Bolangizni asrang!
12.10.2016 6110

    Alloh taolo insonlarni bir - biriga mas’ul qilib yaratgan. Ota-ona farzandiga, ustoz shogirdiga, erkak kishi ahliga, mahalladagilar qo‘ni - qo‘shnilarga mas’ul, javobgardir. Shu bois, inson o‘ziga nimaniki ravo ko‘rsa, o‘shani boshqalarga ham ilinishi, yomon ko‘rgan narsalaridan o‘zgalarni ham ogohlantirishi lozim. Bu borada Qur’oni karimda quyidagicha aytilgan:

 

يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا قُوا أَنْفُسَكُمْ وَأَهْلِيكُمْ نَارًا وَقُودُهَا النَّاسُ وَالْحِجَارَةُ عَلَيْهَا مَلَائِكَةٌ غِلَاظٌ شِدَادٌ لَا يَعْصُونَ اللَّهَ مَا أَمَرَهُمْ وَيَفْعَلُونَ مَا يُؤْمَرُونَ

 


     “Ey iymon keltirganlar! O‘zlaringizni va oila a’zolaringizni yoqilg‘isi odamlar va toshlar bo‘lmish do‘zaxdan saqlangiz, unda dag‘al va qattiqqo‘l, Alloh buyurgan narsaga itoatsizlik qilmaydigan, faqat buyurilgan ishni qiladigan farishtalar (xizmat qilurlar)” (Tahrim, 6).
    Bu oyati karimada Alloh taolo mo‘min-musulmon bandalarini, o‘zlarini va ahli ayollarini oxirat otashidan saqlashga buyurmoqda. Ahli ayolini, farzandlarini dindor qilib tarbiyalash oila boshlig‘ining Alloh taoloning oldidagi burchi ekanligiga ushbu oyati karima yorqin dalildir. Ushbu oyat nozil bo‘lgan vaqtda hazrati Umar (raziyallohu anhu) Payg‘ambarimiz (alayhissalom)dan: “Ya Rasululloh, o‘zimizni do‘zaxdan saqlaymiz, bu tushunarli. Ammo ahli oila va farzandlarimizni qanday saqlay olamiz?”, - deb so‘radi. Shunda Rasululloh: “Alloh sizni qaytargan narsalardan ularni ham qaytarasiz va ularni ham Alloh sizga buyurgan ishlarga undaysiz. Shu yo‘l bilan ularni do‘zaxdan saqlagan bo‘lasiz”, - deb javob berganlar.
    Hazrati Ali (karamullohi vajhahu): “O‘zingizga va ahlingizga yaxshilikni ta’lim beringlar va ularni odobli qilinglar” deb aytganlar. Mazkur oyatning sharhida inson ahli va farzandlarini ham doimo e’tiborda tutishi, faqat moddiy ta’minot bilan cheklanib qolmasdan, ularning imon-e’tiqodi ham mustahkam bo‘lishiga harakat qilishi lozim, deb alohida ta’kidlanadi. 

    Hadisi sharifda Payg‘ambarimiz alayhissalom: “Ey ahlim, namoz o‘qing, ro‘za tuting, zakot bering, miskinlarga, yetimlarga, qo‘shnilarga yaxshilik qiling, shoyad, Alloh sizlarni jannatda birga qilsa, degan odamga Allohning rahmati bo‘lsin” deganlar.
    Husayn Voiz Koshifiy “Axloqi muhsiniyn” asarida farzandlar tabiyasida muhim bo‘lgan islomiy qadriyatlarni bayon qilgan: “Farzand Haq taoloning omonatidir. Ota-onadan mahshar vaqtida bu omonat haqi talab qilinadi. Bu omonat go‘yoki oyna – butun borliq ko‘zgusi, avvalidir. Haqiqat javohiri uni nimaga xohlasa, o‘shanga moyil qilishi mumkin. Demak, zarurat bo‘yicha farzandni to‘g‘ri tarbiya qilish kerak, toki yoqimli sifatlarga ega bo‘lsin. Avvalo, unga chiroyli nom berish kerak. Agar farzand nomi munosib bo‘lmasa, ma’lum muddat yashagandan so‘ng unda o‘z ismiga nisbatan nafrat paydo bo‘ladi. Yana mo‘tadil tabiatli, xushmuomala va pokiza ko‘rinishli bo‘lsin”.
    Ma’naviy tarbiya orqali yoshlarda yaxshi axloq, shijoat, rahmdillik va mehnatsevarlik sifatlari shakllanadi. Islom dinida ham farzandning ma’naviy tarbiyasiga alohida e’tibor qaratiladi. Chunki bola nozik bir nihol kabidir, qay tomonga egsa, shunga moyil bo‘lib o‘sadi. Payg‘ambarimiz alayhissalom: “Har bir farzand fitratda dunyoga keladi”- deganlar. Demak har bir farzand sof fitratda ya’ni islomiy tabiatda tug‘iladi, Faqat uning ota-onasi qaysi e’tiqodda bo‘lsa, shunga moyil bo‘ladi. Uning tarbiyasi ham aynan ota-onanig zimmasidadir. Tarbiya to‘g‘risida mashhur o‘zbek adibi Fitrat quyidagi fikrlarni bildiradi: “Odamni tarbiya qilish uni jismonan, fikran va xulqan kamolga yetkazib, saodatga erishishiga qobil etishdan iboratdir”.
      Bundan tashqari Tarbiya uch qismdan iborat ekanligini, ular:

 

• badan tarbiyasi

 

• aqliy tarbiya

 

• axloq tarbiyasidan iborat ekanligini ham Fitrat ta’kidlab o‘tgan.

 

     Abdulla Avloniy ta’lim va tarbiya oarsidagi farqni ajratib, tushuntirib shunday degan: “Dars ila tarbiya orasida bir oz farq bor bo‘lsa ham, ikkisi bir-biridan ayrilmaydurgan, birining vujudi biriga aylangan jon ila tan kabidir” degan. Bundan tashqari qay holatlarda tarbiya qilishni ham Abdulla Avloniy o‘rgatib shunday degan: “Oqil va diyonatlik kishilarga yolg‘on so‘zlardan tillarini saqlamak ila barobar, avlodlarini yolg‘onga odat qildurmasdan tarbiya qilmaklari eng muqaddas vazifayi insoniyalaridur”, degan. Yoshlarning mustahkam imon-e’tiqodda bo‘lishi, ularning zamon sinovlaridan o‘tishda suyanch va tayanch bo‘ladi.
    Hozirga axborot va texnologiya asrida yoshlarni tarbiyasi yanada muhim bo‘lib bormoqda. Yoshlar har qadamda e’tiqodi, ong shu’uriga zid ma’lumotlar, hodisalarga guvoh bo‘lmoqdalarki, buni mas’ul shaxslar – ota-ona, ustoz hamda mahalla ko‘y nazorat qilishlari darkor. Bu “mumkin”, bu “mumkin emas” deb emas, buning foydasi va zararini aniq ko‘rsatib, to‘g‘ri maslahatlar berishlari yoshlarni ko‘r-ko‘rona yot g‘oyalarga ergashib ketishdan saqlaydi. Shuningdek, axborot xurujidan himoyalanish uchun yoshlarda mustaqil fikr bo‘lishi, aqlini himoya qilishi, turli yot va bemaza axborot xurujlariga berilmasligi, sog‘lom e’tiqod, imon, insof va diyonatga ega bo‘lishi, yovuz niyatli kimsalarning asl niyatlarini, sa’y-harakatlarining oxir-oqibati nima bilan tugashini ochiq-oydin anglashi kerak. Demak, yoshlarni yot g‘oya va axborot xurujidan saqlash avvalo kattalardan talab qilinsa, keyingi navbatda yoshlarning o‘zini ma’rifatli, teran fikrlovchi bo‘lishi maqsadga muvofiq bo‘ladi.

 

Xadichai Kubro ayol-qizlar bilim yurti 2 kurs talabasi Azizova Zilola

Kun hikmati

Keliniga zulm qilayotgan qaynonalar "Hargiz Alloh zolimlar qilayotgan amallardan gofil, deb hisoblama!" (Ibrohim surasi: 42) oyatini yodiga keltirsin…

Kitoblar
Eng ko`p o`qilgan maqolalar
Istixora duosi

Istixora sozi lugatda yaxshilik sorash manosini bildiradi. Shariy istilohda, bandaning namoz oqish yoki duo qilish bil…

8.112015 217358
Энг кўп ўқилган савол-жавоблар

24629
  • 19086
  • 12851
  • 15830