Arsh soyasi egalari
13.6.2016 10721

   Qiyomat odamlar jam bo‘ladigan, hisob-kitob qilinadigan, haq va botil ajraladigan hamda gunoh-savoblarga mukofot yoki jazo bo‘ladigan Ulug‘ Kundir. U kunda issiqning shiddati, hisob-kitob natijasining qo‘rqinchi insonlarni o‘rab oladi. Ana shunday qo‘rqinli lahzalarda Alloh taolo bir necha toifa insonlarni O‘z Arshi soyasi bilan soyalantiradi, U Kun dahshatlaridan omonda qiladi. Bu haqida hadisi sharif vorid bo‘lib, Nabiy sollallohu alayhi vasallam aytadilar: «Alloh taolo yetti kishini O‘z soyasidan boshqa soya yo‘q Kunda soyasiga olur: odil imom, o‘z Robbisi ibodatida o‘sgan yosh, qalbi masjidlarga bog‘liq kishi, Alloh yo‘lida bir-birini yaxshi ko‘rib, Alloh uchun jam bo‘lib, Alloh uchun ajrashadigan ikki kishi, mansab va husn-jamol egasi bo‘lgan ayol o‘ziga chaqirganda "Men Allohdan qo‘rqaman" degan odam, sadaqani maxfiy qilib, hatto o‘ng qo‘li qilgan sadaqani chap qo‘li bilmay qolgan odam va xoli qolib, Allohni eslaganda ko‘zidan yosh oqqan odam", dedilar". Beshovlaridan faqat Abu Dovud rivoyat qilmagan.
     

Sharh: Allohning soyasidan o‘zga soya yo‘q Kun – Qiyomat kunidir.

 

1. "Odil imom". Namozda imom bo‘ladigan kishi imom deb atalishi hammaga ma’lum. Shar’iy istelohda namozning imomligi «kichik imomlik" deyiladi. Bundan tashqari davlati boshliqlariga ham "katta imomlik" deb yuritilgan.
   O‘z navbatida Islom dinida imomning ham, hokimning ham adolatli bo‘lishi talab qilinadi. Ayniqsa rahbarlar har bir ishda adolatli bo‘lishga targ‘ib etiladilar.
    Ushbu hadis ham ana shu targ‘iblardan bir namunadir. Unda adolat bilan hukm yuritgan musulmon hukmdor Qiyomat kuni, Allohning soyasidan boshqa soya bo‘lmagan paytda Alloh O‘z soyasiga oladigan baxtiyor kishilardan bo‘lishi ta’kidlanmoqda. Bu davlat boshlig‘idan tashqari, har bir musulmon jamoaga boshliq bo‘lgan shaxsga ham tegishlidir. Kishilar hayotida rahbarning tutgan o‘rni muhim ekanligi uchun ham odil imom yetti toifa ichida birinchi bo‘lib zikr qilinmoqda.
     Hukmdor odil bo‘lsa, tabiiyki, jamiyatda zolimlar, jinoyatchilar, yomonlarga o‘rin qolmaydi.jamoat imomi odil, din ishlariga samimiy va ixlosli bo‘lsa, jamiyatda tinchlik, omonlik, yaxshilik hukm suradi.

2. "O‘z Robbisi ibodatida o‘sgan yosh". Insonning yoshligida qilgan toat-ibodati alohida tahsinga sazovordir. Qarib, hech narsaga yaramay qolganida noiloj o‘zini ibodatga urish bir boshqa, yoshlik g‘ururini yengib, turli orzu-havas va shahvatlarni, havoyi nafsni yengib, toat-ibodatni mukammal qilish - haqiqiy qahramonlik, katta jasoratdir. Asl taqvodor, asl parhezkor kishi yoshlikdan halol va toat-ibodat ila o‘sgan odamdir. Yoshligida nafs ko‘yiga kirib, turli noma’qul ishlardan tiyilmagan, halol-haromning farqiga bormay, qarib, kuchi ketib, Oxirati yaqinlashganda ibodatga berilish - yamoq tushgan chopon misolidir. Shuning uchun ham Islomda yoshlikdan toat-ibodat bilan ulg‘ayishga katta ahamiyat beriladi, bolalarni balog‘atga yetmay turib, ibodatga o‘rgatishga, chiroyli xulq sohibi bo‘lishga targ‘ib qilinadi. Ushbu hadisi sharifda yoshligidan Allohning ibodati ila voyaga yetgan kishilarga qiyomat kuni Allohning soyasidan joy va’da qilinishi ham bejiz emas. Demak, Qiyomat kuni – Allohning soyasidan boshqa soya yo‘q kuni Alloh taoloning soyasidan joy olishni xohlaganlar yoshlik chog‘laridanoq Allohning ibodatini kanda qilmay yurishlari, ayniqsa o‘spirinlik paytida ko‘p uchraydigan nafs vasvasasidan tiyilishlari lozim hisoblanadi.

