar o‘shandan ularga farzand beriladigan bo‘lsa, unga shayton hech qachon zarar yetkaza olmaydi (Imom Buxoriy, Imom Muslim, Imom Termiziy, Imom Abu Dovud, Imom Nasaiy).

Nikohning odoblaridan yana biri er-xotin orasida bo‘ladigan ishlarni boshqalarga aytmaslikdir. Bu borada Abu Sa’iyd roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda bunday deyiladi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam dedilar: “Qiyomat kuni Allohning nazdida martabasi eng yomon odam ayoliga yaqinlik qilib, ayoli unga yaqin bo‘lgandan keyin sirini odamlarga yoyib yuradigan kishidir”(Imom Muslim, Imom Ahmad).

Bundan ko‘rinib turibdiki, er-xotinlik ishlarini boshqalarga oshkor qilish gunoh hisoblanadi.

Shariat harom qilgan yana bir masala borki, uni har bir erkagu, ayol bilishi shart.

Huzayma ibn Sobitdan rivoyat qilinadi: “Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam aytdilar: “Alloh taolo haqdan uyalmaydi. Ayollarga orqa yo‘llari bilan qo‘shilmang”.

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam boshqa bir hadisi sharifda esa:“Lut qavmi amalini qilgan kimsani Alloh la’natlasin”,deb uch bora takrorlaganlar (Ibn Hibbon). Demak, kim bu jirkanch ishni qilsa, oxiratda Allohning rahmatidan mahrum bo‘ladi.

Alloh taolo harom qilgan bu ishning inson tanasiga ko‘rsatadigan zararini bugun tibbiyot ham ta’kidlamoqda. Shunday ahloqsizlik qilgan insonlar vaqt o‘tib nogiron bo‘lib qolishi kuzatiladi.

Shuningdek, noshar’iy yaqinlik sababli o‘ta xavfli kasalliklarning yuzaga kelish ehtimoli yuqori bo‘ladi. Bularga: OITS, so‘zak, zahm va boshqa venerik kasalliklar, Gepatit S, ichaklar saratoni, peshob qopi kasalliklarini keltirib o‘tish mumkin. Ayniqsa erkaklarda kondidoz kasalligi, ichak viruslarini peshob yo‘llariga o‘tishi natijasida qovuq infeksiyalari, jinsiy zaiflik, bepushtlik kabi asoratlarni keltirib chiqaradi.

Shu bilan birga  shariatimiz ayollarga hayz chog‘ida yaqinlik qilishdan ham qaytaradi. Alloh taolo bunday amr qiladi: “Sizdan hayz to‘g‘risida so‘ramoqdalar. Ayting: «U (er va xotin uchun) aziyatdir. Bas, hayz paytida xotinlaringizdan chetlaningiz va to poklanmagunlaricha, ularga yaqinlashmangiz! Poklanganlaridan keyin ularga Alloh buyurgan ravishda kelaveringiz(qovushaveringiz).Albatta,  Alloh (shungacha bilmay yo‘l qo‘ygan xatolaridan) chin tavba qiluvchilarni va obdon poklanib yuruvchilarni sevadi» (Baqara, 222).

Oyati karimada ayollarga hayz vaqtida qo‘shilish haromligi bayon etilgan. Chunki mo‘min-musulmon odam biror a’zosini najosat bilan bulg‘ashi haromdir. Aksincha, najasdan poklanish va saqlanish farzdir. Hayz vaqtida qo‘shilishning haromligi sabablaridan biri farjning qon bilan nopok bo‘lishidir. Shuning uchun hayzli ayolga poklanmaguncha, u bilan qo‘shilish mumkin emas.

Fuqaholar bu o‘rinda bunday deydilar: erkak zakari (jinsiy organi) siydik bilan bulg‘angan bo‘lsa, uni suv bilan tozalamaguncha xotini bilan qo‘shilishi mumkin emas, ayol farji (jinsiy organi) ham siydik bilan bulg‘angan holda, uni yuvmay qo‘shilish nojoizdir.

