Eng ulug‘, eng aziz ayyomga munosib tayyorgarlik ko‘rmoqda
Ayni kunlarda respublikamizning barcha hududlarida Prezidentimizning “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligini 24 yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi Qarori ijrosini ta’minlash maqsadida qizg‘in tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda. Ayniqsa, bu jarayonda respublkamizdagi mavjud jome masjidlarining faoliyati alohida ahamiyatga ega.
“Betakrorimsan, yagonasan, ona Vatanim – O‘zbekistonim!” shiori ostida nishonlanadigan bu yilgi istiqlol ayyomi tinchlikda, osoyishtalikda, xalqimiz xursandchiligining bardavomligida nishonlanishi Allohning bizga bergan ulug‘ ne’matidir.
Poytaxtimizdagi “Shayx Zayniddin” jome masjidida Toshkent shahrida faoliyat ko‘rsatayotgan jome masjidlari imomlari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda Toshkent shahar bosh imom - xatibi Anvar qori Tursunov hamda Toshkent shahar hokimligining mutasaddi vakillari qatnashdi.
Yig‘ilishda istiqlolning yurtdoshlarimiz hayotida tutgan o‘rni, mustaqillik yillarida olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari hamda din rivoji yo‘lida yaratilayotgan shart - sharoitlar haqida to‘xtalib o‘tildi.
Shuningdek, tadbirda yurtimizda hukm surayotgan osoyishta hayot, millatlararo do‘stlik va hamjihatlikni saqlash, chegaralarimiz daxlsizligini asrash, turli mintaqa va hududlarda xavf-xatar, tahdidlar kuchayib borayotgan tahlikali zamonda doimo ogoh, sergak va hushyor bo‘lib yashash barchamiz uchun ham qarz ham farz ekani ta’kidlab o‘tildi.
Yig‘ilish davomida istiqlol ayyomi arafasida obodonlashtirish ishlariga jiddiy e’tibor berish kerakligi aytib o‘tildi. Qabristonlar va jome masjidlarga tutashgan ko‘chalar ozodaligini ta’minlash yuzasidan kerakli tavsiya va ko‘rsatmalar berildi.
“Shayx Zayniddin” jome masjidi matbuot xizmati