Qaynonalarga aytarlarim...
11.1.2016 5157

     Keliniga o‘z qizidek yaxshi muomala qiladigan qaynonalar jamiyatimizda ko‘plab topiladi. Ular o‘z kelinlarini asrab-avaylaydi, ehtiyot qiladi. Kelinning qilayotgan ishlaridan ayb axtarmay, aksincha ancha-muncha kamchiliklardan ko‘z yumadi, o‘zlarini xuddi bilmagan kimsaga soladi. Kelinning har bir xatti-harakatini kuzatib, ularga bosim o‘tkazmaydi, balki ularni o‘z holiga qo‘yadi. Ular kelin ham omonat ekanini his qiladi. Bunday qaynonalar tahsinga sazovordir.
      Afsuski, jamiyatimizda o‘z haddini bilmaydigan, kelinga nisbatan zulm o‘tkazadigan qaynonalar ham oz emas. Undaylar qaynona-kelin o‘rtasidagi muomala madaniyatini bilmaydi. Ular xuddi bozordan joriya sotib olgandek, kelinga muomala qilishadi. Ular kelinni hamma ishlarni qilishga majbur, xato qilishga esa haqqi yo‘q, deb o‘ylaydi. U chizgan chizig‘imdan chiqmasligi kerak, deb tushunishadi. Hatto keliniga uning uyidan kuyovto‘rani yo‘qlash uchun yuborilgan buyumlar, yemak-ichmaklarga qarab baho berishadi. Bu g‘oyat achinarli holdir. Qanchadan-qancha yosh oilalarning ajralib ketishlariga o‘z haq-huquqini bilmagan qaynonalar sabab bo‘lmoqda. Ular arzimagan xato-kamchiliklardan janjal chiqarib, kelinini haydashdan or qilmaydi. Aslida, ularning o‘zi “qaynona” degan nomga mutlaqo loyiq emasdirlar. Kelin-kuyov o‘zaro bir-birlari bilan til topishib, yaxshi yashab kelayotgan bo‘lsalar ham: “Kelin menga yoqmadi”, deb o‘g‘lidan xotinini taloq qilishini talab qiladigan qaynonalar ham ko‘p. O‘z erining roziligiga erishgan bo‘lsa-da, qaynonasini rozi qilolmayotgan kelinlar talaygina.
Mana shu o‘rinda mazkur sifatlarga ega bo‘lgan qaynonalarga quyidagi savollar bilan murojaat qilmoqchiman.
     Ular kelinning zimmasida qaynonaning qanchalik huquqi borligini biladilarmi? Ular kelinlarga nisbatan o‘tkazayotgan zulmlarining javobini berishga tayyormilar? Kelin joriya yoki xizmatkor emasligidan xabarlari bormi?
     Bilmasalar, bilib qo‘ysinlar, qaynona va qaynotaga xizmat qilmoqlik shar’iy jiihatdan mutlaqo kelinning majburiyatiga kirmaydi. Barcha fiqhiy kitoblarimizda ta’kidlanishicha, kelin qaynonaga xizmat qilishi zarurligini ko‘rsatadigan birorta dalil yo‘q. Qaynona u yoqda tursin, hatto o‘z erining ovqatini pishirib berish, non yopish, kir yuvish kabilar ham uning zimmasiga qazoan vojib emasdir.
     Aslida er o‘z jufti haloliga tayyor ovqat, non va shu kabi uning zaruriy ehtiyojlarini muhayyo qilmog‘i lozim. Diyonat yuzasidan xotin eriga yordam ko‘rsatishi maqsadga muvofiqdir. Ayol o‘zining taqvosi diyonati va muruvvatidan kelib chiqib, erining og‘irliklarini yengillatishi maqtovga sazovor. Xususan, bizning jamiyatimizdagi urf-odatlarga ko‘ra xotin eriga va uning ota-onasiga sidqidildan xizmat qilishga o‘rgangan, ularning xizmatini qilib duosini olish odat tusiga aylangan. Holbuki, bular ayolning zimmasidagi majburiyatlardan emas. Aksincha bu ayolning erga va uning ota-onasiga nisbatan qilgan fazilatidir. Shuning uchun kuyovto‘ra ham uning ota-onasi ham kelinning qilayotgan xizmatlarini fazilat deb bilsinlar va ana shunga munosib uni ham qadrlasinlar. Chunki u o‘zining majburiyatida bo‘lmagan ishlarni ham xuddi o‘zining zimmasidagi majburiyatdek bajarishga harakat qilmoqda. Xizmat mobaynida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni avf aylasinlar. Xususan, er va qaynonalar diqqatiga shuni ma’lum qilmoqchimanki, kelinning qilgan xizmatlarida sodir bo‘layotgan arzimas kamchiliklarni deb ularni haydashga shoshilmasinlar. Bu bir ojizaga nisbatan zulm hisoblanadi. Ko‘pincha er-xotinning o‘rtasidagi ajrimlarga arzimas, oddiy xato va kamchiliklar sabab bo‘lmoqda. Boisi, er yoki qaynona kelin barcha uy ishlarini o‘z vaqtida va bexato qilishi zarur deb bilishlaridir. Holbuki, bu tushuncha shariatimiz ko‘rsatmalariga zid ekanini yuqorida aytib o‘tdik. Ovqatning tuzi kamroq bo‘lgani yoki kiyim dazmol qilinmagani yoki hovli supurilmagani yoki nonushta o‘z vaqtida tayyorlanmagani hech qachon eri xotinning o‘rtasida ajrim paydo bo‘lishiga yaroqli sabab bo‘lolmaydi. Agar mazkur sabablardan birortasini ro‘kach qilib, er yoki qaynona kelinini haydasa, kelinga nisbatan zulm qigan bo‘ladi.
     Bu bilan biz kelinlarni uy xizmatlaridan bosh tortishlariga targ‘ib qilmoqchi emasmiz. Aksincha, maqsadimiz er va qaynona kelinning majburiyati qay darajada ekanini bilib, ana shunga muvofiq harakatlanmoqlari umididamiz xolos. Kelin va uning oilasidagilar kuyovto‘ra va qaynonaning moddiy bazasi emas, shar’iy jihatdan ulardan qarzdor ham emas. Ular kelindan turli-tuman narsalarni talab etishga mutlaqo haqli emas. Aksincha, kelin Allohning omonati bo‘lgani uchun uni qancha ardoqlasalar, qancha ehtiyot qilsalar, munosibdir. Zero, ular Alloh taoloning bergan omonatidan so‘ralgaydirlar.

 

Sayyid Ahmad Mahmud o‘g‘li

Kun hikmati

Keliniga zulm qilayotgan qaynonalar "Hargiz Alloh zolimlar qilayotgan amallardan gofil, deb hisoblama!" (Ibrohim surasi: 42) oyatini yodiga keltirsin…

Kitoblar
Eng ko`p o`qilgan maqolalar
Istixora duosi

Istixora sozi lugatda yaxshilik sorash manosini bildiradi. Shariy istilohda, bandaning namoz oqish yoki duo qilish bil…

8.112015 70908
Энг кўп ўқилган савол-жавоблар

10615
  • 6074
  • 3915
  • 5950