Tahoratning uxroviy foydalari
5.1.2018 6022

Alloh taolo bandalari namoz o‘qishlaridan oldin tahorat qilishni buyurgan. Bunda ko‘plab foyda va manfaatlar bor. Yuqorida tahorat qilish bandaning ba’zi gunohlariga kafforat bo‘lishi haqidagi hadislar bilan tanishib chiqdik. Endi tahoratda a’zolarning yuvilish ketma-ketligidagi hikmatlarni ko‘rib chiqamiz.

1. Tahoratda yuvish farz bo‘lgan a’zolarning birinchisi yuzdir. Yuz insonning eng asosiy a’zosi bo‘lib, bu a’zo ayni paytda gunoh sodir etishda ham bosh sababchi sanaladi. Chunki unda ko‘z, burun, og‘iz-til kabi gunoh sodir etishda vositachi bo‘lgan a’zolar bor. Chunonchi, nomahramlarga tikilishda ko‘z, harom luqmani chaynashda og‘iz, kishilarni g‘iybat qilib, ularning obro‘’sini to‘kishda til “xizmat” qiladi. Shu sabab eng birinchi navbatda Alloh taolo shu a’zoni yuvishni, undagi kir va nopok narsalar bilan birga, istig‘for va tavba bilan ular yordamida sodir etilgan gunohlarni ketkazishni amr qilgan.

2. Yuzdan so‘ng qo‘llar gunoh qilishda keyingi o‘rinda turadi. Sabab ko‘z ko‘radi va qo‘llar yomonlik sodir etadi. Shu sabab yuzdan so‘ng ikki qo‘l yuvilishi kerak.

3. Tahoratdan ko‘zlangan foyda ko‘proq ma’naviy poklikka erishish ekanini boshga mash tortish misolida ko‘rishimiz mumkin. Sababi bosh to‘liq xo‘llanib, yaxshilab yuvilmasa, toza bo‘lmaydi. Tahoratda esa qo‘llar xo‘llanib, boshga surtiladi. Bu esa, avvalo, Alloh tarafidan bandalarga berilgan yengillik va gunohlardan forig‘ bo‘lish uchun yaxshi imkoniyatdir. Sababi gunoh qilishda boshda joylashgan miya asosiy o‘rin tutadi. Aynan u ma’siyat ish haqida niyat va reja tuzib, so‘ng boshqa a’zolarga buyruq beradi. Mana shuning uchun mehribon Alloh miyamizda ojizlik bilan tugib qo‘ygan gunoh haqida qinjir rejalarimizga, ya’niki gunohlarimizga kafforat bo‘lishi uchun bizlarni boshga mash tortishga amr qilgan.

4. Tahoratda yuvish farz qilingan keyingi a’zo bu oyoqdir. Oyoqning yomon ish qilishda qo‘shgan ulushi kam emas. Shu sabab bu a’zoning moddiy kirlarini ketkazish bilan birga ma’naviy dog‘larini poklashga buyurilganmiz.

Endi tahoratning uxroviy foydalari haqidagi xulosaviy fikrlarni keltiramiz:

– tahorat qilish bilan banda Alloh roziligi va muhabbatiga erishadi;

– tahorat ulug‘ ibodat bo‘lmish namozning kalitidir;

– tahoratni mukammal ado etish imonning yarmiga tengdir;

– tahorat bandaning ba’zi gunohlariga kafforat bo‘ladi;

– tahorat bilan bandaning ilohiy dargohdagi maqomi ko‘tariladi;

– ko‘p tahorat qilish va a’zolarni mukammal yuvish bandaning qiyomatdagi nurini ziyoda qiladi;

– mukammal tahorat qilib, hadislarda kelgan duolarni o‘qigan banda uchun jannatning sakkiz eshigi ochiladi va u o‘sha eshiklarning xohlaganidan kiradi;

– doim tahorat bilan yurish banda imonining komilligidandir;

– tahorat ustiga tahorat qilish banda uchun nur ustiga nur bo‘ladi.

E’tibor bergan bo‘lsangiz, hadislarda tahoratning faqat oxiratga tegishli manfaatlari zikr qilingan. Bu, tahorat faqat oxiratda foyda beradi, degani emas. Balki tahoratning dunyoviy foydalari ham bisyor. Faqat dunyoviy manfaati uxroviydan ko‘ra kichikroq bo‘lgani uchun ular hadislarda alohida aytib o‘tilmagan. Niyatni xolis qilib, tahoratni yaxshilab ado qilgan banda dunyoda ham, oxiratda ham ko‘plab foydalarga erishadi. Shu ma’noda quyida tahoratning tibbiy foydalari haqida ma’lumot beramiz. Zero, bu ma’lumotlar tahoratga bo‘lgan e’tiborimizni yanada oshirishi shubhasiz.

Kun oyati

(Ey Muhammad,) oz jonlariga zulm qilgan bandalarimga ayting: Allohning rahmatidan noumid bolmangiz! Albatta, Alloh barcha gunohlarni magfirat qilur.…

Kitoblar
Eng ko`p o`qilgan maqolalar
Istixora duosi

Istixora sozi lugatda yaxshilik sorash manosini bildiradi. Shariy istilohda, bandaning namoz oqish yoki duo qilish bil…

8.112015 207432
Энг кўп ўқилган савол-жавоблар

24148
  • 18582
  • 12536
  • 15453