"Taloq" dan ehtiyot bo‘ling!
17.2.2017 15008

   Hozirgi vaqtda oilalarda ajrimlarning ko‘payotgani jamiyatimizning og‘riqli nuqtalaridan biridir. Sinovli dunyoda oilaviy kelishmovchiliklarni sabr va bag‘rikenglik bilan bartaraf etish mumkin bo‘lgani holda ko‘p yoshlarimiz shoshqaloqlik, g‘azab, sabrsizlik kabi illatlarga tez yengilishmoqda. Yigitlarimizning ayoliga “Uch taloqsan”, “Qum taloq”, “Ming taloqsan”, “Onangnikiga borsang, taloqsan!” deyishlari ko‘payib ketgan.
    Ibn Umar (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: "Rasuli akram (sollallohu alayhi va sallam): “Alloh azza va jallaga eng yomon ko‘rilgan halol narsa taloqdir”, dedilar" (Abu Dovud, Imom Hokim. Imom Hokim sahih degan).
    Ayrim erkaklar bu so‘zning hukmini bilmasdan xotinini qo‘rqitish uchun “taloq” so‘zini qayta-qayta tilga olaveradi, jahl bilan aytilgan birgina so‘zdan oila tanazzulga yuz tutishini his qilishmaydi. “Bir marta janjal bo‘lgan uydan qirq kun baraka ketadi”, degan maqolning mohiyatini tushunmay janjallashaverishadi. Bunday tortishuvlarda er ham, ayol ham o‘z haq-huquqini talab qiladi. Farzandlarning ahvoli, atrofdagilarning fikri, hayoti ularni umuman qiziqtirmaydi. Ko‘pincha ayol erini qattiq rashk qilganidan yoki boshqalarga o‘xshab yaxshi yashashni talab etishi, erining qarindoshlari bilan munosabatlari turli kelishmovchiliklarga sabab bo‘ladi.
   Savbon (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: "Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam): “Qay bir ayol uzrli sababsiz eridan taloq qilishni so‘rasa, unga jannatning hidi ham harom bo‘ladi”, dedilar" (Sunan sohiblari).
    Abdulloh ibn Ja’far ibn Abu Tolib qiziga bunday nasihat qilgan ekanlar: “Zinhor rashkchi bo‘lmagin, u taloqning kalitidir. Zinhor ko‘p itob qiluvchi bo‘lmagin, u ko‘ngilsizlikni keltirib chiqaradi. Surma qo‘yib yurgin, lekin ziynatlarning eng afzali suvdir”.
   Oilaviy ajrimlar sabablari o‘rganilganda “taloq” so‘zining ko‘p ishlatilishi er g‘azablanganida xotini sabr qilmasdan tiliga erk berishidan yuzaga kelar ekan. Erining kayfiyatiga qarab muomala qilish madaniyati hamma ayolga ham berilmagan. Shuning uchun xotinlar darrov tilga erk berishadi. “Senga tegib nima ko‘rdim?” “Qo‘lingdan nima kelardi?” kabi so‘zlar erkaklarning quyushqondan chiqishiga sabab bo‘ladi. Vaholanki, turmush chorrahalarida ko‘zlangan ezgu orzularga chiroyli sabr bilan erishish mumkin. Afsuski, bularning ba’zi ayollarga qizig‘i yo‘q. Aslida, ovozni ko‘tarib emas, balki bir oz past kelish bilan katta-katta ishlarni hal qilish mumkin. Sabr, bir so‘zdan qolish bilan qanchadan qancha ajrimlarning oldini olish mumkin edi.
   Alloh taolo dunyo hayotida erlarning ayollardan ustunligini ta’kidlab, bunday marhamat qiladi: “Erkaklar xotinlar ustidan (oila boshlig‘i sifatida doimiy) qoim turuvchilardir...” (Niso, 34).
    Alloh taolo erkak kishini tabiatan hissiyotga berilmaydigan, og‘ir, vazmin, aqlli qilib yaratgan. Har qanday holatda ham erkak kishi o‘zini og‘ir tutishi kerak bo‘ladi. Biroq ayrim johil yigitlar ayolining aql bilan tuzatish mumkin bo‘lgan kamchiligi yoki xatosini to‘g‘rilashga chora qidirishdan ko‘ra begonalardan taskin qidirishni ma’qul ko‘rishadi. Ayol erining fe’lidagi har qanday nuqsonga chidashi mumkin, ammo xiyonatini kechirolmasligini esdan chiqarishadi.
   Alloh taolo Qur’oni karimda marhamat qiladi: “Ular bilan totuv turmush kechiring. Agar ularni yomon ko‘rsalaringiz, (bilib qo‘yingki) balkim sizlar yomon ko‘rgan narsada Alloh (sizlar uchun) ko‘pgina yaxshilik paydo qilishi mumkin” (Niso, 19).
    “Keyingi pushmon, o‘zingga dushman” deb, bekorga aytilmagan. O‘ylamay aytilgan so‘zning asorati oilalarning buzilishiga, begunoh go‘daklarning ko‘z yoshiga sabab bo‘lib qolmasin.



Munira ABUBAKIROVA
O‘zbekiston musulmonlari idorasi mutaxassisi

 

Manba: www.muslim.uz 

Kun hadisi

Oziga aloqasi bolmagan narsalar bilan shugullanmaslik kishining Islomi gozalligidan darakdir (Imom Termiziy rivoyati, hasan hadis). Izoh: Ushbu hadis…

Kitoblar
Eng ko`p o`qilgan maqolalar
Istixora duosi

Istixora sozi lugatda yaxshilik sorash manosini bildiradi. Shariy istilohda, bandaning namoz oqish yoki duo qilish bil…

8.112015 216310
Энг кўп ўқилган савол-жавоблар

24551
  • 19003
  • 12793
  • 15756