Eng mustahkam, ammo eng zaif to‘r
17.5.2017 4176

Alloh taolo Qur’oni karimda bandalarni to‘g‘ri yo‘lga solib qo‘yish uchun turli misollar keltirgan. Biz ana o‘sha misollarni o‘qir ekanmiz, fikr yuritmog‘imiz, aqlimizni ishga solmog‘imiz, bu kabi misollarga ibrat ko‘zi bilan boqmog‘imiz zarur ekan. Bunday misollardan bir qismida maxluqotlardagi g‘aroyib holatlar diqqatimizni tortadi. O‘rgimchak uylari ham shunday misollardan biridir.

Qur’oni karimdagi bir suraning nomi “Ankabut – urg‘ochi o‘rgimchak” deb nomlangan. Ushbu suraning 41-oyatida Robbimiz bunday amr qilgan: “Allohni qo‘yib, o‘zga do‘st tutganlarning misoli o‘ziga uy tutgan o‘rgimchakka o‘xshaydir. Holbuki, eng zaif uy o‘rgimchakning uyasidir. Koshki bilsalar edi”.

 Bu oyatda arablar qadimdan qiyoslash aytib yuradigan bir iboraga ishorat qilingan. Arablar bir narsaning  zaifligini anglatmoqchi bo‘lsa o‘rgimchak to‘rini misol keltirar ekan. O‘rgimchak to‘ri mayda hasharotlarni ovlamoq borasida ishonchli bo‘lsa-da, insonning quvvatiga qaraganda juda ham nochor. O‘rgimchak bu to‘rni o‘ziga uy qilgan bo‘lsa-da, aslida u himoyalovchi boshpana nuqtai nazaridan mutlaqo yaroqsiz. Aksincha, bu to‘rlar ovlar uchun juda ham tahlikali.  

Allohdan boshqasiga sig‘ingan, undan manfaat kutgan yoki xatardan qo‘riqlar deya do‘st tutganlar o‘rgimchakning uyiga sig‘ingan nodon pashshalarga o‘xshaydi. Holbuki, o‘rgimchak uyasi hatto o‘ziga sig‘inadigan joy bo‘la olmaydi, boshqasiga qanday qilib boshpana bo‘lsin.

O‘rgimchakning uyasi faqat tutqunlik va ajal makonidir. O‘rgimchak to‘riga tushgan ovlarni hasharotlarni tutib oladi yoki to‘rning iplarni tortadi. Bechora ov chirpina-chirpina bor kuchini yo‘qotadi. Chunki o‘rgimchak to‘ri pishiq to‘qilgani bois uzilib ketmaydi. Shu vaqtda uy sohibasi o‘rgimchak ovga yaqinlashadi. Qisqichlaridan zahar chiqarib uni shol qilib qo‘yadi. So‘ngra ovning ichki organlarini eritishga kirishadi. Qisqa zamonda ovning ichki organlari erib  suyuq holiga keladi. O‘rgimchak emuvchi me’dasini shishirib suyuqlikni emib oladi. Ov qisqa zamonda ichi bo‘sh qobiqqa aylanib qoladi. O‘rgimchak to‘rlari ana shu bo‘sh qobiqlar sababli hasharotlar mozoriga o‘xshab ko‘rinadi.

Faqat to‘rga tushganlar pashsha va qo‘ng‘izlar emas, erkak o‘rgimchaklar ham bu yerdan omon chiqa olmaydi. O‘rgimchak to‘rlarini har doim urg‘ochilari to‘qiydi va vazifasini bajargan erkak o‘rgimchakni yeydi. Shuning uchun ham sura “Urg‘ochi o‘rgimchak” deb atalgan.

Urg‘ochi o‘rgimchakning o‘zi ham tuxumlagandan so‘ng o‘ladi. Ya’ni bu uya unga ham yor bo‘lmaydi. Hatto o‘rgimchakning tuxumdan vaqtliroq chiqqan bolalari hali chiqishga ulgurmaganlarini yeb qo‘yadi. Qisqasi, bu uya har bir jon uchun halokat va falokat joyidir.

