Balandlikda nafas ololmaslik Alloh kalomida kelgan
Inson hayotda kislorod va havo bosimiga ehtiyoj sezadi. Nafas olganda o‘pka kislorod bilan to‘yinadi. Faqat balandlik ortgani sari havo bosimi va bu tufayli qon aylanishiga tegishli kislorod miqdori kamayadi. Buning natijasida nafas olish qiyinlashadi. O‘pka siqilib, ko‘krak bo‘g‘ilayotganday, nafas ololmayotganday bo‘ladi.
Mana bu oyatda balandlik ortishi bilan ko‘krakda paydo bo‘ladigan o‘zgarishga ishora qilingan: “Alloh kimni hidoyatga yo‘llashni iroda etsa, uning ko‘ksini (qalbini) Islom uchun keng ochib qo‘yadi. Kimni adashtirishni iroda etsa, ko‘ksini go‘yo osmonga ko‘tarilib ketayotgandek tor va siqiq qilib qo‘yadi. Shunday qilib Allohga imon keltirmaydiganlarga loyiq jazoni ravo ko‘radi” (An’om surasi, 125-oyat).
Agar qondagi kislorod kerakli miqdordan kam bo‘lsa, odam bir qancha kasalliklarga chalinadi. Qattiq charchoq, bosh og‘riq, bosh aylanishi, oshqozon burashi va fikrlashning buzilishi kabi alomatlar paydo bo‘ladi. Ma’lum bir balandlikka ko‘tarilganda inson nafas olib chiqarishi imkonsiz holga keladi. Shu sababdan bizning bunday balandliklarda yashashimiz uchun maxsus kislorod moslamasi va kiyimboshga ehtiyojimiz tushadi.
Dengiz sathidan 5000-7500 metr yuqorida bo‘lgan kishi nafas olishi qiyinlashganidan hushidan ketib qolishi mumkin. Shu sababli samolyotlarda maxsus kislorod ta’minotlari mavjud. Samolyotlar dengiz sathidan 9000-10000 metr yuqorida uchgan paytda kapitan xonasida bosimni tartibga solib turuvchi maxsus mexanizmlar ishlaydi...
Yuqorida zikr etilgan oyatdagi “osmonga ko‘tarilib ketayotgandek tor va siqiq qilib qo‘yadi” jumlasi Qur’oni karimning mo‘’jizalaridan biridir.
“Ilohiy mo‘’jizalar” kitobidan olindi