Rasululloh sollallohu alayhi vasallam buyuk va mukammal namuna
12.7.2016 7970

   Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam ilk islom jamoasini boshqargan davrda hali davlat mexanizmi, uni boshqarish sistemasi to‘la to‘kis shakllanmagan edi. Ammo shunga qaramay, tarixiy-huquqiy manbaalarda qayd etilishicha, Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam tomonidan Madinai Munavvarada amalga oshirilgan talay chora-tadbirlar faqat islomdagi diniy g‘oyalarni amalga oshirishdagina emas, balki huquqiy normalarni ijtimoiy hayotga tadbiq etish ilk islom davlatchiligini rivojlantirish va ma’lum bir xududda o‘ziga xos siyosatni amalga oshirishda muhim o‘rin tutgan. Masalan buni podshohlar va amirlarga yo‘llagan maktublarda bilishimiz mumkin. Mazkur maktublar Islom dini rivojlanishining to‘ng‘ich vasiqalaridan biri edi. Ularni chet el rahbarlariga yetkazish, ular bilan xalqaro aloqalar qilish bu yo‘ldagi birinchi qadamlar edi.
   Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Hudaybiyadan qaytib kelganlaridan so‘ng, 6-yilning oxirlarida podshohlarni Islomga da’vat qilib, maktublar yo‘lladilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ashoblari orasidan bilim va tajribaga ega bo‘lgan kishilarni tanlab olib, ularni podshohlar huzuriga elchi sifatida yubordilar.
    Madinai Munavvaradagi o‘sha vaqtdagi ijtimoiy hayot haqida qisqacha shuni aytamizki, musulmonlar Qur’on, uning tafsiri va hadis ilmlarini o‘rganish bilan birga, zabt etilgan davlatlarning tili, adabiyoti, urf-odatlari va ular o‘rganayotgan ilmlarni o‘rganishga harakat qila boshladilar. Savdo va hunarmandchilik, jamiyat hayotidagi o‘zgarishlar turli muammolarni keltirib chiqardi. Ularning yechimini topish ilm-fanning rivojiga turtki berdi.
    Arab-musulmon davlatining kengayishi va aholining ko‘payishi, shaharlar sonining oshishi va umumiy taraqqiyot darajasi arab tilidan boshqa tillarni o‘rganishni taqozo eta boshladi. Musulmonlar boshqa millat va davlat aholisini istilo eta boshlagach, Arabiston yarim orolidan tashqarida yashovchi xalqlarning tillariga muhtojlik seza boshlandi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam kotiblaridan Zayd ibn Sobit roziyallohu anhu forsiy, rumiy, habashiy, oromiy, ibroniy va suryoniy tillarida yozar va o‘qir edi. Ibn Sa’dning xabar berishicha, Zayd ibn Sobit Rasululloh sollallohu alayhi vasallam buyrug‘i bilan yahudiy tilini o‘rganganlar. Zayd ibn Sobit roziyallohu anhu turli hil tillari bilishliklari podshohlar va amirlarga maktub yozishliklarida qo‘l kelgan.
    Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning podshoh va amirlarga ham o‘ziga xos tarzda maktub bitganlar. Ushbu yozilgan maktublarining matnlari orasidagi farqlar o‘rganilib, quyidagilar keltirildi:

 


1. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning maktublarini aksarida " من محمد رسول الله إلى فلان " — "Muhammad Rasulullohdan falonchiga" degan kalimalar bilan boshlanar edi. Masalan, Fors hukmdori Kisroga yozilgan maktubni misol tariqasida keltiriladigan bo‘lsa — "من محمد رسول الله إلى كسرى عظيم فارس " – "Allohning elchisi Muhammad Rasulullohdan Forsning buyuk hukmdori Kisroga" deb maktubda bitilgan edi. Gohida esa " هذا كتاب" — "Bu maktub" degan lafz bilan kirish qilinar edi. Masalan, Habashiston podshohi Najoshiygaga yozilgan maktubda " بسم الله الرحمن الرحيم هذا كتاب من محمد رسول الله إلى النجاشي" — "Bismillahir rohmanir rohiym. Bu Muhammad Rasulullohning Habashiston podshosi Ashama Najoshiyga maktubidir", deb shunday boshlangan edi.

