Fir’avn va qo‘shinining halokatidan so‘ng Bani Isroilning Muso alayhis salomga qilgan muomalasi
9.8.2015 7602

    Fir’avn qo‘shini bilan ayanchli suratda halok qilingach, Muso alayhissalom qavmi Bani Isroilni Yolg‘iz Allohga ibodat qilish, yuksak xulqlar bilan sifatlanish va Allohning ne’matlariga shukr qilishga chaqirdi. Ibrohim surasida bu da’vatning bir ko‘rinishi keltirilgan. Alloh taolo aytadi: “Haqiqatan, Biz Musoni O‘z oyatlarimiz bilan yuborib, (unga dedik): “Qavmingni zulmatlardan nurga olib chiq va ularga Allohning kunlarini eslatgin! Albatta bunda har bir sabr-qanoatli, shukr qiluvchi kishi uchun oyat-ibrat bordir”. O‘shanda Muso qavmiga aytdi: “Allohning sizlarga bergan ne’matlarini – sizlarni og‘ir azob bilan qiynayotgan, o‘g‘illaringizni o‘ldirib, qizlaringizni tirik qoldirayotgan Fir’avn odamlaridan qutqarganini eslang. Ana o‘sha ishlarda Parvardigoringiz tomonidan buyuk sinov bordir. Yana Parvardigoringiz bildirgan (bu so‘zlarni) eslang: “Qasamki, agar sizlar shukr qilsangiz, albatta ziyoda qilaman. Endi, agar kufroni (ne’mat) qilsangiz, albatta azobim ham juda qattiqdir”. Muso yana dedi: “Agar sizlar o‘zingiz va yer yuzidagi barcha kishilar kofir bo‘lsangizlar ham (ziyon yetkaza olmaysizlar). Zero, Alloh Behojat, hamdu sano Egasidir” (Ibrohim surasi, 3-8-oyatlar).
     Ushbu oyati karimalarni o‘qib mulohaza qilgach, Muso alayhissalom qavmini eng oliy, eng hikmatli uslub bilan haq yo‘lga da’vat qilganini bilib olamiz. Avvalo u Yakkayu Yagona Allohga ibodat qilishga chaqirib, ularga Allohning ne’matlarini, o‘sha ne’matlar qatorida Alloh Bani Isroilni ashaddiy dushmanlari bo‘lmish Fir’avn va a’yonlari zulmidan ozod qilganini eslatmoqda. Ma’lumki, avvalda Fir’avn Bani Isroil qavmi boshiga ne kunlarni solgan edi. Ana o‘sha azoblarning eng kattasi, endigina dunyo yuzini ko‘rgan o‘g‘il bolalarni o‘ldirib, qiz chaqaloqlarni tirik qoldirish bo‘lgan.
Shundan keyin Muso alayhissalom ularga Allohning oyatlarini, agar unga imon keltirib solih amallar qilsalar, saodatga erishishlari, kufr yo‘lini tanlasalar, gunohga botsalar, badbaxtlar qatorida bo‘lishlarini eslatdi. Keyin Alloh shukr qiluvchi bandalariga ne’matlarini ziyoda qilishi, berilgan tuhfalarni inkor qilib, nonko‘rlik qilganlar esa alamli-shiddatli azobga giriftor bo‘lishi aytildi. Oyatda davomida barcha kofirlarning kufri Allohga zig‘ircha ham zarar yetkza olmasligi, Alloh taolo olamlardan behojat va hamdu sanoga eng munosib Zot ekani ta’kidlandi.
      Muso alayhissalom shuncha jiddu jahd qilib, ta’sirchan va hikmatli nasihatlar bilan qavmni to‘g‘ri yo‘lga chorladi. Xo‘sh, uning qavmi Bani Isroil bunga qanday munosabatda bo‘ldi? Afsuski, qavmning aksariyati hali ham eski dardlaridan forig‘ bo‘lmagandi. Ular Muso alayhissalomga isyon qilar, unga teskari munosabatda bo‘lar, ibodatda Allohga sherik qilishda oyoq tirab turib olgandi. Ularning naqadar johil ekanliklarini Muso alayhissalomdan, xuddi boshqa qavmlarda bo‘lgani kabi bir nechta ilohlar qilib berishini talab etishlaridan ham bilib olish qiyin emas.
      Alloh taolo aytadi: “Va Biz Bani Isroilni dengizdan o‘tkazdik. Shunda ular butlarga sig‘inib turgan bir qavm oldidan o‘tdilar va: “Ey Muso, bizlarga ham ularning ilohlari kabi xudo qilib ber”, dedilar. U aytdi: “Albatta sizlar bilmaydigan qavmdirsiz. Axir ularning (ibodat qilib) turgan narsalari yo‘q bo‘luvchi, qilib turgan amallari botil-ku?!” (Muso yana) dedi: “Men sizlarni butun olamlardan afzal qilib qo‘ygan Allohdan o‘zgani sizlarga xudo qilib beramanmi?!” (Ey Bani Isroil,) sizlarni yomon azob bilan qiynayotgan, o‘g‘illaringizni o‘ldirib, qizlaringizni qoldirayotgan Fir’avn odamlaridan qutqarganimizni eslang! Bu ishlarda Parvardigoringiz tomonidan ulug‘ imtihon bordir” (A’rof surasi, 138-141-oyatlar).
     Alloh taolo Fir’avn va lashkarlarini halok qilgach, Bani Isroil dengizning narigi sohiliga eson-omon o‘tib oldi va muqaddas zamin tomon yo‘lga tushdi. Ammo ular yo‘lda butlarga sig‘inayotgan qavmni ko‘rib qoldilar. Bu holatga ko‘zlari tushib, eski dardlari qo‘zib qoldi. Budparastlikka moyil tabiatlari ularni Muso alayhissalomdan mana shu qavm ibodat qilayotgan ilohlar kabi bir iloh yasab berishni so‘rashga undadi.
     Ular bu talabni o‘rtaga tashlaganlarida Muso alayhissalom qattiq g‘azablandi va ularni haqiqatni bilmaslikda, johillikda ayblab, qilayotgan ishlari aslida botil ekani, Alloh ularga ulug‘ ne’matlar bergani, buning evaziga esa ular Allohga ixlos bilan ibodat qilishlari lozimligini ta’kidladi.
      Alloh taoloning “Va Biz Bani Isroilni dengizdan o‘tkazdik”, degan qavli Alloh ularga bergan ulug‘ ne’matlari bayonidir. Ha, Bani Isroilning ashaddiy dushmani bo‘lgan Fir’avn o‘z qo‘shini bilan Muso alayhissalom va u kishiga ergashgan kishilarni quvlab dengizgacha yetib keldi. Shunda Alloh taolo tarafidan Muso alayhissalomga asoni dengizga urish amr qilindi. Aytilgan ish bajarilgach, dengiz ikkiga bo‘linib, o‘rtada quruq yo‘l paydo bo‘ldi. Muso va izdoshlari eson-omon daryoni kechib o‘tishdi. Ular narigi tomonga o‘tib bo‘lishgach, Alloh ularga lutf ko‘rsatdi: ko‘z o‘nglarida dushmanlarini suvga g‘arq qildi. Bu yerdagi “dengiz”dan murod “Qulzum” dengizidir. Hozirda u “Qizil dengiz” deyiladi. “Shunda ular butlarga sig‘inib turgan bir qavm oldidan o‘tdilar”. Bu yerda ular dengizni kechib o‘tishgandan keyin ko‘rgan ba’zi narsalari bayon qilinmoqda. Xo‘sh, mushriklarning botil ibodatlarini ko‘rishlari ularga qanday ta’sir qildi?
     Aslida ular ko‘rgan narsalarini tan olmasdan inkor qilishlari, undan chetroq yurish harakatida bo‘lishlari lozim edi. Sababi, ular Fir’avn va qavmi butlarga ibodat qilishlari asnosida ming bir azobni boshidan o‘tkazishgan, Bani Isroil najotiga aynan o‘sha butlarni past sanash sabab bo‘lgandi. Qolaversa, Allohning Payg‘ambari Muso alayhissalom ularni Allohning fazliga erishishlari uchun Allohning tavhidiga chaqirib kelardi. Lekin Bani Isroil avvalgi buzuq aqidasini tashlamagandi. Chunonchi, ular butlarga sig‘inayotgan qavmni ko‘rishlari bilan jonsiz toshlarga topingilari kelib qoldi. Sarkash qavm bunga shu qadar maftun bo‘lganidan ularni Yolg‘iz Allohga ibodat qilishga chaqirgan Muso alayhissalomning aynan o‘zidan yangi bir iloh – but yasab berishni talab qilishdi. Sarkash va johil qavm shirkka ko‘zlari tushishi bilan Muso alayhissalomga qarata:

