QOBIL VA HOBIL QISSASI
13.9.2016 37622

    Odam Ato va Moma Havo yer yuziga tushganlaridan keyin birgalikda hayot kechira boshladilar. Endi ular jannatdagidek istagan noz-ne’matlarini topa olmasdilar. Oziq-ovqat topish uchun ertadan kechgacha ter to‘kib mehnat qilishlariga to‘g‘ri kelardi. Ular yolg‘iz bo‘lganlari uchun o‘zlariga o‘xshash insonlarni yaratishini, dunyoning hamma tomonlariga yoyilib yashashini Allohdan duo qilib so‘rashdi. Shu tariqa, Yaratganning marhamati bilan ulardan farzandlar tug‘ilib, yer yuziga tarqala boshladi. Bugun yer yuzida yashayotgan barcha insonlar Odam Ato va Moma Havo zurriyotlari hisoblanadi. Ularning ilk tug‘ilgan farzandlari Qobil va Hobildir.
    Shayton Odam bolalari orasiga nizo solishga, qalblariga hasad urug‘ini sochishga urindi. Yer yuzida ilk bor sodir etilgan mudhish jinoyat ham aynan hasad tufayli amalga oshdi. Qobil birodari Hobilni ko‘ra olmasdan uning joniga qasd qildi.
    Qur’oni karimning Moida surasida Qobil va Hobil qissasi kelgan . Alloh taolo aytadi: “(Ey Muhammad sollallohu alayhi va sallam), ularga Odamning ikki o‘g‘li haqidagi xabarni haqqirost tilovat qiling, o‘shanda u ikkovi qurbonlik qilganlarida birlaridan qabul qilingan, ikkinchilaridan qabul qilinmagan edi. Shunda u: “Qasamki, seni o‘ldirurman” deganida birodari aytdi: “Alloh faqat taqvodorlardangina qabul qilur”. Qasamki, agar sen meni o‘ldirish uchun qo‘l cho‘zsang, men seni o‘ldirish uchun qo‘l cho‘zguvchi emasman. Chunki men butun olamlar Parvardigori bo‘lmish Alloh taolodan qo‘rqaman. Men seni mening gunohim hamda o‘zingning gunohing bilan qaytib, do‘zax egalaridan bo‘lib qolishingni istayman. Zolimlarning jazosi shudir. Bas, nafsi unga birodarini o‘ldirishni chiroyli ko‘rsatib (Qobil) uni o‘ldirdi va ziyon ko‘rguvchilardan bo‘lib qoldi. So‘ngra Alloh unga birodarining murdasini qanday ko‘mishni ko‘rsatish uchun yer titadigan bir qarg‘a yubordi. U (qarg‘aning qilayotgan ishini ko‘rib): «Menga o‘lim bo‘lsin, mana shu qarg‘achalik bo‘la olmadimmi – birodarimning murdasini o‘zim ko‘ma olmadimmi?!» deb nadomat qilguvchilardan bo‘lib qoldi. Ana o‘sha (qotillik) sababli Biz Bani Isroil zimmasiga (shunday farmonni) bitdik: Kimki biron jonni (o‘ldirmagan) va yerda buzg‘unchilik qilib yurmagan bir odamni o‘ldirsa, demak, u go‘yo barcha odamlarni o‘ldiribdi va kimki unga hayot ato etsa, demak, u go‘yo barcha odamlarga hayot beribdi. Haqiqatan, Bizning payg‘ambarlarimiz ularga (Bani Isroilga) mana shunday hujjatlar keltirdilar. Shundan keyin ham ularning ko‘plari Yer yuzida (qon to‘kish bilan) haddan oshib yurguvchidirlar” (Moida surasi, 27-32 oyatlar).
     Ushbu oyati karimalar Muso alayhissalom qavmining razilliklari haqidagi uzun hikoyadan so‘ng keltiriladi. Qavm u kishiga ergashmadilar, balki xilof ish tutib, manmanlik va odobsizlik bilan “Bas, borgin (ey Muso), sen o‘zing va Parvardigoring ular bilan urishaveringlar. Biz esa mana shu yerda o‘tirib (kuturmiz)”, dedilar (Moida surasi, 24-oyat).
