Shayx Zayniddin bobo Toshkandiy (1164-1259)
4.8.2015 12427

   Aziz zaminimiz, muqaddas vatanimiz yetti iqlimga dong‘i ketgan ne-ne ulug‘ allomayu fuzalolarni yetishtirib chiqargan. Yana qanchadan-qancha olimu mutafakkirlar bu zamindan qo‘nim topganlar va hayotlarini ilm-ma’rifat va ezgulik ulashishga bag‘ishlaganlar. Vatanimiz o‘tmishida ulug‘ alloma va valiy zotlar shu qadar ko‘pki, ularning nomini sanab sanog‘iga, hisoblab hisobiga yetish mushkul. Ana shunday alloma va valiy zotlardan biri shayx Zayniddin bobodir. Biz quyida u zotning hayotlariga nazar tashlaymiz.
    Shayx Abu Bakr Zayniddin bobo ibn Shihobiddin Ko‘yi Orifon Toshkandiy 1164 yilda Bag‘dodda tug‘ilgan. U zotning otasi shayx Shihobiddin Umar ibn Muhammad ibn Abdulloh ibn Amravayh Abu Hafs al-Qurashiy at-Taymiy al-Bakriy as-Suhravardiy (hijriy 539-632, melodiy 1145-1234) bo‘lib, katta olim, faqih, mufassir, voiz, ayni paytda jamoat arbobi hisoblangan. U o‘ttiz besh yoshida “shayxlar shayxi” darajasiga ko‘tarilgan. Abu Hafs Bag‘dodning katta so‘fiylaridan bo‘lib, “suhravardiyya” tasavvuf tariqatiga asos solgan (Zayniddin ibn Abu Hafsning bobosi Muhammad ibn Abdulloh Suhravardiy g‘avsul-a’zam Abdulqodir Jiyloniyning do‘sti, maslakdoshi va ayo’ni bo‘lgan). Shihobiddin Suhravardiy Suhravardda tug‘ilib, Bag‘dodda vafot etgan. Suhravard Iroq tarkibidagi qishloqlardan birining nomi.
     Abu Hafs Suhravardiy yigirmadan ortiq kitoblar muallifi sanaladi. Ular ichida eng mashhuri “Avoriful-maorif” (“Yaqin do‘stlar tuhfasi” yoki “Ilm-ma’rifat yaxshiliklari”) bo‘lib, bu kitob so‘fiylar, ahli tariqatlar orasida juda mashhurdir. U oltmish uch bobdan iborat. Mazkur kitob arab tilida bitilgan, o‘nlab xorijiy tillarga, jumladan, fors, turkiy, ingliz, nemis tillariga tarjima qilingan. Al-Orifiy uni turkiyga, Zahiriddin Abdurahmon ibn Ali ash-She’roziy esa fors tiliga tarjima qilgan. Bu kitobda avval o‘tgan qavmlar tarixi, odamlar axloqi, ularning jamiyatdagi o‘rni, ta’lim-tarbiya, poklikka yetish usullari, komil inson bo‘lish uchun ilm-ma’rifat egallash lozimligi bayon qilingan. Unda al-Makkiy va al-Qushayriydan iqtiboslar (sitata) keltirilgan. Aynan “Avoriful-maorif” kitobi zamirida yangi “suhravardiyya” tariqati yuzaga kelgan. Bu kitob ko‘plab tariqatlar tomonidan yaxshi qabul qilingan va qo‘llanma sifatida foydalanib kelingan. Jumladan, Shimmelga ko‘ra, Hindiston madrasalarida tasavvufni o‘rganishda mazkur kitobdan keng qo‘llanilgan.
    Ko‘plab alloma va mutafakkirlar “Avoriful-maorif” kitobi haqida o‘z fikrlarini bayon qilganlar. Jumladan, Idris shoh: “Agar tariqatlar uchun umumdastur bo‘lsa, u “Avorif”dir”, degan. Gramlix: “Avorif oxirgi va mumtoz hamda rasmiy so‘fiylikdan ma’lumotnoma adabiyotidir”, deb aytgan. Trimingem shunday degan: “Umar Suhravardiy buyuk ustoz, shayx bo‘lgan. Hanuz bizning kunlarimizgacha barcha so‘fiylik tarafdorlari uning shogirdlari tufayligina emas, balki “Avorif” asari ta’sirida voyaga yetgan”. Shoh Valiyulloh (1703-1762) aytadi: “Odamlar hozirgi zamon so‘fiylari orqasidan ergashmasliklari kerak. Chunki ular har xil nopok narsalarni aralashtiryaptilar. Agar Alloh insonga yuksak bilimli bo‘lishni ato qilsa, u farzlar, namoz, ro‘za, zikrga taalluqli hamma narsani bilish uchun “Avorif” kitobidan o‘qib-o‘rganishi kerak”.
