Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) masjidlarining mo‘jizakor sakkiz ustuni
25.11.2015 8023

    Allohning oxirgi elchisi Muhammad a.s. Madina shahriga ko‘chib kelganlaridan so‘ng, u yerda masjid barpo etishni iroda qildilar. Dastlab masjid qurilganda sanoqli ustunlar bo‘lgan. Masjidning dastlabki ustunlari o‘ziga xos tarixga ega. Ustunlarning joylashuv usuli Payg‘ambarimiz davrlaridan beri davom etib kelmoqda. Masjidga kelgan har bir kishi bu ustunlarga ko‘p ham e’tibor beravermaydi. Yuqorida aytib o‘tilganidek muqaddas masjidagi har bir ustunda o‘ziga xoslik bor. Quyida majiddagi ba’zi ustunlarning tarixi haqida to‘xtalib o‘tamiz.

 

1. Hannana ustuni.

 

Mazkur ustun Rasululloh mehroblarining o‘ng tomonida joylashgan bo‘lib, eng baxtli ustun desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Chunki uning yonida Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) namoz o‘qiganlar. Bu yerda ilgari xurmo daraxti o‘sgan bo‘lib, Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) ma’ruza qilganlarida shu daraxtga suyanib turardilar. Ma’ruza qilish uchun minbar yasalganda, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) minbardan ma’ruza qila boshladilar. Shunda haligi xurmo daraxti yig‘labdi. Buni masjidagi barcha eshitdi. Shunda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) daraxt oldiga kelib unga qo‘llarini qo‘ydilar va shunday dedilar “Bu daraxtning yonida Alloh eslanar edi, endi minbar qurilgach, uning yonida Alloh eslanmayapti. Shuning uchun u yig‘layapti. Agar kelib qo‘limni qo‘ymaganimda to qiyomatgacha yig‘lagan bo‘lar edi”. Bu “Hannana” ustuni deyiladi. Arabchadan tarjima qilganda hannana – “yig‘loqi bo‘taloq” ma’nosini anglatadi.

 

2. Oysha ustuni.

 

Bu ustunni “Muxojirlar ustuni” deb ham atashadi. Sababi muxojirlar (ko‘chib kelganlar) ushbu ustun tagida yig‘ilib dam olishni yaxshi ko‘rardilar. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) “Hannana” ustuni qo‘yilgunga qadar shu ustun tagida ibodat qilganlar. Shuningdek, bu ustunni “Qur’a ustuni” deb ham atashadi. Oysha onamizdan rivoyat qilingan hadisda, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) dedilar: “Bu masjidda shunday joy borki, odamlar uning qanchalik xayrli joy ekanini bilganlarida u yerda namoz o‘qish uchun talashib, xatto qur’a tashlagan bo‘lardilar”. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) vafotlaridan so‘ng, Oyshadan bu joy masjidning qaysi joyi ekanini so‘rashdi. Avvalida u aytishni istamadi. Keyinchalik Abdulloh ibn Zubayr qattiq talab qilgach aytishga majbur bo‘ldilar. Mazkur ustun haqidagi hadisni Oysha onamiz rivoyat qilganlari uchun ham ustun Oysha onamiz nomlari bilan atalgan.

 

3. Abu Luboba yoki Tavba ustuni


Musulmonlar xiyonatkor Bani Qurayza yahudiylarini 25 kun qamal qildilar. Yahudiylar ish shu zaylda davom etsa, ochlikdan qirilib ketishlarini bilib, musulmonlar bilan sulh qilishga kelishdilar. Yahudiylar bilan sulh tuzgani borgan Abu Luboba yahudiylarga bexosdan musulmonlarning asl maqsadini aytib qo‘ydi. Abu Luboba bu ishidan ming afsus chekib, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ga ko‘rinishdan uyalib, o‘zini masjid ustuniga bog‘latib qo‘ydi va tavbam qabul bo‘lmaguncha shu yerda bog‘lanib turaveraman, deb qasam ichdi. Bu gaplarni eshitgan Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) “Agar Abu Luboba oldimga kelib kechirim so‘raganda kechirar edim, o‘z bilganicha ish tutdimi, endi Allohdan hukm tushmaguncha o‘sha yerda turaversin”, dedilar. Yahudiylarni qamal qilish nihoyasiga yetgach, Rasululloh Madinaga keldilar. Alloh Abu Lubobaning tavbasini qabul qilganini vahiy bilan ma’lum qilib, Tavba surasining 102-oyatini nozil qildi. Shundan so‘ng Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) o‘z qo‘llari bilan Abu Lubobani masjid ustunidan ozod qildilar. Shu voqeadan so‘ng mazkur ustun Tavba yoki Abu Luboba ustuni nomini olgan.

 

4. Sarir ustuni.

 

Bu uxlash uchun joy ma’nosi anglatadi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) shu ustun tagida e’tikof o‘tirganlari va uning tagida uxlaganlari rivoyatlarda kelgan. Shu sabab ustun yuqoridagi nomni olgan.

 

5. Maxris yoki Ali (roziyallohu anhu) ustuni.

 

O‘sha davrda Rasulullohni dushmanlardan himoya qilish maqsadida sahobalar navbatma-navbat shu ustun tagida qo‘riqchilik qilar edi. Bu ishni ko‘pincha hazrati Ali (roziyallohu anhu) bajarardi. Shu sabab ham mazkur ustunning nomi Mahris (himoya joyi) yoki Ali (roziyallohu anhu) ustuni deb nomlanadi. Alloh taolo Moida 67-oyatini nozil qilgach. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) o‘z izdoshlariga boshqa qo‘riqchilik qilmaslikni buyurdilar. Allohning O‘zi himoya qilishni va’da qildi, dedilar.

 

6. Vufud ustuni.

 

“Vufud” elchilar ma’nosini anglatadi. Odatda turli qabilalardan xabar olib kelganlar bilan Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) shu ustun yonida uchrashar va ularga islomdan ta’lim berar edilar.

 

7. Tahajjud ustuni.

 

Masjidni hamma tark etgach, aynan shu ustun yonida Rasululloh tahajjud namozini ado etganlar.


8. Jabroil (a.s.) ustuni.

 

Jabroil (a.s.) Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) huzurlariga kelganlarida shu ustun yoniga tushganlar. Hozirgi kunda bu ustunni ko‘rish imkoni yo‘q. Sababi bu ustun Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) qabrlari yonida joylashgan.

     Mazkur 8 ustun xuddi Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) masjidlari va Madina shahri singari o‘ziga xos tarixga ega. Bir o‘ylab ko‘ring, bir necha yuz yillar ilgari aynan shu ustunlar atrofida Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) va U zotning safdoshlari yurgan. Nasib qilib Madina shahriga borsangiz, albatta, bu ustunlarga e’tibor bering va ularning atrofida sodir bo‘lgan voqealarni yodga oling.





Maqsud Karimov tarjimasi / www.muslim.uz /

Kun hadisi

Oziga aloqasi bolmagan narsalar bilan shugullanmaslik kishining Islomi gozalligidan darakdir (Imom Termiziy rivoyati, hasan hadis). Izoh: Ushbu hadis…

Kitoblar
Eng ko`p o`qilgan maqolalar
Istixora duosi

Istixora sozi lugatda yaxshilik sorash manosini bildiradi. Shariy istilohda, bandaning namoz oqish yoki duo qilish bil…

8.112015 216980
Энг кўп ўқилган савол-жавоблар

24590
  • 19055
  • 12829
  • 15799