Yuqoridagi ma’lumotlardan anglashiladiki, oilaviy munosabatlardagi halol narsalar ma’lum. Harom qilingan ishlar ham aniq. Mo‘min-musulmon odam halol amallarni o‘ziga kasb qilib, haromdan uzoq bo‘lsa, oilasida farovonlikka erishadi. Natijada, huzur va halovat topadi. Allohning roziligiga erishadi. Aksincha, harom qilingan amallarga yaqinlasharkan, savob qozonish imkonini boy berib, Allohning marhamatidan uzoqlashadi. Alloh taolo barcha mo‘minlarni bunday yomon oqibatdan asrasin! Muqaddas nikoh asosida qurilgan oilamizni barchamiz uchun farog‘at va taskin maskani aylasin! 

OILAVIY MUNOSABATLARDA MASOFANI SAQLASh

 Er-xotin orasida nikoh aqdi tuzilgandan keyin er-xotinning qarindoshlari bir-birlari uchun qarindosh hisoblanadi. Ammo  xotin erning erkak qarindoshlari bilan masofani ushlab, muomala qilishi o‘ta muhim bo‘lganidek, erkak ham xotinining qarindoshlari bilan masofani saqlab muomala qilishi shart.

Kelin o‘zi tushgan xonadonning birinchi bekasi – qaynonasini qaynona deb emas, “Erimning onasi” deb hurmat qilsin. Kelin qaynonasidan hayot, ro‘zg‘or ishlarida tez-tez maslahat so‘rab turish kerak. Kelin qaynonasining oldida eriga suykalanib, erkalanmasligi kerak, Er-xotining bir-birlarini erkalashlari uchun joy yotoqxona hisoblanadi. Er-xotin qaynonani oldida  bir-biriga suykalaversa, qaynona o‘zini “kamsitilgandek” his qiladi, o‘g‘lini o‘ziga og‘dirib olgan kelinni yoqtirmay qoladi.

Kelin ovsinlari, qaynegachi-yu, qaynsingillarga ham e’tiborli bo‘lishi, hurmatini joyiga qo‘yishi kerak. Chunki qars ikki qo‘ldan chiqadi.

Kelinlarga o‘gitlarimiz, qaynota bo‘ladimi, qaynog‘a yoki qaynuka bo‘ladimi,  ularning oldida harir liboslarda yurmaslik, iforlar sepmaslik, bir joyda yolg‘iz qolmaslik harakatini qilish zarur.

Uqba ibn Omir roziyallohu anhu rivoyat qiladi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Ayollar oldiga kirishdan saqlaning!” dedilar. Shunda ansoriy bir kishi: Qayni haqida nima deysiz? deb so‘radi. Unga Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: Qayni o‘limdir, deb javob qildilar (Imom Buxoriy, Imom Muslim va Imom Termiziy).

 Payg‘ambarimiz alayhissalom mahrami bo‘lmagan ayollar yoniga borishdan qattiq qaytarganlar. Qayinlar, ya’ni erining qarindoshlari haqidagi savolga Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Qayni o‘limdir”, deb lo‘nda va keskin javob qildilar. Buning ma’nosi, Ibnul Amr “Nihoya” nomli kitobda yozganlaridek, “Ayol o‘laqolsin, aslo bunday qilmasin”, deganidir.

Erning erkak qarindoshlari kelin oldiga eri bo‘lmaganida kirsa, er-xotin munosabatlari buzilishi mumkin. Chunki er o‘zi bilan xotini o‘rtasidagi sirlaridan bironta qarindoshining ham ogoh bo‘lishini istamaydi.

Oilada erkakning o‘rni muhim. Oilada xotirjamlik bo‘lishini istagan erkak onasiga bo‘lgan mehr-muhabbati bilan xotiniga nisbatan sevgisini bir-biridan farqlay olishi kerak. Onasidan xotini to‘g‘risida eshitgan noxush gaplarni sukut saqlab eshitadi. Rost bo‘lsa,   aql va bosiqlik bilan yechimini topishga harakat qiladi.

Erkak onasidan eshitgan gaplarni xotiniga, xotinidan eshitgan gaplarni, orasida bo‘lgan o‘zaro ishlarni onasiga yetkazmaydi.

