Shayx Zayniddin jome masjidi jamoasi xayriya tadbirida
Xayr-sahovat, insonparvarlik va muruvvat xalqimizga xos ulug‘ an’ana. Ayniqsa, ko‘ngli o‘ksik insonlarga mehr ko‘rsatish, qalbini quvonchga to‘ldirish savobi ulkan amallar sirasiga kiradi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 23 yilligi hamda “3 dekabr—“Xalqaro nogironlar kuni” munosabati bilan Toshkent shahar Shayxontohur tumani Xalq ta’limi muassasalarining faoliyatini metodik ta’minlash va tashkil etish bo‘limi tasarrufidagi 37-yordamchi maktabda bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi. Unda Shayx Zayniddin jome masjidi jamoasi hamda “muxlis.uz” sayti ijodkorlari ham ishtirok etdi.
Dastlab, tadbir mehmonlari maktab o‘quvchilarining mehnat to‘garaklarida o‘z qo‘llari bilan yasagan turli amaliy ishlari bilan tanishishdi. Bayram uchun tayyorlangan maxsus badiiy dastur ham o‘zgacha kechdi.
O‘quvchilarning yod olgan Ona yurt, baxtli bolalik va mehr-oqibat tarannum etilgan she’rlari, Bosh qomusimizdagi moddalar aks etgan saxna ko‘rinishlari hamda sho‘x kuy-qo‘shiqlari yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi.
Shundan so‘ng, maxsus maktab o‘quvchilariga hamkor tashkilotlar hamda Shayx Zayniddin jome masjidi ma’muriyati tomonidan sovg‘alar ulashildi. Tadbir yakunlangach, qalblari bir olam mehrga va orzu-umidga to‘liq shirindan-shakar bolajonlar bayram dasturxoniga taklif etildi.
Shayx Zayniddin jome masjidi matbuot xizmati