      Mustafo ibn Abdulloh al-Qastantiyniy ar-Rumiy al-Hanafiyning “Iyzohul-maknun fiz-zayli ’ala kashfiz-zunun” kitobida “Avoriful-maorif”ning sharhi borligi aytilgan. Mazkur kitob Izzuddin Muhammad ibn Ali al-Koshiy tomonidan yozilgan bo‘lib, “Misbohul-hidoya va miftohul-kifoya” deb nomlanadi. “Iyzohul-maknun”da aytilishicha, hijriy 984 yilda vafot etgan Abdulloh ibn Sa’duddin as-Sindiy al-Madaniy o‘sha sharhga hoshiya yozgan. Demak, “Avoriful-maorif” kitobi juda mashhurligidan unga bo‘lgan talab kuchli bo‘lib, ulamolar tomonidan mazkur kitobga sharhlar, izohlar bitilgan. Yuqorida keltirilganlardan ma’lum bo‘ladiki, hatto “Avorif”ning sharhiga ham sharh yozilgan.
      Abu Hafs Suhravardiyning bundan tashqari “Nug‘batul-bayon fiy tafsiril-qur’on”, “Jazbul-qulub ila muvosalatil-mahbub”, “Rashfun-nasoih al-iymaniyya va kashful-fazoih al-yunaniyya” (Arastu peripatetizmini tanqid qilishga bag‘ishlangan) kabi kitob va risolalari ham bor.
Zayniddin boboning otasi Abu Hafs Suhravardiy bir vaqtning o‘zida davlat arbobi ham bo‘lib, bu borada uning mavqe’i baland edi. U XIII asr boshlarida Xorazm, Saljuqiya, Iroq va Eron o‘rtasida yuzaga kelgan siyosiy nizolarni bartaraf etgan. Binobarin, shayx Shihobiddin 1215 yilda Bag‘dod xalifasi Nosirning (1180-1225) elchisi sifatida xorazmshoh Alouddin Muhammad (1200-1220) huzuriga kelgan. Abu Hafs Shihobiddin yigirma besh yil davomida elchilik vazifasida xizmat qilgan.
     Yuqorida shayx Zayniddin boboning otasi haqida biroz to‘xtaldik. Sababi u kishining Toshkentga kelishlari Abu Hafs Suhravardiy bilan bog‘liq. Yetuk alloma bo‘lishlarida Abu Hafsning o‘rni katta bo‘lgan. Endi bevosita shayx Zayniddin bobo haqida ba’zi ma’lumotlarni e’tiboringizga havola qilamiz. Shayx Zayniddin otasi shayx Shihobiddin bilan Bag‘doddan Toshkentga keladi va hozirgi Ko‘kcha mavze’sidagi qabriston yaqinidagi “chillaxona”ga joylashadi va tasavvuf bilan shug‘ullanadi. O‘sha davrda u yerda faqat chillaxona va hujralar bo‘lgan. Keyinchalik masjid va maqbara qurilgan. Shayx Shahobiddinning Imodiddin va Zayniddin ismli ikki o‘g‘li bo‘lgan. Otasi ular ichidan kichik o‘g‘il shayx Zayniddinni Toshkentda qoldirgan.
    Naql qilinishicha, shayx Zayniddin Toshkentga yaqinlashganida, shaharning Ko‘kcha darvozasidan bir chaqirim berida tuya to‘xtab cho‘kadi. Bu holat shayx Zayniddinga Allohning irodasi bilan o‘z maskanlarini belgilab beradi.
Shayx Zayniddin zamonasining ko‘zga ko‘ringan olimlaridan bo‘lib, suhravardiyya tariqatining vakillaridan edi. U Toshkent ahliga odob-axloq va boshqa ilmlardan va’z o‘qib, ularga ustozlik qiladi, otasi Shihobiddin Suhravardiy ta’limotini xalqqa tarqatadi. Shayx Zayniddin ko‘plab shogirdlar chiqargan. Ulardan shayx Nuriddin Basir (1159-1242), Etemas Eshon (yoshligidan go‘sht iste’mol qilmagani sabab u “Etemas” deb chaqirilgan) va Umar Bog‘istoniylarni (1230-1320) misol qilib keltirish mumkin. Bu muridlar shayx Zayniddin boboning etagini mahkam tutib, yuksak maqomlarga erishganlar.