O‘z o‘rnida erkak ham qaynotani-qaynonasini hurmatini qilsin. Xotini tomonidan  ayol qarindoshlar bilan  masofani saqlab muomala qilsin. Har bir erkak va ayol mahramlarga va nomahramlarga kimlar kirishini aniqlab olishlari lozim.

Er-xotin o‘rtasida shunday qoidalar borki, ularga amal qilinsa bu oila - hamma ko‘rganda havas qiladigan oilalar qatorida bo‘ladi.

  • Ishga kuzatayotganda yoki ishga ketayotganda mehr bilan xayrlashish, ishdan qaytganda esa tabassum va sog‘inch nigohlar bilan qarshi olish;
  • Er xotiniga og‘ir ishlarda ko‘maklashishi;
  • Bir-birlariga hadyalar berib turish;
  • Er-xotin o‘zaro gaplashib o‘tirishlari uchun alohida vaqt ajratish;
  • Hech qachon ovozni balandlatmaslik, “g‘azab kelganda aql ketishi”ni hisobga olish zarur;
  • Eri g‘azablanganda xotin jim turishni yoki xotin biror narsadan jahli chiqqanda uni ham oddiy inson ekanligini, unda ham hissiyotlar borligini hisobga olib er ham murosa qilishi zarurdir;
  • Tilingiz bilan yoki hatti-harakatlaringiz bilan juftingizga bo‘lgan muhabbatingizni kuchli ekanligini izhor qilib turing;
  • Har yomonlikning boshi yolg‘on bo‘lgani bois, hech qachon yolg‘on gapirmang;
  • Oila sirlarini, ayniqsa er-xotin o‘rtasida bo‘ladigan ishlarni atrofdagilarga gapirib yurmang, bu tuzatib bo‘lmas xatoliklarga olib keladi;
  • Er-xotin bir-birlariga shirin so‘zlarni aytishi, bu oralaridagi muhabbatni yanada kuchaytirishiga olib keladi;
  • Og‘ir damlarda bir-birlariga dalda bo‘lishlari darkordir.

            Alloh taolodan har bir kuyov va kelinga mazkur tavsiya va pand-nasihatlarga amal qilib hayot kechirishlarini, ikki dunyo baxt va saodatiga musharraf  bo‘lishlarini tilab qolamiz. Kelajakda solih-soliha farzandlarni voyaga yetkazishda o‘zlarining go‘zal  hayotlarini ibrat tariqasida  kechirishlariga tilakdoshmiz. 

OILA HAQIDA HADISLAR 

Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Xotinlarning eng yaxshisi qaraganingda ko‘zingni quvontiradigan, buyurganingda itoat etadigan, yo‘qligingda iffatini hamda molingni sen uchun asragan ayoldir” (Ibn Abi Hotim).

*   *   *

Anas ibn Molik (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: «Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam) aytdilar: “Agar xotin besh vaqt namozini o‘qisa, ramazon oyi ro‘zasini tutsa, avratini saqlasa va eriga itoat qilsa, jannat eshigining xohlaganidan kiradi» (Sahihul-jome’).

*   *   *

 Muoviya ibn Hayda (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: «Men: “Ey Allohning rasuli, bizlarning zimmamizdagi xotinlarimizning haqlari nima?” desam, u zot (sollallohu alayhi va sallam): “O‘zing ovqatlanganda unga ham yedirmog‘ing, o‘zing libos kiyganingda uni ham kiyintirmoqliging va yuziga urmasliging. Alloh seni qabih etsin, deb so‘kmasliging hamda uyingdan tashqari joyda arazlashmasliging”, dedilar» (Abu Dovud).

*   *   *

Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): Mo‘minlarning imon jihatidan komilrog‘i xulqi yaxshi bo‘lganlaridir. Sizlarning yaxshilaringiz ayollar bilan yaxshi bo‘lganlaringizdir”, dedilar» (Imom Termiziy).

