NAMOZ VOJIBLARI
1. Farz namozlarining ikki rakatida, vitr, nafl (jumladan, ta’kidlangan sunnat) namozlarining hamma rakatida Fotiha surasini qiroat qilish.
2. Farz namozlarining avvalgi ikki rakatida, vitr, nafl (jumladan, ta’kidlangan sunnat) namozlarining har bir rakatida Fotiha surasidan so‘ng zam sura o‘qish. Zam sura kamida qisqa uch oyat yoki uzun bir oyatdan iborat bo‘ladi.
3. Zam surani Fotihadan keyin o‘qish.
4. Imom namozga o‘tganda ovoz chiqarib o‘qiladigan namozlarni (bomdod, shom, xuftonni) jahriy, ovoz chiqarmay o‘qiladigan namozlarni (peshinni, asrni) maxfiy o‘qishi.
5. Qiyom, ruku’, sajda kabi ruknlarni o‘z o‘rnida, tartib bilan bajarish.
6. Ruku’da, sajdada, qolgan barcha arkonlarda a’zolar taskin topishi, mazkur ruknlarni xotirjamlik bilan bajarish.
7. Sajdada burun bilan peshonaning baravar yerga tegib turishi.
8. Uch, to‘rt rakatli namozlarning ikkinchi rakatida hamda namoz oxiridagi o‘tirishda “Attahiyot” o‘qish.
9. Avvalgi qa’dada tashahhudni o‘qib bo‘lgach, kechiktirmay uchinchi rakatga turish.
10. Namozdagi vojib amallardan birontasi esdan chiqib tark etilsa, sajdai sahv qilish.
11. Namoz oxirida “Assalaamu alaykum va rohmatulloh” deb salom lafzi bilan chiqish. Salom yelkaga to‘la yuzlangandan keyin beriladi.
12. Vitr namozining oxirgi rakatida “Qunut” duosini o‘qish.
13. Ramazon va Qurbon hayiti namozlarining har rakatida uchtadan qo‘shimcha takbir aytish.
Mazkur vojib amallardan birontasini esdan chiqarib tark etgan kishi namoz oxirida sajdai sahv qilishi vojib. Sajdai sahv qilish tartibi bunday: imom oxirgi qa’dada tashahhudni o‘qigandan so‘ng o‘ng tomoniga salom beradi1. Keyin ikki marta sajda qilib, yana tashahhudni, salavotni o‘qiydi. Shundan so‘ng ikki tomonga salom berib namozdan chiqadi.
1 Agar kishi yolg‘iz o‘zi namoz o‘qiyotgan bo‘lsa, tashahhuddan keyin ikki tarafiga salom beradi. Keyin ikki marta sajda qilib, tashahhudni, salavotni o‘qiydi, o‘ng va so‘l tarafga salom berib namozdan chiqadi. Jamoat namozida imom sahv sajdasi qilish uchun faqat o‘ng tomonga salom beradi.