Ota - ona ziyorati farz amal
13.8.2016 8921

    Ziyoratning lug‘aviy ma’nosi “ko‘rmoq”, “tanishmoq maqsadida bormoq” degan ma’nolarni anglatadi. Istilohda esa Alloh aziz qilgan insonlarni va joylarni savob umidida borib ko‘rmoq.
    Ziyorat-hurmat yoki rasmiyat yuzasidan keksa tabarruk kishilar, hurmatli zotlar huzuriga tashrif buyurib, ularning holidan xabar olish, ularni muborakbod etishdir.
   Ziyorat qilishlik ham yaxshilik qilishning bir ko‘rinishidir. Chunki, inson bir kishini xursand qilmoqchi, ko‘nglini ko‘tarmoqchi bo‘lsa uning ziyoratiga borishi lozim. Keksa ota-onalarimizning ziyorati ajri jihatidan katta va mukofoti ulug‘ bo‘lgan amallardan hisoblanadi. Chunki, kishi o‘zining tug‘ilishida va barkamol bo‘lib voyaga yetishida har qancha mashaqqatni ko‘targan ota-onasiga qancha yaxshilik qilsa, ularni necha bora ziyorat qilsa ham ozdir. Shu o‘rinda barkamol avlodni ma’nan shakillangan qilib tarbiyalashda-dinimizdagi mehr-oqibat, rahm-shavqat, doimo atrofimizdagi kishilardan xabar olib turish kabi hislatlarni yoshlarning qalbiga singdirib, ulg‘aytirmog‘imiz zarur bo‘ladi.
     Ota-onani ulug‘lash, ular keksayib qolganlarida munosib xizmatlarini qilish, ularni tashlab qo‘ymaslik, doimo volidalari haqida g‘amho‘rlik qilib turish bilan birga, farzandning ota-onasi ustida quyidagi vazifalarni bajarishligi lozim:

 

• Ota-onasi taomga muhtoj bo‘lishsa, ularni o‘zining qo‘lida bor bo‘lgan narsalar bilan taomlantirmog‘i,

 

• Biror narsaga, kiyimga muhtoj bo‘lsalar, kiyintirmog‘i,

 

• Ular keksayib zaiflashib qolganliklari sababli farzandlarining xizmatiga muhtoj bo‘lsalar, mamnuniyat bilan ota-onaning xizmatini ado qilmog‘i,

 

• Agar farzandini chaqirsalar, javob berishi va hozir bo‘lishligi,

 

• Gunoh bo‘lmagan har qanday ishga buyursalar ularga so‘zsiz bo‘ysunmoqligi,

 

• Doimo ochiq yuzli va muomalada shirinso‘z bo‘lishi,

 

• Ota-onasining ismini aytib chaqirmasligi,

 

• Orqasidan yurmoqligi,

 

• O‘zi uchun ravo ko‘rgan barcha yaxshiliklarni ularga ham ravo ko‘rishi,

 

• Huddi o‘ziga mag‘firat so‘raganidek ota-onasiga ham mag‘firat so‘rab duo qilmoqligi.

 

    Demak, insonning oldidagi eng katta vazifalardan biri-bu kishining o‘z ota-onasining tiriklik chog‘ida rozi qilishga jiddiy harakat qilishidir. Bunday hayrli vazifani islom dini va dunyoviy qonun-qoidalar ham farzand oldidagi ulug‘ burch sifatida belgilab qo‘ygan. Bu haqida “Ahqof” surasining 15-oyatida “Biz insonni ota-onaga yaxshilik qilishga buyurdik” deb marhamat qilingan. Bu yerda ham “buyurdik” lafzi bilan ochiq amr kelgan. Bundan yana ota-onaga yaxshilik qilishlik faqat musulmonlar uchun emas yoki faqat islom kelganidan keyin emas, balki, insoniyat yaralibdiki ularning barchalariga farz qilinganligi ma’lum bo‘ladi. Chunki, oyatda inson deya umumiy keltirildi.
    Keksalik inson umrining osuda davridir. Chunki odam keksayganida katta hayotiy tajribaga, teran aqlga ega bo‘ladi. Shunday paytda, yosh avlod ularning ko‘magi va maslahatiga doimo ehtiyoj sezadilar. Agar yoshlarimiz mehnatsevar, halol, diyonatli, el ishi uchun fidoyi bo‘lib, tarbiya topmoqni istasalar, keksa ota-onalarimizni ziyorat qilish asnosida, ularning nasihatlariga quloq tutib, hayotiy tajribalaridan foydalanishlari mumkin.
    Luqmoni Xakimdan: “Nega hadeb o‘g‘lingizga nasihat qilaverasiz?”, deb so‘radilar. “Keksalarning nasihati yoshlar uchun bog‘bon niholni tarbiya qilgan kabidir”, deb javob berdi u kishi.
   Alisher Navoiy “Nazm ul-javohir” asarida ham keksalarning hurmatini joyiga qo‘yish, e’tibor berish, ularni e’zozlash borasida qimmatli fikrlarni bayon etgan. Shoir ota-ona hurmatini bajo keltirish ham qarz, ham farz ekanligini aytar ekan, farzand uchun bu amallarni ado etish “zuhri abad” — abadiy nom qoldirish bilan teng ekanligini ta’kidlaydi:

 

Ista ato yo‘lig‘a jon fido qilmoq,
Qulluq anoga ham uncha imkon qilmoq.
Zuhri abad istasang farovon qilmoq,
Bil oni ato anog‘a ehson qilmoq.

 

   Anas roziyallohu anhu aytadilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday marhamat qiladilar: “Qaysi bir yosh kishi keksa kishini yoshi kattaligi uchun hurmat qilsa, Alloh taolo unga ham yoshi katta bo‘lgan paytda ehtirom qiladigan kishini ro‘baro‘ qiladi”. (Termiziy rivoyati)

 

Xadichai Kubro ayol-qizlar o‘rta-maxsus islom bilim yurti mudarrisasi G‘ofurova N.

Kun hadisi

Oziga aloqasi bolmagan narsalar bilan shugullanmaslik kishining Islomi gozalligidan darakdir (Imom Termiziy rivoyati, hasan hadis). Izoh: Ushbu hadis…

Kitoblar
Eng ko`p o`qilgan maqolalar
Istixora duosi

Istixora sozi lugatda yaxshilik sorash manosini bildiradi. Shariy istilohda, bandaning namoz oqish yoki duo qilish bil…

8.112015 215933
Энг кўп ўқилган савол-жавоблар

24508
  • 18969
  • 12769
  • 15733