     Ushbu oyatni keltirishdan maqsad, Nabiy sollallohu alayhi va sallamga o‘z qavmlaridan yetgan jabr-zulm va aziyatlarni yengillatish, Payg‘ambarga ergashmay, unga adovatda bo‘lish, huddi Qobilning o‘z birodari Hobilga bo‘lgan hasadi va dushmanligi kabi ekanligini bayon qilish edi. Ya’ni: ey Muhammad, odamlarga haqiqat bilan ibrat va nasihat olishlari uchun Odamning ikki o‘g‘li Qobil va Hobil qissasini tilovat qiling. Ulardan har biri qurbonlik, ya’ni u bilan Alloh taologa qurbat hosil qilish uchun o‘z mollaridan sadaqa qildilar. Alloh Hobilning sadaqasini sodiq va ixlosli bo‘lganligi uchun qabul qildi. Qobilning sadaqasi esa uning niyati yomonligi va taqvosi yo‘qligi sababli qabul qilinmadi. Shunda u o‘z birodari Hobilga hasad va zulm bilan shunday dedi: Sening sadaqang qabul qilinib, meniki rad etilganligi sababli, endi seni aniq o‘ldiraman.
     Bunga javoban taqvo va ixlos sohibi bo‘lmish Hobil zolim va hasadgo‘y Qobilga shunday javob berdi: “Alloh faqat taqvodorlardangina qabul qilur”. Ya’ni: Toat-ibodat va sadaqalarni Alloh taolo faqatgina undan oshkora va maxfiy tarzda qo‘rquvchi muttaqiy bandalaridan qabul qiladi, Alloh bergan ne’matga hasad qilguvchi zolim bandalardan esa qabul kilmas, sen ham Alloh taolo sadaqangni qabul qilishi uchun taqvodorlardan bo‘l! Hobilning Qobilga bergan javobi eng yuksak pand-nasihat va irshodlardan iboratdir. Ya’niki, u sadaqani qabul qilinishida taqvo va nafsini Alloh taolo rozi bo‘lmaydigan narsalardan tiyib yurish vasila ekanligini ta’kidlamoqda.
     So‘ngra Hobil va’z-nasihat qilishdan, o‘z qalbini pokligi va saxiy, bag‘rikengligini namoyon etuvchi so‘zlarga o‘tadi: “Qasamki, agar sen meni o‘ldirish uchun qul cho‘zsang, men seni o‘ldirish uchun qo‘l cho‘zguvchi emasman. Chunki men butun olamlar Parvardigori bo‘lmish Allohdan qo‘rqaman”. Ya’ni: Hobil Qobilga o‘zaro birodarlik haqlarini eslatib shunday dedi: Agar sen meni zulm va hasad qilib o‘ldirmoqchi bo‘lsang, men seni o‘ldirishga qodir bo‘lsam-da, bunday qilmayman, chunki men olamlar Rabbi bo‘lmish Alloh taolodan qo‘rqaman, U meni senga qarshi qo‘l cho‘zganimni ko‘rib qolishidan cho‘chiyman. Zero, birovni nohaq o‘ldirish katta gunohdir, xususan agar bu ikki aka-ukalar o‘rtasida sodir bo‘lsa…
     Qobil “Seni o‘ldirurman” deya qasam ichdi, Hobil ham birovni o‘ldirishdan tiyilishi uchun qasam ichdi. Shu yerda ikki aka-uka o‘rtasida axloq-odob va tabiat jihatidan katta farq borligi ko‘zga tashlanadi.
    Shundan so‘ng Hobil nasihat qilishda boshqa uslubga o‘tdi, ya’ni nohaq qotillik qiluvchilarning taqdiri yomon bo‘lishini aytib o‘tdi: “Men seni mening gunohim hamda o‘zingning gunohing bilan qaytib, do‘zax egalaridan bo‘lib qolishingni istayman. Zolimlarning jazosi shudir”. Ya’ni: Hobil Qobilni ogohlantirib dedi: Alloh taolo senga faqat taqvodor bandalaridangina qabul qilishini bayon qildi, sen ulardan bo‘lgin, men senga birodarlik haqlarini eslatdim, seni o‘ldirishdan meni to‘sayotgan narsa Alloh taolodan qo‘rquvim ekanligini ham aytib o‘tdim. Oxiri senga aytamanki: Men seni Alloh taologa zulm va hasad tufayli qotillik gunohingni ko‘targan holatingda Alloh taologa qaytishligingni xohlayman va shu gunohing tufayli oxiratda jahannam egalaridan bo‘lasan, bu adolatli hukm, hamda o‘z nafslariga va o‘zgalarga zulm qilguvchi kimsalarning jazosidir.
