Rashk nima uchun kerak?
23.11.2016 17455

    Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Albatta, Alloh rashk qiladi. Mo‘min ham rashk qiladi. Allohning rashki – mo‘minning Alloh xarom qilgan narsasini qilmog‘idir”, dedilar”. Termiziy va Buxoriy rivoyat qilishgan.
    Rashk aslida sherikchilik mumkin bo‘lmagan narsaga sherikchilik qilish oqibatida haq egasining g‘azabi qo‘zishini anglatadi. Ko‘proq er-xotinning bir-birini boshqalardan qizg‘anishini rashk deb atash odatga aylangan. (“Zikr ahlidan so‘rang”, 3-juz)
    Alloh taolo yer yuzida ne turli mavjudotlarni yaratgan bo‘lsa, ularning har biriga turli salbiy va ijobiy hislatlarni ham jamlagan. Ana shunday, ham salbiy ham ijobiy deb hisoblash mumkin bo‘lgan, hislatlardan biri – o‘zinikini qizg‘anish hissi bo‘lib, u inson qatori boshqa mavjudotlarda ham kuchli rivojlangan. Bu hisni insonlarga xoslanganda uni “rashk” deb nomlanadi. Qarangki, aksar jonzotlarda o‘z makonini, juftini va bolalarini qizg‘anish hissi juda kuchli rivojlangan bo‘ladi. Bu yo‘lda ular halokatga uchrasalarda, o‘zi kabilarni va boshqa turdagi jonzotlarni yo‘q qilishga ham tayyor bo‘ladilar. Chunki, ularda maqsadga erishish hissi kuchli bo‘lib, hayvoniylik hissini jilovlash uchun aql bo‘lmaydi. Hamma gap ham ana shunda, ya’ni insonni boshqa jonzotlardan ajratib turadigan bosh mezon ham aql hisoblanadi. Modomiki, aql Alloh taolo bergan iymon bilan sug‘orilgan bo‘lsa, insondagi rashk tuyg‘usini jilovlab turadi.
     Qalb ko‘zining zaifligidan yoki umuman ojizligidan, aslida, ijobiy his sanalgan rashk ham hozirgi kunda salbiy illatga aylanib bormoqda. Uning me’yori buzilishi oqibatida qanchadan-qancha kelishmovchiliklar bo‘layapti, munosabatlar darz ketayapti, mehr-oqibat ko‘tarilyapti va oqibatida oilalarning buzilishiga olib kelayapti. Keling, bir fikr yuritib ko‘raylik. Nima uchun rashkni ijobiy hislat deb sanayapmiz? Rashk – bu insonning bir-biriga qay darajada qadrli ekanligini, e’zozini va ikkinchi tomonning hayotida tutgan o‘rnini belgilab beruvchi vosita, ya’ni yoqimli his sanaladi, aslida. Chunki, inson juftini qizg‘anishi bilan unga bo‘lgan e’tiborini va mehrini ifoda etadi.
    Rashk qilish qanday namoyon bo‘ladi? Rashk kabi ikki juftning o‘rtasida kechadigan hislar samimiy va aslicha bo‘lishi uchun, avvalambor, ikki juftning munosabati ishonch, samimiylik poydevoriga barpo etilgan bo‘lishi kerak. Tasavvur qiling, bir-biriga aslida ishonmaydigan va shubha bilan qaraydigan ikki juft o‘rtasida qanday rashk bo‘lishi mumkin? Kundalik hayotimizda turli oilaviy janjallarga sababchi bo‘layotgan nizolar, baqir-chaqirlar, ikki juftning bir-birini turli bo‘lmag‘ur ishlarda ayblashlari, ayol erini hurmat qilmaydigan, erkak ayolini ezozlamaydigan munosabat – bu rashkmi? Aslo! Bu aslida oilada o‘z o‘rnini yo‘qotgan erkak va ayolning raqobatiga, bir-biriga kim zo‘rligini ko‘rsatish borasidagi musobaqaga o‘xshaydi, ko‘proq. Bu janjallashayotgan ikki shaxsning o‘rtasida bir-biriga ro‘kach qilayotgan fidoyilik u yoqda tursin, biroz bo‘lsada iliqlik borligiga shubha qilasiz. Ular ba’zida bu rolga shu darajada kirishib ketadilarki, oilaviy mustahkamlikni asrash kabi niyatdan asar ham qolmaydi, balki maqsad faqat g‘olib bo‘lish bo‘ladi. Oqibatida, vaziyat yanada chigallashadi, juftlar yanada bir-birlaridan uzoqlashadilar va keyingi jangga tadorik ko‘riladi.