 

3. "Qalbi masjidga bog‘liq kishi". Insonlarning qalbi masjidlarga bog‘liq bo‘lishi qanchalar fazilatli ekanligi bayon qilinmoqda. Ya’ni ko‘ngilning masjidlarga bog‘liq bo‘lishi aslida unda masjidlarga bo‘lgan muhabbatning kuchliligidandir. Bunday odam hech qachon masjiddan qolmaydi, hayotini, ibodatini masjidlarsiz tasavvur qila olmaydi. Bir marta masjidga borib, namozini o‘qib chiqqanidan keyin yanagi namozga intizor bo‘lib turadi.
     Bunday odam katta sharafga ega bo‘ladi. Qiyomat kuni – Allohning soyasidan boshqa soya qolmagan Kunda Alloh taoloning soyasidan panoh topish baxtiga muyassar bo‘ladi. Ana shunday baxtga erishish uchun qalb masjidlarga bog‘lansa, bas! Doimo jamoat namozlariga qatnab turilsa, bas! Ushbu hadisi sharifga binoan, Alloh taolo unday kishini Qiyomat kuni albatta O‘z soyasiga oladi.

 

4. "Alloh yo‘lida bir-biriga muhabbat qo‘yib, Alloh uchun jam bo‘lib, Alloh uchun ajrashadigan ikki kishi". Dunyoda kishilar turli narsalar, maqsadlar yuzasidan o‘zaro muhabbat, do‘stlik-birodarlik rishtalarini bog‘laydilar. Kimlardir shaxsiy manfaat yuzasidan, kimlardir ish, martaba orzusidan, mol-dunyo yuzasidan do‘stlashadilar. Ammo Islomda haqiqiy do‘stlik, o‘zaro muhabbat Alloh uchun bo‘ladi. Musulmon kishi o‘z birodariga Alloh uchun muhabbat qo‘yadi. Alloh roziligini istab, unga ko‘mak beradi, yaxshilik sog‘inadi, birodar tutinadi. Musulmon kishi o‘z birodarini Alloh uchun sevadi, Alloh uchun hurmat qiladi, Alloh uchun qadrlaydi. U bilan bo‘ladigan har bir ish Alloh uchun bo‘ladi. U o‘z birodari bilan Alloh uchun jam bo‘lib, Alloh uchun ajrashadi. Agar ikki musulmon ana shu holatda bir-biriga muhabbat qilsa, bu muhabbatlari ularni oxiratda ulkan baxtga erishtiradi. Qiyomat kuni ularning har ikkisi ham Alloh taolo soyasida panoh topishga muyassar bo‘ladilar. Xabarlarda kelishicha, ikki do‘stning bir-biriga muhabbatida kimniki ko‘proq bo‘lsa, o‘sha muhabbati ko‘prog‘ining darajasi ham balandroq bo‘ladi. Shuning uchun ham musulmonlar o‘zaro Alloh uchun muhabbat qilishga odatlanishi, bir-biri bilan Alloh uchun jam bo‘lib, Alloh uchun ajrashishi, yaxshi-yomon kunda ham kamarbasta turishi darkor.

 

5. "Mansab va husn-jamol egasi bo‘lgan ayol o‘ziga chaqirganida "Men Allohdan qo‘rqaman", degan odam". Alloh taolodan qo‘rqib, o‘z shahvatidan kechish ulkan fazilatdir. Gunoh ishdan qo‘rqib, o‘zini chetga olish, oxirat azobidan cho‘chib, o‘zining oniy lazzatidan kechish mo‘minlik sifatlaridandir. Alloh taolo bunday bandani munosib taqdirlaydi. Mansab va husn-jamol egasi bo‘lgan ayol o‘zi chaqirib turganida, faqat Alloh taolodan qo‘rqib, uni rad etish ulkan qahramonlikdir. Alloh taolo avvalo mazkur qahramonlikni qilgan odamni qiyomat kuni O‘z soyasiga oladi. Qolaversa, O‘zi uchun kechilgan oniy lazzatni jannatdagi abadiy halol lazzat bilan almashtiradi. Bu haqida Naziat surasi, 40-41 oyatlarida bunday keltirilgan:

 

وَأَمَّا مَنْ خَافَ مَقَامَ رَبِّهِ وَنَهَى النَّفْسَ عَنِ الْهَوَى

 

     Ammo, kimki Parvardigorining (huzurida) turishi (va hisobot berishi)dan qo‘rqqan va nafsini havolanishdan qaytargan bo‘lsa,

 

فَإِنَّ الْجَنَّةَ هِيَ الْمَأْوَى

 

bas, faqat jannatgina (unga) makon bo‘lur.

