Shayx Zayniddin ko‘yi Orifon
10.12.2016 8850

     O‘zbekiston zaminida, ya’ni Buxoroi sharif, Samarqand, Xorazm, Toshkentdek azim shaharlarda shunday ulug‘ aziz avliyolar, shayxu fuzalolar o‘tganki, ularning hayotini bilish, maqomatini o‘rganish har bir inson uchun ham foydadan xoli emas. Chunki, Toshkent shahrida ham shunday komil insonlar, ya’ni Allohning do‘stlari ko‘p yashab o‘tgan, jumladan, Shayx Zayniddin ko‘yi Orifoni, Etemas Eshon, Shayx Umar Bog‘istoniy, Shayx Xovondiy Tohur, Xoja Ubaydullox Shoshiy, Xoja Ahror Valiy, Hakim ota, Zangi ota, Yalang‘och bobo, Xoji Alambardor, Shayx Xazrati Imomlar kabi tasavvuf shayxlarini aytib o‘tish mumkin.
    Toshkentning Ko‘kcha dahasida Shayx Zayniddin bobo maqbarasi joylashgan. Hazrati Abul Hakimiy Samarqandiyning "Qandiya" asarida shunday keltirilgan: "Naql qilibdurlarki, hazrati Nuriddin Basir voyaga yetganlarida ul kishini Shayx Zayniddin ko‘yi Orifonining huzurlariga olib borishadi. Shayx Zayniddin Xudo nazar qilgan bul yosh va pok bandani ko‘rib, farzandlikka qabul qilib tarbiyalari bilan mashg‘ul bo‘ladilar. Aytishlaricha Hazrati Zayniddin Toshkentning Orifon degan mavzeyidan bo‘lgan, Orifon tog‘i esa Toshkentdan bir farsah uzoqlikda joylashgan. Nomlariga ko‘yilgan laqab ham shu jihatdan berilgandir. Bu Shayx Zayniddin boboning Orifonga nisbatlari borasidagi bir fikrdir.
    Boshqa manbada quydagicha keladi: Ma’lumki, Shayx Zayniddin boboning tarixini o‘rganishdan ma’lum bo‘ldiki, ularning to‘liq ismi shariflari Shayx Zayniddin Ko‘yi Orifoni Toshkandiy ibn shayx Shahobiddin Abu Xafs Umar Suhrovardiy. Ul zot 1164 yilda tugalib, 1259 yili 95 yoshlarida vafot etganlar. Otalari Shayx Shahobiddin Abu Xafs Umar Suhrovardiy 1144 yili tug‘ilib, 1235 yili 90 yoshlarida olamdan o‘tganlar. Suxrovardiy Iroq mamlakatining Xorazmshoh davlatidagi elchisi bo‘lib, 25 yil xizmat qilgan. Shayx Zayniddin bobo shu davrda Xorazmdan Toshkentga kelib qolgan. Naql qilishlaricha, Shayx Zayniddin bobo Toshkentga yaqinlashganlarida, shaharning Ko‘kcha darvozasidan bir necha chaqirim narida tuya to‘xtab cho‘kadi. Shayx Zayniddin boboga o‘z joylarini Allohning irodasi bilan belgilab beradi. Keyinchalik ushbu joy Ko‘kcha dahasiga aylanadi va Orifon qishlog‘i paydo bo‘ladi. So‘ngra bu yerda Hazrati Shayx Zayniddin bobo dafn qilinib, Shayx Zayniddin bobo qabristoniga aylanadi. O‘sha davrda u yerda faqat chillaxona va hujralar, keyinchalik masjid qurilgan".

— Bir kuni Hazrat Muhammad Mustafo sallollohi alayhi vasallam bunday marhamat qilgan edilar: "Qiyomat kuni gunohkor banda o‘zining fe’lidan hijil va sharmanda bo‘lib, jannatdan umidini uzgan mahalda Haq taolodan shunday xitob keladi: "Ey bandam, yorug‘ dunyoda falon olim va yo falon orifni tanirmiding?. Banda: "Ha, tanir edam", — deb javob beradi. Shunda Haq taolo "Jannatga borgil, seni unga bag‘ishladim", — deydi". Bas, Xudoning do‘stlari — oriflar, aziz avliyolarni tanish, ulardan bahra olib yashamoq qiyomatda najot topish uchun sabab bo‘lar ekan. Shayxulislom Hazrati Xoja Abdulloh Ansoriy vasiyat qilib: "Avliyoi Allohning har qaysilaridan bir so‘zini yod qilinglar va agar so‘zlaridan yod bilmasangizlar, ularning tabarruk ismlarini yod olinglar, muning birla bahra topursizlar", — degan ekanlar. Shunday ekan, ularning zikrlarini, xavoriq odat, karomatlarini ixlos bilan o‘qib o‘rganish juda foydalidir. 

