Islomda yo‘l haqqi
15.11.2016 5877

   Yo‘l jamiyat a’zolarining bir-birlari bilan bog‘lanishlari, munosabat o‘rnatishlari, muntazam aloqalarni joriy etishlari vositasidir. Kishilar yo‘llar orqali uydan uyga, mahalladan mahallaga, bir yurtdan ikkinchisiga borib-kelishadi. Insonlar yo‘llar vositasida hayotlari uchun kerak bo‘lgan yuklarini tashiydilar. Ibtidoiy jamiyat davridan boshlab, hozirgacha yo‘llar ijtimoiy-iqtisodiy hayotda muhim o‘rin egallab kelgan. 
    Hayotning barcha sohasida taraqqiyot, osonlik, kulaylik uchun io‘llar o‘ta zarur omilga aylanib qoldi. Shuning uchun ham Islomda yo‘llar masalasiga o‘ziga yarasha alohida e’tibor qaratilgan. Yo‘lga va yo‘l xizmatlariga oid o‘ziga xos qonun-qoidalar, odob-axloqlar joriy qilingan. 
    Yo‘l qoidalariga qat’iy rioya qilishni nazoratga olish muhim vazifaga aylandi. Mamlakatimizda hatto maktabgacha ta’lim muassasalarida ham yo‘l xavfsizligi qoidalari o‘rgatilmoqda. 
   Islom dini yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha ham nizom va tavsiyalar bergan. Ulovga minishdan oldin uning yo‘lga tayyor ekanini tekshirish, nosoz joylarini tuzatish lozim. Ulovga belgilab qo‘yilganidan ortiq yuk ortilmaydi. Xavfsizlik choralariga to‘liq amal qilish, ya’ni, ot-ulov bo‘lsa, egarining ayilini hayvonga ozor bermagan holda mahkam bog‘lash va jilovini yaxshi tortish; avtoulovda esa xavfsizlik kamarini taqish kerak. Ulovga ma’lum masofadan keyin dam beriladi. Haydovchi ham dam olishi maqsadga muvofiq, chunki toliqib yo‘lda uxlab qolishi yoki ulovi ishdan chiqishi mumkin. 
   Yo‘l ko‘pchilikka xizmat qiladigan tarmoqlardan biridir. Undan barcha barobar foydalanadi. Yo‘lda inson ham, hayvon ham, turli naqliyot vositalari ham yuradi. Shuning uchun ham yo‘l alohida e’tiborga sazovor tarmoq hisoblanadi. Demak, bu tarmoqqa oid qoida va odoblarni o‘rganib, ularga amal qilish yuksak madaniyat, katta odob hisoblanadi. Qo‘yidagi satrlarda mazkur yo‘l va avtoulov boshqarish odoblarini e’tiboringizga takdim etamiz: 

 

- Yo‘lga yaxshi niyat bilan, kerakli duolarni o‘qib chiqish. 

    Musulmon kishi doimo yaxshi niyatli bo‘ladi. Binobarin, yo‘lga chiqqanda ham yaxshi niyat bilan chiqadi. Rivoyatlarda kelgan yo‘lga chiqish oldidan o‘qiladigan duolarda ham aynan yaxshi niyat ifoda qilingan. 
   Yo‘lning o‘ng tarafida yurib, o‘ng tarafida to‘xtash. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning barcha narsalarni o‘ng tarafdan boshlashlari ko‘p rivoyatlarda kelgan. Ulamolarimiz: “Yo‘lning o‘ng tarafidan yurish mustahab (yaxshi)dir”, deganlar. 
    Yo‘lga uni iflos qiluvchi chiqindilar, po‘choqlar, papiros qoldiqlari, turli qogozlar va shularga o‘xshash narsalarni tashlamaslik. Bir so‘z bilan aytganda, yo‘lni iflos qilmaslik. Zotan, bizning dinimiz ta’limotida poklik iymondan ekani qat’iy ta’kidlangan. 

 

- Yo‘l odoblaridan biri yordamga muhtoj yo‘lovchilarga yordam berishdir. 

    Yo‘l tasodiflarga to‘la, ba’zi yo‘lovchilar boshqalarning yordamiga muhtoj bo‘lib qolishadi. Mana shunday vaziyatlarning ustidan chiqib qolgan kishilar, agar ehtiyoji bor odamning o‘zi yordam so‘ramasa ham, yordam berishga shoshishlari kerak. 
    Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kishiga uloviga minishiga yordam berishing yoki uning ustiga anjomini olib berishing ham sadaqadir», dedilar». 

 

- Yo‘l odoblarining eng muhimlaridan biri yo‘l qoidalariga rioya qilishdir. 

