Ассалому алейкум
Mavzu:

Burjlarga ishonish hukmi qanday? 30.08.2017

Savol:

Assalomu alaykum! Mening bir tanishim odamlar bilan gaplashishdan oldin avvalo ularning qaysi burj vakillari ekaniga qaraydi. Ko‘pgina saytlarda, gazetalarda, kitoblarda burjlar haqida ma’lumot berib boriladi. Savolim shuki, burjlar xususidagi ma’lumotlarga qanchalik ishonsa bo‘ladi? Javobingiz uchun rahmat.

Bo`lim Ijtimoiy masalalar
9829
Javob:

Va alaykum assalom. Alloh taolo aytadi: “Ayting, osmonlar va yerdagi biron kimsa g‘aybni bilmas, magar Allohgina (biladi). Ular qachon qayta tirilishlarini ham seza olmaslar” (Naml, 65).

G‘ayb narsalarni, inson aql-idroki va his-tuyg‘ularidan tashqaridagi narsalarni Allohdan o‘zga hech kim bilmaydi. Jumladan, ertaga nima bo‘lishini, qaysi inson qanday tabiat bilan tug‘ilishini faqat Alloh biladi. Agar insonlardan kim g‘aybni bilishni da’vo qilsa, bekor aytibdi, uning gapi yolg‘ondir.

 

عَنْ ابْنِ عَبَّاسٍ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: مَنْ اقْتَبَسَ عِلْمًا مِنْ النُّجُومِ اقْتَبَسَ شُعْبَةً مِنْ السِّحْرِ زَادَ مَا زَادَ. رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ وَابْنُ مَاجَهْ وَأَحْمَدُ وَسَنَدُهُ حَسَنٌ.

Ibn Abbos roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan rivoyat qiladi: “Kim yulduzlar ilmidan biron narsani o‘rgansa, sehrdan bir qismni o‘rganibdi. Ziyoda qilganini ziyoda qilibdi” (Abu Dovud, Ibn Moja va Ahmad rivoyati. Rivoyat sanadi hasan).

Demak, yulduzlarga qarab biron narsani bilish aynan sehr hisoblanar ekan. Sehr esa eng katta gunohlardan ekanini bilamiz. Bundan kelib chiqadiki, munajjimlik qilish va munajjimlar “bashorati”ni tasdiqlash katta gunohdir.

 

عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ أَنَّ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: لا عَدْوَى وَلا هَامَةَ وَلا نَوْءَ وَلا صَفَرَ. رَوَاهُ مُسْلِمٌ وَأَبُو دَاوُدَ وَأَحْمَدُ وَابْنُ حِبَّانَ.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam shunday deganlar: “Shumlanish yo‘q, boyo‘g‘li(ning zarari) yo‘q. Yulduzning chiqishi va so‘nishi yo‘q. Safar oyi(da biron xosiyatsizlik) yo‘q” (Muslim, Abu Dovud, Ahmad va Ibn Hibbon rivoyati).

Ushbu rivoyatda biron narsadan shumlanish to‘g‘ri emasligi, boyo‘g‘li xosiyatsizlik olib kelmasligi, yulduzlarga qarab kelajakda bo‘ladigan voqealarni bilish joizmasligi va Safar oyida shumlanish noto‘g‘riligi ma’lum qilinmoqda.

Alloh taolo yulduzlarni yil hisobini bilish, safarda adashganlarga yo‘l ko‘rsatish, osmonga ziynat bo‘lish va boshqa hikmatlarga ko‘ra yaratgan. Ammo bu bilan bandalar taqdirni bilsinlar yoki ertaga, bir haftadan keyin, bir oydan keyin nima bo‘lishini bilib olsinlar, deb yaratilmagan yulduzlar. Chunonchi, bandaning kelajagida nima bo‘lishini bilishning iloji ham yo‘q.

