Tahoratdan so‘ng ikki rak’at namoz o‘qish fazilati
5.1.2018 7519

33 – Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha, Nabiy sollallohu alayhi va sallam bomdod namozida Bilolga: “Ey Bilol, Islomda qilgan eng umidli amaling haqida so‘zla. Chunki men jannatda yonimda oyoq kiyiming ovozini eshitdim”, deganlarida, u: “Men biron umidli amal qilganim yo‘q, ammo kechasimi yoki kunduzimi tahorat qiladigan bo‘lsam, mana shu tahorat bilan qodir bo‘lgancha namoz o‘qiyman”, dedi (Buxoriy, Muslim, Ahmad va Ibn Hibbon rivoyati).

Bilol roziyallohu anhu azon aytsa, iqomatdan avval ikki rak’at namoz o‘qirdi. U kishi doim tahorat bilan yurardi. Qachon tahorati sinsa, yangi tahorat qilib ketidan imkon qadar namoz o‘qishga harakat qilardi1. Hadisda mana shu narsa Bilol roziyallohu anhuni yuksak maqomga ko‘targani, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam tushlarida uni jannatda ko‘rganlari aytilmoqda va bu ishda davomli bo‘lishga qiziqtirilmoqda.

 

34 – Uqba ibn Omir roziyallohu anhu rivoyat qiladi:“Tuyalarni boqish vazifasi bizning bo‘ynimizda edi. Mening navbatim kelganida, (o‘tlatib,) kechasi ularni qaytarib olib keldim va Rasululloh sollallohu alayhi va sallam tik turib odamlarga hadis aytayotganlari ustidan chiqib qoldim. Men u zot: “Qaysi bir musulmon tahoratni chiroyli qilib, so‘ngra qalbi ila yuzlangan holda xushu’ va xuzu’ bilan ikki rak’at namoz o‘qisa, unga jannat, albatta vojib bo‘ladi”, deb aytganlarini eshitdim”(Muslim, Abu Dovud, Nasoiy, Ibn Moja va Ibn Xuzayma rivoyat qilgan).

Yuqorida zikri kelgan Bilol roziyallohu anhu ham doim tahorat bilan yurish va tahoratdan so‘ng xushu’ bilan namoz o‘qish orqali jannatga kirishdek ulug‘ martabaga erishgan edi. Bu ish bandaga jannatga kirish uchun berilgan katta imkoniyat. Qiyin emas, faqat xohish va biroz e’tibor bo‘lsa bas. Agar shu narsaga amal qilsak, inshaolloh, jannatni qo‘lga kiritamiz. Ammo, faqat shuning o‘zinigina qilsam jannatga kiraman, boshqa ishlarni tark qilsam ham bo‘laveradi, deb xato tushunmaslik lozim. Bu yerda bandaning jannatga kirishga sabab bo‘ladigan amallardan faqat bittasigina zikr qilinmoqda. Bunday amallar ko‘p. Imkon boricha solih amallarni ajratmay barchasini qilib borish maqsadga muvofiq.

 

35 – Usmonning mavlosi Humrondan rivoyat qilinishicha,u Usmon ibn Affonning idish(da suv olib kelish)ni buyurganini ko‘rgan ekan. U avval qo‘liga uch marta suv quyib yuvdi. So‘ngra o‘ng qo‘lini idishga tiqib, og‘iz-burnini yuvdi. Keyin yuzi va qo‘lini tirsagigacha uch marta yuvdi. So‘ngra boshiga mash tortdi. Shundan keyin uch marta oyog‘ini to‘pig‘igacha yuvdi va: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Kim mening tahoratimga o‘xshatib tahorat qilib, so‘ngra (xayoli) chalg‘imagan holda ikki rak’at namoz o‘qisa, uning o‘tgan gunohlari, albatta kechiriladi”, dedilar”, deb aytdi(Buxoriy, Muslim, Abu Dovud, Nasoiy, Ibn Moja, Ahmad va Ibn Hibbon rivoyati).

Ushbu rivoyatda Usmon ibn Affon roziyallohu anhu tamonidan Nabiy sollallohu alayhi va sallam tahoratlari ta’riflanib, so‘ngra u zot aytgan hadis keltirilmoqda.

Demak, kim yaxshilab tahorat qilib, xayolini bir joyga yig‘ib, xushu’ bilan ikki rak’at namoz o‘qisa, o‘sha bandaning o‘tgan gunohlari kechiriladi va unga jannatga kirish vojib bo‘ladi.

Bu rivoyatda kechirilishi va’da qilinayotgan gunohlar kichik gunohlardir. Ammo bu degani katta gunohlarga daxli yo‘qligini anglatmaydi. Kimda faqat kichik gunohlar bo‘lsa, gunohi yengillashadi. Kimda kichik gunoh ham, katta gunoh ham bo‘lmasa, uning martabasi ko‘tariladi2.

 

36 – Uqba ibn Omir roziyallohu anhu rivoyat qiladi: “Men Rasululloh sollallohu alayhi va sallam:“Kim chiroyli tahorat qilib, so‘ngra chalg‘imasdan fikrini bir joyga yig‘ib namoz o‘qisa, uning o‘tgan gunohlari mag‘firat qilinadi”, deganlarini eshitganman” (Ahmad va Tabaroniy “Kabiyr”da rivoyat qilgan. Rivoyat sanadida zaiflik bor).

Bu yerda avvalgi rivoyat ma’nosi qisqa tarzda aynan o‘sha roviy tomonidan keltirilmoqda. Xulosa shuki, banda tahorat qilib, xoh farz, xoh sunnat yoki boshqa nafl namozi o‘qisin, hadisda aytilgan fazilatga erishadi. Tahorat qilayotganimizda va namoz o‘qiyotganimizda bu hadislar yodimizda tursa, ibodatga bo‘lgan e’tiborimiz yanada ortadi.

1 Imom Navaviyning “Sahihul-muslim”ga yozgan sharhida: “Bu hadisda tahorat ketidan namoz o‘qish fazilatli amal ekani aytilmoqda. U sunnatdir. Bu namozni qaytarilgan vaqtlarda – quyosh chiqayotganda, tikkaga kelganda va botayotganda (bomdod va asr namozlaridan so‘ng) o‘qish mumkin. Chunki bu namozning o‘qilishiga sabab bor. Bizning mazhabda (ya’ni, Shofe’i mazhabida) shunday deyilgan”, deb aytilgan.

2 Bu fikrlar Ibn Hajar Asqaloniyning “Fathul-boriy” kitobida keltirilgan.

Kun hikmati

Keliniga zulm qilayotgan qaynonalar "Hargiz Alloh zolimlar qilayotgan amallardan gofil, deb hisoblama!" (Ibrohim surasi: 42) oyatini yodiga keltirsin…

Kitoblar
Eng ko`p o`qilgan maqolalar
Istixora duosi

Istixora sozi lugatda yaxshilik sorash manosini bildiradi. Shariy istilohda, bandaning namoz oqish yoki duo qilish bil…

8.112015 207425
Энг кўп ўқилган савол-жавоблар

24148
  • 18582
  • 12536
  • 15453