Zakot
16.7.2015 9541

 

      “Zakot” so‘zi lug‘atda “poklash”, “ko‘payish”, “rivojlanish”, “baraka” kabi ma’nolarni anglatadi. Zero zakot bergan bandaning moli poklanadi. Zakot bermagan kimsaning moliga boshqa haqdorlarning nasibasi aralashgan mol sifatida nopok bo‘lib turadi. U qachon zakotni ado qilsa, molini poklagan bo‘ladi. Qolaversa, zakoti berilgan molga baraka kiradi.

 

Shar’iy istilohda zakot maxsus moldan, maxsus qismni maxsus shaxsga Allohning roziligi uchun berishdir. Zakot moliyaviy ibodatdir.

 

“Maxsus mol” deganda nisobga yetgan mol nazarda tutiladi.

 

“Maxsus qism” deganda ma’lum moldan haqdorlarga berilishi lozim bo‘lgan qism nazarda tutiladi.

 

“Maxsus shaxs” zakot olishga haqdor kishidir.

 

“Alloh roziligi uchun” lafzidan bu ibodat ixlos bilan Alloh roziligini istab qilinishi kerakligi, riyo va shu kabi illatlar aralashishi bilan banda ajr-savobdan mahrum bo‘lishi tushuniladi.

 

Zakot Islomning besh ruknidan to‘rtinchisidir, shariatda farz qilingan, uni tark qilish mumkin bo‘lmagan amaldir.

 

Zakot hijriy ikkinchi yilda Madinada Ramazon oyidan oldin farz qilingan.

 

Zakot Qur’oni karimda yigirma yetti o‘rinda namoz bilan birga zikr qilingan. Bu esa namoz banda hayotida qancha muhim o‘rin tutsa, zakot ham shunchalik ahamiyatli, qilinishi lozim bo‘lgan amallardan ekaniga dalolat qiladi.

 

Zakot Qur’oni karim oyatlari va Rasululloh sollallohu alayhi va sallam hadislari bilan farz bo‘lgan. Hamma davr va asrlarda yashab o‘tgan musulmon ulamolar zakotning farzligiga ittifoq qilishgan. Sahobalar zakotdan bosh tortganlarga qarshi urush e’lon qilishgan.

 

Zakot Islomning asosi bo‘lgan ibodatlardandir, aqidaning ajralmas qismidir. Kim zakotning farzligini inkor qilsa, kofir, uni ado etmasa, osiy bo‘ladi.  Zakot bir yilda bir marta chiqariladi. Biron kishi yiliga ikki yoki undan ko‘p marta zakot chiqarishga majburlinishi mumkin emas.


Zakot aslida moliyaviy ibodat bo‘lsa-da, bu ibodatni bajarish uchun banda molining ma’lum qismini haqdorlarga bersa-da, aslida bu bilan Allohning amri bajarilishi iroda qilinadi. Orada mol-dunyo va boshqa zohiriy narsalar asl emas, balki Allohning buyruqlarini bajarish ahamiyatlidir. Shu sabab ham fiqhiy kitoblarda zakot haqidagi hukmlar muomalalar bobida emas, balki ibodatlar bobida bayon qilingan. Chunonchi zakotda faqat moddiyat emas, balki ma’naviyat, ruhiyat ham bor.

 

Zakotni joriy qilishdan boylarning mollarini nuqson va kamchiliklardan saqlab, ularning o‘sishini ta’minlash yoki faqirlarga yaxshilik qilishning o‘zi iroda qilinmagan. Balki zakot banda mol-dunyodan ustun ekani, u nafsiga qul bo‘lib qolishdan uzoq bo‘lishi kerakligini anglab yetishi iroda qilingan. Zero zakot berayotgan banda nafsini tiyib, baxillikdan voz kechib, Allohga ibodat qilayotgan bo‘ladi. Bu bilan u dunyo o‘tkinchi, undagi ziynatlar foniy ekanini yodga oladi. Xullas, zakot va shu kabi ibodatlarda biz bilmagan hikmatlar ko‘p.

 

Boshqa tarafdan olib qaralganda zakot ne’matlarga shukr qilish belgisidir. Mol-dunyoga erishib, zakotni haqdorlarga bergan banda Allohga shukr qilgan bo‘ladi. Zakotdan bosh tortgan, nafsi izmidan chiqa olmagan kimsa esa kufroni ne’mat qilgan bo‘ladi.

Kun oyati

(Ey Muhammad,) oz jonlariga zulm qilgan bandalarimga ayting: Allohning rahmatidan noumid bolmangiz! Albatta, Alloh barcha gunohlarni magfirat qilur.…

Kitoblar
Eng ko`p o`qilgan maqolalar
Istixora duosi

Istixora sozi lugatda yaxshilik sorash manosini bildiradi. Shariy istilohda, bandaning namoz oqish yoki duo qilish bil…

8.112015 216410
Энг кўп ўқилган савол-жавоблар

24553
  • 19012
  • 12794
  • 15758