Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning taomlanish odoblaridan
20.7.2016 6971

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga qovoq, go‘sht va nondan tayyorlangan sho‘rva, holva va asal yoqar edi.

 

Go‘shtlardan esa, jonliqning qo‘lini, biqin va yelka go‘shtini yoqtirar edilar.

 

Ko‘katlarni va qotgan nonni sirka bilan, tarra, tarvuzni xurmo bilan hamda tarrani tuz bilan qo‘shib yeyish ham U zotga xush yoqar edi.

 

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yegan taomlar orasida yana hays (yog‘, sariyog‘ va pishloq aralashtirib pishiriladigan taom), sariyog‘, pishloq, quritilgan go‘sht, pishirilgan go‘sht, tovuq go‘shti, tuvdoq go‘shti (ov qilinadigan, go‘shti mazali yirik qush), pishgan, quritilgan va xom xurmoning yog‘i, uzum, xabis (sariyog‘, asal va un aralashtirilib, olovda pishiriladigan taom) ham bor edi.

 

U zot sarimsoq va shu kabi xidi aziyat beradigan narsalardan va zobb (sahroli joyda yashaydigan, terisi tikonchali bo‘lgan, ko‘rinishi echkiemarga o‘xshaydigan hayvon) kabi ishtaha tortmaydigan narsalarni yeyishdan chetlanar edilar.

 

Taomni yomonlab, ayblamasdilar. Agar ishtahalari tortsa tanovul qilardilar, bo‘lmasa tark qilar edilar.

 

Sadaqa qilib berilgan narsalarni yemasdilar.

 

Yonboshlab taom yemasdilar.

 

O‘zlarining oldilaridan iste’mol qilar edilar.

 

Yerga o‘tirganlarida yerning ustida tanavvul qilardilar.

 

Taomdan so‘ng, dasturxon olingach: “Alhamdulillahil laziy hamdan kasiyron, toyyiban, mubarokan fiyhi, g‘oyro makfiyyin va la muvadda’in va la mustag‘nan anhu Robbuna” (ma’nosi: Alloh taologa cheksiz, go‘zal hamdlar bo‘lsin. Robbimiz hech kimga muhtoj emas, U Zot duoda doimo eslanar va U Zotdan hech qachon behojat bo‘linmas), deb aytar edilar. Ba’zida: “Alhamdulillahil laziy yut’imu va la yut’am, manna alayna, fahaadana, va at’amana, va saqona. Alhamdulillahillaziy at’ama minat toam, va saqo minash sharob, va kasa minal aro, va hada minaz zolala, va bassoro minal ama” (ma’nosi: (bandalarini) taomlantirib, O‘zi taomlanmaydigan, bizlarga yaxshilik qilib hidoyat yo‘liga boshlagan hamda bizlarni taomlantirib sug‘organ Zot Alloh taologa hamdu sanolar bo‘lsin. Taomdan yedirib, ichimlik ichirgan, libos bilan ziynatlagan, gumrohlikdan to‘g‘ri yo‘lga boshlagan, ko‘rish ne’matini ato etgan Alloh taologa hamdu sanolar bo‘lsin), deb duo qilar edilar. Ba’zan taomdan keyin yana shunday duo qilardilr: “Alhamdulillahil laziy at’amanii haazaa va rozaqoniihi min g‘oyri havlimmin minniy valaa quvvah” (ma’nosi: menga bu taomni in’om qilgan, mening kuchim va qudratimsiz rizqlantirgan Alloh taologa hamdlar bo‘lsin).

 

U zot sollallohu alayhi vasallamga Madinai munavvara atrofidan ichimlik suvi olib kelinar edi. Rasululloh tingan suvni ixtiyor qilardilar. 

 

Gohida u zot sollallohu alayhi vasallam uchun eski, charmli meshlarda suv sovitilar edi. 

 

U zot sollallohu alayhi vasallam ichimlikni o‘zlarining yog‘ochdan bo‘lgan, dag‘alroq, chetlariga temir quyilgan qadahlarida ichar edilar.

 

Yana shishadan bo‘lgan qadahlari ham bor edi. Gohida undagi suvdan tahorat olardilar. Ba’zida shishali qadahda yana sut, talqon va asal ham ichar edilar. 

 

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning eng yoqtirgan ichimliklari sut edi. Uni ichayotganlarida: “Allohumma barik lana fiyhi, va zidna minhu” (Allohim bizlarga unda baraka ber va uni bizlarga ko‘paytirib ber), deb aytardilar. Boshqa bir rivoyatda: “Allohumma barik lana fiyhi va abdilna bihi ma huva xoyr” (Allohim, bizlarga unda baraka ber va undan yaxshisiga alishtirib ber), deb aytar edilar. 

 

 

Ba’zan sutga suvni aralashtirar edilar. Agar biror narsa ichsalar, uch marta tanaffus qilib (ya’ni, nafas olib) ichar edilar va ichib bo‘lganlaridan keyin Alloh taologa hamd aytardilar.

 

Ba’zan har bir nafas olishlarida hamd aytar va oxirida Alloh taologa shukr qilardilar.

 

Ko‘pincha o‘tirib ichar edilar. Oz holatda turib ichganlar. 

 

 

Sahobalariga suv ulashib, oxirida o‘zlari ham ichardilar va: “Qavmning soqiysi (sug‘oruvchisi) oxirida ichadi”, derdilar. 

 

Agar sahobalariga suv ichirmoqchi bo‘lsalar o‘ng tarafdagilardan boshlardilar. Bir kun o‘ng taraflariga kichkina bola, chap tomonlariga esa ulug‘ sahobalardan birlari o‘tirib olgan edi. Shu payt bir ichimlik olib kelindi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam undan ichdilar va yosh bolaga: “Bulardan boshlashimga ruxsat berasanmi?”, deb chap tomonlaridagi ulug‘ sahobiyga ishora qildilar. Shunda haligi o‘ng tomonlaridagi bola: “Yo‘q! Sizdan bo‘lgan nasibamga hech kimni afzal ko‘rmayman”, dedi.

 

 

 

Ko‘kaldosh o‘rta maxsus islom bilim yurti mudarrisi BARATOV G‘iyosiddin manbalar asosida tayyorladi.

 

www.muslim.uz 

 

Kun oyati

(Ey Muhammad,) oz jonlariga zulm qilgan bandalarimga ayting: Allohning rahmatidan noumid bolmangiz! Albatta, Alloh barcha gunohlarni magfirat qilur.…

Kitoblar
Eng ko`p o`qilgan maqolalar
Istixora duosi

Istixora sozi lugatda yaxshilik sorash manosini bildiradi. Shariy istilohda, bandaning namoz oqish yoki duo qilish bil…

8.112015 69809
Энг кўп ўқилган савол-жавоблар

10303
  • 5835
  • 3782
  • 5796