– Ey Muso, bizlarga ham ularning ilohlari kabi xudo qilib ber, dedilar .

Ular bunday talabni o‘rtaga tashlashlariga sabab, qalblarida imon hali mustahkam o‘rnashmagan, Fir’avn qo‘lostidalik vaqtlarida but-sanamlarga sig‘inish odati qon-qonlarigacha singib ketgandi. Mana shu buzuq aqida ularning aqllaridan ustun kelar, nafslari eski odatlarini qumsab turardi.
     Kasallik badanni shikastlagani kabi qalbni ham jarohatlaydi. Bani Isroil qavmi bir adashib olmagunicha hidoyat topmas, bir pastga sho‘ng‘ib olmagunicha yuqoriga ko‘tarilay demas, eski kasallik xurujini boshdan kechirmagunicha to‘g‘ri yo‘lga yura olmasdi. Bani Isroilning Payg‘ambarlari yuziga tik boqib, “Bizlarga ham ularning ilohlari kabi xudo qilib ber”, deb aytgan gaplari ular naqadar odobsiz va aqlsiz bo‘lganlarining dalilidir. Sababi, ular o‘sha mushrik qavm singari butlarga sig‘inish uchun ruxsat so‘raganlarida ham johilliklari biroz “yengilroq” bo‘lardi. Ammo ular buni yuzsizlarcha so‘rashdi. Vaholanki, ular aynan shirkdan uzoq bo‘lishga da’vat qilinib kelayotgandilar!
       Muso alayhissalom ularning bu talabini eshitib, Alloh uchun, dini uchun qattiq g‘azablandi va ularni tergash ma’nosida:

– Albatta sizlar bilmaydigan qamdirsizlar, dedi.