    Har bir jamiyatda kishilarning o‘zaro munosabatlarini to‘g‘ri yo‘lga solish, insonlarni turli zarar va ko‘ngilsizliklardan saqlash maqsadida yo‘l qoidalari joriy qilinadi. Hozirgi paytda bular xalqaro qoidalar darajasiga yetgan. Ushbu qoidalarga amal qilish hamma uchun zarur va majburiydir. Mazkur qoidalar shariatimiz ta’limotlariga ham to‘g‘ri keladi. Demak, musulmonlar bu qoidalarga hammadan ko‘ra yaxshiroq amal qilishlari kerak. 
   Agar barchamiz ushbu yo‘l odoblariga va qoidalariga og‘ishmay amal qilsak, juda katta va savobli ishni amalga oshirgan bo‘lamiz. Hammamiz yo‘llarning moddiy va ma’naviy obodligi, pokizaligi, go‘zalligi uchun harakat qilaylik! 



- Yo‘l odoblaridan biri har tomonga alanglamay, to‘griga qarab yurishdir. 

 

      Ulug‘larimiz yo‘lda har tomonga alanglab qarashni beodoblikning qattalaridan deb bilishgan. 

 

- Yo‘l haklaridan biri yo‘lovchilar bilan salomlashishdir. 

     Xususan, salom berganlarga alik olishdir. Zotan, Islomda tanigan va tanimagan har bir kishi bilan salomlashishga katta e’tibrr berilgani hammaga ma’lum. 

 

- Yo‘l haklaridan biri adashgan yo‘lovchiga yo‘l ko‘rsatishdir. 

     Yo‘lda boradigan joyini topa olmay, yordamga muhtoj bo‘lib yurgan kishilar tez-tez uchrab turadi. Ularga yo‘l ko‘rsatib qo‘yish boshqalarning burchidir. 

 

- Avtoulov vositasini haydovchi kishi belgilangan tezlikka rioya qilishi lozim. 

     Zotan, noo‘rin shoshilish shaytondandir. Bunday holatlarda shoshilib, tezlikni oshirish ko‘pchilikka zarar yetkazishi, odamlarning asabini buzishi, Alloh ko‘rsatmasin, hatto baxtsiz hodisalarga, yo‘l falokatlariga sabab bo‘lishi ham mumkin, 

 

- Avtoulov vositasini haydovchi o‘zidan boshqalarga xalal bermasligi odobdandir. 

 

      Ba’zi haydovchilar o‘z hamkasblariga xalal beradigan ishlarni o‘ylamay-netmay kilaverishadi, bu g‘irt beodobliqdir. Boshqalarning yo‘lini to‘sish, qizil chirokda o‘tib ketish, avtoulovni beparvolik va qo‘pollik bilan boshqarish, o‘zga haydovchilarning yurishiga xalal beruvchi boshqa harakatlarni qilishdan saqlanish lozim. 

 

- Avtoulov vositasini haydovchi kishi ogoxlantiruvchi ovoz chiqaruvchi moslamani iloji boricha chalmaslikka harakat qilishi zarur. 

     Baland va kutilmagan ovoz ko‘pchilikka ozor berishi, asabini buzishi, yo‘ldan chalg‘itishini unutmaslik kerak. Bunday ovoz vositalari bilan avtoulovlarni jihozlashdan maqsad, zarurat yuzasidan ishlatish uchundir. Birovlapni bezovta qilish, cho‘chitish va norozilik uyg‘otish uchun emas. 

 

- Avtoulov vositasini haydovchi o‘z avtoulovini taqiklangan joylarda to‘xtatmasligi ham yuksak odobdir. 

     Bu ish jamoatchilik odoblarining ko‘zga ko‘ringanlaridan biridir. Zotan, to‘xtash taqiqlangan joyga avtoulovni to‘xtatish katta beodoblik, boshqalarga hurmatsizlikdir. Bu ish bilan haydovchi ko‘pchilikni behurmat qilgan va ularga noqulaylik tug‘dirgan bo‘ladi. 
   

    Shariatimiz buyurgan odoblarga rioya qilish har bir insonning vazifasidir. Shuning uchun yo‘lda DAN xodimi bizdan haydovchilik guvohnomasini, ulovning texnik ko‘riqdan o‘tgani haqidagi hujjatni, dori qutichasi bor-yo‘qligini, xavfsizlik kamarini taqishni talab qilsa yoki ulovga ko‘p yuk ortilgani haqida ogohlantirsa, buni to‘g‘ri qabul qilish lozim. Bu odob va majburiyatlarni bajarish o‘zimizning va yonimizdagi hamrohlarimizning ko‘zlangan manzilga sog‘u omon yetib olishimizni ta’minlaydi. 

 


Odiljon NARZULLAYeV, 
Yangiyo‘l tumani "Jome’" jome masjidi imom xatibi

 

Manba: www.muslim.uz 

Kun oyati

(Ey Muhammad,) oz jonlariga zulm qilgan bandalarimga ayting: Allohning rahmatidan noumid bolmangiz! Albatta, Alloh barcha gunohlarni magfirat qilur.…

Kitoblar
Eng ko`p o`qilgan maqolalar
Istixora duosi

Istixora sozi lugatda yaxshilik sorash manosini bildiradi. Shariy istilohda, bandaning namoz oqish yoki duo qilish bil…

8.112015 217242
Энг кўп ўқилган савол-жавоблар

24617
  • 19075
  • 12844
  • 15820