“Xudoligimni aytaman” desa bo‘ladimi? 28.12.2016
Savol: Assalomu alaykum, Odilxon qori aka. Bir masala bo‘yicha sizning vaqtingizni olsam mendan ranjimaysiz, deb umid qilaman. Lekin, shunchalik vaqt ajratib bizning savollarga javob berayotganingiz uchun tashakkur!
Savol shundan iborat: suhbatdoshni gapiga ishontirish yoki lafzi rostligini isbotlash maqsadida odamlar “Xudoligimni aytaman” degan jumlani ishlatishadi. Lekin men shuning ma’nosini hanuz bilmayman. Menimcha, ko‘pchilik yoshlar o‘zlari bilmagan holda gapirib qo‘yishadi. Shuningdek, “kimlar o‘tmagan joy” yoki “chillaxonada turibmiz” deyishadi. Bunday jumlalarni ishlatish to‘g‘rimi? Sizdan shu masalaga oydinlik kiritib berishingizni so‘rayman!
8989
Va alaykum assalom. Gapiga ishontirish uchun “Xudoligimni aytaman” deganda, “haq so‘zimni aytaman, gapim rost”, deyish iroda qilingan bo‘lishi mumkin. Ba’zan, suhbatdoshining qaysidir so‘ziga ishonqiramasa yoxud isbot talab qilmoqchi bo‘lsa “Xudoligingni aytchi?!” degan so‘zni ham ishlatadilar. Bu, qaysidir ma’noda qasam ichtirishga ham o‘xshab ketadi. Garchi, bunday so‘zlar ayrimlarda odat tusiga kirgan bo‘lsa ham fikrimizcha, musulmon kishi o‘zaro tortishuvlarda, arzimas narsalar ustida Xudoning nomini o‘rtaga qo‘yavermasligi va qasamxo‘rlikdan saqlanishi lozim. Va bu kabi ma’nosi ishtibohli bo‘lgan so‘zlarni ishlatmaslik ham ma’qul. Ba’zilar “gapning indallosi” deyishadi. Bu bilan gapning eng rosti, deyishni iroda qilishadi. Bu to‘g‘ri, nazarimizda. Sababi qiyomat kuni Alloh ruxsat berganlargina gapiradilar va faqat haq gapni so‘zlaydilar. “Gapning indallosi” deganda ham “Alloh dargohida aytiladigan to‘g‘ri so‘z” nazarda tutilsa kerak. Lekin mo‘min banda odamlarni ishontirish uchun turli-tuman uslublardan foydalanishi shartmas. Agar u yolg‘on gapirmasa, har xil lafzlar bilan gapini tasdiqlashiga, behuda qasam ichishiga hojat qolmaydi.
Xullas, mo‘min kishi shunday yo‘l tutsinki, siyrati shunday go‘zal bo‘lsinki, odamlar uning gapiga zig‘ircha shubhalanishmasin. Ba’zilar, har ikki gapning birida “Xudoligimni aytaman”, “non haqqi!”, “chillaxonada turibmiz”, degan jumlalarni ham ishlatishga odatlanib qolganlar. Bu to‘g‘ri emas. Vallohu a’lam!