Siydik bilan “davolanish” 27.11.2017
Savol:Bir do‘stimning yo‘tali uzoq vaqtdan beri to‘xtamayapti. Hech qanday dori-darmon ta’sir qilmayapti. Unga o‘z peshobini ichishni tavsiya qilishibdi. Davolanish maqsadida o‘z peshobini ichish mumkinmi?
Bo`lim Fiqh38491
Bismillahir rohmanir rohiym! Alloh taolo bandalariga pokiza va halol narsalar bilan davolanishni ruxsat etgan. Nopok narsalar insonga shifo bo‘lmaydi. Ba’zida foydasi tekkandek tuyulishi mumkin, ammo bu bilan insonning boshqa a’zolari shikastlanishi ehtimoli bor. Shu sabab faqat pokiza, nopoklik xususiyati bo‘lmagan dori-darmonlar bilan shifo istash kerak. Siydik hech qachon davo bo‘lmagan. Garchi ba’zi johil tabib va shifokorlar siydikni davo sifatida qo‘llab, o‘z mijozlariga siydik bilan davolanishni tavsiya qilsalar ham najas hech qachon shifobaxshlik xususiyatga ega bo‘lib qolmaydi.
Unutmaylik, siydik og‘ir najosat sanaladi. U kiyimga tegsa, o‘sha kiyim bilan namoz o‘qib bo‘lmaydi. Tahorat qilayotib zakardan siydik chiqib ketsa, olinayotgan tahorat sinadi. Bunda qaytadan tahorat qilish kerak. Istibroni tark etish bilan tahorat nuqsonli bo‘ladi va bu narsa qabr azobiga sabab bo‘ladi. Rivoyatlarning birida banda qabrida siydigidan qay darajada poklangani xususida savolga tutilishi aytilgan. Mana shunday illatlarga ega bavl qanday qilib insonga shifo bo‘lsin!? Siydikni ichish u yoqda tursin, hatto uni libos va badanga tekkazish ham mumkin emas.
Yana bir ma’lumot: faqatgina tuyaning siydigini ichishga ruxsat etilgan. Sahih hadislarning birida “uning suti va siydigidan ichinglar”, deb aytilgan. Tuyadan boshqa hayvon va jonzotlar siydigini qo‘llash mumkin emas. Vallohu a’lam.