       Hazrati Abul Hakim Samarqandiyning “Qandiya” asarida shunday keltirilgan: “Naql qilibdurlarki, Hazrati Nuriddin Basir voyaga yetganlarida, ul kishini Zayniddin Ko‘yi Orifon huzuriga olib borishadi. Shayx Zayniddin Xudo nazar qilgan bu yosh va pok bandani ko‘rib, shogirdlikka qabul qilib, tarbiyalari bilan mashg‘ul bo‘ladilar”.
     Rivoyatlarda keltirilishicha, shayx Umar Bog‘istoniy uylangach, bir necha yil farzand ko‘rmaydi. U ayoli bilan shayx Zayniddin huzuriga kelib, haqqiga farzand so‘rab Allohga duo qilishini iltimos qiladi. Shayx Zayniddin vafotidan bir necha yil o‘tib ular farzand ko‘rishgan. Chaqaloq tug‘ilgach, shayx Umar o‘g‘lini shayx Zayniddin maqbarasiga olib keladi va ustozining haqqiga duo qilgach, “ey ustoz! Duoingiz mustajob bo‘lib, o‘g‘illik bo‘ldik, biroq hanuzgacha unga ism qo‘ymadik. Agar tirik bo‘lganingizda o‘zingiz ism qo‘yar edingiz”, deydi. Shu payt maqbaraning darchalaridan ichkariga kirgan musicha va kabutarlar “tohur”, “tohur” deb ovoz chiqarishadi. Bu ovozni eshitgan Shayx Umar o‘g‘liga “Xovandi Tohur” deb ism qo‘yadi. Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, “Xovand” so‘zi “xudovand” so‘zining qisqa shakli bo‘lib, “xudojo‘y” ma’nosini anglatadi. “Tohur” esa “pokiza, ozoda” ma’nosiga ega.
       Shayx Zayniddin chillaxonada yashay boshlagach, sekin-asta uning atrofiga odamlar ko‘chib kelganlar. Yillar o‘tgach, shayx Zayniddin boboning zurriyotlari ko‘payib, XIV asrga kelib qabriston atrofida bir qishloq vujudga keladi. Mazkur qishloq “Ko‘yi orifon” (oriflar qishloqg‘i) deb atala boshlaydi. Taxminlarga ko‘ra, keyinchalik “Oqilon” (aqllilar, oqillar) deb atab kelingan bo‘lsa kerak.
       Shayx Zayniddin Daryo Dil Bekach momoga uylanganlar. Ularning Sayyid Shayx ismli farzandlari bo‘lgan. Shayx Zayniddin bobo shar’iy ilmlar bilan bir qatorda astronomiya, topografiya, geologiya, geodeziya, memorchilik kabi ko‘plab sohalarga oid ilmlardan xabardor bo‘lgan. Shu sabab shogirdlarga diniy ilmlar bilan bir qatorda dunyoviy ilmlardan ham saboq berib, ularga halol kasb-hunar bilan shug‘ullanib, rizq topishni ta’kilagan. Tarixiy manbalarda shayx   Zayniddin “sayyidlarning ulug‘i, sharif kishilarning karomatlisi va buyugi”, “oriflarning qutbi va ishonchli rahnamosi” deb ta’riflangan.
     Shayx Zayniddinning zamondoshlaridan Xoja Ahmad Yassaviyning sevimli nabirasi Suzuk ota (1130/1140-1217), qo‘shni mahallada yashovchi uning shogirdi Cho‘pon ota, Zangi ota (1160-1259) va uning otasi Tojxoja (1130-1210), Shayx Umar Bog‘istoniy, Boboyi Obrez, Zangi otaning to‘rt mashhur xalifalari: Sadr ota, Badr ota, Said ota (1191-1321) va Uzun Hasan ota va boshqalar Toshkentning eng ulug‘ insonlari bo‘lishgan. Shayx Zayniddin bobo 1259 yilda to‘qson besh yoshida Toshkentda vafot etgan va chillaxonaga dafn qilingan.
