Juft yoshda xatna qilinmaydimi? 11.11.2017
Savol:Assalomu alaykum! Savolim shundan iboratki, Allohimga shukronalar bo‘lsin. O‘g‘lim 12 yoshga kadam qo‘ydi. Bu yoshni xalqimiz orasida muchal yoshi, deb atashadi. O‘ziga yarasha urf-odatlarimiz bor. «Bolani bo‘yi barobar oqlik atashi kerak, biron bir masjidga oborib ber», deb maslaxat berishdi. Shunga sizdan islomda qanday yo‘l tutiladi, deb so‘ramokchi edim.
Ikkinchi savolim: Nega xatna faqat toq yoshda kilinadi ? Biz farzandimizni 2 yoshda xatna kildirgandik. Chunki tuz yig‘ilib, mazasi bo‘lmagandi. Doktor tavsiyasi bilan kestirganmiz. Xudoga shukr, mana, 12 yoshga to‘ldi. Hech qanday zarari yoki gunohi yo‘qmi? Javob uchun oldindan rahmat!
Bo`lim Oilaviy27256
Va alaykum assalom. Islomda muchal yoshi ham, unda masjidga oqlik olib borish ham yo‘q. Buni odamlar o‘zlari joriy qilishgan.
Xatnani toq yoshda qilish shart etilmagan. Bola balog‘atga yetgunicha xatna qilingani ma’qul. Hatto chaqaloqligida qilinsa ham bo‘ladi (Bavl qilishda biron muammo tug‘ilsa, odatda, shunday qilinadi).
Xullas, bolani xatna qilish uchun 1 yoki 3 yoshga to‘lish shart emas, sharoitga qarab qilinaveradi. Vallohu a’lam!
Bolalarning tug‘ilgan kunidan boshlab ota-ona bo‘ynidagi haq-huquqlari hadis sharifda shunday bayon qilingan: tug‘ilgan go‘dakka ism qo‘yish; imkon bo‘lsa, unga aqiqa qilish; tili chiqqan vaqtdan boshlab, unga odob uslubini o‘rgatish; din asoslarini o‘rgatish; halol va haromni o‘rgatish; kasb-hunar o‘rgatish; shuningdek, o‘g‘il bolalarning huquqlaridan biri, ularni ma’lum bir yoshga yetganidan so‘ng, xatna qilish masalasidir. Bu boradagi ba’zi bir fatvolarni Burhoniddin al-Marg‘inoniyning shogirdi Muhammad ibn Mahmud ibn al-Husayn al-Ustrushaniyning «Jomi’ ahkom as-sig‘or» («Voyaga yetmagan bolalarga taalluqli shar’iy hukmlar majmuasi») asaridan tarjima qilib, quyida bayon etib o‘tamiz.
Xatna qilish vaqti.
Xatna qilishning eng oxirgi vaqti 12 yoshdir. Boshi esa, Abu Hanifa: bu haqida bilmayman, degan. Abu Yusufdan hech narsa rivoyat qilinmagan. Mashoyixlar bu borada turli fikrdalar. Ba’zilar: boshi 7 yoshga yetganda, deyishgan. Boshqalari 9 yosh, yana ba’zilar 10 yosh, bir guruh olimlar muayyan vaqt belgilashmay, agar bola xatna qilayotganda og‘rig‘iga chidasa qilinadi, bo‘lmasa qilinmaydi, deyishgan.
Izoh: Arablarda Islomdan avval ham xatna qildirishning qadri bo‘lgan. Islom dini esa bu ishni tasdiqlagan. «Xatna» deb lug‘atda terini kesishga aytiladi. Shariat istilohida esa, maxsus a’zoning maxsus bo‘lagini kesish xatnadir. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bu xususda shunday marhamat qilganlar: Imom Ahmad o‘z «Musnad»ida Ammor ibn Yosirdan rivoyat qiladi: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): «Yetti narsa fitratdandir: og‘izni g‘arg‘ara qilib chayish, burunni chayish, mo‘ylabni qisqartirish, misvok tutish, tirnoqlarni olish, qo‘ltiqlar tagini kindik ostini pok tutish va xatna qilish», dedilar. Payg‘ambarimiz (alayhissalom) aytdilar: «Xatna erkaklarga sunnatdir». Solim roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Ibn Umar meni va Nuaymni xatna qildirdi. U biz uchun qo‘chqor so‘ydi. Biz bolalar orasida o‘zimiz uchun qo‘chqor so‘yilganidan maqtanib yurar edik». Demak, xatna munosabati bilan jonliq so‘yib, ziyofat uyushtirish sahobalardan sobit bo‘lgan amal ekan. Xatnaning zarari yo‘q, aksincha, foydasi bor, tibbiyot mutaxassislari ham buni tavsiya qilishadi.
To‘g‘ri xatna qilish.
«Uyun al-masoil»da shunday deyilgan: Bir bola xatna qilinib, terisi to‘liq kesilmagan yoki ko‘p qismi kesilgan bo‘lsa, xatna hisoblanadi, agar yarmi yoki undan kam bo‘lsa, xatna hisoblanmaydi.
Izoh: Xatnada zakarning[1] uch qismini qoplab turgan yumshoq teri kesiladi. Bu teri arabchada «qalafa» deyiladi. Hanafiy mazhabi bo‘yicha, xatna bolaning holiga qarab, sog‘lig‘i ko‘taradigan bo‘lganda qilinadi. Yetti kunlik yoki undan kattaroq go‘dakni xatna qilish shart emas.