     Endi, rashk bilan bog‘liq holatni boshqa tomondan olib qaraylik. Aslida, u qanday namoyon bo‘lishi kerak edi. Alloh taolo hech bir hisni bandasiga hidoyatdan uzoqlashishi uchun bermagan. Har birini anglash va to‘g‘ri talqin etish uchun biz yuqorida zikr etgan qalb ko‘zi – iymon yo‘l boshlaydi. Tasavvur qilaylik, oilada ikki juft, avvalambor, Allohga tavakkul qiladi, unga iymon keltirgan holda, o‘z juftiga ishonadi va ezozlaydi. Muxlisimizga bu gaplar havoi gaplardek tuyulmasin. Keling, nima sababdan rashk illatga aylanib borayotganini va buning uchun nimalar qilish joizligini bir taxlil qilib ko‘raylik.
    Nazarimizda, rashkning noto‘g‘ri yo‘nalish olishiga asosiy sabablardan biri – oiladagi tarqoqlik hisoblanadi. Ya’ni, aksar oilalarda er va xotindan tortib farzandlar bir oila bo‘la turib o‘z qobig‘ida yashaydi, ularning har biri o‘z ishiga va mashg‘ulotiga sho‘ng‘ib ketgan. Yagona bog‘lovchi vositalar – erkaklarning ro‘zg‘or va kamchilikni to‘ldirib turishlari, ayollarning esa kir-chir, qozon-tovoq bilan ovora bo‘lishi bo‘lib qolayapti. Har bir oila a’zosining tasavvurida hamma, xuddi, oilasi uchun yugurib-yelib yuribdi. Aslini olganda, chetdan qaralganda ularning harakati “Cho‘rtanbaliq, oqqush va qisqichbaqa” masalidagi holatga o‘xshaydi. Hamma aravani o‘zicha tortadi. O‘rtada uyg‘unlik, bir-biriga suyanish va oqibat yo‘qolgani sari, ayollar oilada ayollik o‘rnini yo‘qotib borayotgani (pul topadigan ayollarning ko‘p mas’uliyatni o‘z bo‘ynilariga olib yuborayotganliklari va aksincha, uy bekalarining o‘zi kuni bilan uyda o‘tiraverganidan, har kuni ko‘chaga chiqib keladigan erga nisbatan shubhada bo‘lishlari) va erkaklarning oila boshilikni nisbatan ayollarga berib qo‘yayotganliklari o‘zaro mutanosiblikning yo‘qolib borishiga olib kelayapti.
     Qars ikki qo‘ldan chiqadi. Rashkning illatligini yo‘qotish uchun ikki tomon barobar harakat qilishi lozim. Yuqorida aytib o‘tganimiz kabi, rashk faqat juftga bo‘lgan e’tiborning ifodasi ko‘rinishida va uni xaromdan saqlash maqsadida bo‘lishi kerak. Ya’ni, ayollar, butun kunini uy ishlari bilan o‘tkazib tinim bilmaydigan uy bekasi bo‘ladilarmi yoki umr yo‘ldoshi qatorida barobar mehnat qiladigan ishli ayol bo‘ladilarmi, avvalambor, o‘zlarining nafis ayol, vafoli yor, mushtipar ona ekanliklarini unutmagan holda, umr yo‘ldoshlaridan va oilaning boshqa a’zolaridan zarracha e’tiborlarini va shirin so‘zlarini darig‘ tutmasalar naqadar yaxshi! Axir, ayolning “qirqta jon”i bor deb bejizga aytmaydilar, muhtaram ayollar! Shuningdek, ikkinchi tomondan, erkaklar ham “qirqta jon”i bo‘lsada, nozik xilqat bo‘lgan