    Shayx Zayniddin vafotidan so‘ng uning qabri ziyoratgohga aylantiriladi. Naql qilinishicha, sohibqiron Amir Temur 1391-92 va 1402 yillarda shayx Zayniddin bobo maqbarasini ziyorat qilgan. Aynan Amir Temur farmoniga ko‘ra, eski chortoq ustiga hozirgi muhtasham va salobatli maqbara qurilgan. Shundan beri mazkur maqbara bir necha marta ta’mirlangan. Tarixchi Salohiddin ibn Alouddin Toshkandiyning (Salohiddin Toshkandiyning o‘zi ham shayx Zayniddin avlodlaridan sanaladi) yozishicha, 1390-1391 yillarda Dashti Qipchoqqa otlangan Amir Temur Toshkentda bo‘lganida hazrat shayx Zayniddin Ko‘yi Orifonga Kaykovus suvidan chiqarib, qabrlari ustiga gumbaz ko‘tarib, keyin Zangiota maqbarasini qurdirgan. Jumladan, Salohiddin Toshkandiyning “Temurnoma” kitobida shunday deyilgan: “Amir sohibqiron... Turkiston ichra qabri sharaflariga marqad ko‘tarib, imorati oliy qilib, qancha yerlarni vaqf qilib, andin keyin yana hazrati Zayniddin Ko‘yi Orifoniga Kaykovus suyidan nahri azim chiqarib, qul-cho‘ri birla nazr etib, qabrlari uzra gumbaz ko‘tarib, andin keyin Zanga ota muborak qabrlarini bino qildilar”.
     Davrlar o‘tib Zayniddin bobo maqbarasi ta’mirlab kelingan bo‘lsa-da, keyingi paytlarda u yana ta’mirtalab ahvolga kelib qolgandi. Mustaqilligimiz sharofati bilan mazkur maqbara ta’mirlanib, ulug‘ shayx marqadi obodonlashtirildi va ziyoratgohga aylantirildi. Maqbara chiroyli gumbazli bo‘lib, uning atrofida turli binolar, jumladan, tobutxona, chillaxona, chortoq bo‘lgan. Uning old tomoni janubi-sharqqa qaratilgan. Maqbaraning markazida shayx Zayniddin bobo sag‘anasi, burchaklarida esa boshqa kishilar qabri bor. Maqbaraning janubi-g‘arbiy peshtoqidagi yozuvga ko‘ra, u yer hijriy 1339, melodiy 1920-1921 yillarda ta’mir qilinib, maqbaraning eski g‘ishtlari yangisiga almashtirilgan. Arxeologik tekshiruvlarga ko‘ra, yodgorlik yonida joylashgan chillaxona XII-XIII asrlarga, maqbara o‘rnida bo‘lgan xonaqoh XIV asrga oid. Maqbara devorining asosi XVI asrda qurilgan, tepasi va peshtoqi XIX asrning oxiri – XX asr boshlarida ta’mirlangan. XIII-XIV asrlarda maqbara atrofida qabriston vujudga kelgan.
    Chillaxona binosiga kirgan odam ko‘p sirli narsalar guvohi bo‘ladi. Jumladan, u yer yozda salqin, qishda issiq bo‘ladi. Qolaversa, chillaxonada Qur’on tilovat qilinsa, juda yuqori ohang tebranishi kuzatiladi. Maqbara ichidagi chillaxona gumbazida lagan shaklidagi bir nechta tuynuklar mavjud. Binoning yuqori qismidan quyosh nuri ushbu tuynukka tushib, u orqali pastki qavatdagi xonaga nur taraladi. Ba’zi astronomlar ta’kidlashicha, mazkur chillaxona o‘z vaqtida rasadxona vazifasini bajargan bo‘lishi ehtimoldan xoli emas.
      Mazkur chillaxona janubi-sharqiy qismida pishiq g‘ishtdan ishlangan zina bor. Bu pillapoya chillaxonadan boshlangan yer osti yo‘liga tushib borgan. Yer osti yo‘lining og‘ziga bo‘yi bir yarim, eni taxminan bir metr kenglikdagi o‘ymakor eshik o‘rnatilgan. Rivoyatlarga ko‘ra, mazkur yer osti yo‘li chillaxonadan boshlanib, Abu Bakr Muhammad Qaffol Shoshiy maqbarasigacha davom etar ekan. Bu yer osti yo‘lining uzunligi taxminan 5-6 chaqirimga teng. Naql qilinishicha, shayx Zayniddin bobo Qaffol Shoshiyga (903-976) ixlosmand bo‘lgan ekan. Shu sabab Zayniddin bobo u zotning maqbarasini ziyorat qilish uchun mazkur yer osti yo‘lidan u yerga borib kelar ekan.