Ana shu misol vositasida mushriklarga madad kutayotgan butlari va sanamlari o‘rgimchak to‘riga o‘xshagan halok etuvchi bir tuzoq ekani bildirilgan. Suraning bosh qismida Od va Samud kabi mushrik qavmlarning halok etilgani anglatilgan. So‘ngra Allohdan boshqadan umid qilib, manfaat kutgan har narsaning aslida ishonchli boshpana emas, tuzoq ekaniga ishorat etilgan.

Odam o‘g‘li ishongan butlar faqat haykal suratidagi soxta ma’budlar emas. Ko‘plab insonlar butga sig‘inmasa-da dunyo manfaatlarini ko‘ziga butlashtirib olgan. Holbuki, dunyo foniy: bir bozorlik, bir mozorlik kabidir; u o‘ziga ko‘ngil qo‘ygan hech kimsaga vafo qilmaydi. Xuddi o‘rgimchak to‘ridagi kabi har kishi terisi ichidagi hamma narsasidan ayriladi.

Inson zoti dunyoga boqarkan turli ne’matlar ko‘radi va ularning jilvasiga aldanib qoladi. Vaholanki, bu manzara chalg‘ituvchi bir aks kabidir.

O‘rgimchak turining ham shunday xususiyati bor. Tadqiqotlar natijalari o‘rgimchak to‘rining xuddi oyna kabi ultrabinafsha nur taratishi va shu yo‘l bilan mayda hasharotlarni aldab o‘ziga tortishini ko‘rsatmoqda.

Alloh taolo gullarga ultrabinafsha nur taratish xususiyatini bergan. Gullar shu xususiyati bilan ari, pashsha va qo‘ng‘izlarni o‘ziga jalb etadi. Chunki bu qurtlar inson ko‘zi ko‘rmagan nurni ko‘radi va asal olmoq uchun ularga yaqinlashadi. Gullar ham ular vositasida changlarini boshqa gullarga uzatadi.

O‘rgimchak to‘rlari ham ultrabinafsha nurlari taratishda gullarning ana shu xususiyatiga taqlid etadi. Shuning uchun kichik qurtlar gulga boryapman deb xayol qiladi va o‘rgimchak to‘riga tushadi. Nihoyatda ochofat jonivor bo‘lgan o‘rgimchaklar shu yo‘l bilan bir yilda milliardlarcha hasharotlarni tuzoqqa tushirib yeydi.

Butparastlarning ilohlaridan kutgan manfaatlari ham pashshalarning o‘rgimchak to‘rini gul deb o‘ylagani kabi ayanchli bir aldanishdir. Soxta va yolg‘on dinlar, mafkuralar, dunyoviy manfaatlar va’da qilib insonlarni tuzog‘iga tushirmoqda. Bu yo‘lning natijasi esa muqarrar halokatdir.

Bu gaplar o‘rgimchakning butkul yomon ekanini anglatmaydi, albatta. Ular o‘z zimmasiga Alloh yuklagan vazifani bajarmoqda, xolos. Hech bir maxluqni sababsiz va foydasiz yaratmagan buyuk Robbimiz o‘rgimchaklarga ham ekologik jihatdan ahamiyatli vazifa yuklagan.

O‘rgimchaklar shu qadar ko‘p hasharot o‘ldiradiki, agar ular bo‘lmaganida ekinlarimiz hasharotlarga talosh bo‘lar, dunyo yashab bo‘lmas holga kelar edi. Taxminlarga ko‘ra, o‘rgimchaklar o‘ldirgan hasharotlarning jami og‘irligi dunyodagi butun insonlarning og‘irligidan ko‘p ekan. Bu taxmin qanchalik to‘g‘ri bo‘lgan taqdirda ham ularning inson zotining hayot kechirishi borasidagi xizmati katta ekani haq gap.

Damin JUMAQUL,

jurnalist

Manbahttp:muslim.uz

Kun hikmati

Keliniga zulm qilayotgan qaynonalar "Hargiz Alloh zolimlar qilayotgan amallardan gofil, deb hisoblama!" (Ibrohim surasi: 42) oyatini yodiga keltirsin…

Kitoblar
Eng ko`p o`qilgan maqolalar
Istixora duosi

Istixora sozi lugatda yaxshilik sorash manosini bildiradi. Shariy istilohda, bandaning namoz oqish yoki duo qilish bil…

8.112015 217266
Энг кўп ўқилган савол-жавоблар

24620
  • 19078
  • 12847
  • 15823