Munajjimlar nazdida, burjlar o‘n ikkita bo‘lib, ko‘pchilik odamlar mana shu narsaga ishonishadi. Ya’ni, biron burjda tug‘ilgan odam mana bunday xususiyatga ega bo‘ladi, deb bilishadi. Aslida aqlni biroz ishlatib ko‘rsak, dunyodagi milliardlab odamlarni o‘n ikki xil burjga jamlab bo‘lmasligi, ularning xususiyati, dunyoqarashi, fikrlashi, tabiati turfa ekani, hatto bir qorindan oldinma-ketin tushgan egizaklar ham turli tabiatga ega ekaniga guvoh bo‘lamiz.

Yana bir tafakkur qilib ko‘raylik, har hafta e’lon qilinayotgan munajjimlar bashoratida kimdir mo‘may daromadga ega bo‘lishi, yana kimdir baxtsizlikka uchrashi aytiladi. Vaholanki, mo‘may daromad olishi kutilgan odam kattagina mablag‘ni qo‘ldan chiqarishi, baxtsizlikka uchrashi ogohlantirilgan odam aynan o‘sha haftada baxtga erishishi mumkin.

Yana qaytarib aytamiz, dunyodagi milliardlab odamlarni mana shu o‘n ikki burjga jamlash, milliard xil taqdir va tabiatni o‘n ikki xil tabiat va taqdirda birlashtirish imkoni yo‘q. Buni munajjimlarning o‘zlari ham yaxshi biladilar. Ammo sodda va johil odamlar ularning nayrangiga ishonib, bu yo‘lda katta pullarni sarflab turganlaridan keyin mo‘may daromaddan voz kechishni istamaydilar.

Ko‘chalarda “fol ochaman”, “baxtli qilaman”, “ishingni yurgizib beraman” deb turgan odamning tashqi ko‘rinishiga qarasangiz, o‘zining ahvoli tang ekani ma’lum bo‘ladi. Agar haqiqatan o‘sha kimsa o‘zgalarni baxtli qilish imkoniga ega bo‘lganida, avval o‘zini baxtli qilmasmidi? Agar o‘zgalarni boy qilib yuborishi qo‘lidan kelganida, ko‘cha-ko‘yda sarg‘ayib odamlarga yalinib o‘tirarmidi? Bu haqida o‘ylab ko‘ramizmi, axir!?

Yana ba’zi johillar “mezon bilan sunbula oila qursa, unday bo‘ladi”, “aqrab bilan egizaklar oila qursa, bunday bo‘ladi”, deb fol ochishadi. Aslida oilaning farovonligi avvalo Allohdan, qolaversa, bandaning sa’y-harakatiga bog‘liqdir. Shariatda kufu’ – bo‘lajak er va xotinning bir-biriga mosligi degan tushuncha bor. Bu imon-e’tiqod, ilm-ma’rifat, odob-axloq jihatidan bo‘ladi, aslo burjlarga qarab belgilanmaydi!

Shunday ekan, g‘ayb narsalarni bilishga urinish, xususan, burjlarga ishonish, munajjimlar “bashorati”dan xursand bo‘lish yo qo‘rqish mo‘min bandaga to‘g‘ri kelmaydi. Mo‘minman, degan odam, oxiratda najot topishdan umidi bor banda bunday ishlardan saqlanishi, agar bilmay qilib yurgan bo‘lsa, uni bas qilishi kerak!

Kun hikmati

Keliniga zulm qilayotgan qaynonalar "Hargiz Alloh zolimlar qilayotgan amallardan gofil, deb hisoblama!" (Ibrohim surasi: 42) oyatini yodiga keltirsin…

Kitoblar
Eng ko`p o`qilgan maqolalar
Istixora duosi

Istixora sozi lugatda yaxshilik sorash manosini bildiradi. Shariy istilohda, bandaning namoz oqish yoki duo qilish bil…

8.112015 217070
Энг кўп ўқилган савол-жавоблар
Burjlarga ishonish hukmi qanday? 30.08.2017

Assalomu alaykum! Mening bir tanishim odamlar bilan gaplashishdan oldin avvalo ularning qaysi burj vakillari ekaniga qaraydi. Kopgina saytlarda, gazetalarda, kitoblarda burjlar haqida malumot berib boriladi. Savolim shuki, burjlar xususidagi malumotlarga qanchalik ishonsa boladi? Javobingiz uchun rahmat.

9829