ROBIUL AVVAL OYI YoXUD DUNYoNING ZULMATDAN NURGA ChIQIShI
Insonlarni to‘g‘ri yo‘lga boshlash va zulumotdan nurga olib chiqish uchun payg‘ambarlar jo‘natgan Allohga hamdu sanolar bo‘lsin!
Tug‘ulishi bilan dunyoni nurga to‘ldirgan va zimmasidagi vazifasini go‘zal tarzda ado qilib ummatlarini tunlari kunduzidek yorug‘ bo‘lgan yo‘lga solib ketgan Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga Allohning salotu salomlari bo‘lsin!
Bir kuni oldimga bir kishi kelib: "Qori aka nima uchun biz robiul avval oyini kutamiz va uni bayramdek nishonlaymiz", dedi. Hozir siz azizlarga nima uchun Robiul avval oyini nishonlashimizni aytib beraman:
Iso alayhissalomning o‘tganlariga 500 yildan oshgan, ilohiy vahiy yerdan uzilib qolganligi sababli odamlar tug‘yonga ketgan, zino, o‘g‘irlik, aroqxo‘rlik, birovni haqqiga xiyonat qilish, ribo va boshqa gunohlar sababli dunyoni zulumat qoplab olgan. Oz sonli iymonli kishilar oxir zamon payg‘ambarini kutar edi. Qani endi u tug‘ulsa-yu, barcha gunoh va razilliklarga nuqta qo‘yib, insonlarni qorong‘ilikdan yorug‘likka, nurga olib chiqsa.
Va nihoyat kutilgan onlar yetib keldi. Melodiy 571- yil aprel oyi Abdulmuttalib xonadonida chaqaloq tug‘ildi. Chaqaloq tug‘ulmasidan oldin otasi Abdulloh bu olamni tark qilgani uchun chaqaloqqa nom qo‘yish vazifasini bobosi Abdulmuttalib o‘z zimmasiga olib Muhammad deb nom qo‘ydi. Bu tug‘ulgan chaqaloq boshqalardan farq qilardi. U qayerga borsa o‘sha yerda xayru baraka bo‘lardi. Birovga og‘irligi tushmas, birovni aldamas, va’dasiga vafodor va azmu qarori mustahkam edi. Uning bu xislatlarini hamma bilgani uchun uni Muhammad amin ya’ni ishonchli va omonaddor, deb atashar edi. Shu yo‘sinda Abdulmuttolibning nevarasi Muhammad o‘sdi va ulg‘aydi. 25 yoshga yetganda uning boshqa insonlardan farqli o‘laroq dono, dovyurak va omonatdor ekanini sezgan o‘ta farosotli va oqila ayol Hadicha Muhammadga jufti halol bo‘lib xizmatida bo‘lish istagini bildirdi va Muhammadga nikohlandi. Muhammad 40 yoshga yetganda Alloh tomonidan buyuk vazifa va ulkan mas’uliyat u kishining zimmalariga topshirildi; vahiy farishtasi Jabroil alayhissalom Muhammad alayhissalomga Allohning shariatini keltirdi va insonlarni g‘aflatdan tetiklikka, zalolatdan hidoyatga, zulmatdan nurga chiqarish mas’ulyatini topshirdi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam birinchi kundanoq yuklatilgan vazifani ado qilishga kirishdilar va yigirma uch yil mobaynida butun olam yig‘ilsa ham qila olmaydigan ulkan ishlarni qildilar. Shu yigirma uch yil mobaynida u kishini o‘z maqsalaridan qaytarish uchun katta pul taklif qilindi, lekin u kishi ko‘nmadilar. Katta mansab taklif qilindi, u kishi rad qildilar, katta obro‘ va’da qilindi u kishi bosh tortdilar. Toifdagi nodonlar u kishini maqsadlaridan qaytarish uchun toshbo‘ron qilishdi. Muborak yuzlari va badanlaridan qonlar oqib kovushlari qonga to‘ldi, lekin buyuk maqsadlaridan zarracha ham ortga chekinmadilar. Makka mushriklari tomonida u kishiga yetkazilayotgan aziyatlar kuchaygandan kuchaydi va u zot o‘zlari tug‘ilib o‘sgan ona yurtlarini tark etishga majbur bo‘ldilar, lekin bu ham u kishini oly maqsadlaridan qaytara olmadi. Eng achinarlisi Tavrot va Injildan xabardor bo‘lgan ahli kitoblar u kishiga iymon keltirib, qo‘llab quvvatlash o‘rniga u zotni tan olishmadi, bu ham u zotni vazifani mukammalado qilishdan qaytara olmadi. U zot Allohning amriga itoat qilib yovuzlikka, razolatga, zalolatga qarshi go‘zal hikmat ila kurashdilar va insoniyatni bo‘tqoqlikdan quruqlikka olib chiqdilar. Natijada odamlar orasida mehr-oqibat tarqaldi. Yovuzlik o‘rnini ezgulik, baxillik o‘rnini saxovat, razolat o‘rnini adolat, zalolat o‘rnini hidoyat egallab oldi. Dunyo qayta tug‘ulgandek edi go‘yo! Barcha sohalarda islohotlar olib borib qiyomatga qadar dasturul amal bo‘ladigan manhajni qoldirib ketdilar. Mana oradan 14 asrdan ko‘proq vaqt o‘tgan bo‘lsada, u zotning aytgan so‘zlari va qoldirgan meroslariga amal qilib odamlar o‘zini o‘g‘rilikdan, zinodan, aroqxo‘rlikdan, ribodan, poraxo‘rlikdan va boshqa gunohlardan tiyib yuribdi.
Qisqacha qilib aytganda Qamariy oy bilan solishtirganda Robiul avval oyiga to‘g‘ri keladigan 571 – yil aprel oyida bizni, nafaqat bizni balki butun insoniyatni do‘zaxdan xalos etib jannatga kirishiga sabab bo‘ladigan zot ya’ni Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam tug‘ulganlar. Yer yuzidagi barcha musulmonlar ushbu oyni kutishadi va qorong‘ulikdan nurga chiqishimizga sababchi bo‘lgan Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning tug‘ulgan oylarini bayram sifatida nishonlashadi. Mana nima uchun biz bu oyni kutamiz!
Odilxon qori Yunusxon o‘g‘li