*   *   *

Abdulloh ibn Amr ibn Oss (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Dunyo o‘zi bir matodir. Uning eng yaxshi matosi soliha ayoldir”, dedilar» (Imom Muslim).

Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): Agar kishi xotinini to‘shagiga chaqirsa-yu, xotini kelmasa va eri undan norozi bo‘lib kechani o‘tkazsa, farishtalar tong otguncha u xotinga la’nat aytib chiqishadi”, dedilar» (Muttafaqun alayh).

*   *   *

Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): Bir dinor Alloh yo‘lida infoq qilding. Bir dinor qul ozod qilish uchun infoq qilding. Bir dinor miskinga infoq qilding. Va bir dinor o‘z ahlingga infoq qilding. Bularning ichida eng savobi ulug‘i o‘z ahlingga infoq qilganingdir”, dedilar» (Imom Muslim).

*   *   *

Sa’d ibn Abu Vaqqos (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Biror narsani infoq qilib Allohning roziligini talab qilsang, savobga erishasan. Hattoki, xotiningning og‘ziga solgan luqmangga ham savob olasan”, dedilar» (Muttafaqun alayh).

*   *   *

Abu Mas’ud al-Badriy (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Agar kishi Allohning roziligi uchun ahli ayoliga biror narsani infoq qilsa, o‘sha narsasi u uchun sadaqa bo‘ladi”, dedilar» (Muttafaqun alayh). 

 

OILA HAQIDA HIKMATLAR 

Dunyoning rohati haqiqiy do‘st, mehribon xotin, qobil farzand va salomatlikdir. Negaki, faqat shulargina kishiga xotirjamlik keltira oladi.

Suqrot

*   *   * 

Ey ayol, rashkdan ehtiyot bo‘l, rashk taloq kaliti sanaladi. Senga nasihatim shuki, eringga ta’na qilaverma, chunki ta’na nafratni keltirib chiqaradi.

Abdulloh ibn Ja’far

*   *   * 

Yaxshi xotin – jon malhami

Qobus

*   *   * 

Dili buzuq, o‘zgalarning pokdomon va iffatli qiz-juvonlariga ko‘z olaytiruvchi nopok kishilar haqiqiy razil va iflos kishilardir.

Muhammad Javhar Zamindor

*   *   *

Kim ota-onasiga yaxshilik qilsa, silai rahm rishtalarini bog‘lasa, ahli-ayoli va farzandlari bilan ham xulqini yaxshi qilsa, dinini saqlasa, molini haromdan isloh qilsa, uning ortig‘idan infoq-ehson bersa, tilini saqlasa, o‘z uyini lozim tutsa, ya’ni ishidan vaqtida kelsa, o‘sha erkaklarning komilidir.

Fuzayl ibn Iyoz

*   *   * 

Kishi ahli ayoliga ishlatish uchun qarz so‘rab, keyin uni uzishga harakat qilsa-yu, shu qarz bilan vafot etib qolsa, Alloh taolo uning da’vogarlarini rozi qiladi.

Hasan Basriy

*   *   * 

Oilaviy masalada er bilan xotin o‘rtasida totuvlik va maslahatlashib ish tutish bo‘lmasa, bunday oila azob va mashaqqat maskaniga aylanadi.

Olimat al-Banot

*   *   * 

Erkak zoti ayolga ehtiromsiz qaray boshladimi, bilingki, bu hurmatsizlikni birinchi bo‘lib ayol boshlagan.

Didro 

 

Munira ABUBAKIROVA

O‘zbekiston musulmonlari idorasi mutaxassisi

Kun hikmati

Keliniga zulm qilayotgan qaynonalar "Hargiz Alloh zolimlar qilayotgan amallardan gofil, deb hisoblama!" (Ibrohim surasi: 42) oyatini yodiga keltirsin…

Kitoblar
Eng ko`p o`qilgan maqolalar
Istixora duosi

Istixora sozi lugatda yaxshilik sorash manosini bildiradi. Shariy istilohda, bandaning namoz oqish yoki duo qilish bil…

8.112015 217253
Энг кўп ўқилган савол-жавоблар

24618
  • 19076
  • 12845
  • 15821