 

2. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning podshoh va amirlarga yozilgan maktublarining avvalida musulmonlarning salomi bilan boshlaganlar, ya’ni musulmonlarga nisbatan salom bilan boshlar edilar. Masalan Bahrayn hokimi Munzir ibn Soviyga yozilgan maktubda "سلام عليك" — "Sizga salom bo‘lsin", deb keltirilgan. Gohida Habashiston podshohi Najoshiygaga yozilgan maktubda "السلام على من آمن بالله ورسوله" — "Alloh va Rasuliga iymon keltirgan kishilarga salom bo‘lsin", deb ham boshlangan. Mushriklarga nisbatan esa bunday "سلام على من اتبع الهدى" — "Hidoyatga ergashganlarga salom bo‘lsin", degan lafzlar bilan boshlangan. Masalan Misr podshosi Muqavqisga, Fors hukmdori Kisroga, Rum podshosi Qaysarga, Yamoma hokimi Havza ibn Aliyga, Damashq hokimi Horis ibn Abu Shamir al-G‘assoniyga va Umon podshohlari hisoblangan Julandiy o‘g‘illari Jayfar va Abdga yozilgan maktublarda shunday keltirilgan. Ba’zi o‘rinlarda maktub boshida salom tushib qolgan.

 

3. Ko‘pincha maktublarda podshohlarning ismi to‘g‘ridan-to‘g‘ri keltirilgan, ba’zi hollarda esa ularni shuhrati oldin zikr qilinib keyin ismi keltirilgan. Masalan: Habashiston podshohi Najoshiyga yozilgan maktubda — "الأصحم عظيم الحبشة" — "Habashistonning buyuk podshosi Ashama" deb keltirilgan; Misr podshosi Muqavqisga yozilgan maktubda — "المقوقس عظيم القبط" –"Qibtning buyuk hukmdori Muqavqis" deb keltirilgan; Fors hukmdori Kisroga yozilgan maktubda — "كسرى عظيم فارس" – "Forsning buyuk hukmdori Kisro" deb keltirilgan; Rum podshosi Qaysarga yozilgan maktubda — "هرقل عظيم الروم" – "Rumning buyuk hukmdori Hiraql" deb keltirilgan.

 

4. Nabiy sollallohu alayhi vasallam ba’zi hollarda o‘zlarini yakka holda zikr qilgan bo‘lsalar, masalan: "أنا" — "men", "لي" — "men uchun", "جاءني" — "menga kelishicha", "وفد عليَّ" — "menga yuborilgan" kabi shunga o‘xshash lafzlar bilan maktubda keltirilgan. Ba’zi hollarda o‘zlarini ja’m holida zikr qilganlar, masalan: "بلغنا" — "bizga yuborilgan", "جاءنا" — "bizga kelgan" va shu kabi lafzlar bilan maktubda keltirilgan.

 

5. Maktub yozilgan insonga nisbatan muxotoblik kofi – "لك وعليك" tarzida keltirilgan bo‘lib, Ikkilikda esa bunday ko‘rinishda "أنتما ولكما وعليكما" yozilgan. Ko‘pliklda esa "أنتم ولكم وعليكم" va shunga o‘xshash lafzlar ko‘rinishida murojaat qilingan.

 

6. Nabiy sollallohu alayhi vasallamning podshoh va amirlarga yozilgan maktublarining avvalida salomdan so‘ng, Alloh ta’ologa hamd aytilgan. Masalan, Bahrayn hokimi Munzir ibn Soviyga yozilgan maktubda "فإني أحمد إليك الله الذي لا إله إلا هو" — "Men sizga Undan o‘zga barhaq ma’bud yo‘q bo‘lgan yagona Allohni maqtayman", degan so‘zlar bilan keltirilgan. Ba’zi maktublarida esa hamd lafzlari keltirilmagan. Goho hamddan so‘ng tashahhud aytilgan. Masalan, Bahrayn hokimi Munzir ibn Soviyga yozilgan maktubda "وأشهد أن محمداً عبده ورسوله" — "Muhammad Allohning bandasi va elchisi ekaniga guvohlik beraman", degan so‘zlar bilan yozilgan. Gohida esa maktublarida tashahhud lafzlari aytilmagan. Maktubni kirish qismidan so‘ng, asosiy qismga — ba’zida "أما بعد" — "Ammo ba’d" lafzi bilan bilan o‘tilgan. Masalan, Misr podshosi Muqavqisga va Umon podshohlari hisoblangan Julandiy o‘g‘illari Jayfar va Abdga yozilgan maktublarda shunday keltirilgan. 

 

7. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning podshoh va amirlarga yozilgan maktublarining xotimasida musulmonlarga nisbatan ba’zida to‘liq salom bilan tugallangan "والسلام عليك ورحمة الله وبركاته" kabi. Gohida esa qisqacha salom lafzi bilan tugatilgan. Mushriklarga nisbatan esa bunday "والسلام على من اتبع الهدى" — "Hidoyatga ergashganlarga salom bo‘lsin» — degan lafzlar bilan tamomlangan. Gohida salom lafzi maktub so‘ngida tushirib qoldirilgan.