Ya’ni, ey Bani Isroil, sizlarning bu talabingiz qalbingiz jaholatga to‘la ekani, o‘sha jaholat aqllaringizni egallab olganidan darak beradi. Shu sabab sizlar hidoyat bilan zalolatni, o‘z ulug‘ligi va sifatlarida Yakkayu Yagona Alloh bilan toshdan yasalgan butlar o‘rtasidagi farqni bilmayapsizlar! Ilmdan uzoqdaligingiz, jaholat qa’riga botib ketganingiz sabab shunday deyapsizlar!

Muso alayhissalom ularning holini oshkor qilgach, talab qilayotgan narsalari botil ekani, adashgan qavmga ko‘r-ko‘rona taqlid qilish yomon oqibatlarga olib borishini uqtirdi:

– Axir ularning (ibodat qilib) turgan narsalari yo‘q bo‘luvchi, qilib turgan amallari botil-ku?!

Ya’ni, siz taqlid qilishni istayotgan bu qavmning e’tiqodi, but-sanamlarga topinishi yo‘q bo‘lishga mahkumdir. Sababi, bu diyorlarda Allohning dini – tavhid e’tiqodi g‘olib keladi va Yolg‘iz Allohga ibodat qilinadi. Bu bilan Muso alayhissalom qavmning ayanchli holini ochib tashladi va Allohdan o‘zgaga ibodat qilish halokatga sabab ekanini ta’sirli uslabda tushuntirdi.
Shundan keyin Yolg‘iz Alloh ibodat qilinishga haqli ekanini, Unga biron narsani sherik qilish joiz emasligi ta’kidlandi:

– Men sizlarni butun olamlardan afzal qilib qo‘ygan Allohdan o‘zgani sizlarga xudo qilib beramanmi?!

Muso alayhissalom Yolg‘iz Allohga ibodat qilishni taqozo etadigan ne’matlarni eslata turib:

– Men sizlarga Allohdan o‘zga iloh qilib beramanmi, o‘sha butlarga topinishga sizlarni majburlaymanmi?! Vaholanki, sizlarni o‘z davringizda butun olamlardan afzal qilib qo‘ygan-ku Alloh! Shu sabab U Zotga ixlos bilan ibodat qilishingiz vojibdir, – dedi.

     Oyatning davomida Alloh taolo Bani Isroilni azobu uqubatdan, xorlikdan qutqargani eslatiladi: “(Ey Bani Isroil,) sizlarni yomon azob bilan qiynayotgan, o‘g‘illaringizni o‘ldirib, qizlaringizni qoldirayotgan Fir’avn odamlaridan qutqarganimizni eslang! Bu ishlarda Parvardigoringiz tomonidan ulug‘ imtihon bordir”. Ya’ni, ey Bani Isroil, ibrat olishingiz, Allohning ne’matlariga shukr qilishingiz uchun sizlarni Fir’avnning qattiq azobidan qutqarganimizni eslang. Ular o‘g‘il bolalaringizni o‘ldirar, xizmat qildirish va xorlar uchun qizlaringizni tirik qoldirardilar. Mana shunda sizlar uchun imtihon bordir.
    Mazkur jumlalar bilan Bani Isroil talab qilgan narsa eng hikmatli va balog‘atli uslubda rad etilmoqda. Bu yerda qavm fikr-mulohaza yuritishdan yiroq, jaholat qa’riga botib ketgan, o‘zlarini ham, Allohni ham tanimaydigan kimsalar sifatida ta’riflanmoqda. Zero, ularni Yolg‘iz Allohga ibodat qilishga chaqirgan payg‘ambar yuziga tik boqib, “Ey Muso, bizlarga ham mana shu qavmnikiga o‘xshash ilohlar qilib ber”, deb qilgan talablari shundan darak beradi.

 

Muhammad Sayyid Tantoviyning “Payg‘ambarlar tarixi” kitobidan

Kun hikmati

Keliniga zulm qilayotgan qaynonalar "Hargiz Alloh zolimlar qilayotgan amallardan gofil, deb hisoblama!" (Ibrohim surasi: 42) oyatini yodiga keltirsin…

Kitoblar
Eng ko`p o`qilgan maqolalar
Istixora duosi

Istixora sozi lugatda yaxshilik sorash manosini bildiradi. Shariy istilohda, bandaning namoz oqish yoki duo qilish bil…

8.112015 217229
Энг кўп ўқилган савол-жавоблар

24617
  • 19075
  • 12844
  • 15820