Qizingizning sirdosh do‘sti kim?
19.12.2016 6012

    Farzand – bu Alloh taoloning bandasiga bergan eng bebaho moddiy ne’mati hisoblanadi. Ne’matning barchasini Alloh taolo beradi, lekin undan qay holda foydalanish bandasining fahmiga, uquviga va ilmiga bog‘liq bo‘ladi. Aytaylik, Alloh bir-biriga o‘xshamas turli mevalarni daraxtlarda yetishtirib beradi. Bu go‘zallik daraxtdan uzilib, to dasturxonga tortilgunga qadar uning holati esa insonga bog‘liq bo‘ladi. Shu kabi, farzanddek ne’matning kamoloti va uning balog‘atga yetib xonadondan jamiyat tomon uchirma bo‘lishidagi holati, uni parvarishlagan bog‘bonning, ya’ni ota-onaning mas’uliyatida bo‘ladi. Farzand xoh o‘g‘il bo‘lsin, xoh qiz, har birining tarbiyasining o‘ziga yarasha mas’ulligi va talab doirasi mavjud. Har bir farzand tug‘ilar ekan, bu barcha uchun shodiyona bo‘lishi bilan bir qatorda, ota-onalarga yana bir ulkan mas’uliyatning yuklanishini ham anglatadi. 
    Farzand tarbiyasi qachondan boshlanishi kerak? Aslini olganda, bu ishning uchini topishning iloji yo‘q. Chunki, bir insonni tarbiya qilish uchun tarbiyachining o‘zi tarbiya ko‘rgan bo‘lishi lozim. Shundan ma’lum bo‘ladiki, tarbiyaning uchini tutish mushkul. Eng yaqin nuqtasidan oladigan bo‘lsak, albatta, tarbiya farzandning onaning yuragi ostida guruchning kattaligida paydo bo‘lishidan ham avval boshlanishi kerak. Chunki, tarbiya nafaqat jismoniy, balki ma’naviy tomonlarni ham o‘z ichiga oladi. Bunga bo‘lajak onaning hayot tarzi, jismoniy ahvoli, sog‘lig‘i va odob-axloqi kabi holatlar kiradi. Ma’lumki, onadagi kechayotgan har bir jismoniy va ma’naviy jarayonlar bolada o‘z ta’sirini ko‘rsatmay qolmaydi. Keling, hozir qiz farzandlarimizning tarbiyasiga doir ba’zi masalalarni ko‘rib chiqsak. Ya’niki, hozir oramizda: “Qizlarning “jinsiy tarbiyasi” (buyog‘iga “tarbiya” deb cheklanamiz) qachondan boshlanishi kerak?, Ona qiz farzandiga bu tarbiyani berishi kerakmi yoki bu uyatmi?” kabi turli mulohazalarga sabab bo‘layotgan savollar yo‘q emas. 
    Quloq tuting! Qo‘shni xonadonda shodiyona, qiz farzand dunyoga keldi. Yana bir nozik pardaga o‘ralgan xilqat dunyo yuzini ko‘rdi. So‘nggi paytlarda, ana shu shaffof pardaga o‘ralgan jonni, o‘z egasiga topshirgunga qadar, saqlay olish kabi ulkan mas’uliyat maromida ado etilayaptimi degan savol tug‘iladi. Onaning vujudida ekanligida boshlangan tarbiya endi yanada xushyorlik bilan davom etadi. Ma’lumki, inson tanasidagi asosiy jismoniy shakllanish va jiddiy o‘zgarishlar aynan balog‘at yoshigacha sodir bo‘ladi. Shundan kelib chiqib, tarbiya balog‘at yoshiga yetganida, ya’ni qiz bola o‘zidagi har bir ruhiy va jismoniy o‘zgarishni yo o‘zicha yo atrofdagilarning qarichi bilan o‘zlashtirib bo‘lganda emas, balki go‘dakligidan boshlanishi kerak. Ona bu masalada qiz farzandining hayotidagi har bir soniyasida birga bo‘lishi va ustozlik qilishi kerak. Bu, avvalambor, (gigiyena) jismoniy tozalik me’yorlariga rioya