 

   Xullas, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam olib borgan tashqi siyosat, davlatlararo o‘zaro siyosiy aloqalaridan, shuni aytish kerakki, insonlar ichra elchilikka tanlangan bu buyuk zot o‘z ustilariga yuklangan bu ma’suliyatni, Islom da’vatini xalqlarga yetkazish, Tavhid bayrog‘ini dunyo uzra baland ko‘tarishdek vazifani chuqur his etdilar. Alloh taolo tarafidan ato etilmish chuqur zehn, fahmu-farosat sohibi bo‘lgan Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam imkoni boricha eng qulay va eng yengil uslublar bilan muomala va muzokaralar yuritdilar. Bu g‘oyatda kuchli va aniq, nozik munosabatlar misollarini, Hudaybiya sulhi, boshqa qabilalar bilan olib borilgan aloqalar, elchilar jo‘natilishi bilan bog‘liq ko‘rinishlarda uchratamiz. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aynan shu ishni – Islom kelajagini kafolatlash, yangi yosh islomiy jamiyatni olg‘a siljish va uni olam uzra o‘z mavqeini egallashida asosiy hal qiluvchi omillar deb hisoblaganlar. Ayniqsa, bu o‘rinda Islom rivojida asosiy bosqich bo‘lgan, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘n yilga yaqin o‘tgan Madina davri hayotlari faqat harb davrigina emas, balki, Madina davri, ayni paytda, Islom ummatining diniy, siyosiy, harbiy, ijtimoiy va qonuniy tomonlardan kamol topuvchi pallasini – butun madaniy hayotini qamrab olgan eng muhim pallani tashkil etadi.
    Albatta, bir kishidan boshlangan va qisqa yillar ichida butun Arabiston yarimorolini va tezda boshqa ajam yurtlariga kengaygan Islom davlatining bu zafarlari, eng avvalo, ushbu dinni yuborgan zot Alloh taoloning madadi va tavfiqidandir. So‘ng esa, ushbu risolatni amalga oshirgan va ijro etgan zot, Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallam hazratlarini yetuk rahnamo, rahbar va yo‘lboshchi ekanliklarini aniq dalilidir. Chunki, bu darajadagi keng ko‘lamda olib borilagn, ulkan mashaqqatlar hamda ko‘plab qurbonlar evaziga yuzaga kelgan bu jamiyatning dohiysi juda kuchli siyosatchi va uzoqni ko‘ra oladigan va shu bilan birga sabr va tavakkulning eng oliy ko‘rinishlarini o‘zida jam etgan inson edilar.
   Islom rivojida Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam buyuk namuna ekanliklarining ahamiyati yana shundaki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Alloh taolo ato etgan nubuvvat, Kitob va Hikmat bilan alohida-alohida, tafriqada, nafsu-xohishlariga qul bo‘lgan holida johiliy turmush tarzi bilan hayot kechirayotgan arab qabilalarini yagona Islom ummatiga birlashtira oldilar. Arab ummati tafriqa va beboshlikdan so‘ng, yagona ummatga birlashdi. Va ana shu ummat-millat kelajakda keladigan boshqa dunyo xalqlariga o‘rnak-ibrat bo‘lib qoldi. Bu haqda olamlar Robbisi o‘zi ham shunday shohidlik bergan: "Siz odamlar uchun chiqarilgan eng yaxshi ummat bo‘ldingiz. Amri ma’ruf qilasiz, nahyi munkar qilasiz va Allohga iymon keltirasiz".
   Bularning bari bir asrning atigi to‘rtdan birida amalga oshdi. Islom madaniyati, hazorasi sharqu g‘arbga tarqaldi. Tavhid asosiga, iymon qoidalariga hamda, barcha maxluqotlarga Allohning rahmati o‘laroq, olmshumul davlat barpo qilindi. Islom madaniyati – ilm, iymon, rahmat va do‘stlik madaniyati bo‘lib qoldi. Gustav Lubun degan tarixchi shunday deb aytgandi: “Tarix –musulmon arablardan ko‘ra rahmliroq fotihni ko‘rmagan”. Shuning o‘zi Rasululloh sollallohu alayhi vasallam buyuk namuna egasi, yuritgan ishlari dengizdan tomchi ekanligiga dalolat qiladi.

N.G‘ofurova

Xadichai Kubro ayol-qizlar o‘rta maxsus islom bilim yurti mudarrisasi 

Kun hadisi

Oziga aloqasi bolmagan narsalar bilan shugullanmaslik kishining Islomi gozalligidan darakdir (Imom Termiziy rivoyati, hasan hadis). Izoh: Ushbu hadis…

Kitoblar
Eng ko`p o`qilgan maqolalar
Istixora duosi

Istixora sozi lugatda yaxshilik sorash manosini bildiradi. Shariy istilohda, bandaning namoz oqish yoki duo qilish bil…

8.112015 216347
Энг кўп ўқилган савол-жавоблар

24552
  • 19009
  • 12794
  • 15756