Farzand tarbiyasi mas’uliyati
11.10.2017 7713

Muqaddas dinimizda farzand tarbiyasiga ota-onalar mas’ul ekani, yana ham aniqroq qilib aytadigan bo‘lsak, oilani moddiy tarafdan ta’minlash ota zimmasida bo‘lganidek, farzandlar ta’lim-tarbiyasi ham asosan otaning vazifasi ekani ko‘plab hadisi shariflarda ta’kidlangan.

 

Farzand tarbiyasi haqida juda ko‘p ma’lumotlarni keltirish mumkin. Biz ushbu mo‘’jaz maqolada farzand tarbiyasiga kim mas’ul ekaniga urg‘u berib, shu xususda ba’zi mulohazalarni aytib o‘tishni lozim topdik.

 

Alloh taolo shunday degan: “Ey mo‘minlar, sizlar o‘zlaringizni va ahli-oilangizni do‘zaxdan saqlangizki, uning o‘tini odamlar va toshlardir. U (do‘zax)ning ustida qattiqdil va qattiqqo‘l, (faqat) o‘zlariga buyurilgan narsani qiladigan farishtalar turur” (Tahrim, 6).

 

Ushbu oyatda mo‘min kishi o‘zi va oila a’zolarini Allohga itoa etish, U Zot qaytargan ishlardan tiyilishga chaqirish orqali jahannam azobidan qutqarishi lozimligi ta’kidlanmoqda.

 

Zayd ibn Arqam roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam “o‘zlaringizni va ahli-oilangizni do‘zaxdan saqlanglar!” oyatini tilovat qildilar. Shunda: “Ey Rasululloh, biz oilamizni do‘zaxdan qanday qilib saqlaymiz?” deyildi. Shunda u zot: “Ularni Alloh yaxshi ko‘radigan narsaga buyurasizlar, Alloh yomon ko‘radigan narsadan qaytarasizlar”, dedilar” (Ibn Mardavayh rivoyati).

 

Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhu bu oyatni: “Oila a’zolaringizga yaxshilikni ta’lim bering, ularga odobni o‘rgating!” deb tafsir qilgan (Hokim, Bayhaqiy va Ibn Jarir rivoyati).

 

Ibn Abbos roziyallohu anhu bu oyat haqida: “Allohga itoat etinglar, U Zotga osiy bo‘lishdan saqlaninglar, ahlingizni jahannam azobidan saqlovchi Allohning zikriga o‘rgatinglar!” degan (Ibn Jarir va Ibn Munzir rivoyati).

 

عَنْ عَبْدِ اللهِ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ أَنَّ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: كُلُّكُمْ رَاعٍ فَمَسْئُولٌ عَنْ رَعِيَّتِهِ فَالأَمِيرُ الَّذِي عَلَى النَّاسِ رَاعٍ وَهُوَ مَسْئُولٌ عَنْهُمْ وَالرَّجُلُ رَاعٍ عَلَى أَهْلِ بَيْتِهِ وَهُوَ مَسْئُولٌ عَنْهُمْ وَالْمَرْأَةُ رَاعِيَةٌ عَلَى بَيْتِ بَعْلِهَا وَوَلَدِهِ وَهِيَ مَسْئُولَةٌ عَنْهُمْ وَالْعَبْدُ رَاعٍ عَلَى مَالِ سَيِّدِهِ وَهُوَ مَسْئُولٌ عَنْهُ أَلاَ فَكُلُّكُمْ رَاعٍ وَكُلُّكُمْ مَسْئُولٌ عَنْ رَعِيَّتِهِ. رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ وَمُسْلِمٌ وَأَبُو دَاوَدُ وَالتِّرْمِذِيُّ وَأَحْمَدُ وَابْنُ حِبَّانَ.

 

Abdulloh (ibn Umar) roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam shunday deganlar: “Har biringiz rahbardirsiz. Har biringiz qo‘l ostingizdagilar haqida so‘ralasizlar. Odamlarga amir bo‘lgan odam rahbardir, ular haqida so‘raladi. Kishi o‘z oilasiga rahbardir, ular haqida so‘raladi. Xotin erining uyi va bolalariga rahbardir, ular haqida so‘raladi. Qul xojasi moliga rahbardir, o‘sha haqida so‘raladi. Ogoh bo‘linglar, har biringiz rahbarsizlar, qo‘l ostingizdagilar haqida so‘ralasizlar!” (Buxoriy, Muslim, Abu Dovud, Termiziy, Ibn Moja, Ibn Hibbon rivoyat qilgan).

 

Ushbu rivoyatda har bir banda, kim bo‘lishidan qat’i nazar, o‘z qo‘l ostidagilarga rahbar ekani, ularning rioyasi va himoyasi bo‘yicha mas’ul ekani, adolat bilan ish tutishi lozimligi ma’lum qilinmoqda.

