JAHON KENG...
1.8.2016 6274

   Keyingi yillar dunyoda nima bo‘lyapti o‘zi? Qayoqqa qaramang — urush-to‘polon, qo‘poruvchilik, bosqinu buzg‘unkorlik! Goh ketma-ket samolyot qulagan, goh shahru kentlar yong‘in girdobida, goh beomon selu ko‘chki, portlov, zilzilayu balo-battar! Bulari yetmagandek, odam bolasi bir-birining qoniga tashna, bir-birining etini yegani yegan! Boz ustiga, nomlariga til kelishmaydigan har xil dardlar, kasalliklar... Xullas, tinchlik yo‘q, xotirjamlik yo‘qolgan. Bu yoqda esa turli-tuman bashoratgo‘ylarning og‘zi tinmaydi: oxirzamon yaqin, falon kuni qiyomat-qoyim bo‘ladi, dunyoni yer yutadi, suv bosadi, quyosh portlab ketadi, osmoniy kuchlar junbush uryapti, jin ko‘zadan chiqdi, inson xudoning qahriga uchradi va hokazo.
    Chindan ham, nima bo‘lyapti o‘zi dunyoga? Nahotki, inson bu rub’i maskunda shu qadar ojiz, chorasiz, tanho? Nahotki, ertangi kunni butunlay zulmat qoplagan, ignaning uchidek ham umid shu’lasi qolmagan bo‘lsa?
   O‘zingizni bosing, janoblar! Biz bu niyatda dunyoga kelmaganmiz. Bizni xudoyim bunday qasd bilan yaratmagan. Dardini bergan davosini ham berar. «Kengga — keng dunyo» deydilar. Shoirimiz bilib aytgan: "Fe’lingizni kengroq qiling, domlajon, ko‘zingizga ko‘ringaydir keng jahon!" 
   Jahon keng. Keng jahonda g‘alvayu g‘avg‘o mo‘l bo‘lmog‘i ham tabiiy. Qolaversa, oqsoch moziy bu kabi serdolg‘a zamonlarni kam ko‘rmagandirki, donolar unga «tarixning tig‘iz pallalari» deb nom bergan. Binobarin, "Azizim, dunyoga bevaqt kelibmiz!" deya nadomat chekmoqqa shoshilmagan ma’qul. Shukr, shu kamtarin umrimizda olamjahon narsani ko‘rdik-ko‘ryapmiz, bildik-bilyapmiz. Nasib qilgani-da! Xudo bergan yetmish-sakson yillik fursat dunyodan paqqos bexabar, qora g‘aflatda, temir devorlar ichida yolg‘on-yashiqlar bilan o‘tib ketmog‘i hech gap emasdi. Darvoqe, umrimizning talay qismi shu taxlit kechdi desak ham bo‘ladi. Sun’iy yulduzlar "abadiy" porlaguvchi olis poytaxtda ahyon-ahyon bag‘oyat tarixiy ma’rakalar o‘tkazib turilardi, ahyon-ahyonda munkillab, allaqachon esi og‘ib qolgan biror «byuro a’zosi» bizni tashlab ketardi, ahyon-ahyonda gadoytopmas bir qishloqdagi nazarnogir do‘konchaning noinsof sotuvchisi sho‘rlik xaridorning haqidan besh tiyingina urib qolib, olamga fosh etilardi... Bas, qolgan bari joyida, suv quygandek jimjit edi.
   Biz bilgan dunyo shunday edi. Chunki biz dunyodan bexabar edik. Bilgan-eshitganimiz — chirib borayotgan kapitalistik jamiyatlarda inson quldek xo‘rlik bilan kun kechirardi, qorni nonga to‘ymay, har kuni ish tashlab ko‘cha-ko‘yda namoyish qilib yurardi (bunday bekor yurgandan keyin qorni qanday to‘ysin!), hammayoqda qirg‘inu quvg‘in!..
    O‘rtadagi devor quladiyu dunyo ochilib ketdi. Endi, zarur kelganda, lof bo‘lsa ham, Eski Jo‘vadagi somsapazning tandirda qo‘li kuyib qolganiyu ne sababdan bu hol ro‘y bergani yoki olis Rio-de-Janeyrodagi chala o‘lik — ko‘p yillik uyquda yotgan kampir arining g‘ing‘illashidan bir chuchkirib ko‘zini ochgani — o‘sha soatda olamga oshkor bo‘ladi.
     Bugun dunyoda sir degani qolmadi. Bu holni axborot bo‘roni, globallashuv jarayoni ham deydilar. Birovga yoqar, birovga yoqmas, zamonning hukmi shu. Albatta, bu xush-noxush xabarlar insonga bevosita bo‘lmasa, bilvosita ta’sir qilmog‘i turgan gap. Ko‘ngilda besaranjomlik qo‘zg‘aydi. Nachora, yorug‘ dunyo o‘zi besaranjom. Tinch-farog‘at dunyosi esa har bandaning oldida...
     Zamonga hech vaqo bo‘lgani ham, uni hech jin urgani ham yo‘q. Urgan bo‘lsa, o‘sha jinni ko‘zadan chiqargan — o‘zimiz, uni ichimizdagi iblisga xizmatkor qilib qo‘ygan ham o‘zimiz! Inson ana shu haqiqatni tan olib, zarur xulosalar chiqarsa... samolyot kamroq qulaydi, urush-janjallar barham topadi, tabiiy ofatlar ham pisand bo‘lmay qoladi...
     Ko‘p yil o‘lim holatida yotgan kampirning bir chuchkirib hayotga qaytgani esa, istang-istamang, xush xabar, umidbaxsh xabar, nima dedingiz?

 

2003 yil

 


Erkin A’zamning “Jannat o‘zi qaydadir” kitobidan olindi

Kun hikmati

Keliniga zulm qilayotgan qaynonalar "Hargiz Alloh zolimlar qilayotgan amallardan gofil, deb hisoblama!" (Ibrohim surasi: 42) oyatini yodiga keltirsin…

Kitoblar
Eng ko`p o`qilgan maqolalar
Istixora duosi

Istixora sozi lugatda yaxshilik sorash manosini bildiradi. Shariy istilohda, bandaning namoz oqish yoki duo qilish bil…

8.112015 217075
Энг кўп ўқилган савол-жавоблар

24598
  • 19064
  • 12832
  • 15802