      Hikoyaning shu yerigacha Hobil o‘z akasiga bir qancha hikmatli nasihatlar qilib o‘tdi, ba’zida targ‘ib bilan, ba’zida esa tarhib (qo‘rqitish) bilan. Lekin Qobil ushbu nasihatlarga quloq solmay, eng jirkanch va qabih jinoyatga qo‘l urdi. Kelasi oyatda u haqida aytib o‘tiladi: “Bas, nafsi unga o‘z birodarini o‘ldirishni chiroyli ko‘rsatib (Qobil) uni o‘ldirdi va ziyon ko‘rguvchilardan bo‘lib qoldi”.
     Qurtubiy “Bas nafsi unga chiroyli ko‘rsatib…” jumlasini quyidagicha tafsir qiladi: “Nafsi bu ishni qilishga uni vasvasa qildi, ruhlantirdi va o‘z birodarini o‘ldirishni oson qilib ko‘rsatdi va Qobil bu ishni qildi”.
Ya’ni: Qobil eshitgan nasihatlarni unutdi, nafsi unga o‘sha og‘ir jinoyatni ziynatlab qo‘ydi, uni o‘ldirdi hamda dunyoyu oxiratda xasrat qilguvchilardan, ziyon ko‘rguvchilardan bo‘lib qoldi. Uning dunyoda hasrat qilguvchilardan bo‘lib qolishiga sabab, u o‘z ukasini o‘ldirdi, aka-uka bir-biriga suyanchiq, yordamchi, u ana o‘sha narsadan ayrilgan edi. Oxiratda xasrat qilguvchilardan bo‘lib qolishiga sabab esa, u og‘ir jinoyat, ya’ni odam o‘ldirishdek manfur bir gunoh ishga qo‘l urgandi.
      Keyingi oyatda aka o‘z ukasini o‘ldirganidan so‘ng nima sodir bo‘lganligi aytiladi: “So‘ngra Alloh unga birodarining murdasini qanday ko‘mishni ko‘rsatish uchun yer titadigan bir qarg‘a yubordi. U (qarg‘aning qilayotgan ishini ko‘rib): “Menga o‘lim bo‘lsin, mana shu qarg‘achalik bo‘la olmadimmi – birodarimning murdasini o‘zim ko‘ma olmadimmi?!” deb nadomat qilguvchilardan bo‘lib qoldi”. Ya’ni: Qobil eng jirkanch jinoyatni sodir etgach, qarshisida bir murda yotganini ko‘rib, uni nima qilish haqida boshi qotib qoldi – hayron bo‘ldi.
     “So‘ngra Alloh unga yer titadigan bir qarg‘a yubordi”. Ya’ni: Alloh taolo tumshug‘i va oyoqlari bilan yer kavlaydigan bir qarg‘ani osmondan tushirdi. Maqsad ushbu qotilga murdani qanday ko‘mishni o‘rgatish edi. Ya’ni: Hobil jasadining hidi buzilmasligi yoki hayvon va qushlarga yemish bo‘lmasligi uchun uning jasadini tuproqqa ko‘mish ko‘rsatildi. Shu yerda Qobil qilib qo‘ygan og‘ir gunohi uchun hasrat va nadomatlar aytadi: “Menga o‘lim bo‘lsin, mana shu qarg‘achalik bo‘la olmadimmi – birodarimning murdasini o‘zim ko‘ma olmadimmi?!” Ya’ni: Mening ayyorligim shu qarg‘achalik bo‘lib, o‘z ukamning jasadini tuproqqa ko‘mishimga qodir qilmadimi? U qushlarning eng past tabaqasidan, men esa aqlli odamman-ku?! U o‘ziga ushbu savollarni berib, o‘sha qarg‘achalik bo‘la olmagani uchun “nadomat qilguvchilardan bo‘lib qoldi”.
     Bu Qur’oni Karimda hikoya qilingan Odamning ikki o‘g‘li: Qobil va Hobil qissasidir. Tadabbur qilib ko‘rgan odam unda ko‘pgina hikmat va ibratlarni ko‘rishi mumkin. Ulardan eng asosiylari:

 

1. Ushbu qissa Qur’oni karim Alloh taoloning dargohidan nozil qilinganiga dalillardan biri, chunki bu va shunga o‘xshash qassalarni Rasululloh sollallohu alayhi va sallam avval bilmas edilar, Alloh taolo u zot sollallohu alayhi va sallamga o‘ta balog‘at, fasohat va ta’sirli uslubda hikoya qilmoqda, toki aql egalari undan ibrat olsinlar: “Albatta bu haq-rost qissadir. Va hech qanday tangri yo‘q, faqat Allohning O‘zi bor. Va albatta Allohning O‘zigina qudrat va hikmat Egasidir” (Oli Imron surasi, 62-oyat).

 

2. Alloh taologa taqvo qilish, ixlosli va yaxshi niyatli bo‘lish ibodatlarning qabul bo‘lishi uchun vasila ekani. Shuningdek, Alloh taolo Hobil tilidan bizga hikoya qiladi, u o‘z akasi Qobilga nasihat qilar ekan, shunday dedi: “Alloh faqat taqvodorlardangina qabul qilur”.

 

3. Har bir zamon va makonda odamlar ichida Alloh ulardan rozi va ular ham Allohdan rozi bo‘ladigan yaxshilar, to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsalar, uni chetlab o‘tuvchi, zalolat yo‘lini tutuvchi yomon toifadagi kishilarning bo‘lishi. Yaxshi kishilarni Qur’on hikoya qilganidek Hobil misolida ko‘rishimiz mumkin. U o‘z akasiga hikmatli nasihatlar qildi. Avvalo, amali qabul bo‘lishi uchun Allohga taqvo qilishga chaqirdi, ikkinchidan, birodarlik haqlariga, u taqozo etadigan narsalarga rioya etishga va uchinchidan, odam o‘ldirishdek bir manfur jinoyatni sodir etmaslikka da’vat qildi. Ammo, yomon toifadagi kishilarni Qobil misolida ko‘rish mumkin. U zolim, hasadgo‘y, nafratchi inson edi, ukasining nasihatlariga quloq ilmadi, balki undan johilligi ustun kelib, o‘z hasadi va g‘illu-g‘ashlarini “yo‘qotish” maqsadida uni o‘ldirdi.

 

4. Agar inson hasad illatiga giriftor bo‘lsa, nafsi uni halokat sari yetaklaydi, adovat, gunoh, tug‘yon va zalolatni unga ziynatlab ko‘rsatadi. Ushbu qissadan ochiq-oydin ko‘rishimiz mumkin, Qobilning Hobilga bo‘lgan hasadi, uni o‘z ukasini o‘ldirishga undagan eng asosiy sabablardan biri bo‘ldi. Ushbu qotillik yer yuzidagi ilk marotaba sodir etilgan jinoyat edi.
     Alusiy aytadi: Muslim va Buxoriy Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qiladi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam shunday deganlar: “(Yer yuzida) ilk bor Odam farzandi (Hobil) zulm bilan o‘ldirildi, shuning uchun bu narsa qotillikni boshlab berdi”.
      Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhu Nabiy sollallohu alayhi va sallamdan rivoyat qiladilar: «Biz (Qiyomatda) Odam farzandi, qotil bo‘lmish (Qobil)ni jahannam ahlining azoblari unga bo‘lib berilayotganini ko‘ramiz, ularning yarim azobi unga bo‘ladi” (Bayhaqiy va Ibn Jarir rivoyat qilgan).
       Ushbu qissaning so‘nggida Alloh taolo shunday deydi: “Ana o‘sha sababli Biz Bani Isroil zimmasiga (shunday farmonni) bitdik: Kimki biron jonni (o‘ldirmagan) va yerda buzg‘unchilik qilib yurmagan bir odamni o‘ldirsa, demak, u go‘yo barcha odamlarni o‘ldiribdi va kimki unga hayot ato etsa, demak, u go‘yo barcha odamlarga hayot beribdi”. Ya’ni: Qobil ukasi Hobilni zulm va hasad bilan nohaq o‘ldirgani uchun, Biz “Kim odamlar orasidan bir jonni nohaq o‘ldirsa, go‘yo u barcha insonlarni o‘ldiribdi, kimki ularni o‘limdan qutulishiga sabab bo‘lsa, go‘yoki u barcha insonlarni tiriltiribdi (qutqaribdi)”, deb yozib qo‘ydik.

 

5. Inson biron xato qilib quygach, nadomat, pushaymon qilishi undan o‘sha gunohni ketkazmaydi, chunki bu har bir odamga xos bo‘lgan xislatdir, har kim bir qabih ishni qilib qo‘ygach, afsuslanishi tabiiy. Lekin, kimki biron gunoh sodir qilib, keyin Allohni eslasa, Unga chin dildan – nasuh tavba qilsa va o‘sha gunohlardan qaytsa, Alloh u bandani kechiradi. Buning uchun, yana takrorlab o‘tamiz, chin qalbdan istig‘for aytish, tavba qilish kerak.

 

Odilxon qori Yunusxon o‘g‘li

Kun hikmati

Keliniga zulm qilayotgan qaynonalar "Hargiz Alloh zolimlar qilayotgan amallardan gofil, deb hisoblama!" (Ibrohim surasi: 42) oyatini yodiga keltirsin…

Kitoblar
Eng ko`p o`qilgan maqolalar
Istixora duosi

Istixora sozi lugatda yaxshilik sorash manosini bildiradi. Shariy istilohda, bandaning namoz oqish yoki duo qilish bil…

8.112015 216901
Энг кўп ўқилган савол-жавоблар

24588
  • 19054
  • 12827
  • 15794