qilishdan boshlanib, orastalik, hayo va odob-axloq tomonlarini qamrab oladi. Hali tafakkuri shakllanmagan go‘dak taqlidga juda moyil bo‘ladi, ya’ni u quruq gap emas, balki xatti-harakatdan ko‘proq o‘rganadi. Demak, ona, avvalambor, o‘zi o‘rnak bo‘la oladigan darajada hayot tarzini olib borishi kerak. O‘zi odob me’yorlaridan chiqqan, lafzi xunuk bo‘lgan va betartib hayot kechiradigan onadan kutilgan natijani olish mushkul. Axir, bejiz “Onasini ko‘rib, qizini ol”, deyishmaydi. 
    Ona qizining tarbiyasini nazorat qilishi uchun va undagi har bir o‘zgarish va kechinmalaridan boxabar bo‘lib turishi uchun, albatta, go‘dakligidan u bilan erinmay vaqt ajratib suhbat qurishi, har bir savoliga sabr bilan javob berishi va o‘zi ham uni savolga tutishi lozim. Bu jarayon bolalarning ertak kitoblarini, farzandiga suratini tamosha qilib, o‘zi bilganicha tushunishi uchun emas, balki birgalikda o‘qib, fikr almashinishdan, ertakni shunchaki ertak deb qabul qilayotgan farzandiga uning mohiyatini va tarbiyaviy ahamiyatini bolalar tilida izohlab berib, hayotga tatbiq ettira bilish kabi, aslida, oddiy ko‘ringan jarayonlardan boshlanadi. Onaning farzandi bilan muloqoti va harakatlari qanchalik birga amalga oshirilsa, farzand shunchalik o‘zini onaga yaqin oladi va bu kundalik yumushlar masalasidagi yaqinlikdan shaxsiy va nozik masalalarda ham sirdoshga aylanishiga olib keladi, shubhasiz. Va keyinchalik, farzand siz kutmagan vaqtlarda ham atrofida bo‘layotgan har bir taassurotidan tortib, vujudida kechayotgan o‘zgarishlar, kechinmalar va muammolari bilan ham o‘rtoqlashib, maslahatingizni kutadi. Bu ishda eng katta yutuq shundaki, qizingiz bu savollarga javobni atrofidagilardan emas, balki sizdan qidiradi. Chunki, bunday yoshda ularda shunday nozik va qaltis savollar tug‘iladiki, ularga begonalarning o‘z turli qarichlari bilan beradigan javoblari har doim ham yaxshi natijaga olib kelmasligi mumkin. 
   Bolalik davri ham o‘tib, balog‘at davri boshlanadi. Qizimiz “ertak”dan haqiqatga qadam qo‘yadi. Bu juda murakkab va qiyin davr bo‘lib, bu vaqtda bolada ham tafakkur, ham jismoniy yetilish va “men” hissi barobar uyg‘onib, har biri bir-biriga yo‘l bermaydigan ayricha his bo‘lib, bolada bu narsa turlicha aks etadi. Ana shu aks etish, avvalambor, ayniqsa, onaning farzandini bu holatga qanchalik tayyorlaganiga bog‘liq bo‘ladi va daraxt ilk mevasini beradi. Albatta, shar’iy me’yorlardan boxabar holda olib borilgan tarbiya natijasi – farzandingiz yuqorida sanalgan hislarni jilovlay olishida tayanch bo‘ladi. Jismoniy yetuklik bilan o‘smirlarda uyg‘onadigan, aslida, jismoniy me’yor hisoblangan, xirs va shahvat hissi, ayniqsa, qizlarda o‘ta nozik masala hisoblanadi. Tarbiya jilovini yo‘qotgan hollarda bu o‘zgarishning oqibatlari, ichki va tashqi tomondan o‘zini namoyon etishi juda xunuk oqibatlarga olib keladi. Yuqoridagi o‘zgarishlarning ijobiy va salbiy oqibatlarining o‘rtasidagi “parda” deganda, juda katta mazmun nazarda tutilgan bo‘lib, ona qay darajada ana shu pardani saqlay olgani aynan shu davrda o‘z ifodasini topadi. Buning guvohi bo‘lish uchun, bir muddat ko‘cha-kuyda yoshlarning o‘zlarini jamiyatda qanday tutishlarini kuzatib turib xulosa qilsa bo‘ladi. Eng achinarlisi shuki, ba’zi qizlarda ichki jismoniy o‘zgarishning jo‘sh urayotgani, nafaqat, ularning o‘zini tutishi va kiyinishida, balki nigohlarining o‘tkirligi va pardasizligida yaqqol namoyon bo‘layapti. Ana shu jo‘shib ketishga olib kelayotgan sabablarni sanaydigan bo‘lsak, bular ota-onaning nazoratisiz qolgan o‘g‘il va qizlarning telefon, Internet kabi vositalardan o‘zi bilganicha foydalanishi, mumkin va mumkin bo‘lmagan narsalarni tamosha qilib, tengdoshlari bilan me’yorini bilmagan mavzularda muloqot qilishlari va o‘zlarini katta bo‘lib qolgan deb hisoblashlari bo‘layapti. Avval, bu narsalarga ko‘z guvoh bo‘lib, ongga uzatadi va xuddi nazariy bilimni amalda qo‘llangani kabi jismoniy o‘zgarishlarga qo‘shilib xirsni uyg‘otadi. Oqibatida, bu narsaning ilk belgisi – o‘zini ko‘z-ko‘z qilish, e’tiborni tortishga harakat qilish bo‘ladi. Buning keyingi oqibatlarini tafakkur qilishning o‘zi qo‘rqinchli. 
   Bu muammoni boshqa tomondan olib qaraylik. Qiz farzandning sirdoshi, yuqorida aytib o‘tganimizdek, ona bo‘lib, u har bir holatdan xabardor va har bir to‘siq uchun qizini oldindan tayyorlab boradi. Balog‘at yoshidagi o‘zgarishlar juda tushunarsiz va jilovlash mushkul bo‘lgan vaziyatki, buning nazorati va chegarasini tutishning yagona yo‘li – qizingizni milliy an’analar va shar’iy me’yorlar doirasida, ya’ni hayo va odob kabi hislatlar bilan tarbiya qilishdir. Qiz farzandning ko‘rayotgan narsalaridan tortib, uning atrofidagi muhitni nazoratda saqlansa, ana shu “parda” ham to‘g‘ri, ham majoziy ma’noda o‘z butunligini yo‘qotmaydi. Ona qizi bilan kundalik masalalardan tortib, nozik masalalarda ham maslakdosh bo‘lishi shart. 
    Xulosa qilib shuni aytmoqchi edikki, qiz bola xuddi nashrdan endi chiqib, ochilmagan va o‘qilmagan yangi kitobga o‘xshaydi. Uning egasi uni birinchi bor ochib o‘qigan inson bo‘lishi kerak. Ana shunday kitobni va ochib o‘qilavergandan varaqlari eskirib, bir holga kelgan kitobni ko‘z oldimizga bir keltirib ko‘raylik. Butun umrga sizga hamrohlikka tanlaydigan bo‘lsangiz, qay birini tanlagan bo‘lardingiz? Bu savolga hamma o‘zi uchun javob berishi mumkin. 

Toshkent islom instituti va Xadichai Kubro islom bilim yurti o‘qituvchisi Saodat Valiyeva 

Kun oyati

(Ey Muhammad,) oz jonlariga zulm qilgan bandalarimga ayting: Allohning rahmatidan noumid bolmangiz! Albatta, Alloh barcha gunohlarni magfirat qilur.…

Kitoblar
Eng ko`p o`qilgan maqolalar
Istixora duosi

Istixora sozi lugatda yaxshilik sorash manosini bildiradi. Shariy istilohda, bandaning namoz oqish yoki duo qilish bil…

8.112015 68197
Энг кўп ўқилган савол-жавоблар

9909
  • 5526
  • 3574
  • 5579