Shayton vasvasasidan qutulishning 4 qadami
14.12.2016 12298

    Inson hayoti davomida o‘z fikrlari bilan tinimsiz kurash olib boradi. Biz qancha to‘g‘ri va yaxshi yashamaylik, baribir miyamizda aylanadigan yomon fikrlar, ehtiros, vasvasa, nafsga quloq solish kabi salbiy holatlardan qochib qutula olmaymiz. Xo‘sh, bularni qanday bartaraf etish mumkin, umuman, xalos bo‘lish yo‘llari va usullari bormi? Albatta, bor. Keling, aynan, biz uchun zarur bo‘lgan dastlabki “to‘rt qadam” haqida to‘xtalib o‘tamiz: 

 

1-qadam. Munosabatingizni o‘zgartiring. Ongizga yomon o‘y-fikrlar kelgan paytda, ular bilan kurashishga unchalik ham shoshilmang, aksincha shunchaki ularni tan oling, o‘zingizga chetdan nazar tashlang va shunday deng: “Bu shaytonning vasvasasi, men unga bo‘ysunishim kerak emas. Allohning madadi bilan bu yomon o‘y-xayol meni tark etadi”. 

 

2-qadam. Oqibatini anglang. Sizga bunday fikr nima sababdan kelayotganini aniqlang va shunday deng: “Bunday gunohga chorlovchi fikrlar men uchun eng yomon dushman bo‘lgan shaytondandir. Men unga quloq solishim kerak emas. Agarda men xohishimga erkinlik bersam, men uning quliga aylanaman”. 

 

3-qadam. Diqqatingizni boshqa narsaga yo‘naltiring. Gohida yomon fikrga bormaslik, johillik va vasvasaga tushmaslik juda qiyin bo‘lib qoladi, lekin buning ham uddasidan chiqsa bo‘ladi. Biz miyamizga kelayotgan yomon o‘y-fikrlarni nazorat qila olmaymiz, lekin biz ularga ahamiyat bermagan holda miyadan chiqarib tashlashimiz mumkin. Bu esa o‘zimizning qo‘limizda. Buning uchun o‘zimizga qarata: “Hozirgi paytda men o‘ylayotgan va qilmoqchi bo‘layotgan ishim mening e’tiqodimga to‘g‘ri kelmaydi. Men Allohni g‘azabini keltiradigan ish qilmoqchi emasman”,-deb ayting. Hamda sizni yomon ishga undayotgan fikrdan chalg‘ishga harakat qiling. Eng samarali yo‘l – qandaydir yumush bilan mashg‘ul bo‘lib, yomon o‘y-fikrlar bilan yolg‘iz qolmaslik hisoblanadi. Masalan, do‘stingiz bilan suhbatlashing yoki ko‘zingizni yuming va ro‘parangizda siz uchun yoqimli bo‘lgan surat turganini tasavvur qiling yoki siz uchun qadrli bo‘lgan onlarni eslang, shunda ko‘rasiz yomon fikrlar siz uchun ikkinchi darajali bo‘lib qoladi. 

 

4-qadam. Qayta baholash. Bundan biroz oldin yuz bergan noxush vaziyatni eslang – aybdorlik, uyalish, xijolat bo‘lish, qalbdagi bo‘shliq va o‘z-o‘zingizdan jirkanish kabi hislar sizni chulg‘ab olgan edi. Irodangiz bo‘shligi tufayli siz yenga olmasdan vujudga kelgan noxush holat va uning ortidan ergashtirib kelgan omadsizlik, yaqinlaringizga yetkazgan aziyatni eslang. 

 

    Albatta, inson miyasiga keladigan shaytoniy yomon fikr va vasvasani batamom bartaraf etishga qodir emas, ammo u Allohdan panoh so‘ragan holda yomon his-tuyg‘ularini, o‘ylarini nazorat qila olishi mumkin. Aytganlarimiz biz nima haqida o‘ylashimiz borasida emas, balki bizning miyamizga kelayotgan fikrlarni nazorat qila olishimiz va natijada qanday xatti-harakatni amalga oshirishimiz borasidadir. Gunohga chorlovchi yomon o‘y-fikrlarni oldini oluvchi eng yaxshi vosita – Alloh roziligiga erishish yo‘lida imonni mustahkamlab, ibodat va yaxshilikda bardavom bo‘lishdir. 

 

Mohira ZUFAROVA tayyorladi.

 

Manba: www.muslim.uz 

Kun oyati

(Ey Muhammad,) oz jonlariga zulm qilgan bandalarimga ayting: Allohning rahmatidan noumid bolmangiz! Albatta, Alloh barcha gunohlarni magfirat qilur.…

Kitoblar
Eng ko`p o`qilgan maqolalar
Istixora duosi

Istixora sozi lugatda yaxshilik sorash manosini bildiradi. Shariy istilohda, bandaning namoz oqish yoki duo qilish bil…

8.112015 216302
Энг кўп ўқилган савол-жавоблар

24550
  • 19003
  • 12792
  • 15756