 

     Biz, musulmonlar bunday mardlikka hamisha tayyor turishimiz, yoshlarimizni ham shu ruhda tarbiyalashimiz lozim.

 

6. "Sadaqani maxfiy qilib, hatto o‘ng qo‘li qilgan sadaqani chap qo‘li bilmay qolgan odam". Islomda xayr-sadaqa qilishga, shu yo‘l bilan beva-bechora, yetim-yesirlarga iqtisodiy yordam berishga qattiq targ‘ib qilinadi. Shu bilan birga, sadaqaning maxfiy bo‘lishi marg‘ub sanaladi. Ana o‘shanda sadaqa riyodan xoli bo‘ladi. Eng muhimi, sadaqani olayotgan kishi xijolat bo‘lmaydi, sadaqa Alloh taoloning roziligi uchungina bo‘ladi. Hadisi sharifda bu ma’no ajoyib uslubda bayon qilinmoqda – sadaqani maxfiy qilgan kishi "o‘ng qo‘li qilgan sadaqani chap qo‘li bilmay qolgan odam" deb vasf qilinmoqda. Bu esa sadaqa qanchalik maxfiy bo‘lsa, shunchalik yaxshi ekanligiga dalolatdir.
    Avvalgi paytlarda musulmonlar shunday qilganlar. Miskinlar, kambag‘allar, beva-bechoralar o‘zlariga qilingan xayr-sadaqadan xursand bo‘lib, Allohga shukr aytganlar, "Alloh sadaqa berganlarning ajrini bersin", deb duo qilganlar. Chunki sadaqa qilgan odam kimligini bila olmas edilar.
     Biz ham shunday bo‘lishga harakat qilishimiz lozim. Xayr-sadaqa Allohning roziligi uchun bo‘lganidan keyin, u har qancha maxfiy qilinsa ham Alloh bilib olaveradi. Ushbu hadisi sharifdan ma’lum bo‘ladiki, Alloh taolo sadaqaning maxfiysini yaxshi ko‘radi. Maxfiy sadaqaning mukofoti ham ulkan bo‘ladi – Qiyomat kuni Alloh taoloning soyasidan panoh topiladi. Ana shu baxtga muyassar bo‘lishni istagan kishi sadaqani o‘ta maxfiy qilishga intilsin. Bu maxfiylik o‘ng qo‘li qilgan sadaqani chap qo‘li bilmay qoladigan darajada bo‘lsa, yana ham yaxshi.

 

7. "Allohni xoli qolib eslaganida ko‘zidan yosh oqqan odam". Bu yerda taqvodorlik riyokorlikdan xoli bo‘lishi haqida so‘z bormoqda. Kishilarning ko‘ziga taqvodor bo‘lib ko‘rinish juda ham oson. Ko‘pchilik oldida Allohni eslab, ko‘zidan duv-duv yosh to‘kadiganlar oz emas. Lekin haqiqiy taqvodor yolg‘iz o‘zi qolganda Allohdan qo‘rqib, ko‘zidan yosh to‘kadigan odamdir. Ana shunday darajaga yetgan odamgina haqiqiy taqvodor hisoblanadi. Ana shunday darajaga yetgan odamgina Qiyomat kuni Alloh taoloning soyasidan panoh topish baxtiga muyassar bo‘ladi. Alloh taolo bizlarni ham o‘shanday bandalar qatorida qilsin va hadisi sharifda zikr etilgan sifatlarga sohib bo‘lishimizni nasib aylasin.

 

“Hadis va Hayot” kitobi asosida N.Saidakbarova tayyorladi

Kun hadisi

Oziga aloqasi bolmagan narsalar bilan shugullanmaslik kishining Islomi gozalligidan darakdir (Imom Termiziy rivoyati, hasan hadis). Izoh: Ushbu hadis…

Kitoblar
Eng ko`p o`qilgan maqolalar
Istixora duosi

Istixora sozi lugatda yaxshilik sorash manosini bildiradi. Shariy istilohda, bandaning namoz oqish yoki duo qilish bil…

8.112015 219045
  • Sayyidul-istig‘for duosini o‘rganamiz

    Allohumma anta Robbiy la ilaha illa anta xolaqtaniy va ana abduka va ana ala ahdika va vadika mastatotu. Auzu bika min …

    17.12017 98193
  • Alloh la’natlagan pardoz

    Alloh taolo Ozi yaratgan barcha jonzotlar ichida insonni eng gozal suratda yaratganini takidlab, Quroni karimda shunday…

    19.32017 47205
  • QUR’ON tilovati

    Quron oqishdan avval poklanib oling. "Uni (Quronni) tahoratli kishilardan ozgalar ushlamaslar" (Voqea, 79). Quron oqi…

    18.82016 45710
Энг кўп ўқилган савол-жавоблар

24759
  • 19232
  • 12945
  • 15957