    Qadimdan Ko‘kchadagi chillaxona orqali Xastimom, Suzukota va Zangiota mahallalari orqali Xoja Alambardor maqbarasining yonidagi chillaxonaga chiqadigan yer osti yo‘li bor deyiladi. O‘z davrining mashhur zotlari, valiylar yer osti yo‘li orqali bir-birlari bilan uchrashib, suhbat qurishgan. Shayx Zayniddin bobo va otasi haqidagi ma’lumotlar ko‘plab ishonchli manbalarda keltirilgan. Jumladan, Xoja Ahror Valiy manoqibi haqidagi “Rashahot” kitobida Zayniddin bobo ziyoratiga keluvchilar haqida to‘xtalib o‘tilgan. Abul Hakim Samarqandiyning “Qandiya” asarida shayx Zayniddin bobo hayoti, u kishining shogirdlari bilan muomalasi borasida qimmatli ma’lumotlar keltirilgan. Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy “Nasoimul-muhabbat”da Suhravardiylar sulolasini, jumladan, shayx Zayniddinning otasi shayx Shihobiddin va amakisi shayx Najmiddin Suhravardiylarni hurmat bilan tilga olgan. Shuni alohida ta’kidlash lozimki, mashhur mutafakkir va atoqli shoir Shayx Sa’diy “Bo‘ston” kitobida Suhravardiyni o‘z ustozim, deb e’tirof etgan.
Shayx Zayniddin bobo maqbarasi necha yuz yillardan beri oddiy xalqdan tortib, atoqli allomayu fuzalolar uchun ziyoratgohga aylangan. Jumladan, yuqorida aytilganidek, Amir Temur mazkur maqbarani uch marta ziyorat qilgan va uni ta’mirlatgan. Mashhur olim va so‘fiy Xoja Ahror Valiy ham Samarqanddan kelib, ushbu maqbarani bir necha marta ziyorat qilgan.
      Endi bevosita shayx Zayniddin boboning shajarasi haqida qisqa to‘xtalib o‘tsak. XIX asrda o‘n to‘qqiz qozikalon muhri bosilgan Zayniddin bobo shajarasi bizgacha yetib kelgan. Shajara 1200 yillik davrni o‘z ichiga oladi. Bunda Abu Hafs Suhravardiy 14-avlod, shayx Zayniddin bobo esa 15-avlod. Hozir mazkur shajaraning 45, 46, 47, 48-avlodlari yashab kelmoqdalar. Ularning ko‘pchiligi Ko‘kcha dahasida istiqomat qiladi. Ulardan ko‘plab olimlar, fan arboblari, atoqli kishilar yetishib chiqqan. Jumladan, shoir Xislat, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi Omonulla Fayzullayev Zayniddin bobo avlodlaridandir. Shayx Zayniddin boboning hayoti hammamiz uchun ibratlidir. Uni o‘rganish, tadqiq qilish va kelgusi avlodlarga yetkazish barchamizning muqaddas burchimiz sanaladi. Zero kelajak avlodlar ulug‘ ajdodlarning ibratli hayoti va o‘lmas merosidan nur olib komillikka yetishadi.

 

Odilxon qori Yunusxon o‘g‘li

Kun oyati

(Ey Muhammad,) oz jonlariga zulm qilgan bandalarimga ayting: Allohning rahmatidan noumid bolmangiz! Albatta, Alloh barcha gunohlarni magfirat qilur.…

Kitoblar
Eng ko`p o`qilgan maqolalar
Istixora duosi

Istixora sozi lugatda yaxshilik sorash manosini bildiradi. Shariy istilohda, bandaning namoz oqish yoki duo qilish bil…

8.112015 216917
Энг кўп ўқилган савол-жавоблар

24589
  • 19054
  • 12827
  • 15797