 

Rivoyatda ayol erining uyini chiroyli tadbir bilan himoya qilishi, molini omonat bilan saqlashi va farzandlariga qarashda mas’ul ekaniga ham urg‘u berilmoqda. Bundan kelib chiqadi, farzand tarbiyasi faqat erkakning zimmasida emas, balki ayol bu borada eriga yaqindan ko‘maklashadi.

 

عَنْ أَنَسِ بْنِ مَالِكٍ يُحَدِّثُ عَنْ رَسُولِ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: أَكْرِمُوا أَوْلاَدَكُمْ وَأَحْسِنُوا أَدَبَهُمْ. رَوَاهُ ابْنُ مَاجَهْ وَسَنَدُهُ ضَعِيفٌ.

 

Anas ibn Molik roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan rivoyat qiladi: “Sizlar farzandlaringizni hurmat qilinglar va ularning odobini go‘zal qilinglar!” (Ibn Moja rivoyati. Rivoyat sanadi zaif).

 

Ushbu hadisga ko‘ra, ota farzandlariga chiroyli muomalada bo‘lishi, ularni izzat-ikrom qilishi kerak. Ammo bunda me’yorni bilish lozim. Aks holda otaning tantiligi, yeb-ichish va libos bobida haddan tashqari xotamtoylik qilishi bolalar tarbiyasiga salbiy ta’sir o‘tkazishi mumkin. Shu sabab bo‘lsa kerak, hadisning davomida bolalar odobini chiroyli qilishga chaqirilmoqda.

 

Farzand tarbiyasiga asosan ota javobgar ekan, biz bu narsaga qanday qaramoqdamiz? Dinimiz bizga buyurgan vazifalarni to‘liq his qilib, o‘z zimmamizdagi majburiyatlarni bajara olyapmizmi yoki bu ishlarda kamchilikka yo‘l qo‘yilmoqdami?

 

Shukrki, ko‘p otalar shariat ko‘rsatmalariga amal qilib, farzand tarbiyasiga o‘zlari bosh-qosh bo‘lib turadilar. Buning natijasi o‘laroq farzandlari salohiyati va odobli bo‘lib voyaga yetadi. Ammo kishilar orasida bu vazifaga panja ortidan qarab, farzand tarbiyasini ayoli yoki maktabdagi ustozlarga tashlab qo‘yadiganlar ham yo‘q emas. To‘g‘ri, oilada ona ham farzandlar tarbiyasiga ko‘mak beradi, ustozlar ham maktabda o‘z o‘quvchilariga ta’lim berish barobarida odob-axloqni o‘rgatadilar. Ammo baribir bolalar tarbiyasi uchun javobgar ota ekanini unumasligimiz kerak. Sababi oxiratda aynan ota so‘raladi bu xususda.

 

Yana bir kamchiligimiz shuki, ba’zi oilalarda farzand tarbiyasi to‘lig‘icha televizor yoki telefon apparatlariga topshirib qo‘yilgan. Ularning farzandlarini o‘zlari emas, balki o‘sha texnik jihozlar “tarbiyalaydi”. Ammo unutmaslik kerak, televizor kun bo‘yi ma’naviy-ma’rifiy ko‘rsatuvlar bergani bilan bola tarbiyasida ota-onaning o‘rnini hech kim va hech narsa bosolmaydi! Vaholanki, “jim o‘tirsin”, deb bolalarini televizor ixtiyoriga to‘liq topshirib qo‘yayotgan ota-onalar zangori ekranda bolalar uchun umuman to‘g‘ri kelmaydigan narsalar berilishini yaxshi biladilar. Shuni bilib turib ham sof tabiatli farzandlarining odobi buzulishi, xulqi yomonlashishiga sababchi bo‘lib qoladilar...

 

Shunday ekan, mas’uliyatli vazifa bo‘lgan farzand tarbiyasiga panja ortidan qarab bo‘lmaydi. Bunga haqqimiz ham yo‘q. Sababi bu ikkinchi yoki uchinchi darajadagi ish emas. Balki naslimiz davomchisi bo‘lgan farzandlarimiz ta’lim-tarbiyasi bizning asosiy vazifalarimizdan biridir. Bu vazifa bizga Alloh va Rasuli tarafidan yuklangan. Shuni yoddan chiqarmaslik lozim.

 

Odilxon qori Yunusxon o‘g‘li

Kun hadisi

Oziga aloqasi bolmagan narsalar bilan shugullanmaslik kishining Islomi gozalligidan darakdir (Imom Termiziy rivoyati, hasan hadis). Izoh: Ushbu hadis…

Kitoblar
Eng ko`p o`qilgan maqolalar
Istixora duosi

Istixora sozi lugatda yaxshilik sorash manosini bildiradi. Shariy istilohda, bandaning namoz oqish yoki duo qilish bil…

8.112015 217490
Энг кўп ўқилган савол-жавоблар

24634
  • 19094
  • 12852
  • 15833