      Keltiribdurlarki, bir kuni Shayx Zamon Shayx Zayniddin ko‘yi Orifoni o‘z muridlariga aytdilar:

— Oralaringizdan kim mening ma’rifat va haqiqat siri borasidagi savolimga javob berur? Muridlar xomush o‘tirib, javob bera olmadilar. Hazrati Shayx ushbu savolni uch marotaba qaytarib so‘radilar. Hamma o‘tirganlar boshlarini ham qilib javob bermadilar. Nogahon, Nuriddin Basir o‘rnilaridan turib, agar ijozat bo‘lsa, faqir javob berurman, dedilar va ustozlarining savollariga chunon javob berdilarkim, bu to‘g‘ri javob edi. Shayx Nuriddinning bu javoblaridan majlis ahli hayratda qoldi va hammalari xushnud bo‘ldilar. Yana naql qilibdurlarkim, hazrati Nuriddin Basir o‘z pirlarining tahorat qilishlari uchun ishlatiladigan oftobani doim o‘zlari bilan olib yurar edilar. O‘sha vaqtda qish fasli bo‘lib, kunlardan bir kuni shayx Basir boshlarini pirlarining ostonalariga qo‘yib, uyquga ketdilar. O‘sha kechasi havo juda sovuq bo‘lib, qalin qor yog‘ib, Shayx Nuriddin qor ostida qoldilar. Ertasiga ertalab saharda Shayx Zayniddin hujralaridan tashqariga chiqdilar. Ostonada uxlab yotgan shayx Nuriddin ham qor ostidan chiqdilar va o‘z qo‘ynilaridan pirlarining oftobalarini chiqarib beradilarki, oftobadagi suv shayx Nuriddin badanlarining haroratidan juda issiq bo‘lgan ekan. Bu holni ko‘rgan shayx Zayniddin ko‘yi Orifoni juda xushnud bo‘lib aytadilar: 

— Siz bizdan ziyoda bo‘lib, kamolga yetibsiz, endi xalqni Xudoi taolo yo‘liga da’vat qilish uchun onangiz bilan Samarqand sari boringiz. Qachonkim Samarqandga yaqinlashsangiz qop ortilgan tuyani yetaklagan bir turkni uchratasizkim, ul tuya va qop menga atalgan va u sizning risqingizdir. Qachonkim Samarqandga yetganingizda falon mavzeda bir chashma borkim, "Chashmai Navodon" derlar. Tuyangaz o‘sha chashma yonida cho‘kadi va sizning joyingiz o‘sha yerdir, — deydilar va shogirdlari Shayx Nuriddinga ijozat beradilar . Ushbu naqllardan ko‘rinib turibdiki, Shayx Zayniddin bobo o‘z zamonasining ulug‘ avliyosi Qutbi Chahordum Shayx Nuriddin Basirning pirlari bo‘lgan.
     Shayx Zayniddin bobo o‘zlari komil inson bo‘lib, piru murshidlik qilib, ko‘p shogirdlar, ya’ni muridlarni kamolga yetkazgan ekanlar. Shulardan Etemas Eshon (yoshligidan go‘sht iste’mol qilmaganligi tufayli shu nom saqlangan). Ko‘kcha dahasida istiqomat qiluvchi, jome’ masjidining faollaridan biri 70 yoshli Saidazimhoji ota Saidahmedovning naql qilishlaricha: "Bir kuni ko‘ngilda hasadi bor bir necha kishi Etemas Eshonni mehmonga chaqirishibdi. Uning go‘sht yemasligi ustadan kulmoqchi bo‘lib, mushuk go‘shtidan osh pishirib uzatibdilar. Palov dasturxonga tortilibdi va hurmat yuzasidan Etemas Eshonga siz boshlang deyishibdi. Shunda Etemas Eshon lagandagi katta go‘shtga qarab: "Senga ko‘p azob berishibdi-ku, ey, xudoning mahluqi", deb duo o‘qib, qo‘llari bilan ishora qilgan ekanlar lagandagi go‘sht mushukka aylanib yerga sakrab tushib ketibdi. O‘z qilmishidan afsuslangan kishilar Etemas Eshondan uzr so‘rab, mulzam bo‘lib, karomatlaridan lol qolishibdi.
      Shayx Abu Bakr Shibliy aytgan ekanlar:

— Agar butun olamda o‘sha kishilarning so‘ziga muvofiq biron so‘z ayta oladigan odamni topsang, uning etagini o‘pgin va qattiq ushlagin. Darhaqiqat, Shayx Nuriddin Basir, Etemas Eshon kabi muridlar Shayx Zayniddin boboning etagini mahkam ushlab, yuksak maqomga erishganlar.
      XII asrda yashab o‘tgan Shayx Umar Bog‘istoniy, ularning farzandlari Shayx Xovandi Tohur va ko‘plab shayxu ulamolar Hazrati Shayx Zayniddin boboga ixlos qo‘yganlar. Shu o‘rinda Shayx Xovandi Toxurning tug‘ilishi haqidagi bir rivoyatni keltirish mumkin. O‘z zamonasining avliyosi bo‘lmish Shayx Umar Bog‘istoniy umr yo‘ldoshlari bilan birga hazrat Shayx Zayniddin Ko‘yi Orifonning mozorlariga kelib, Allohdan farzand ato qilishni iltijo qilibdilar. Shayx Zayniddinning hurmatlari bilan Haq taolo Shayx Umar Bog‘istoniyga bir o‘g‘il nasib etibdurki, u mashhur Shayx Xovandi Tohurdir. Shayx Xovandi Tohur dunyoga kelgach, Shayx Umar chaqaloqni Shayx Zayniddin bobo mozorlariga olib boribdi, u yerdagi kaptarlar chaqaloqni ko‘rib, «At-Tahur» deb sayray boshlashibdi. Ana shu karomatli mujda sababli chaqaloqqa Tohur deb nom qo‘yibdilar.
     Eslatib o‘tish joizki, Shayx Umar Bog‘istoniy farzandni vafot etgan pirlaridan emas, Alloh taolodan so‘rganlar, faqat usozlarini vasila qilib, hurmatlarini o‘rtaga qo‘yganlar. Ammo hozirda insonlar bu kabi ishlarni noto‘g‘ri talqin qilib, ulug‘ avliyolar, valiy zotlar qabristoniga borib, marhumlardan najot, baxt, farzand, boylik hamda sog‘lik tilaydilar. Bu ayni shirkdir.
     Shayx Zayniddin boboning o‘tgan asrlarda 19 qozikalon muhri bosilgan shajarasi bizgacha yetib kelgan. Shajara 1200 yillik davrni o‘z ichiga olib, Suxrovardiyning o‘zi 14 – avlod, Shayx Zayniddin bobo 15 – avlod. Hozir 44, 45, 46, 47-avlodlari yashab kelmoqda, ko‘pchiligi Ko‘kcha dahasida. Shoirxislat, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi Omonulla Fayzullayev, O‘zbekiston televideniyasishgag faxriysi Muzaffar ota Asadullayev Shayx Zayniddin bobo avlodlaridandir. Ko‘kcha dahasining Nasibulla Habibullayev ko‘chasi 1-uyda Shayx Zayniddin boboning avlodlari istiqomat qiladi.

 

Toshkent islom instituti o‘qituvchisi Faxriddin Muhammad Nosir

Kun hadisi

Oziga aloqasi bolmagan narsalar bilan shugullanmaslik kishining Islomi gozalligidan darakdir (Imom Termiziy rivoyati, hasan hadis). Izoh: Ushbu hadis…

Kitoblar
Eng ko`p o`qilgan maqolalar
Istixora duosi

Istixora sozi lugatda yaxshilik sorash manosini bildiradi. Shariy istilohda, bandaning namoz oqish yoki duo qilish bil…

8.112015 229179
  • Sayyidul-istig‘for duosini o‘rganamiz

    Allohumma anta Robbiy la ilaha illa anta xolaqtaniy va ana abduka va ana ala ahdika va vadika mastatotu. Auzu bika min …

    17.12017 101247
  • QUR’ON tilovati

    Quron oqishdan avval poklanib oling. "Uni (Quronni) tahoratli kishilardan ozgalar ushlamaslar" (Voqea, 79). Quron oqi…

    18.82016 51193
  • Alloh la’natlagan pardoz

    Alloh taolo Ozi yaratgan barcha jonzotlar ichida insonni eng gozal suratda yaratganini takidlab, Quroni karimda shunday…

    19.32017 49399
Энг кўп ўқилган савол-жавоблар

25686
  • 20251
  • 13614
  • 16793