Diplom ishi uchun olayotgan pul pora emasmi? 09.02.2017
Savol:Assalomu alaykum, hurmatli ustoz. Avvalo, qimmatli vaqtini ayamay, biz kabi ojiz bandalarga din sohasida to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatuvchi insonlar borligi uchun Allohga beadad hamdu sanolar aytaman. Sizga bir savol bilan murojaat qilmoqchi edim: bugun televizorda ta’magir shifokorlar haqidagi ko‘rsatuvni ko‘ra turib, pora olish, harom luqma haqida o‘ylab qoldim. Ertaga Haq taologa ro‘baro‘ bo‘ladigan kundan tashvishga tushib qoldim. Men universitetda ishlayman. Bizda bitiruvchi kurs talabalari diplom himoyasi uchun bitiruv malakaviy ish yozishlari kerak bo‘ladi, lekin aksar holatda bu ishni domlalar talabalarga pulga yozib berishadi. Ayrim talabalar diplom ishini o‘zlari yozadilar. Menga biriktirilgan talabalarni avval boshda chaqirib, diplom mavzularini berib, ularga ishni qanday qilishni, qanday yozishni tushuntiraman. Lekin ko‘p holatlarda talabalar “domla, o‘zingiz yozib bering” deyishadi. Shunda ularga diplom ishi yozib beraman va yozib berganim uchun buncha berasizlar deb o‘zim aytaman. Lekin shunisi ham borki, ushbu talabalar bilan ishlashim uchun davlat menga haq to‘laydi. Birinchi savolim shundan iborat: mana shu o‘zimga biriktirilgan talabalarga ularning iltimosidan keyin diplom ishi yozib berib olgan pulimning hukmi qanday? Ikkinchi savolim: men ko‘pincha boshqa domlalarga biriktirilgan talabalarga diplom ishi, magistrlarga dissertatsiya, o‘qituvchilarga maqola yozib beraman va albatta bu holatda xizmat narximni qat’iy belgilab olganman. Ustoz, ayting-chi, men shu holatda topayotgan pulimning hukmi qanday? Ustoz, to‘g‘risi bu narsalarni so‘raganimdan juda andisha qilmoqdaman, chunki men “poraxo‘r” degan nom olishdan, natijada gunohkor bo‘lib qolishdan qo‘rqaman. Shu o‘rinda yana shuni ham aytmoqchimanki, dars jarayoni uchun, talabalarni baholash uchun talabadan hech qachon biror narsa talab qilmaganman va buni hech qachon qilmayman, inshaalloh.
Bo`lim Muomalotlar9762
Va alaykum assalom. Aslida o‘sha malakaviy ishni talabalarning o‘zlari harakat qilib yozishlari kerak. Sababi, mana shunday ishlar rivojlangani sari jamiyatda malakali mutaxassislar kamayib ketmoqda. Ko‘p talabalar pul bilan o‘qishni bitiradi, keyin biron joyga ishga kiradi. Bilimi yetarli bo‘lmaganidan keyin unda mas’uliyat ham, sohasi bo‘yicha tajriba va ko‘nikma ham bo‘lmaydi. Bu o‘z-o‘zidan jamiyat taraqqiyoti orqaga qarab ketishiga sabab bo‘ladi.
Demak, talabalar o‘zlari yozishlari mumkin bo‘lgan narsalarni siz yozib berishingiz, ilm dargohlaridagi umumiy qoidaga zid. Shuningdek, shar’an, ham urfan to‘g‘ri emas. Agar shunday ishlar avj oladigan bo‘lsa, ilmning sharafi qolmaydi. Bu narsa talabalar oldida ustozlarning hurmati pasayishiga ham olib boradi. Shuningdek, qoidaga ko‘ra institut talabalari malakaviy bitiruv ishini ustozlar yordami va maslahatiga tayangan holda o‘zlari yozishlari kerak. Agar birovlar yozib bersa, bu ularning ilmlari oshishiga xizmat qilmaydi. Aksincha, bu holat ommaviy tus olsa, institutdan chala mutaxassislar, ilmiy layoqati past odamlar bitirib chiqadi. Buning zararli natijasi esa butun jamiyatga ta’sir etadi. Shunday ekan, bu ishni joiz deb bo‘lmaydi.
Vallohu a’lam!