Tohirov Saydullo: "Qur’oni karim yodlovchilarga eng asosiy tavsiyam – ixlos"
27.4.2016 7799

Joriy yilning 20 aprel kuni o‘tkazilgan Respublika Qorilar musobaqasining Oliy o‘rin sohibi Toshkent islom institutining 3-kurs talabasi Tohirov Saydullo bilan Qur’on muxlislari uchun kichik suhbat uyushtirdik. E’tiboringizga ushbu samimiy suhbatni havola etamiz. 

Assalomu alaykum! Alloh taolo sizni shunday oliy martabaga musharraf qilgani bilan chin qalbimdan tabriklayman! 

Va alaykum assalom, Temurbek. Rahmat! 

Keling, avvalo, islom bilim yurtlaridagi saralash bosqichlari haqida so‘z yuritsak. Qorilarni saralab olish qanday tartibda amalga oshiriladi? 

Qorilar musobaqasida saralash quyidagi tartibda bo‘lib o‘tadi: har bir islom bilim yurtlarida tahsil olayotgan qorilar ichki musobaqa asosida saralab olinib, murattab (Qur’oni karimni to‘liq yodlagan) va mujavvid (Qur’oni karimni tajvid qoidalariga muvofiq holda o‘quvchi) yo‘nalishi bo‘yicha bittadan ishtirokchi respublika bosqichida qatnashadilar. Men ham institutimizda murattab qorilar o‘rtasida o‘tkazilgan ichki musobaqada g‘olib bo‘lib, respublika bosqichi uchun beriladigan birgina yo‘llanmani qo‘lga kiritgan edim. 

Respublika Qorilar musobaqasida ko‘rdikki, ba’zi qorilar Qur’oni karimni tilovat qilishda biroz qiyinchilikka duch keldilar. Buning sababi nimada deb o‘ylaysiz? 

Avvalo, Qur’oni karim Alloh taoloning kalomi ekanini unutmaslik darkor. Ya’ni uni hech kim tutilmasdan o‘qiy olaman, deya olmaydi. Qisqacha aytganda, Qur’oni karim har qanday insonni ojiz qoldiruvchi Kalom hisoblanadi. 

Agar farishtalar qorining tiliga harflarni olib kelib turmasalar, qori nafaqat adashib qolishi, balki umuman o‘qiy olmay qolishi ham mumkin (Alloh asrasin). Ammo bu narsaga sabab qilib qorining takrori kam ekani, bir-biriga lafzan o‘xshash oyatlarni yaxshi ajratib olmaganini ham keltirish mumkin. 

Musobaqada sizni hayajonlanmagan, Qur’oni karimni tutilmasdan o‘qigan holda ko‘rdik. Buning sababi ko‘pchilik uchun qiziq? 

Yuqorida aytganimdek, Qur’oni karim Alloh taoloning Kalomidir. U to‘g‘risida hech bir qori qat’iy gap ayta olmaydi. Musobaqadan oldin Allohdan Kalomini tilimga joriy qilib qo‘yishini duo qilib so‘ragan edim. Bu duolar, shuningdek, ustozlarimiz hamda ota-onamning qilgan duolarining ijobati ham eng asosiy sabablardan biri bo‘ldi deb o‘ylayman. 

Qur’oni karimni yodlovchilarga tavsiyalaringiz? 

Qur’oni karim yodlovchilarga eng asosiy tavsiyam – ixlos. U bo‘lmasa, kishi Qur’onni yodlashi juda ham qiyin. Yod olish uslublariga kelsak, bu borada biz – talabalarga emas, balki ustozlarga murojaat qilgan yaxshiroq. Xususan, yaqindagina nashrdan chiqqan “Tahfizul-Qur’on” kafedrasi mudiri Jaloliddin Hamroqulov ustozimizning “Tilovat odoblari” kitoblarini o‘qishni tavsiya qilgan bo‘lar edim. Alloh taolo Qur’oni karimning barcha muxlislariga ixloslari va muhabbatlariga yarasha ajr-savoblar bitib, oxiratdagi darajalarini oliy qilsin! 

Samimiy suhbat uchun sizga o‘z minnatdorchiligimni izhor etaman. Kelajakdagi ish va o‘qishlaringizda omad va zafarlar tilab, mana shunday oliy martabalarni doimo egallab yurishingizni Allohdan so‘rab qolaman! 



Toshkent islom instituti 1-kurs talabasi Temurbek Adhamov suhbatlashdi

 

www.mumina.uz 

Kun oyati

(Ey Muhammad,) oz jonlariga zulm qilgan bandalarimga ayting: Allohning rahmatidan noumid bolmangiz! Albatta, Alloh barcha gunohlarni magfirat qilur.…

Kitoblar
Eng ko`p o`qilgan maqolalar
Istixora duosi

Istixora sozi lugatda yaxshilik sorash manosini bildiradi. Shariy istilohda, bandaning namoz oqish yoki duo qilish bil…

8.112015 216417
Энг кўп ўқилган савол-жавоблар

24553
  • 19012
  • 12795
  • 15758