ayollarining “jon”larining birma-bir tugab borishiga olib bormasdan, ulardan e’tiborlarini va g‘amxo‘rliklarini ayamasalar. Mehr ko‘zda, deydilar. O‘rtada uyg‘unlik, hamjihatlik va yakdillik bo‘lsa, ya’ni oilada bir tomonda, ayoli tomonidan e’tibor va g‘amxo‘rlikka ko‘milgan erkak va ikkinchi tomonda, o‘z juftiga kerakligini his qilib, buning natijasida guldek ochilib borayotgan ayol o‘rtasida noo‘rin rashkka o‘rin qolarmikan. Avvallari shubha va gumonlar oqibatidagi janjallarga qaratilgan e’tibor va kuch endi mehrga, g‘amxo‘rlikka va samimiylikka sarflanadi. Chunki hayotimizda ayrim ayollar turmush o‘rtoqlaridan noo‘rin shubhalanib, telefonlari, yozishmalari, ijtimoiy tarmoqdagi faoliyatlarini “tekshirib chiqadilar”. Notanish raqam, tushunarsiz iboralarni ko‘rib janjal chiqaradilar. Yig‘i sig‘i, uyga ketaman, ajrashaman, meni kimlarga almashdingiz? kabi dag‘dag‘alar ila turmush o‘rtoqlarini yo‘lga solmoqchi bo‘ladilar. Natijada erkak o‘zining hamkasbi, yaqinlari, qarindosh ayollari, qo‘yingki, sotuvchi xola bilan ham gaplashishga qo‘rqib qoladi va yashirin ish qilishga o‘tadi. Ammo hamma erkaklar ham to‘g‘ri, halol yashamasdan, nomahram ayollar bilan telegram, what’sapp, imo, facebook, odnoklasniki kabi tarmoqlarda munosabatga kirishadilar, yashirin do‘st orttiradilar. Natijada yana rashk, yig‘i sig‘i, qo‘ydi chiqdi boshlanadi. Bu ham noo‘rin rashk bo‘lib, turmushdagi nizo rashk, baqir chaqir ila o‘nglanib qolmaydi.
    Xuddi shu kabi ba’zi erkaklar ham ayollarini noo‘rin rashk qilib, hattoki jismoniy zarar, tan jarohati yetkazishgacha boradilar. Ayolga xulqi yomon bo‘lsa, odob berish kerak, ammo sadoqatli, vafodor ayolni nega falonchi bilan gaplashding? Nega fistonchi senga unday qaradi? Do‘konga ham chiqma! deya do‘pposlab ketish, yomon sifatlar ila sifatlamaslik lozim. Har ne bo‘lganda ham xoh er, xoh xotin juftini rashk qilar ekan, me’yorni yo‘qotmasligi, zulmga yo‘l qo‘ymasligi, muammoni janjal ila hal etmasligi lozim.
     Xulosa qilib shuni ta’kidlab o‘tmoqchi edikki, Alloh taolo juftlarga rashkni bir-birlaridan kir axtarish uchun emas, balki bir-birlarini O‘zi harom qilgan narsalardan va ishlardan saqlashlari va ogoh bo‘lishlari uchun bergan. Er-xotin oilada, xoh u shaxsiy, xoh oilaga tegishli muammo bo‘lsin, hamjihatlikda bo‘lsalar, ikki kishi bir-biriga kerakligini va muhtojligini his qilib yashasa, shuning poydevorida o‘rtada o‘zaro ishonch va mutanosiblik paydo bo‘ladi. Buning natijasida rashk ham yoqimli tuyg‘uga aylanadi.

 

 

Xadichai Kubro bilim yurti o‘qituvchisi Valiyeva Saodat

Kun oyati

(Ey Muhammad,) oz jonlariga zulm qilgan bandalarimga ayting: Allohning rahmatidan noumid bolmangiz! Albatta, Alloh barcha gunohlarni magfirat qilur.…

Kitoblar
Eng ko`p o`qilgan maqolalar
Istixora duosi

Istixora sozi lugatda yaxshilik sorash manosini bildiradi. Shariy istilohda, bandaning namoz oqish yoki duo qilish bil…

8.112015 216882
Энг кўп ўқилган савол-жавоблар

24587
  • 19053
  • 12825
  • 15794