Xatna Imom Shofe’iy va Imom Hanbaliy nazdida vojib, Abu Hanifa va Imom Molik nazdilarida sunnatdir. Ba’zi ulamolar: «bola tug‘ilganidan yetti kun o‘tgandan boshlab xatna qilinsa bo‘laveradi», deganlar. Ba’zi ulamolar esa: «yetti yoshdan o‘n yoshgacha xatna qilinsa, yaxshi bo‘ladi», deganlar. Xatnaning qanchalik foydali ekanini musulmon bo‘lmagan xalqlar ham endi-endi anglab yetmoqdalar.
Kim xatna qilinmaydi.
«Navozil»ning «Namoz» qismida shunday deyilgan: Xatna qilinmagan yosh bolaning terisi cho‘zilganda chukining boshi ko‘rinib tursa va ko‘rgan inson xatna qilingan, deb o‘ylaydigan holatda bo‘lsa, uni ishonchli va qon oladigan tajribali kishilar ko‘rishadi, agar ular xatna qilish imkoni yo‘q deyishsa, unga mashaqqat qilmasdan o‘z holicha qoldiriladi. Shuningdek, majusiy zaif qari kishi musulmon bo‘lsa va tajribali kishilar u xatnaga chiday olmaydi, deyishsa o‘z holicha qoldiriladi.
Izoh: Zaifligi uchun xatnaga chiday olmaydigan kattaroq yoshdagi bolalar ham xatna qilinmaydi. Xatna qilinmagan odam vafot etsa, u xatna qilinmaydi. Xatna holida tug‘ilgan shaxs ham xatna qilinmaydi. Agar xatna qilinishi lozim bo‘lgan joyda ba’zi bir teri bo‘lsa, uni olib tashlash lozim bo‘ladi. Katta yoshdagi kishi musulmon bo‘lsa va xatna unga zarar keltirishi xavfi bo‘lsa, xatna qilinmaydi.
Qachon xatna qayta qilinadi?
Rustag‘faniyning «Favoid»ida shunday deyilgan: Bola xatna qilinib, so‘ng terisi cho‘zilsa va tabiiy holatida chukining boshini yopadigan darajada bo‘lsa, kesiladi. Agar bunday bo‘lmasa, kesilmaydi.
Izoh: Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Ibrohim alayhissalom sakson yildan keyin Qadum degan joyda o‘zlarini o‘zlari xatna qildilar», dedilar».
Nabiylarning otasi bo‘lgan Ibrohim alayhissalom keksayib qolgan paytlarida ham o‘zlarini xatna qilgan ekanlar. Demak Alloh taoloning bu amri o‘sha paytda joriy qilingan ekan.
Xatna qildirish sunnatdir. Sunnat bo‘lganda ham Islomning shiorlaridan, xususiyatlaridan biri sanalgan sunnatdir. O‘g‘il bolalarni kichiklik chog‘ida xatna qildirish musulmon xalqlarning tark qilmaydigan odatiga aylanganligi yaxshi ish. Xatnada zakarning uch qismini qoplab turgan yumshoq teri kesiladi. O‘sha terini arabchada «qalafa» deyiladi. Hanafiy mazhabi bo‘yicha bolaning holiga qarab xatnani ko‘taradigan bo‘lganda qilinadi. Yetti kunlik bolani xatna qilish shart emas. Shuningdek, zaifligi uchun xatnaga chiday olmaydiganlarni ham xatna qilinmaydi. Xatna qilinmagan odam vafot etsa, uni xatna qilinmaydi. Xatna holida tug‘ilgan shaxsni xatna qilinmaydi. Agar xatna qilinishi lozim bo‘lgan joyida ba’zi bir teri bo‘lsa uni olib tashlab lozim bo‘ladi. Xatnachining aybi ila xatna qilingan shaxsga talofat yetsa, tavon to‘lanadi. Xatna munosabati ila marosim qilish mashru’dir. O‘g‘il bolalarning xatnasini izhor qilish sunnat. Yoshligida xatna qildirilmaganlarni ham shariat hukmlarini buzmagan holda keyinroq bo‘lsa ham, xatna qildirish ulamolarimiz tomonidan tavsiya qilinadi. Katta yoshdagi kishi musulmon bo‘lsa va xatna unga zarar keltirishi xavfi bo‘lsa, tark qilinadi. Bir odam, katta yoshda musulmon bo‘lgani uzri uchun xatna qilinmagan bo‘lsa, adolatli bo‘ladi va shahodati qabul qilinadi. Uzrsiz xatna qilinmagan odamning guvohligi qabul qilinmaydi. Xatna shofe’iy va hanbaliylar nazdida vojib, hanafiy va molikiylar nazdida sunnatdir. Bola tug‘ilganiga yetti kun o‘tgandan boshlab xatna qilinsa bo‘laveradi, degan ulamolar ham bor. Ba’zilar yetti yoshdan o‘n yoshgacha xatna qilinsa, yaxshi bo‘ladi, deganlar. Xatnachi katta odamni yoki o‘smirni xatna qilish uchun avratiga nazar solishi joiz.
[1] Zakar — o‘g‘il bolaning jinsiy a’zosi.